Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:23

Rossiya patenti 15.06 da tugaydigan migrantlarga qo‘shimcha 3 oy beryapti. Faollar hammaga berilishini talab qilyapti (VIDEO)


Politsiya reydi
Politsiya reydi

Rossiya Ichki ishlar vazirligi mehnat muhojirlari ishchi patentlari yaroqlilik muddati avtomatik tarzda 93 kunga uzaytirilganiga oid Rossiya prezidentining 18 aprelda imzolagan qaroriga izoh berdi. Vazirlikka ko‘ra, bu chora patenti muhlati 2020 yilning 15 martidan 15 iyuni oralig‘ida tugaydiganlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi ishga ruxsatnoma muddatini uzaytirish uchun qo‘shimcha to‘lov to‘lashning hojati yo‘qligini bildirdi.

Ayni paytda migrantlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi jamoat tashkilotlari "Patentsiz Yoz" aksiyasini boshlab yubordi. Ular patent muddati qachon tugashidan qat‘i nazar barcha mehnat muhojirlarini patent to‘lovlaridan ozod qilishni so‘ramoqda.

Rossiya IIVi Putin qaroriga izoh berdi

Rossiya Ichki ishlar vazirligi prezident Vladimir Putinning koronavirus pandemiyasi davrida xorij grajdanlarining huquqiy holatini tartibga soluvchi qaroriga qo‘shimcha izoh berdi.

Prezidentning 274-sonli “Rossiya Federatsiyasida yangi koronavirus infeksiyasining (COVID-19) tarqalish tahdidi bilan bog‘liq xorij grajdanlari va grajdanligi yo‘q shaxslarning huquqiy holatini tartibga solishga doir vaqtinchalik choralar to‘g‘risida”gi qarori 2020 yilning 18 aprelda imzolagan edi.

"Agarda patent muhlati 2020 yilning 15 martidan 15 iyuni oralig‘ida yakunlanadigan bo‘lsa, u avtomatik tarzda 93 kunga uzaytiriladi. Patent muhlatini uzaytirish uchun biror qo‘shimcha to‘lov amalga oshirishning hojati yo‘q. Ish beruvchilarning xorij grajdanlaridan ishga ruxsatnoma uchun avans to‘lovlarini amalga oshirish talablari asossizdir", deyiladi rasmiy xabarnomada.

Ichki ishlar vazirligi xabarida patentga ega bo‘lmagan xorijliklarga ko‘rsatilgan muddat davomida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishiga ruxsat berilganini ham eslatib o‘tdi.

Bunday izohning paydo bo‘lishiga ayrim rossiyalik ish beruvchilarning avans to‘lovi o‘tkazilgan ishga ruxsatnomalarni talab qilayotgani, sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Shu yilning 18 aprelida Rossiya prezidenti xorij grajdanlariga berilgan ishga ruxsatnoma, registratsiya, vizalar muddatini avtomatik tarzda 15 iyungacha uzaytirish to‘g‘risidagi qarorga imzo chekkan edi.

Qarorda barcha boshqa migratsiya hujjatlarining amal qilish muddati ham 15 iyungacha muzlatilgani aytiladi.

Ozodlik hatto Rossiya politsiyasi xodimlarining ham ko‘cha-kuyda ushlangan mehnat muhojirlaridan puli to‘langan ishga ruxsatnomalarni talab qilayotgani holatlari to‘g‘risida xabarlarni olayotgan edi.

Ozodlikning Moskvadagi tinglovchilaridan biri yuborgan videoda Moskva metrosida markaziy osiyolikdan hujjatlarini talab qilayotgan politsiya xodimlari na Moskva meri Sergey Sobyanin, na Vladimir Putin qarori to‘g‘risida xabari borligini bildiradi va muhojirni keyingi tekshirishlar uchun politsiya bo‘linmasiga olib kirib ketadi.

Patent to‘lovlari va boshqa migratsiya hujjatlari masalasida hatto soha yuristlari va mutaxassislari orasidagi tushunmovchilik va kelishmovchilik mehnat muhojirlarini sarosimaga solib qo‘ydi.

Vodiylik Ilhom Hayitkulov 28 martdan buyon davom etayotgan “izolyatsiya rejimi” davomida ishsizlikdan qiynalib ketganini Ozodlikka gapirdi.

- “Patentni hech kim so‘ramaydi!”, deb elchixona ham, yuristlar va mutaxassislar aytgandi. Lekin, hozir qayerga ish so‘rab bormasang hammasida patent asosida ishga olmoqda. Moskva patenti Moskva viloyatiga o‘tmayapti. Ish esa shaharda mutlaqo yo‘q. Odamlarimiz patentlarni to‘lab ishga kirishga majbur bo‘lmoqda, dedi Ilhom.

Rossiya Migrantlar federatsiyasi "PATENTSIZ YOZ" aksiyasini boshladi

2020 yilning 15 martidan 15 iyuni oralig‘ida patent to‘lovchilarini amalga oshiruvchilardan tashqari bu muddatdan oldin yoki keyin ishga ruxsatnomasi muddati tugagan mehnat muhojirlarining katta qismi mavjud. Shuningdek, Rossiyada nolegal holatda bo‘lgan yoki migratsiya qaydi tugagan ishchilarning katta qismi 15 iyundan boshlab yana to‘lovlarni amalga oshirishi lozimligi belgilangan.

Bunday vaziyatda Rossiya Migrantlar federatsiyasi (RMF) patent to‘lovlarini muzlatish nafaqat 15 mart-15 iyun oralig‘idagi to‘lovlarni amalga oshirganlar, balki barcha xorijliklarga taalluqli bo‘lishi lozim, degan fikrni bildirdi.

Tashkilot Vladimir Putinning yuqorida tilga olingan qarorini yana uch oyga uzaytirib, patent muhlatini 2020 yilning sentabrigacha belgilab qo‘yish taklifi bilan chiqdi.

O‘zining Youtube kanalida RMF rahbari Vadim Kojenov #LETOBEZPATENTA (PATENTSIZ YOZ) aksiyasini boshlab yuborganini e’lon qildi va barchani bu aksiyaga qo‘shilishga da’vat etdi.

- Muhojirlarning patent uchun to‘lovlari muzlatilgan muhlat 15 iyunda tugaydi. Bu kunga esa 3 haftadan kam vaqt qoldi. Biz vaziyat o‘zgarmagani, Rossiya iqtisodi tiklanmagani, ko‘pchilik ishsiz ekani va to‘lashga qurbi yo‘qligini kuzatyapmiz. Shu sababli biz “PATENTSIZ YOZ” aksiyasini boshlayapmiz, dedi Vadim Kojenov.

Migrantlar federatsiyasi rahbari yig‘ilgan imzolar Rossiya hukumatiga topshirilib, patent to‘lovlari “ta’tili” uzaytirilishi talab qilinishini aytdi.

27 may kuni esa Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan Moskva hokimi Sergey Sobyanin “o‘zini yakkalash rejimi”ni 14 iyungacha uzaytirgani to‘g‘risida qaror imzolaganini bildirdi.

Ayni paytda, shahar meri joriy yilning 1 iyunidan boshlab koronavirus bilan bog‘liq cheklovlar asta-sekin olib tashlanishi, Moskvada shu kundan boshlab ayrim maishiy xizmat va xo‘jalik mollari tovarlari bilan savdo qiluvchi rastalar ishga tushishini e’lon qildi.

XS
SM
MD
LG