Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:34

Chellenj: Xalqqa bepul xizmat qilishni istagan vrachlar o‘z telefon raqamlarini e’lon qilmoqda


OnlineDoctorUz telegram kanali logosi
OnlineDoctorUz telegram kanali logosi

Karantin paytida xalqqa beg‘araz yordam berishni istagan shifokorlar #xalq_bilan_birgamiz xeshtegi ostida Telegramdagi @OnlineDoctorUz​kanalida yig‘ila boshladi.

Farg‘onalik xirurg va ginekolog vrach Xurshidbek Yaqubjonov @OnlineDoctorUz kanalini ikki yil muqaddam ochgani, 19 iyuldan uni karantin paytida xalqqa beg‘araz yordam berishni istagan shifokorlar uchun platformaga aylantirganini Ozodlikka aytib berdi.

Xurshidbekka ko‘ra, so‘nggi 10-12 soat ichida turli yo‘nalishlarda ishlaydigan 100 dan ortiq shifokor o‘z telefon raqami va ijtimoiy tarmoqlardagi manzillarini aholiga taqdim qilgan.

Shifokorlar esa, chellenjga qo‘shilganidan buyon aholidan tinimsiz telefon qo‘ng‘iroqlari bo‘layotganini aytmoqda. Aytishlaricha, qo‘ng‘iroqlarning qariyb yarmi isitmalayotgan hamda koronavirusning boshqa alomatlarini seza boshlagan kishilardan bo‘lmoqda.

O‘zbekistonda 10 iyuldan 1 avgustga qadar karantin choralari keskin kuchaytirilgani ortidan aholi harakati ham cheklandi.

Buning ortidan nafaqat koronavirus, balki surunkali va mavsumiy boshqa kasalliklardan aziyat chekayotgan odamlar ham uyiga qamalib qolib qoldi, “Tez yordam” xizmatlari esa yetishmayotir.

Mana shunday vaziyatda paydo bo‘lgan #xalq_bilan_birgamiz chellenjiga qo‘shilgan shifokorlarning aytishicha, ular telefon orqali o‘z mutaxassisligi hamda umumiy amaliyot shifokori sifatida aholiga bepul tibbiy maslahat yoki dastlabki yo‘nalishni bermoqda.

Jumladan, Toshkentning Shayxontohur tumanidagi 6-son Bolalar stomatologiyasi poliklinikasida vrach bo‘lib ishlaydigan Shahnoza Safoyeva telefon raqamini jamoatchilikka e’lon qilganidan keyingi 3 soat ichida kamida 10-15 bemorga telefon orqali, yana bir nechasiga Telegram orqali konsultatsiya berganini aytdi.

- Mana 3 soatdan beri telefonga tinimsiz qo‘ng‘iroqlar kelyapti. Ko‘pchiligi isitma, yosh bolalarda tomog‘ qichishi, yo‘tal bo‘lyapti. Qandli diabet kasalligi bo‘yicha telefon bo‘ldi. Telegram orqali tish va og‘iz bo‘shlig‘i bilan bog‘liq muammolar, bolalarda stomatit toshgan - suratini tashlab beryapti. Hozir karantin, mashinada ko‘chaga chiqish cheklangan, ko‘pchiligi yetib kelolmaydi - shunga imkon qadar onlayn tushuntirib, yordam beryapman, - dedi Safoyeva.

Quyida Shahnoza Safoyeva bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:04 0:00
Бевосита линк

Ismini oshkor qilishni istamagan buxorolik nevropatolog vrachning aytishicha, u kuniga 30 taga qadar telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermoqda va unga murojaat qilayotganlarning aksari uning yo‘nalishidagi bemorlar:

- Hozir ta’tildaman. Karantin bo‘lganiga yo‘llar yopiq, uydaman. Shuning uchun shifokor ko‘rigidan o‘tolmay qolgan bemorlarga telefonda maslahat berib o‘tiribman. Mening yo‘nalishimdan boshqa yo‘nalishda bo‘lganlarga esa hech bo‘lmasa, yo‘nalish beryapman – qaysi vrachga murojaat qilish kerak, qanday yordam olishi kerak, oddiygina birinchi tibbiy yordam bo‘yicha maslahatlar beryapman. Qariyb 20 kuncha bo‘ldi, shu rejimda ishlayapman – odamlarda ehtiyoj bor.

