Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:45

Tadbirkorlar: "Abu Saxiy"da savdo joylarini qaytadan sotish boshlandi


Toshkentdagi Abu Saxiy bozori
Toshkentdagi Abu Saxiy bozori

Yozda ko‘zoynak, qishda ayollar kiyim-kechagi bilan savdo qilib kelgan 29 yashar Kaklik Oltiyeva Ozodlikka rastasi olib qo‘yilganidan keyin o‘nlab idoraga murojaat qilib ishi bitmaganini aytdi.

Oltiyevaga ko‘ra¸ Toshkentning o‘tmishda "Abu Saxiy" nomi bilan tanilgan, hozirda “Toshkent savdo markazi” deb ataluvchi ulgurji bozor rahbarlari eski do‘konchilarni quvib chiqarib¸ ular joyini boshqalarga sotmoqda.

Ayolning iddao qilishicha¸ bozor ma’muriyati o‘zni doimiy joylashgan va mijozlar o‘rganib qolgan rastasidan mahrum qilgan va rasta qo‘yish uchun 15 kvadrat metr yer so‘rab murojaat qilganida¸ iltimosi qondirilmagan.

“Toshkent savdo markazi” rahbariyat tizimida ishlaydigan mulozim Ozodlik bilan suhbatda¸ yuzga yaqin do‘konchining shartnomasi yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida to‘xtatilganini e’tirof etdi.

- Bu ayol darvoza oldiga ikki peshtaxta qo‘yaman¸ deb ariza berdi. Mavjud qoidaga ko‘ra¸ darvoza oldi ochiq turishi kerak. Agar biror kor- hol bo‘lib qolsa¸ o‘t o‘chirish mashinasi va tez yordam bemalol o‘tishi uchun yo‘lak lozim. Shu qoidaga asosan¸ Oltiyevaga aynan bu joydan rasta berilmadi. Lekin boshqa joydan rasta berib¸ masalani ijobiy xal qilishimiz mumkin¸ dedi “Toshkent savdo markazi” rahbariyat tizimida uchinchi odam bo‘lgani uchun do‘konchilar orasida "03" deyiladigan mulozim.

Tadbirkor Oltiyevaning Ozodlikkka aytishicha¸ darvoza bilan u so‘ragan peshtaxta orasida uch metrdan ziyod joy bor:

-Ular prinsipga borib¸ ataylab menga joy berishmadi. Chunki men o‘z haqimni talab qilib¸ shahar hokimi Ortiqxo‘jayev nomiga ariza yozdim. Bu ularga yoqmadi.

Tadbirkorga kelgan javob maktubi
Tadbirkorga kelgan javob maktubi

Oltiyevaning yana iddao qilishicha¸ "Abu Saxiy" dan “patentli” tadbirkorlar quvilib¸ “patentsizlar”ga 62 ta peshtaxta berilgan.

Oltiyeva bu gapiga isbot sifatida bir nechta fotosurat va hujjatlar to‘plamini Ozodlikka taqdim qildi.

"Abu saxiy" bozori
"Abu saxiy" bozori

Ozodlik suhbatlashgan va o‘zini Fazliddin hoji deb tanishtirgan “Toshkent savdo markazi” do‘konchilaridan birining aytishicha¸ “patent olmasdan bozor rahbariyatini rozi qilib ishlash” anchayin arzon tushadi.

- Shu bois aksar do‘konchilar patent rasmiylashtirmaydi va ular yuridik shaxs ham emas¸ deydi bu do‘konchi.

Ozodlikka gapirgan savdogarlarga ko‘ra¸ “Toshkent savdo markazi”ning xalq og‘zida "uyg‘ur bozor"i deb ataluvchi qismidagi do‘konlar buzilishga tushgan.

“Uyg‘ur” bozorida parda sotadigan savdogarning ismi ochiqlanmasligini sharti bilan Ozodlikka aytishicha¸ 1 dekabrdan beri bozordagi 700 ta konteyner egasi muallaq ahvolda qolgan:

- 1 dekabrdan boshlab shartnomamiz to‘xtatildi. Konteynerlarni olib ketib¸ joyni bo‘shat¸ degan bildirgi xat berishdi. Biz norozi bo‘lib portalga yozganimizdan keyin indamay qo‘yishdi. Mana 20 kundirki hujjatsiz ishlashga majbur bo‘layapmiz. Bizdan voz kechib¸ konteynerlar o‘rnini boshqalarga berishmoqchi¸ deydi pardachi tujjor.

Uning yana aytishicha do‘konni 2012 yilda pulga sotib olgan.

- Do‘konni bugun sotsam 80 ming dollarga yugurib olib ketishadi. Bu ijara do‘kon emas. Mulk mening nomimga rasmiylashgan. Istasangiz kadastr fotosini jo‘nataman¸ deydi suhbatdosh.

“Toshkent savdo markazi mulozimi bozor xududida patentsiz ishlayotgan 62 ta rasta egasi va “uyg‘ur bozordagi” 700 ta konteyner egasiining muammosi haqidagi savolga aniq javob bera olmadi.

Mulozimning aytishicha¸ konteynerlar yong‘in xavfsizligi qoidalariga to‘g‘ri kelmagani bois olib tashlanadi.

Joriy yilning 16 noyabr kuni “Toshkent savdo markazi” do‘konchilari o‘z do‘konlari buzilishiga norozilik bildirib, bozor ma’muriyati oldida yig‘ilib norozilik bildirgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Ozodlik maqolasida buzilayotgan bozordagi tadbirkorlarga do‘konlari uchun kompensatsiya puli to‘lanmayotgani va ularga yangi ish o‘rinlari yaratilmayotgani borasida xabar berilgan edi.

2017 yilda egasi va nomi o‘zgargan "Abu Saxiy" bozoriga O‘zbekiston marhum prezidenti Islom Karimovning ikkinchi qizi Lola Karimovaning turmush o‘rtog‘i Timur Tillayev egalik qilgan.

O‘zbekistonning joriy prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Abu Saxiy" bozorida davlatga bir oyda 14 barobar kam tushum tushgani, bozor egasi o‘zgarganidan so‘ng davlatga tushumlar keskin ortib ketgani haqida bayonot bergani ortidan bozor nomi o‘zgargan edi.

Ozodlikda mavjud bo‘lgan hujjatlarda bozorning nomi “Tashkent trade center” ma’suliyati cheklangan jamiyat xorijiy korxonasi deyilgan. Bozor manzili Toshkent shahar Chilonzor tumani Bunyodkor ko‘chasi 156 uy deya qayddan o‘tkazilgan.

Bu hujjatlarda bozor Bosh direktori Akmal Husainov ekani yozilgan.

Bozorning bugungi «asl egasi» kimligi haqida hozircha Ozodlikda aniq ma’lumot yo‘q.

XS
SM
MD
LG