Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:46

Xiva xoni saroyini Milliy bank Madaniyat vazirligiga qaytardi


"Nurillaboy" saroyi
"Nurillaboy" saroyi

Xivaning Deshon-qal’a majmui tarkibidagi "Nurillaboy" saroyi 22 oktabr kuni Milliy bank tasarrufidan chiqarilib, Madaniyat vazirligiga qarashli Ichan-qal’a muzey qo‘riqxonasiga qaytarildi.

Ozodlikka 22 oktabr kuni ma’lum bo‘lgan bu xabarni tasdiqlagan Milliy bank matbuot xizmati vakiliga ko‘ra¸ sobiq xon saroyi rekonstruksiyasi uchun bank tarafidan 27 milliard so‘m sarflangan.

Xiva xoni Muhammad Rahimxon Ikkinchi (1845-1910) qurdirgan bu saroy Milliy bank tarafidan ta’mirlanib oliy martabali mehmonlarga ziyofat beriladigan maskanga aylantirilgan edi.

Muzey rahbariyati mamnun

Ichan qal’a davlat muzey qo‘riqxonasining direktor o‘rinbosari Maqsud Abdurasulov Xiva xonlarining shu kungacha saqlanib qolgan uch saroyidan biri bo‘lgan “Nurillaboy” “Milliy bank” tasarrufidan chiqarilib muzey ixtiyoriga berilishini olqishladi:

- Bu saroy doimo sayyohlar talpinadigan Xivadagi joziba markazlaridan biri edi. Shu paytgacha binoning “Milliy bank” tasarrufida bo‘lgani bois turistlar uni tomosha qilish imkoniyatidan mahrum edi. Xiva xoni Isfandiyor (1871-1918) qatl qilingani bilan mashhur bu saroy ayni paytda zamonaviy O‘zbekiston tarixining ham bir qismidir. O‘zbekiston respublikasi ta’sischilaridan biri bo‘lgan Xorazm xalq respublkasi qurultoyi ham shu saroyda o‘tkazilgan.

Milliy bank "harajat qilgan"

Milliy bank matbuot xizmati vakiliga ko‘ra¸ Vazirlar Mahkamasining 2017 yil, 19 may kungi qarori bilan Milliy bank moliyasi evaziga qayta rekonstruksiya qilingan.

Qaror asosida Xiva xonining yozgi "Nurillaboy" saroyi yonida tantanalar uyi¸ amfiteatr¸ galereya va restoranlar barpo qilingan.

Milliy bank matbuot xizmati vakiliga ko‘ra¸ bularning hammasi endi “Ichan qal’a muzey qo‘riqxonasiga beriladi:

- Maqsad turistlarga hizmat qilish. Turizm salohiyatini oshirish. Milliy bankning "Nurillaboy" saroyi uchun sarflagan pulini bir tarafdan sponsorlik desa bo‘ladi. Lekin endi maxsus qaror asosida Ichan qal’a muzeyi bu pulni 10 yil ichida sekin -sekin to‘laydigan bo‘ldi. Milliy bank O‘zbekiston yaqin tarixidagi nodir asar ta’miriga hissa qo‘shganidan mamnun.

E’tirozlar

"Nurillaboy" saroyi Milliy bank tassarrufida bo‘lgan paytda o‘tkazilgan ziyofatlar qadimiy obidalar ta’miri bilan shug‘ullanadigan restavrator va san’atshunoslar e’tirozga sabab bo‘lgan edi.

Xorazm zangori keramikasi bo‘yicha mutaxassis Grigoriy Kadzayevning Ozodlikka bildirishicha¸ ushbu tarixiy obida ichidagi dekorativ elementlar xorijlik mehmonlar uchun uyushtirilayotgan ziyofatlarda zarar ko‘rgan:

- Bino devorlari rangli naqshlar bilan bezatilgan¸ shiftda esa vizual tasvirlar bor. Devorlarga stollar ishqalanib naqshlarga zarar yetkazilganini ko‘rdim. Shiftdagi yog‘ochga ishlangan tasvirlar esa nam tortgan. Bino professional muzey xodimlarining doimiy nazoratida bo‘lishi kerak. Milliy bank xodimlari bu vazifani uddalay olmadi.