Shu tariqa, Ozodlik bog‘langan yana bir necha shifokor, karantin paytida aholiga bepul tibbiy yordam ko‘rsatish istagida bu chellenjga qo‘shilganini aytdi.

Darvoqe, bu shifokorlardan olingan yana bir ma’lumotga ko‘ra, shu kunda respublikada aksariyat tibbiyot muassasalarida ishlayotgan turli yo‘nalishlaridagi shifokorlar umumiy amaliyot shifokori sifatida ichki treyninglardan o‘tkazilmoqda.

Telegram kanali ma’muri – farg‘onalik 35 yashar xururg va ginekolog vrach, UTT (ultratovush) mutaxassisi Xurshidbek Yaqubjonovning aytishicha, unga hanuz shifokorlardan murojaatlar kelishda davom etmoqda.

- Shu beg‘araz yordam tariqasida chellenjni boshlaganimizga mana endi bir sutka bo‘ldi. Shu vaqt davomida yuzdan ortiq doktorlar bog‘lanishdi. Hozir ham bir qancha hali tizimga joylanmagan ma’lumotlar bor. Ko‘rinib turibdiki, bu vaziyatda shifokorlarni xalqqa real yordam berishga rag‘bati bor, - dedi Yaqubjonov.

Aytishicha, vrach aslida ikki yil muqaddam aholida tibbiy ilm va madaniyatni oshirish uchun ijtimoiy tarmoqda sahifa ochgan:

- Bu kanalimiz avvaldan bor edi. Tibbiy ma’lumotlar berib borardim. Umuman kanalni yuritishga esa xalqni tibbiy ongini oshirish orqali o‘zimizni ishimizni kamaytirish bo‘lgan. Masalan, kasal o‘z shikoyatiga ko‘ra to‘g‘ri mutaxassisga borsa tabiiyki o‘zlari ortiqcha sarson bo‘lmaydi va vrachlarga ham yengillik bo‘ladi. Bundan tashqari ichingizdagi gaplarni ommaviy aytgani joy ham kerak bo‘ladi. Shu maqsadda ochgandim.

Ozodlik #xalq_bilan_birgamiz chellenjiga qo‘shilgan shifokorlaru ularga bu platformani ochgan farg‘onalik xirurgga, shu kunda sog‘liqni saqlash tizimining bugungi ahvoliga oid xavotirli fikrlarga ham munosabat so‘radi.

Jumladan, o‘zbek jurnalisti Nurilloh Sharifning Feysbukdagi o‘z sahifasida 17 iyul kuni ""Sog‘liqni saqlash tizimi quladi", deb boshlangan postni qo‘ydi. Unda jurnalist o‘z singlisi oilasining 6 a’zosi bilan - koronavirus infeksiyasiga chalinganiyu, 4 kundan buyon ularning chaqirig‘iga birorta doktor bormagani haqida yozdi. Bu post tarmoqlarlarda keng tarqaldi.

Bundan sal avval, Respublika Koronavirus shtabi vakili Habibulla Oqilov sog‘liqni saqlash tizimi qulash arafasiga kelib qoldi, deb bayonot bergan edi.

So‘nggi kunlarda Ozodlikka "Tez yordam" ni kunlab kutayotgan, ammo isitmalab yotgan bemorlarga ham tibbiy yordam etib kelmayotgani haqida kelayotgan shikoyatlar soni favqulodda ortib ketdi.

