Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:37

Rus-qozoq chegarasida yotgan muhojirlarga ish va yotoq taklif etildi. Muhojirlar ko‘nmadi (VIDEO)


Rossiyaning Qozog‘iston bilan chegaradosh hududida qolayotgan o‘zbekistonliklar. 25 mayda olingan videodan kadr. Samara oblasti, Mashtakovo nazorat-o‘tkazish punkti yaqinidagi dala.
Rossiyaning Qozog‘iston bilan chegaradosh hududida qolayotgan o‘zbekistonliklar. 25 mayda olingan videodan kadr. Samara oblasti, Mashtakovo nazorat-o‘tkazish punkti yaqinidagi dala.

Rossiyaninga Qozog‘iston bilan chegaradosh hududida to‘planib qolgan 300 ga yaqin o‘zbekistonlik muhojirga Samara oblastida ish va yotoqxona taklif qilindi.

O‘zbekistonning Qozondagi konsulligi Samara oblasti hukumatining bu taklifiga atigi 25 kishi ko‘ngani, qolganlar chegarada qolayotganini, ular O‘zbekistonga ketishni istayotganini xabar qildi.

Ozodlik bilan suhbatda chegaradagi o‘zbek yo‘lovchilari taklifni qabul qilmagani sabablarini tushuntirdi.

O‘zbekistonning Qozondagi Bosh konsulxonasi keltirgan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonga ketish ilinjida Rossiya-Qozog‘iston chegarasida qolayotgan o‘zbek muhojirlariga ish joylari taklif qilindi. Ish joyida ular yotoq va issiq ovqat bilan ta’minlanadi. Biroq Samara viloyati hukumatining bu taklifini hamma ham qabul qilmagan:

- Bizning ogohlantirishlarimizga qaramasdan rus-qozoq chegarasida 280 ga yaqin O‘zbekiston grajdanlari to‘plandi. Qozondagi Bosh konsullik ma’lumoticha, Samara viloyat hukumati yuqorida ko‘rsatilgan grajdanlarga mintaqadagi sanoat obyektlarida yotoq va issiq ovqat bilan ta’minlangan ish joylari taklif etdi.

Afsuski, taklifni 25 kishi qabul qildi, qolganlar viloyatning Katta Chernigovka tumanida qolmoqda. Ishga joylashish imkoniyatidan voz kechayotgan chegaradagi yurtdoshlarni o‘zlarining vaqtinchalik yashab kelgan joylariga qaytish va charter reyslar uyushtirilishini o‘sha yerda kutishni qat’iy so‘rab qolamiz, deyiladi elchixona rasmiy xabarda.

O‘zbekiston bosh vakolatxonasi 18-19 may kunlari oldindan tuzilgan ro‘yxat asosida o‘tkazilgan tranzit kolonnaga Qozog‘iston hukumati istisno tariqasida ruxsat bergani, yaqin orada boshqa tranzit uchun ro‘yxat tuzish rejada yo‘qligini ham ma’lum qildi.

Ozodlik radiosi Rossiya va Qozog‘istonning “Mashtakovo” chegara nazorat punkti yaqinida paydo bo‘lgan o‘zbek muhojirlari lageridagi vaziyatni kuzatib bormoqda.

Chegarada to‘planayotgan o‘zbekistonliklar uchun Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi va O‘zbekistonning Qozondagi konsulligi ko‘magida 22 maxsus palatka o‘rnatilib, muhojirlarni issiq ovqat bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilgan edi.

Biroq, yaqin orada Qozog‘iston o‘zbekistonliklar uchun tranzit yo‘lini boshqa ochmasligi bildirilganidan so‘ng, 22 may kuni kechga yaqin palatka-shaharcha buzib tashlangani to‘g‘risida xabarlar kela boshladi.

Chegarada qolayotganlar o‘zbek migrantlari soni 280 kishidan oshdi
Chegarada qolayotganlar o‘zbek migrantlari soni 280 kishidan oshdi

Ozodlik bilan aloqada bo‘lib turgan o‘zbek yo‘lovchilari ularga ish taklif etilgani, biroq ko‘pchilikda bu takliflar jiddiy shubha uyg‘otganini aytishdi.

- To‘rtta bolamizni “Ish bor!”, deb olib ketib, Samara chegarasidagi postdan u yoqqa o‘tkazib, ketiga tepvoribdi. “Qayerga borsang boraver - qaytib kelma, kiritmaymiz!”, debdi. Bolalar bizga telefon qilib, “Mahkam bo‘linglar- ketmanglar, aldaydi”, dedi.

Hozir bu yerda Dilyorami, Dilfuzami degan ayol “Elchixonada ishlayman”, deb yuribdi ekan ish taklif qilib, hammani aldab yuribdi. O‘sha chegaradan chiqartirvorgan bollarni shu olib ketgandi. Konsul kelgandi - “U ayolni tanimayman, biznes qilib yuribdi”, dedi. Bizda bu takliflarga ishonch qolmadi - chegaradan chiqarvorsa qayerga boramiz pulsiz-joysiz?! - dedi suhbatdosh.

O‘zbekistonlik muhojir chegaraga olib o‘tuvchi militsiya postida 30-40 o‘zbekistonlik chegaraga yaqinlashtirilmayotganiga ham guvoh bo‘lib kelganini bildirdi.

Bugunga kelib Samara politsiyasi chegaraga yaqinlashmoqchi bo‘lgan xorij grajdanlari hujjatlarini tekshirishni boshlagani, ularga jarima solish bilan tahdid qilayotgani aytildi.

Ozodlikka yuborilgan videolavhalardan palatkalari buzilgan va issiq ovqat ta’minotidan uzilgan o‘zbek muhojirlari karton to‘shab, yerda yotishga majbur bo‘layotganini ko‘rish mumkin.

O‘zbekistonlik migrantlar Rossiyada avj olib borayotgan koronavirus epidemiyasi holatida ishsiz-mablag‘siz qolgani sababli chegaraga kelishga majbur bo‘layotganini aytmoqda.

18-19 may kunlari O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya hukumatlari kelishuviga binoan 1200 nafar chegarada to‘plangan o‘zbekistonlik musofirlar uchun Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga tranzit yo‘lagi ochilgan edi. O‘zbekiston davlati bu tranzitga 125 ming Rossiya rubli miqdorida harajat bo‘lganini e’lon qildi.

Qozog‘iston chegarada ikki haftadan buyon uyiga qaytish uchun to‘planib turgan o‘zbekistonliklar uchun istisno tariqasida tranzit yo‘lagi ochib bergan edi.

Bu ma’lumotdan xabar topgan boshqa o‘zbek migrantlari ham chegaraga kelishni davom etdi.

G‘ishtko‘prik (xalq tilida Chernyaevka) o‘zbek-qozoq chegarasiga O‘zbekistonga o‘tish uchun kelgan o‘zbekistonliklar ham minglab odam chegarada kutayotgan bo‘lishiga qaramasdan O‘zbekiston ularni qabul qilmayotganini xabar qilgandi.

23 may kuni O‘zbekiston Transport vazirligi xorijda qolib ketgan o‘zbekistonliklar uchun charter reyslarning navbatdagi ro‘yxatini e’lon qildi. O‘zbek grajdanlari 17 reysda Turkiya, BAA, Misrdan va eng katta qismi Rossiyadan olib chiqilishi xabari chiqdi.

XS
SM
MD
LG