Joriy yil iyunida "Nurillaboy" saroyida o‘tkazilgan ziyofatlar haqida Ozodlik suhbatlashgan madaniyat xodimi ham e’tiroz bildirgan edi:

"Ovoz kuchaytirgichni baland qilib, aroq ichishyapti, aysh-ishrat qilishyapti. Xonning saroyidan boshqa joy qurib qoldimi?! Bir-ikki million investitsiya olib kelaman deb, tarixiy obidani oyoqosti qilishyapti".

Qadimshunos Grigoriy Kadzayevning ta’kidicha “Nurullaboy saroyida qadimiy unsurlar ancha kamayib qolgan:

- Shu bois borini saqlab qolish kerak. Saroyni Milliy bank ziyofatxonasi qilish yaxshi ideya emas edi. O‘zi keyingi 10 yilda bu saroyning boshi kulfatdan chiqmadi. "Nurillaboy" saroyining qadimiy eshigi¸ billur qandillari va lojuvard kaminlari bundan yetti yil oldin olib borilgan ta’mir paytida o‘marildi. O‘nga yaqin kishi jinoiy javobgarlikka tortildi.Ammo binoga oid osori atiqalar qaytarilmadi.

Ozodlik suhbatlashgan san’atshunos va mulozimlar O‘zbekiston Madaniyat vazirligi¸ Yodgorliklarni saqlash inspeksiyasi nazoratidagi tarixiy obida bo‘lgan "Nurillaboy" saroyining muzey xodimlari nazoratida kelajak avlodlar uchun saqlanishi lozimligini aytishdi.

"Xivaga Shahrisabzning kuni tushmasin!"

Ozodlik suhbatlashgan Milliy bank mulozimi va muzey qo‘riqxonasining direktor o‘rinbosari “Nurillaboy" saroyining turistlar uchun maskan bo‘lajagini aytishdi.

O‘zbekistonlik san’atshunos-munaqqid Akmal Rizayev Ozodlik bilan suhbatda Xiva Deshon-qal’a majmuasi¸ xususan¸ "Nurillaboy" saroyini sayyohlik industriyasi ixtiyoriga mutlaqo berish oqibatlaridan ogohlantirdi:

- Deshon-qal’a bu 18-asr oxirida shakllangan o‘ziga xos tarixiy makondir. Bu makon Sovet davrida ham deyarli buzilmagan. Uni iloji bor qadar original holida saqlash kerak. YuNESKO Shahrisabzni butunjahon merosi ro‘yxatidan chiqarmoqchi. Deyarli chiqish arafasida turibdi. Chunki shaharning tarixiy qiyofasini zamonaviy quruvchilar yo‘qqa chiqargan. Xivani ham shunday taqdir kutmasligi kerak.

Xorazm zangori keramikasi bo‘yicha mutaxassis Grigoriy Kadzayev Ozodlik bilan suhbatda ota-bobolardan meros bo‘lgan qadimiy shaharni aslida qanday bo‘lsa¸ shundayligicha kelajak avlodlarga yetkazish ma’suliyatidan so‘z ochdi:

- Ichan-qal’a ichidagi yodgorliklarga plastik derazalar o‘rnatilganini monitoring qilib, inspeksiyaga yozib berdim. Hozir bu to‘xtadi. "Nurillaboy" saroyi joylashgan Deshon-qal’a turistlar marshrutiga kirdi. Endi o‘n karra ehtiyot bo‘lish kerak. Turistning ko‘nglini olaman deb obidalarga zarar bermaslik kerak.

Xiva xonining so‘nggi saroyi

Turizm shirkatlari chiqargan yo‘lnomalarga ko‘ra, "Nurillaboy" saroyi qurilishi 1906 yilda Xiva xoni Muhammad Rahimxon II tarafidan boshlanib, 1912 yilda tugallangan.

Bino taniqli g‘isht ustasi Quryoz Bobojon va Xudoybergan hoji tarafidan qurilgan. Binoning moviy sopol koshinlari esa, Ota Shix va shogirdlari tarafidan amalga oshirilgan.

Saroy ichidagi parket va fransuz uslubidagi koshinli kaminlar o‘sha paytda Xiva xonligiga surgun qilingan mennonit oqimidagi nemis ustalari tarafdan barpo qilingan. Saroy ichidagi oval zalda 1918 yili Xivaning so‘nggi xonlaridan biri Isfandiyorxon qatl qilingan edi.

Saroy ichida hammom¸ kinozal va shahzoda onalari uchun tug‘ruqxona mavjud bo‘lgani bilan oldingi saroylardan farq qilgan.

XS
SM
MD
LG