Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:19

Olotlik vrach: Koronavirusdan o‘lim holatlari yashirilyapti!


Koronavirus yuqtirgan bemorlarni davolayotgan vrachlarning vafot etayotganlarga oid hisob-kitobi rasmiy statistikaga to‘g‘ri kelmayapti.
Koronavirus yuqtirgan bemorlarni davolayotgan vrachlarning vafot etayotganlarga oid hisob-kitobi rasmiy statistikaga to‘g‘ri kelmayapti.

Buxoro viloyat, Olot tumanilik vrachning iddao qilishicha, 31 iyul va 1 avgust kunlari Covid-19 kasalligidan 6 bemor vafot etgan, jami bo‘lib esa, aholi soni 100 mingga yaqin mazkur tumanda 18 kishi shu kasallikdan o‘lgan.

Olot tuman Tibbiyot birlashmasi bosh vrachi bu ma’lumotni rad etdi. Uning Ozodlikka aytishicha, tumanda Covid-19 dan hech kim o‘lmagan.

Covid-19 infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha Buxoro viloyat shtabi rasmiysi kasallikka oid har qanday informatsiya bilan faqat Respublika maxsus shtabi e’lon qilayotgan materiallar orqali tanishish mumkinligini bildirdi.

Olotlik vrach keltirayotgan ma’lumotlarning rasmiy statistikada aks etmayotgani Covid-19 epidemiyasi qurbonlarini hisobga olishning O‘zbekistonda qo‘llanilayotgan metodikasi bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Олотлик врачнинг аудиохати. (Овоз ўзгартирилган)
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:54 0:00
Бевосита линк

Oilada yolg‘iz boquvchi bo‘lgani uchun ishdan haydalib ketishidan qo‘rqib, ismi oshkor qilinmasligini so‘ragan olotlik vrach Ozodlikka yuborgan audioxatida tumanda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq yuzaga kelgan vaziyatni tasvirlar ekan, bunday deydi:

“Tumanimizda avj olgani 8 iyulda bilindi. O‘sha kuni 5 bemor Kovidning barcha belgilari va pnevmoniya bilan tumanimiz kasalxonasining infeksion bo‘limiga yotqizildi. Hozirgacha kasallik belgilari bor 60 va undan ko‘proq bemor yotqizildi. Shulardan 18 tasi vafot qildi.

Bu ma’lumotni qariyb 9 daqiqalik audioxatining boshidayoq keltirgan vrach xatning uchinchi daqiqasida 31 iyul va 1 avgust kunlari 6 bemor vafot etganini iddao qilgan. Vrachning qo‘shimcha qilishicha, jasadlarni ko‘mishda epidemiologik talablar bajarilmagan:

“Jasadlarga xlor bilan ishlov berilishi, ular maxsus xodimlar tomonidan ko‘mdirilishi kerak edi. Lekin bosh vrachimizning bu haqdagi murojaatlarini tashkilot rahbarlarining birontasi eshitishni xohlamadi”.

Vrachning aytishicha, hozirgacha yotqizilgan 60 va undan ko‘proq bemorning 4-5 nafarigagina Covid-19 tashhisi qo‘yilgan.

Bu holat sabablarini tushuntirarkan, vrach bunday deydi:

“Hamma bemorlardan ham tahlil olinmadi. Yoki noto‘g‘ri, malakasiz olindi. Olinganlarining natijasi 6 kun va undan ko‘proq vaqtgacha kelmadi. Ikkinchidan, agar bemor shu tashhis bilan davolansayu vafot etsa, ularni davolayotgan vrach va boshqa tibxodimlarga foiz, ustama yoki tovon pullari to‘lash kerak bo‘ladi”.

Olotlik vrach audioxati davomida Covid-19 infeksiyasiga qarshi kurash jarayonida yo‘l qo‘yilayotgan qator kamchiliklarni sanab o‘tgan. Mana ularning ba’zilari:

  • kasallik boshlanganidan buyon tuman rahbariyati kasalxonadan xabar olgani yo‘q;
  • so‘nggi bir oydan buyon tumanda dezinfeksiya ishlari o‘tkazilmadi;
  • bir qator vrachlar va boshqa tibxodimlarga koronavirus yuqqan, lekin ularga tovon puli bermaslik maqsadida tegishli tashhis qo‘yilmagan, natijada ularning o‘zi kasallik yuqtiruvchilarga aylanib qolmoqda.

Vrachning fikricha, o‘lim holatlarining hammasi ham rasmiy statistikada aks etmayapti – yashirilyapti. “Odamlar asl vaziyatni bilishi kerak. Buni bilish “ijtimoiy masofa saqlang” deyaverishdan ko‘ra yaxshiroq ta’sir qiladi” deydi vrach.

