Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:52

Tadbirkorlar: Soliqchilar onlayn kassa apparati va ta’minot dasturini sotib olishga majburlamoqda!


Tadbirkorlar¸ xususiy shirkatlarning pullik ta’minot dasturini sotib olmasa¸ qariyb 3 million so‘mga olingan onlayn kassa mashinasining ishlamasligini aytmoqda.
Tadbirkorlar¸ xususiy shirkatlarning pullik ta’minot dasturini sotib olmasa¸ qariyb 3 million so‘mga olingan onlayn kassa mashinasining ishlamasligini aytmoqda.

Ozodlikka bir qator viloyatlardan murojaat qilgan tadbirkorlar shu kunlarda soliq inspeksiyasi xodimlari o‘zlarini qariyb uch million so‘mlik yangi kassa apparati sotib olishga majburlayotganini bildirdi.

O‘tgan yilgi O‘zbekistonda prezident farmoni bilan kassa mashinalarini internet orqali to‘g‘ri soliq qo‘mitasi ma’lumotlar bazasiga ulash jarayoniga o‘tish boshlangan.

Bu farmonga ko‘ra¸ Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan virtual kassa dasturiy mahsulotining asos qismi (bazasi) tadbirkorlarga bepul berilishi kerak.

Ozodlikka bog‘langan tadbirkorlar¸ Soliq qo‘mitasi bepul dasturni berish o‘rniga o‘zlarini xususiy MChJlardan dasturiy ta’minot sotib olishga majburlayotgani¸aks holda¸ mashinalarning bloklab qo‘yilayotganini xabar qildi va buni tasdiqlovchi suratlarni taqdim etdi.

Aytilishicha¸ elektron kassa mashinasi ishlashi uchun tadbirkor yillik xizmat haqi 550 mingdan 1 million 2000 ming so‘mgacha boradigan xususiy shirkatlar bilan shartnoma tuzishi shart. Bu shirkatlar ro‘yxati esa¸ soliqchilar tomonidan taqdim qilinmoqda.

Ozodlik bog‘langan Soliq qo‘mitasi mutasaddilari¸ joylardagi o‘z inspektorlarining tadbirkorni xususiy MChJlar taklif qilayotgan pullik ta’minot dasturlarini sotib olishga majburlashga haqli emasligi¸ tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi munosabatlarga Soliq qo‘mitasi aralashmasligini iddao qildi.

Pandemiya davridagi yana bir majburiyat

Ozodlikka Surxondaryo¸ Samarqand va Namangan viloyatlaridan murojaat qilgan tadbirkorlar¸ karantin cheklovlari yumshab¸ o‘z faoliyatini endi jonlantiraman deb turganda¸ soliqchilar bosimi ostida qolganini bildirdi.

Yangi kassa apparat olishga majburlashdi. Oldim¸ 2 700 000 so‘mga. Bu apparat ishlashi uchun doim internetda bo‘lishimiz shart ekan. Oylik internet narxi 100 ming so‘m atrofida. Mayli¸ bunisiga ham rozimiz¸ internet baribir kerak. Lekin oylik programmasi uchun eng kami 50 ming¸ bo‘lmasa¸ 100 ming to‘lamasak¸ bu mashina ishlamas ekan. Bu nima degani? Bozordan telefon sotib olsangiz¸ ichida programmalari bo‘ladiku! Bu qanaqa mashinaki¸ unga oylik pul to‘lanadigan programma o‘rnatmasa¸ ishlamaydi! Soliq qo‘mitasi o‘zi tanlagan shirkatlar programmasini bizga majburlab oldiryapti”¸ deydi surxonlik tadbirkor.

Ayni shunday e’tirozlar Ozodlikka Samarqand va Namangan viloyatida faoliyat yurg‘izayotgan tadbirkorlardan ham keldi.

Bu tadbirkorlar ham¸ o‘z hududiy soliq inspektorlari zudlik bilan yangi kassa apparati sotib olish barobarida uni ishga tushirish uchun xususuy shirkat bilan ta’minot dasturi sotib olish haqida shartnoma qilishga ham majburlayotganini bildirdi.

Bular xalq pulini shilishni biladi¸ tadbirkor karantinda qanday qiynalib¸ jonini xatarga qo‘yib ishlayotgani bilan ishi yo‘q. Soliqchilar majburlab sotyapti. Yangi kassa apparatini olmasang¸ bankdagi hisob raqamingni yopaman¸ hech qayerga pul chiqarolmaysan¸ deb po‘pisa qilyapti. Programmani kimdan olishniyam o‘zlari aytyapti. Tili bir bularning”.

Ozodlik gaplashgan tadbirkorlarning ayrimlari spirtli ichimlik va sigaret sotish bilan shug‘ullansa¸ yana biri xususiy apteka egasi.

