Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:36

“Oybek-Faberje" ishi: G‘afur Rahimov asosiy guvoh sifatida o‘tayotgan ishda sud tergovi yakunlanmoqda


Prezident Shavkat Mirziyoyev Oybek Miraliyev bilan. Surat jahon.uz saytidan olindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oybek Miraliyev bilan. Surat jahon.uz saytidan olindi.

29 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Sergeli tumani sudi sudyasi Bahodir Yusupov raisligida tadbirkor aka-ukalar Oybek va Eldor Miraliyevlar ustidan o‘tayotgan sud jarayonining navbatdagi majlisi, advokatlarning sud tarkibiga otvod berishiga qaramay, davom ettirildi.

Advokatlarga ko‘ra, "dastlab adolatli boshlangan sud mutlaqo teskari tomonga o‘zgargan, sudlanuvchilarning himoya tarafi tomonidan keltirilgan iltimosnomalar asossiz ravishda rad qilinmoqda".

Sud yopiq o‘tdi: jamoatchilik, jurnalistlar va huquq faollari sud majlislariga qo‘yilmayapti. Bu holat epidemiologik vaziyat bilan izohlandi. Biroq sudlanuvchilarning himoyachilari sudning yopiq o‘tayotgani uchun sudga ishonchsizlik bildirib, sudning butun tarkibiga otvod berishdi, ammo bu otvod rad qilindi.

Sud esa o‘z harakatini O‘zbekiston Oliy sudi Rayosatining shu yil 20 martdagi sud ishtirokchilari (sudlanuvchi, prokuror va himoyachilar) bo‘lmagan shaxslarni sud binosiga kiritmaslik borasidagi qarori bilan izohladi.

Toshturmaga koronavirus oraladi, sud onlayn tartibga ko‘chdi

Sud xodimiga ko‘ra, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining 1-sonli tergov izolyatorida koronavirusga gumon qilinib, bir necha shaxs karantinga olingan. Shu paytga qadar Toshturmada o‘tayotgan sudlar 29 iyundan onlayn tartibga o‘tdi. Jumladan, aka-uka Miraliyevlar bilan onlayn tartibda o‘tkazilgan sud majlislarida esa sud tergovi deyarli yakunlanmoqda.

Jinoyat ishida asosiy guvoh bo‘lib o‘tgan va sudda so‘roq qilinishi lozim bo‘lgan G‘afur Rahimovning o‘zi, sud ajrimi bo‘lishiga qaramay, mahkamaga kelmayapti.

Advokatlarga ko‘ra, G‘afur Rahimov 2019 yilning 22 dekabrida (Prezident saylovi kuni) Bosh prokuraturada aka-uka Miraliyevlarga qarshi uzoq ko‘rsatma bergan va bu harakati bilan sudda ham ko‘rsatma berishga majbur. Shuningdek, protsessual qonunchilik jinoyat ishining barcha ishtirokchilarini, jumladan, Bosh prokuratura tergovchilarini ham sudda so‘roq qilishga imkon beradi. Bu borada iltimosnoma kiritilganiga qaramay sud Bosh prokuratura xodimlarini so‘roq qilishga shoshilmayapti.

Guvohlar sobiq xo‘jayiniga qarshi ko‘rsatma bera boshlagani aytildi

Advokatlarga ko‘ra, sud majlislarida so‘roq qilingan taniqli tadbirkor G‘afur Rahimovning sobiq yordamchisi Ziyovuddin Hojiniyozov, tadbirkorga tegishli shirkat xodimasi Natalya Shonazarovalar esa sobiq xo‘jayiniga qarshi ko‘rsatmalar berib, nizoda tadbirkor aka-ukalarning haqligini e’tirof etishmoqda.

Advokatlardan birining aytishicha, sud majlisida tadbirkor G‘afur Rahimovning O‘zbekistondagi so‘nggi “smotryashchiy”si ekani aytiladigan guvoh Alisher Alimovni qayta so‘roq qildi. U oldingi sud majlislarida advokatlardan birini sud majlisi davomida haqorat qilgani bois ma’muriy javobgarlikka tortilgandi.

Advokatlar, shuningdek, guvoh Farruh Baxtiyorov sudga Rahimovlar oilasining aka-uka Miraliyevlarni qamatish rejasi aks etgan audio kassetani taqdim qilganini, sud maslahatlashuvlar davomida bu daliliy ashyoga baho berishini aytganini xabar qildi.

7 million dollarlik da’vo

Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tergovchisi U. Sh. Umarov imzolagan va Ozodlikda nusxasi bo‘lgan ayblov xulosasida da’vogarlar sifatida Lola Rahimova va uning singlisi Go‘zal Kamolxo‘jayevalarning ismlari zikr qilingan.

Ayblov hujjatlarida yozilishicha¸ Oybek Miraliyev xususan Lola Rahimovaning singlisiga tegishli ko‘chmas mulkni 650 ming dollarga sotib, pulini bermaganlikda gumon qilinmoqda.

Bundan tashqari Ozodlik tanishgan da’vo arizasida Lola Rahimova o‘ziga tegishli «Mercedes-Benz Maybash» avtomobilini “Oybek Miraliyev o‘zlashtirdi” deb da’vo qilgani yozilgan. Shuningdek, G‘afur Rahimovning vakili o‘z da’vo arizasida Oybek Miraliyev va uning ukasi Rahimovlar oilasiga tegishli jami 7 million dollarga yaqin mablag‘ni o‘zlashtirib yuborganlikda ayblamoqda.

Ammo Oybek Miraliyevning advokati Yoqutxon Xudoyorova aka-ukaga qarshi ish to‘laligicha "uydirma" ekanini 2019 ning dekabrida iddao qilgan edi.

Advokat Xudoyorovaga ko‘ra¸ manfaatdor doiralar “ Oybekni qamatish yo‘li bilan unga tegishli ko‘chmas mulklar, shirkatlarni o‘zlashtirib olmoqchi”.

Ozodlik gaplashgan Oybekning yaqinlari bu ish ortida G‘afur Rahimov bilan yaqin aloqada bo‘lgan yuqori mansabli hukumat mulozimlari turganini iddao qildi. Ayni paytda Ozodlikda bu iddaoning rasmiy tasdig‘i yoki inkori yo‘q.

Prezident olqishlagan tadbirkor aka-ukalar

Tadbirkor guruhlar orasida "Oybek tuxum"¸ “Oybek-faberje” (Zargar Karl Faberje (1846-1920) yasagan tuxum shaklidagi zargarlik asarlari ishora) ¸"Kinder syurpriz" degan nomlar bilan tanilgan Oybek Miraliyev va uning ukasi Eldor so‘nggi 10 yil ichida mamlakatdagi parrandachilikka ixtisoslashgan biznesning asosiy figuralaridan biri hisoblanadi.

Ozodlik tanishgan 2011 yilga oid hujjatlarda Oybek Miraliyev Navoiy viloyati Karmana tumanidagi “Sardoba Parranda” fabrikasining egalaridan biri ekanligi qayd etilgan.

Shuningdek Ozodlikda Oybek Miraliyev o‘zining ikki-ukasi Sardor va Eldor bilan birgalikda Latviyadan O‘zbekistonga shrot (qoramollar uchun ozuqa, kunjara) import qilgani haqida ma’lumot bor.

Ozodlik muxbiri ko‘rgan hujjatlarda aks etishicha, Oybek Miraliyev 2010 yildan 2012 yilgacha BAAning Dubay shahrida bir qancha tijoriy tadbirkorlik loyihalarida ishtirok etgan.

XS
SM
MD
LG