Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:03

Chegarachi: Afg‘onistonliklar Termiz arog‘ini Hayraton ko‘prigi orqali tashimoqda


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

O‘zbekistonni Afg‘oniston bilan bog‘lovchi Hayraton ko‘prigidan Termiz shahriga joriy yilning 3 yanvarida o‘tgan 300 ta avtomobildan 100 tasi Mozori Sharifga qaytishda aroq olib ketgan.

Bu haqda 6 yanvar kuni Ozodlikka ma’lumot bergan O‘zbekiston chegara qo‘shinlari zobiti Afg‘onistonga tashilayotgan aroq miqdori to‘g‘risida tasavvur paydo bo‘lishi uchun bir kunlik ma’lumotni keltirdi.

Chegara qo‘shinlari zobiti Ozodlikka murojaati sababini afg‘onistonlik aroq tashuvchilar tufayli ish hajmi ko‘payib ketgani bilan izohladi.

Izn berilgan hajmda aroq tashuvchilar

Xavfsizligini o‘ylab ismi sir tutilishini so‘ragan zobitning aytishicha, O‘zbekistonga kirish uchun ko‘p martalik viza (multiple visa) olgan Afg‘oniston turg‘unlari yengil mashinalarda Termiz shahriga keladi, bu yerdan aroq sotib oladi va o‘sha kunning o‘zidayoq uyiga qaytadi.

- 3 yanvar, soat 18 gacha Afg‘onistondan O‘zbekistonga 300 ta mashina kirdi. Uning 200 tasi yuk mashinasi, 100 tasi yengil mashina.Yengil mashinalarning hammasi 3 yanvar kuni qaytib ketdi. Mayda mashinalarda afg‘onlarning 90 foizi o‘zi bilan aroq olib ketdi. Multiple vizasi borligi uchun bu mashinalar kuniga 2 va 3 reys qilib aroq tashiyapti. Bu yerdan aroqni 40 ming so‘mdan (taqriban $4) olib, ko‘prikning naryog‘ida (Afg‘onistonda) 30 dollardan ko‘tara sotishyapti, - dedi chegara zobiti.

Ozodlikning Kobuldagi muhbiri O‘zbekistondan keltirilgan bir litrlik aroq Kobuldagi qora bozorda brendiga qarab 90 va 100 dollardan sotilayotganini ko‘rganini aytdi.

O‘zbekiston bojxona qo‘mitasi piyoda o‘tiladigan chegara postidan yo‘lovchilar sumkasida kishi boshiga 2 litrdan aroq-likyor ichimliklariini davlat boji olinmasdan o‘tkazishga izn beradi.

O‘zbekiston chegara qo‘shinlari zobitining aytishicha, O‘zbekistonga kirib, Afg‘onistonga qaytadigan har bir mashinada, odatda, haydovchidan tashqari yana 4 kishi bo‘ladi va ularning har biri izn berilgan miqdorda aroq olib ketadi, ya’ni O‘zbekiston qonunlarini buzmaydi.

Kobuldagi Ozodlik muxbirining aytishicha¸ Afg‘oniston Islom respublikasi hududiga tarkibida alkogol mavjud bo‘lgan ichimliklarni olib kirish va iste’mol qilish taqiqlangan:

- Kimki aroq olib kelsa yoki ichsa Afg‘oniston jazo qonuniga ko‘ra¸ darra uriladi.

O‘zbekiston chegara qo‘shinlari zobitining aytishicha¸ aroq olib o‘tish bilan shug‘ullanadigan afg‘onistonliklar “nomiga firma ochib multiple viza olishgan”

- Oldinlari multiple visa yo‘q edi. Faqat katta yuk mashinasi o‘tib-qaytardi. Bir kunda 200 ta yuk mashinasini tekshirishga yetadigan shaxsiy tarkib ishlaydi. Endi esa multiple visa olib aroq tashiydigan chelnoklar paydo bo‘lib ishimiz qiyinlashdi. Yolg‘ondan firma ochib chegarada aroq biznesi qilishmoqda. Mashina qatnovi ancha ko‘paydi. Shaxsiy tarkib o‘sha-o‘sha. Chegara soat 18 da yopilsa ham ish ko‘pligidan soat 21 gacha qolib ketyapmiz¸ - dedi chegarachi.

Uning aytishicha¸ turizmni rivojlantirish maqsadida joriy qilingan ko‘p martalik viza “aroq chelnoklarini ko‘paytirib chegarachilar ishini qiyinlashtirgan".

Chegarachiga ko‘ra¸ O‘zbekistondan aroq olib ketadigan afg‘onistonlik 6 nafar yakka tadbirkor mamlakatga oltin taqinchoq va bangivor modda va soxta pullarni kontrabanda sifatida olib kirishga uringanida qo‘lga olingan. Zobit o‘z gapiga isbot sifatida jinoyat ishiga tirkalgan rasmlarni Ozodlikka taqdim qildi.

Chegarada qo‘lga olingan "tadbirkor"lar
Chegarada qo‘lga olingan "tadbirkor"lar

Kontrabanda aroq

Ozodlik muxbirining aytishicha¸ Afg‘oniston shimolidagi Balx viloyatida (markazi Mozori Sharif shahri) O‘zbekistondan aroq olib kelishga ixtisoslashgan guruhlar bor.

- Ular o‘z mashinalarining ichida aroq yashiradigan joylar qilishgan. Asosan benzin baki ichida. Tekshiruv asosan narkotiklarga moslangani uchun aroq o‘tkazish texnik jihatdan qiyin bo‘lmayapti.

Uning aytishicha, Afpiniston qora bozoridagi aroq-vino maxsulotlari asosan O‘zbekiston va Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan.

- Mozori Sharifda aroq-vino arzon. Hatto kontrabanda hajmi ko‘paygan paytda yarim litrlik Termiz arog‘i 13 dollardan sotilgan payti ham bo‘lgan. Lekin Kobulda aroq narxi 100 AQSh dollari atrofida¸ - dedi muxbirimiz.

O‘zbekiston chegara qo‘shinlari zobiti Ozodlik muxbiri aytgan aroq kontrabandasiga oid ma’lumotni tan oldi. Lekin, uning aytishicha, har bir mashinani sinchiklab tekshirish uchun texnik imkon yo‘q, maxsus itlar esa, narkotik moddalar topishga o‘rgatilgan.

XS
SM
MD
LG