Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:22

Qo‘qon tug‘ruqxonasida 27 yashar ayol "vrachlarning e’tiborsizligi" oqibatida komaga tushib vafot etdi


Marhumaning yaqinlari tug‘ruqxonaga kislorod ballonlarini ham o‘zlari sotib olib kelganlarini aytmoqdalar.
Marhumaning yaqinlari tug‘ruqxonaga kislorod ballonlarini ham o‘zlari sotib olib kelganlarini aytmoqdalar.

Qo‘qonlik 27 yashar Mushtariy G‘aniyeva, erining aytishicha, shahar tug‘ruqxonasi vrachlarining e’tiborsizligi oqibatida tug‘ruqdan so‘ng vafot etdi. Mushtariyning ortida chaqalog‘i va 7 yoshli qizi qoldi.

Marhumaning eri Davron G‘aniyev kasalxonada og‘ir ahvolda yotgan xotini uchun sun’iy nafas oldirish apparatini viloyatdagi boshqa kasalxonalardan izlaganini ham aytib berdi.

Farg‘ona viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullaridan biri ayolning vafot etganini tasdiqladi, viloyatdagi kasalxonalarda mavjud texnika vositalari eskirganini tan oldi.

Boshqarma mas’ullaridan yana birining aytishicha, hozirda Farg‘ona viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining rahbariyati Qo‘qon shahrida bu xodisani joyida o‘rganmoqda.

"Shifokorlar xotinimning komaga tushib qolishiga sabab bo‘lishdi"

Mushtariy G‘aniyevaning turmush o‘rtog‘i Davron G‘aniyevning Ozodlikka aytishicha, 17 dekabr kuni Qo‘qon shahar tug‘ruqxonasiga yotqizilgan xotini 2 yanvar kuni olamdan o‘tgan.

- Ko‘payishganimizdan keyingi ahvoli juda chatoq edi. Kuchanganda mayda qon tomirlari yorilib ketgan ekan. Vrachlar “bu o‘tib ketadigan narsa”, deb e’tibor berishmadi. Ammo xotinimning ichidan qon kelaverdi. Vrachlarga “tekshiringlar” desam, “Bu tug‘ruqniki, o‘tib ketadi”, deb javob berishdi. 20 dekabrda oxiri xushidan ketib, komaga tushib qoldi. Shundan so‘ng Farg‘onadan kelib operatsiya qilishdi. Ammo 2 yanvar kuni xotinim uzildi,- dedi Davron G‘aniyev.

Mushtariy G‘aniyevaning chaqalog‘i hozirda otasi qaramog‘ida. Davron G‘aniyevga ko‘ra, qiz chaqaloqning salomatligi yaxshi. Mushtariy va Davronning bundan tashqari 7 yoshdagi qizi ham bor.

Davron G‘aniyevning aytishicha, operatsiyadan so‘ng Mushtariy G‘aniyevani sun’iy nafas oldirish apparatiga ulash kerak bo‘lgan. Biroq tug‘ruqxonada sun’iy nafas oldirish apparatigina emas, kislorod ballonlari ham yo‘q bo‘lgan.

- Shlangni og‘ziga tiqib, bint bilan o‘rab nafas oldirishdi. Kislorod ballonlari ham yo‘q. Har bir ballonni 50 ming so‘mdan o‘zim Dang‘aradan to‘ldirib olib kelib turdim. Shavkat Miromonovich yangi prezident bo‘lganlarida ayni mana shunday tug‘ruqxonalardagi muammolarni ko‘targan edilar-ku?! Oradan ikki yil o‘tib, esdan chiqarildimi, hammasi? Oddiygina nafas oldiruvchi apparatini ham Dang‘aradagi “ekstrenniy”dan olib kelinglar deyapti. Uni ham hokimdan, undan-bundan so‘rash kerak ekan. Xullas, ikki yarim soatda apparatni jiyanim orqali topib keldim. Sizlarga tashlagan videoda bor bu, o‘sha olib kelgan apparatim ham ishlamayapti, - dedi Davron G‘aniyev.