  • Koronavirusdan vafot etayotganlarning hammasi ham rasmiy statistikada aks etmayotgani to‘g‘risida Ozodlik bundan avval ham, joylardan olingan ma’lumotlarga tayanib, bir necha bor xabar qilgan edi. Quyida Navoiy viloyatidagi vaziyat misolida tayyorlangan materialni o‘qishingiz mumkin:

Olot tuman Tibbiyot birlashmasi bosh vrachi Rustam Husainov Ozodlikdan vrachning audioxatida keltirilgan ma’lumotlarni eshitgach, ularni rad etdi.

Bosh vrachning aytishicha, shu kunda tuman kasalxonasida 60 dan ortiq bemor yo‘q. Karantinga olingan fuqarolar bor, gumon bilan, tekshirish uchun, shamollagan, temperatura qilganlar.

Bundaylar qancha, degan savolga bosh vrach javob bermadi. Biroq qisqa muloqot davomida Rustam Husainov mana bunday dedi:

- Tasdiqlangani, o‘lgani yo‘q. Hozirda 15 ta bemorimiz Kovidga gumon qilingan. Birlamchi musbat natija bergan bemorlar tuzalib chiqdi.

Bu gapdan ortig‘ini Olot tuman Tibbiyot birlashmasi bosh vrachi Rustam Husainov aytishni istamadi, mavzuga oid barcha informatsiyani Covid-19 infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha Buxoro viloyat shtabidan olishni tavsiya qildi.

Viloyat shtabining ikki mulozimi “barcha ma’lumotlar Respublika maxsus komissiyasiga yuboriladi, har qanday savolga javobni o‘sha yerdan olish mumkin”, deyishdan nariga o‘tmadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2 avgust yarim tungacha Buxoro viloyatida jami bo‘lib, 876 kishiga Covid-19 infeksiyasi yuqqan, kasalga chalinganlarning 727 nafari sog‘aygan, 6 bemor vafot etgan.

Rasmiy ma’lumotlarda keltirilayotgan vaziyat tasviri olotlik vrach tasvirlagan vaziyatdan keskin farq qilayotgani uchun vrachning xati mazmuni bilan farg‘onalik vrachni tanishtirdik.

Koronavirus bilan bog‘liq vaziyat to‘g‘risida "OAVga gapirish taqiqlab qo‘yilgan"ini eslatgan vodiylik vrach, anonim qolish sharti bilan Ozodlikka mana bunday yozdi:

"Koronavirus buyicha jurnalistlar bilan gaplashish taqiqlangan. Olotda ham, boshqa joyda ham koronavirus to‘g‘risida ma’lumot tarqatishni taqiqlashining o‘zi hukumat xohlagan ishini qilayotganligidan dalolatdir.

Bizning tumanimizda ham asl holat bilan rasmiy ma’lumotlar o‘rtasida tuya bilan otday farq bor, eng qizig‘i shundaki, qachon hukumatga qanday statistika ma’qul bo‘lsa, shuni ko‘rsatishadi. Masalan, vahima qilish kerak bo‘lsa, o‘limlar ko‘p va kasallanish darajasi dahshatli deb ko‘rsatishadi, teskarisi kerak bo‘lsa "osmonimiz musaffo", hech kanday o‘lim yuq va kasallanish deyarli bo‘lmayapti, devolishadi. Shaffoflik yo‘q, shaffoflik istagan odamga esa, qonuniy chora mavjud".

Davlat aldamayapti, boshqacha hisoblayapti, xolos?

Olotlik vrach o‘z audioxatida iddao qilgan ma’lumotlar bilan rasmiy statistika orasidagi farqni test-tahlilida koronavirus chiqmagan, biroq uning klinik belgilari zohir bo‘lgani ortidan vafot etayotganlar umumiy statistikaga kiritilmayotgani bilan ham tushuntirish mumkin.

30 iyul kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Habibullo Oqilovning aytishicha, ayni paytda faqat PZR tahlili koronavirusni tasdiqlagan bemorlar statistikaga kiritilmoqda. Pnevmoniya tufayli vafot etgan, lekin vafotiga qadar koronavirus tashxisi qo‘yilmagan marhumlar esa statistikaga kiritilmayapti.

Qozog‘iston 1 avgustdan boshlab, Qirg‘iziston esa, 17 iyuldan buyon koronavirus infeksiyasi topilmagan, biroq pnevmoniyadan vafot etganlarni Covid-19 qurbonlari hisoblamoqda.

XS
SM
MD
LG