Bu vaziyat haqida fikr bildirgan X. Yaqubjonov, mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi bu vaziyatga boshdan tayyor bo‘lmagan va keyinchalik jarayonda bir necha noto‘g‘ri qarorlar vaziyatni yanada og‘irlashtirgan bo‘lishi mumkin, deb fikr bildirdi:

- Menimcha, buncha katta pulsiz ham bugungi natijaga (natija deb bo‘lsa) erishsa bo‘lardi. Yo‘l xaritasi degan ibora rosa "xit" bo‘ldi. Shuni tuzish kerak edi. Mana bu simptomlar bilan bu yoqqa, bulari bilan bu yoqqa... degan ma’noda. Buning ustiga shuuncha bo‘sh binolar turib, yangisini qurishga tushishdi... Buyam noto‘g‘ri qaror bo‘lgan. Qattiq karantin deyishdi, lekin amalda men ko‘rmadim. Qayerlardadir bo‘ldi, bizda (Farg‘ona) emas. Shunaqa ayrim noto‘g‘ri qarorlar orqasidan qiyin vaziyatga tushib qoldi.

Toshkentlik stomatolog Shahnoza Safoyevaning fikricha esa, karantinda aholi harakatining cheklangani va xususiy tibbiyot muassasalarining yopilgani, vaziyatni biroz og‘irlashtirgan.

Bundan tashqari, aholi orasida ham ortiqcha sarosima kuchayganini urg‘ulagan Safoyeva, avvalambor aholini xotirjamlikka chaqirdi:

- "Tez yordam"lar yetisholmayapti, to‘g‘ri. Chunki, chaqiriq ko‘p, mashinalar oz. Bunaqa paytda aholining o‘zi ham yordam berishi kerak. Bu oddiy shamollashga o‘xshagan kasallik, oddiy shamollashni odamlarimiz uyida davolaydi-ku! "Tez yordam"lar esa simptomlari og‘ir bemolarga ishlayapti hozir. Agar vahima qilmasak, yengil kasallar uyida davolanib tursa, shifokorlarga ham yengillik bo‘lardi.

Farg‘onalik vrach X. Yaqubjonov ham mamlakatdagi vaziyatni yengillatish va koronavirusni yengish bo‘yicha o‘z takliflarini ilgari surdi:

- Modomiki, virusni davolab bo‘lmas ekan, uning oldini olish mumkin. Odamlarga haqiqiy, qat’iy gigiyena, ortiqcha kontaktlardan saqlanishni o‘rgatish kerak. Qattiq karantin ham foyda beradi. Lekin qorin och bo‘lsa, odamlar baribir ko‘chaga chiqib ketadi. Qandaydir bevosita, real qo‘llab-quvvatlash kerak. O‘ylashimcha, bunday ehtiyojmandlar judayam ko‘p emas. Ortiqcha qurilish, keraksiz narsalarga pul sarflamay, faqatgina haqiqiy davolanish talab qiladigan bemorlar talab darajasida bepul davolansa, unchalik ko‘p pul ham ketmaydi. Hammasi to‘g‘ri yo‘naltirish, to‘g‘ri taqsimlashga bog‘liq, menimcha.

O‘zbekistonda may oyi o‘rtalaridan karantin choralari yumshatilishi ortidan, iyun va iyul oylarida virusga chalinganlar soni keskin ortib ketdi. So‘nggi haftalar ichida kuniga 300-500 atrofida virusga chalingan bemorlar aniqlanmoqda.

Natijada, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashga mas’ul Maxsus komissiya qarori bilan, simptomlari yengil kechayotgan koronavirus bemorlari 5 iyuldan uyida davolash tizimiga o‘tildi.

Karantin choralari esa 10 iyuldan 1 avgustga qadar yana keskin kuchaytirildi. Buning ortidan, aholi qatnovi cheklanib, aksar xususiy shifoxonalar ish vaqti qisqartirildi. Davlatga qarashli ko‘plab shifoxonalar COVID-19 bemolariga ajratildi.

Bu esa koronavirusga chalinib uyda qolgan bemorlar bilan birga, yillar davomida surunkali kasalliklardan muntazam davolanib kelayotganlar hamda mavsumiy kasalliklarga chalinganlar uchun tibbiy yordam yetishmovchiligini keltirib chiqardi.

O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi va uning oqibatlari bilan bog‘liq boshqa ma’lumotlarni Ozodlikning quyida keltirilgan jonli blogida o‘qishingiz mumkin:

XS
SM
MD
LG