"Туғруқхонада сунъий нафас олдириш аппарати ҳам, кислород баллонлари ҳам топилмади"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:44 0:00

"Rahbarlarimiz ikki kundan beri Qo‘qonda, voqeani o‘rganishayapti"

Qo‘qon shahar tug‘ruqxonasining bosh shifokori o‘rinbosari bu voqea yuzasidan Ozodlik radiosiga ma’lumot berishdan bosh tortdi.

Ozodlik muxbiri Farg‘ona viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining mas’ul xodimlardan biri Qo‘qonda haqiqatan ham tug‘ruqdan so‘ng 27 yoshli ayol vafot etganini tasdiqladi, ammo voqea tafsilotlaridan xabarsiz ekanini aytdi.

Unga ko‘ra,ikki kundan beri viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbarlari Qo‘qon shahrida yuribdi va u yerda tug‘ruqxonadagi voqea tafsilotlarini o‘rganmoqda. Bu rasmiyning bildirishicha, Marg‘ilon va Qo‘qon tug‘ruqxonalari o‘tgan yilda zamonaviy ta’mirdan chiqarilib, yangi texnik vositalar bilan ta’minlangan.

"Sun’iy nafas oldirish apparatlarimiz eski, ko‘pi ishlamaydi"

Biroq Farg‘ona viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining boshqa bir mas’ul xodimi viloyatdagi kasalxonalarda sun’iy nafas oldirish apparatlari va kislorod ballonlari mavjudligini, lekin ko‘p holatlarda ular ishlamasligini, ya’ni buzuqligini aytdi.

“Sun’iy nafas oldirish apparatlari yo‘q deb bo‘lmaydi. Bor. Lekin ishlamasligi mumkin. Juda ko‘p apparatlarimiz eski, ko‘plari buzilgan. Shuning uchun yangi tibbiy texnik vositalarga buyurmalar berganmiz. 2020 yildan bu vositalar viloyatimizga kela boshlaydi. Ularning kelishiga qarab, kasalxonalarga bo‘lishtirib beramiz”, - dedi rasmiy.

Prezidentning qarori bor, ammo hozircha eski hammom, eski tos

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yilning noyabrida "Reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va ko‘lamini yanada kengaytirish to‘g‘risida”gi qarorni imzolalagan edi.

Qarorda "homilador ayollar va bolalar uchun ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik tibbiy xizmat ko‘rsatadigan muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, ularning binolarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va yangilarini qurish”ga ko‘rsatma berilgan.

Ammo bugungi kunda O‘zbekistondagi tug‘ruqxonalar va kasalxonalarning zamonaviy talablarga javob bermayotgani to‘g‘risida Ozodlikka xabarlar kelib turibdi.

Joriy yilning yanvarida Surxondaryoning Angor tuman markaziy kasalxonasida elektr ta’minotidagi uzilishlar sabab, sun’iy nafas olish qurilmasi ishlamay qolayotgani, natijada shifokorlar yoki bemorlarning qarindoshlari qurilmani qo‘li bilan siqib, bemorlarga kislorod berishga majbur bo‘layotgani xabar qilingan.

Jizzax viloyati Tibbiyot birlashmasining tug‘ruq kompleksida 2019 yilning 21 dekabr kuni 29 yashar homilador ayol olamdan o‘tdi. Uning qornidagi yetti oylik homilasi ham nobud bo‘ldi.

Qashqadaryoning Koson tumani Tibbiyot birlashmasi tug‘ruq kompleksida ta’mirlash ishlari o‘tkazilgani sabab ko‘zi yorigan ayollar 2019 yilning oktabr oyida uch hafta davomida polda yotishga majbur bo‘lgandi.

2018 yilning dekabrida Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanida 59 yashar o‘qituvchi elektri har kuni uzilib turgan kasalxonada 14 kun komada yotib vafot etgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG