Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:48

Tuman hokimi o‘rinbosariga tenglashtirilgan matbuot kotiblari oyliksiz ishlamoqda


Saida Mirziyoyeva AOKA bilan xayrlashmoqda
Saida Mirziyoyeva AOKA bilan xayrlashmoqda

Respublikadagi ayrim tuman va shahar hokimliklari hamda qator tashkilotlar matbuot kotiblari ishga tayinlangan kundan beri rasman maosh olmayapti.

O‘zbekiston prezidentining 2019 yil, 27 iyundagi qarori bilan tuman (shahar) hokim o‘rinbosari maqomi berilgan matbuot kotiblari ishga kirgan vaqtiga qarab, ba’zilari 3-4, boshqalari 6-7 oydan beri ish haqisiz ishlayapti.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mulozimi bu holatni tan oldi va axborot xizmatlari rahbarlariga haq to‘lash viloyatlar moliya boshqarmalari darajasida hal qilinishi rejalashtirilganini aytdi.

Respublikaning to‘rt tuman hokimliklarining Ozodlik gaplashgan matbuot kotiblari “ishga tayinlanganidan beri umuman oylik olmayotganini” aytishdi.

Ikki matbuot kotibi esa, matbuotga aloqasi bo‘lmagan texnik shtat hisobidan oylik olayotganini aytdi.

O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 27 iyundagi PQ-4366 sonli qarori asosida “davlat organi axborot xizmati rahbari” degan lavozim ta’sis qilinib, uning maqomi “rahbar o‘rinbosariga” tenglashtirilgan edi.

Qaror davlat tashkilotlari¸ tuman va shahar hokimliklarida shtat birliklarini ta’sis qilish¸ kotiblarni texnik yordamchi¸ xizmat avtomobili va haydovchi bilan ta’minlashni nazarda tutadi.

O‘zbekiston prezidenti imzolagan qarorda bu maqsadlarni moliyalash uchun Moliya vazirligi zimmasiga bu maqsadlar uchun 20 milliard so‘m ajratish yuklangan.

Bu qaror ortidan mamlakatdagi 150 dan ziyod tuman va 10 dan ortiq shahar hokimliklarida hamda tashkilotlarda Axborot xizmati rahbari sifatida yuzlab kishi vazifaga tayinlangan. Ammo Ozodlik suhbatlashgan to‘rt nafar matbuot kotibining aytishicha, tayinlanganlarning lavozimi tashkilot shtat jadvalida rasman qayd qilinmagan va binobarin ularga maosh to‘lanmagan. Suhbatdoshlar bu masalaning “ijobiy yechimidan” umidvor bo‘lib kelishgan.

Joriy yilning 29 yanvarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Komil Allamjonov va direktor o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva o‘z arizasiga binoan egallab turgan lavozimlaridan ozod qilindi. Bu esa o‘z navbatida oyliksiz ishlayotgan matbuot kotiblari havotiriga sabab bo‘ldi.

Matbuot kotiblarining Ozodlikka aytishicha, ular maoshlarini "Prezidentning qizi olib beradi", deb ishonib yurishgan. Ozodlik 1 fevraldan 7 fevralga qadar kamida besh nafar oylik olmayotgan matbuot kotibidan shikoyat maktubi oldi.

Hokimning sabotaji?

Vodiydagi tumanlardan birining matbuot kotibi, ismini e’lon qilmaslik sharti bilan, Ozodlikkka prezident qarori nega bajarilmagani to‘g‘risida o‘zi nima deb o‘ylashini aytib berdi.

Uning aytishicha¸ matbuot xizmati rahbarining “katta oylik olishi tuman hokimi nafsoniyatiga tekkan”:

- PQ-4366-sonli qarorga muvofiq, barcha davlat organlari va tashkilotlari Axborot xizmati rahbarlari tashkilot rahbarining matbuot kotibi hisoblanishi, mehnatga haq to‘lash bo‘yicha tashkilot rahbari o‘rinbosariga tenglashtirilishi (razryad) hamda ularga har qanday to‘lovlardan qat’i nazar ish haqining 50 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda ustama to‘lanishi belgilangan. Bu holatda matbuot kotibining oyligi tuman hokiminikidan ancha baland bo‘lib ketadi. Yozilmagan qonunlarga ko‘ra¸ davlat idorasi rahbaridan boshqalar yuqori oylik olishi mumkin emas. Shu bois hokimlik byudjetda hali pul ajratilmadi degan bahona bilan bizga oylik to‘lamay keldi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ prezident qizi Saida Mirziyoyevaning AOKA rahbariyatidan ketgani ortidan hokimiyat mulozimlari matbuot kotiblarini “tezda unutib qo‘ygan”:

- Saida Mirziyoyevaning AOKAdan ketishi davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari tomonidan PQ-4366-sonli qaror ijrosini ochiqdan-ochiq paysalga solishga sabab bo‘lmoqda. Buni, butun mamlakat bo‘yicha barcha axborot xizmatlari tasdiqlashlari mumkin.

