Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:30

Chet elga ishga ketish uchun “Human”ga pul berganlar kuyib qolishdan qo‘rqmoqda


HUMAN xususiy bandlik agentligidan pulini ololmaganlar.
HUMAN xususiy bandlik agentligidan pulini ololmaganlar.

Chet elga ishga yuborishni va’da qilib, mingdan oshiq odamning har biridan 35 million so‘mdan pul olib, ularni ishga yubormagani uchun firibgarlikda ayblanib hibsga olingan Shohnur Fayzullayevning mol-mulki o‘tgan haftada xatlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tergov departamentining o‘tgan haftada rasman bildirishicha¸ “Human xususiy bandlik agentligi" rahbari ​ Fayzullayevga tegishli Toshkent shahrida joylashgan 4 ta va Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan 1 ta xonadon, bir dona “KIA” rusumli yuk mashinasi, bir dona “LACETTI-GENTRA” rusumli va bir dona “COBALT” rusumli avtomashinalar hamda 6.000 AQSh dollar miqdoridagi pul xatlangan.

Departament vakiliga ko‘ra¸ bu pul va mulk kelgusida jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplashga qaratiladi.

"Xatlangan pul zararni qoplashga yetmaydi"

“Human xususiy bandlik agentligi”ga 35 million so‘m to‘lagan xorazmlik jabrlanuvchining aytishicha (ismi oshkor etilishini istamadi), ”xatlangan mol-mulk pul berib qo‘ygan mingdan ziyod kishining zararini qoplash uchun yetmaydi:

- Shohnur Fayzullayev 1000 odamdan pul oldim deb videoda aytgan. Mendagi ma’lumot bo‘yicha 1500 odamdan pul olingan. Mayli, Fayzullayev aytgan 1000 raqamini rost deb olsak, odamlardan qariyb 4 million dollar olingan bo‘lib chiqadi. Xatlangan mol- mulk esa million dollarga ham yetmaydi. Qolgan pul qaerda?

“Human xususiy bandlik agentligi”ga 25 million so‘m pul to‘lagan samarqandlik 33 yashar Turdiali Babatovning iddao qilishicha¸ qolgan pul asosiy hissadorda, qamoqqa olingan Fayzullayev aslida firibgarlik piramidasining uchidagi “qo‘g‘irchoq personaj” xolos:

- U firibgarlikda ayblanib, ikki yil srok olib, keyin amnistiyaga tushib qaytib chiqadigan tip. Asosiy korchalonlar tergov tashqarisida qolishdi. Ular shirkatning ikki asosiy muassisi. Asosiy pul ham o‘shalarda.

Hujjatlar gapiradi

Ozodlik qo‘lga kiritgan soliqqa oid hujjatlarda “Human xususiy bandlik agentligi”ning uchta muassisiga oid ma’lumotlar bor. Bu ma’lumotlarda ularning asosiy faoliyat turi sifatida “ uy-joy qurilishi” ko‘rsatilgan.

Muassislar nomi va rekvizitlari aks etgan hujjatlardan biri
Muassislar nomi va rekvizitlari aks etgan hujjatlardan biri

Hujjatlarga ko‘ra¸ “Human xususiy bandlik agentligi” MChJ muassislari bir yuridik va uch jismoniy shaxsdir.

- “JOINT-BUSINESS-GROUP A“ “Human xususiy bandlik agentligi”ning - 43.56 %;foiz ulushiga ega. “JOINT-BUSINESS-GROUP A"ning asosiy faoliyati - qurilish biznesi. Ozodlikda mavjud hujjatda bu shirkat Toshkent-Siti qurilishlariga aloqadorligi aks etgan. Hujjatlarga ko‘ra, bu shirkatning oktabr oyidagi balansida 240 milliard so‘m bor.

Hujjatlarga qaraganda, “Human xususiy bandlik agentligi” ulushlarining 55.45 foizi​ K.U.M. ga tegishli.

Shohnur Fayzullayev Zayniddin o‘g‘li “Human xususiy bandlik agentligi”ning rahbari shu shirkatning atigi 0.69 foiz ulushiga ega.

X .A. Z. “Human xususiy bandlik agentligi”ning 0.30 foiz ulushiga ega.

“Human xususiy bandlik agentligi”ga to‘lagan pulini qaytarib ololmayotgan Turdiali Babatov “Nega xisob raqamida 240 milliard so‘m bo‘lgan va agentlik nazorat paketiga ega “JOINT-BUSINESS-GROUP A “ shirkati va asosiy ega Q. U. jinoiy javobgarlikka tortilmasdan¸ shirkatning oz ulushiga ega Fayzullayev javobgarlikka tortilmoqda?" deya savol qo‘ymoqda.

Jabrlanuvchi iddaosiga ko‘ra¸ “pul qurilishga sarflangan”:

Ozodlik bu iddaoni o‘rganish uchun -“JOINT-BUSINESS-GROUP A “ raxbari Vohid Abdirahmonov Vohid va shirkat ta'sischisi Alisher G‘iyosovning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qildi. Savollarni eshitgan zahoti bu ikki tadbirkor telefonini o‘chirib qo‘ydi. “Human xususiy bandlik agentligi”ning asosiy egasi U. Q. ham Ozodlikka izoh bermadi.

Adolat qaror topadi (mi?)

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tergov departamentining ismi aytilishini istamagan vakiliga ko‘ra¸ “Human xususiy bandlik agentligi” MChJning barcha muassislari jinoyat ishi figuranti o‘laroq guvoh sifatida ishga jalb qilingan.

Mazkur jinoyat ishida “Human xususiy bandlik agentligi” MChJ rahbari Shohnur Fayzullayev JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

13 sentabr kuni Ozodlik tahririyatiga murojaat qilgan bir guruh o‘zbekistonliklar “Human xususiy bandlik agentligi” o‘tgan 8 oy davomida Germaniya va Chexiyaga ishga jo‘natish va’dasidan chiqmagani va o‘zlaridan olingan pullarni qaytarib bermayotganidan shikoyat qilgan edi.

Ozodlik maqolasi ortidan agentlik litsenziyasi bekor qilingan va bu agentlik mansabdor shaxslari ustidan jinoyat ishi ochilgan edi.

XS
SM
MD
LG