Prezidentning 2019 yil 6 sentabrdagi farmonida¸ “alkogol va tamaki mahsulotlari, dori-darmon, avtomobillarga benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz yoqilg‘isi savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari”ni elektron kassa apparatlariga o‘tkazish jarayoni 2020 yilning 1 yanvariga qadar tugashi shart qilib belgilangan. Aks holda¸ soliq idoralari ularni moliyaviy qonunbuzarlikda ayblashi va buning uchun eng kami 5 million so‘mlik jarimaga tortilishi mumkin.

Soliq mutasaddilari izohi

Ozodlik tadbirkorlardan tushgan e’tirozlar bo‘yicha Soliq qo‘mitasi mutaxassislari bilan bog‘landi.

Elektron kassa mashinalariga o‘tish jarayoni uchun mas’ul bo‘lgan Profilaktika boshqarmasi mutaxassislari¸ ayni kunlarda prezident farmoni bo‘yicha onlayn nazorat kassa mashinalari (NKM) ga o‘tib bo‘lishi shart qilib belgilangan toifadagilar bilan profilaktik suhbatlar bo‘layotganini tasdiqladi.

To‘rt toifadagi tadbirkorlik subyektlari 1 yanvargacha onlayn NKM sotib olishi shart edi. Bundaylar butun respublikada 100 mingga yaqin. Sotib olmagan tadbirkorlarga qo‘shimcha vaqt va ogohlantirish berilyapti. Karantinda hammaga qiyin bo‘lganini tushunganimiz uchun hech kim ularni jarimaga tortayotgani¸ jazolayotgani yo‘q"¸ dedi Ozodlik gaplashgan Soliq qo‘mitasi mulozimi.

Prezident farmoniga muvofiq¸ yil yakunlari bo‘yicha yillik oboroti (tushumi) 5 milliard so‘mdan oshgan tadbirkorlik subyektlari 2020 yil 1 avgustiga qadar¸ tushumi 100 million so‘mdan oshgan yoki yil davomida ushbu chegaraviy miqdorga yetganlar joriy yil oxiriga qadar¸ qolganlar esa¸ 2022 yil 1 yanvariga qadar elektron kassa mashinalariga o‘tishi shart.

Dunyoning aksar taraqqiy qilgan davlatlarida joriy etilgan onlayn kassa apparatlariga tushadigan har qanday tushum bevosita soliqchilarga ko‘rinadi va bu yashirin iqtisodni cheklab¸ uni soliqqa tortishga yordam beradi.

Elektron NKMga o‘tishni qaysi qismi pulligu¸ qaysisi bepul?

Soliq qo‘mitasi mulozimlari ayni kunlarda 2 700 000 -3 000 000 so‘mga sotilayotgan kassa mashinasi narxidan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari ( joriy BHM 238 610 so‘m – tahr.) tadbirkor to‘lashi lozim soliqdan chegirib tashlanishini bildirdi.

Apparatning 2 386 100 so‘mini davlat qoplaydi”¸ dedi qo‘mita mutaxassisi.

Tadbirkorlarning asosiy e’tiroziga uchrayotgan pullik ta’minot dasturlari – programma bo‘yicha savollarga javob bergan mulozimlar¸ qo‘mitaning bu jarayonga aloqasi yo‘qligini ta’kidlashga urindilar.

“Prezident farmoni bilan «O‘zeltexsanoat» uyushmasi dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi 10 ta xususiy MChJni tanladi. Ular kiberxavfsizlik parametrlari bo‘yicha tekshiruv va sinovdan o‘tkazilgan. Soliq qo‘mitasi bepul beradigan virtual kassa dasturiy mahsulotining asos qismidan qanoatlanmagan tadbirkor¸ shu o‘ntadan bittasi mahsulotini sotib olishi mumkin. Bu ikki mustaqil tadbirkorlik subyekti o‘rtasidagi munosabat va biz unga aralashmaymiz”¸ dedi Soliq qo‘mitasi mulozimlaridan biri.

Tadbirkorlarning prezident farmoniga ko‘ra Soliq qo‘mitasi bepul taqdim qilishi belgilangan ta’minot dasturining berilmayotgani yoki umuman ishlamayotgani haqidagi e’tirozlariga javoban qo‘mita mutasaddilari¸ bunday holatlar bo‘yicha qo‘mita ishonch telefonlariga murojaat qilishni so‘radi.

Tadbirkorlar bizga murojaat qilib¸ kim o‘zlarini falon kompaniyaning falon dasturini sotib olishga majburlayotgani yoki bepul dasturni bermayotganini bizga aytsin¸ o‘rganib¸ chora ko‘ramiz”¸ dedi Davlat soliq qo‘mitasining Profilaktika boshqarmasi mulozimi.

XS
SM
MD
LG