Matbuot kotibiga ekilmagan chim pulini berishdimi?

Ozodlik suhbatlashgan 21 yashar qiz mamlakat g‘arbidagi tumanlardan biriga 2019 yilning avgust oyida matbuot xizmati rahbari qilib tayinlangan. Ishdan ayrilib qolmaslik uchun ismini aytmaslikni so‘ragan oliy jurnalistik ma’lumotga ega bu qiz ishga tayinlanganidan beri oylik olmagani va u egallagan lavozim tuman shtat jadvalida mavjud emasligini aytdi:

- Bir marta buxgalter chaqirib pul berdi va qandaydir qog‘ozga qo‘l qo‘ydirdi. Sport inventari sotib olish haqidagi qog‘oz ekan. Yana bir marta hokimlik binosi oldiga chim ekildi deb rasmiylashtirib pulini menga berishdi. Mana olti oydirki, muallaq ahvoldaman. Saidaxon Shavkatovna otasining oldiga kirib masalani ijobiy hal qilib beradi deb ovutib kelishdi. Endi u kishi ishdan ketdi. Oylik masalasi esa hal bo‘lmay qolib ketdi.

Byudjetda pul yo‘q

Ozodlik bu qiz ishlaydigan tuman hokimligi moliya bo‘limi mutaxassisi bilan suhbatlashdi. Uning aytishicha¸ matbuot xizmati rahbari va xodimlariga maosh to‘lash va ularning faoliyati bilan bog‘liq harajatlar byudjet parametriga umuman kirmagan:

- Men prezident qarori bor ekan deb ularga o‘zimcha oylik to‘lay olmayman. Menga alohida buyruq va farmoyish lozim. Har bir tiyin aniq yo‘nalishda nimaga sarf qilinishi grafalarga ajratilib oldindan belgilab qo‘yilgan. Qo‘limdagi hujjatlarda esa bu shtat birligini moliyaviy ta’minlashga asos bo‘ladigan bitta ham gap yo‘q.

Suhbatdosh matbuot hizmati rahbarining hokimdan ko‘p oylik olgani uchun bu ish ataylab paysalga solindi degan iddaoni tasdiqlamadi:

- Yo‘q, pulning nimasini paysalga soladi?! Unday vakolat hokimda yo‘q. Byudjet tashkilotida bunday o‘zboshimchalik bo‘lmaydi. Qarordagi 50 foiz ustama matbuot xizmati rahbari uchun emas, xizmat xodimlari uchun berilgan imtiyoz. O‘sha gapim gap. Pul yo‘q. Hali otilmagan ayiqning terisi kimga tegadi, deb muhokama qilinmaydi.

Hokim va’da berdimi?

Farg‘ona viloyat tumanlaridan birida 2019 yilning oktabridan beri oyliksiz ishlab kelganidan shikoyat qilgan matbuot kotibi muammo yechimidan umid paydo bo‘lganini Ozodlikka yozdi:

“3 kunda hal qilib beramiz, Ozodlikka shikoyat qilmay turinglar deyishdi viloyat hokimligida. Mahalliy budjetdan pul ajratilmagan edi ayrim tumanlarda. Shahar va tumanlarda pul to‘lanmay kelayotgan edi. Kecha viloyat hokimi qattiq chora ko‘raman oylik bermasang deb yordamchisini tergadi. 3 kunda o‘rniga tushadi deb va’da berishdi”.

Rasmiylar e’tirofi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xodimi esa, Ozodlik bilan suhbatda “oylik to‘lash muammosi mavjudligini” tan oldi va muammo yechimi “Moliya vazirligi zimmasida” ekanligini ta’kidladi.

Ozodlik ayni masala yuzasidan O‘zbekiston Moliya vazirligiga ham qo‘ng‘iroq qildi. Vazirlikning o‘zini tanishtirmagan mulozimi PQ-4366 sonli qaror ijrosi yuzasidan zarur farmoyishlar bo‘lmagani bois muammo yuzaga kelganini tan oldi. Mulozim bu muammo viloyatlar moliya boshqarmalari darajasida hal qilinishi rejalanganini aytib gapni qisqa qildi.

Prezident qarorini kim ijro etishi kerak edi?

2019 yilning 27 iyunida qabul qilingan “Axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish” to‘g‘risidagi prezident qarorining umumiy ijrosi Bosh vazir Abdulla Aripov va prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov zimmasiga yuklatilgan.

XS
SM
MD
LG