Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:30

Yoshlar ittifoqi mulozimlari: Biz mahalliy hokimlarning tekin mardikoriga aylandik!


Bu suratni yuborganlar iddaosicha¸ unda Yoshlar ittifoqining Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani kengashi xodimlari "Obod qishloq" dasturi doirasida majburan ishlatilayotgani aks etgan. (Surat joriy yilning 25 iyul kuni olingan)
Bu suratni yuborganlar iddaosicha¸ unda Yoshlar ittifoqining Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani kengashi xodimlari "Obod qishloq" dasturi doirasida majburan ishlatilayotgani aks etgan. (Surat joriy yilning 25 iyul kuni olingan)

Yoshlar ittifoqi xodimlari muntazam ravishda majburiy mehnatga jalb qilinmoqda.

Bu haqda Ozodlikka ittifoqning ikki viloyatdagi bir-biridan mustaqil ikki mulozimi xabar qildi.

Ehtimoliy tazyiqlardan cho‘chigan bu yosh mulozimlar shaxsi ochiqlanmasligini so‘radi.

Hududlardagi yoshlar yetakchilari mahalliy hokimliklar tomonidan ittifoq xodimlari “Obod mahalla”, “Obod qishloq” kabi loyihalarda muntazam suratda majburan ishlatilayotganini bildirdi.

Ozodlik suhbatdoshlari¸ xususan¸ ayni kunlarda Yoshlar ittifoqi xodimlari zimmasiga paxta terish uchun “Fidokor yoshlar” otryadlari tuzish buyurilganini ma’lum qildi.

Ayni paytda mulozimlar maoshlari kechikayotganidan ham shikoyat qildi.

Oyliklar kechikayotganini e’tirof etgan Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi vakili buning uchun mas’uliyatni Moliya vazirligi zimmasiga qo‘ydi.

Majburiy mehnat

11 sentabr kuni Ozodlikka bog‘langan Yoshlar ittifoqining ikki mulozimi - shahar va tuman kengashlari rahbarlari - ittifoq xodim va faollarining mahalliy hokimliklar tomonidan majburiy mehnat qurboniga aylantirilganini bildirdi.

“Hokimliklar Yoshlar ittifoqiga hasharchi sifatida qaraydi. Majburiy mehnat barcha tashkilotlardan olib tashlandi. Biroq Yoshlar ittifoqida qoldi. “Obod mahalla”, “Obod qishloq” qurilishlari, ko‘cha tozalash, obodonlashtirish ishlari hammasi ittifoq zimmasida. Hokimiyat “Mahalla yoshlarini ko‘tar, olib chiq”¸ deydi. Kuniga bitta tumandan 20-30ta odamni topishimiz kerak bo‘ladi”, dedi ishdan haydalish xavfi bois ismini ochiqlamaslikni so‘ragan Yoshlar ittifoqi tuman kengashlaridan biri rahbari.

Uning hamkasbi ham yoshlarni majburiy mehnatga jalb qilish har doim hokimlik topshirig‘i bilan bo‘lishini ta’kidladi.

“Kengash rahbarlariga hokimlik buyuradi. Buyruqni bajarmay ko‘ringchi, ertasigayoq ishdan ketasiz. Biz keyin yetakchilarga topshiriq beramiz. Yoshlar ittifoqidan mahalliy hokimliklar tekin mardikor sifatida foydalanishmoqda. Buni Markaziy kengash ham biladi. Lekin shu paytgacha biror chora ko‘rishmadi. Balki yangi rahbar kelib, endi vaziyat o‘zgarar¸ deb umid qilayapmiz”, dedi Yoshlar ittifoqi shahar kengashlaridan birining boshlig‘i.

Yoshlar ittifoqi bilan bog‘liq majburiy mehnatga oid shikoyatlar haqida Ozodlik ko‘p bora yoritgan.

Jumladan, yaqinda Yoshlar ittifoqining Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani kengashi xodimlaridan biri majburiy mehnatdan shikoyat qilgan.

Paxta terimiga tayyorgarlik

Yoshlar ittifoqi ikki mulozimining aytishicha, ayni kunlarda paxta terimiga hozirlik ishlari ketmoqda.


“Paxtaga Yoshlar ittifoqi tuman va shahar kengashlarining 50 foiz xodimi chiqadi¸ deyildi. Yana ayrim hududlarda paxta uchun “Fidokor yoshlar” otryadlarini shakllantirish topshirildi. Hozir shu otryad a’zolarini majburlab yig‘ishga to‘g‘ri kelayapti. Bu otryad a’zolari asosan, Yoshlar ittifoqi a’zolaridan tuziladi. Ular oyliksiz ishlaydi, jamoatchilik asosida targ‘ibot ishlari tadbirlarini tashkillashtirish bilan shug‘ullanishi lozim. Paxtaga chiqqanida, tergan paxtasi uchun haq olishadi¸ xolos. Bizning qo‘limizdan ularni rag‘batlantirish keladi¸ xolos”, dedi Yoshlar ittifoqi tuman kengashlaridan birining rahbari.

O‘tgan yilgi paxta mavsumida ham Yoshlar ittifoqi a’zolari paxta terimiga majburlangani haqida Ozodlik bir necha bor yoritgandi.

Oylik kechikmoqda

Yoshlar ittifoqi tashkilotining ikki mulozimi oylik maoshlarning muntazam kechikayotganini ham ma’lum qildi.

“O‘zi har oyning oyligini oyning boshida olishimiz kerak. Bugun 11 sentabr, hali ham avgustning oyligini olganimiz yo‘q. Barcha shahar va tuman kengashlarida shu ahvol”, dedi Yoshlar ittifoqining tuman kengashlaridan biri rahbari.

Ozodlikka bog‘langan yana bir ittifoqchi – ushbu tashkilotning shahar kengashlaridan birining rahbariga ko‘ra, oylik kechikishi joriy yilda


muntazam ko‘rinishda davom etmoqda.

“Xodimlarimiz har kuni “oylik qani” deb so‘raydi. Schyotimizda pul yo‘q bo‘lsa, qanday beramiz. Pul tushmayapti. Oylik kechikishi shu yil boshidan beri bo‘layapti. Bu yil oylikni o‘z vaqtida olgan oyimiz bo‘lmadi”, dedi xavfsizlik sabab anonim qolish istagini bildirgan Yoshlar ittifoqi shahar kengashlaridan biri yetakchisi.

Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashining jamoatchilikka gapirish vakolati yo‘qligi uchun o‘z shaxsi sir qolishini so‘ragan mulozimi oyliklar kechikishini Moliya vazirligi zimmasiga yukladi.

“Oyliklar kechikishida Markaziy kengashning aybi yo‘q. Moliya vazirligi ittifoqqa pul ajratishni kechiktirmoqda. Bilasiz, ittifoq to‘laligicha, byudjet tomonidan moliyalanadi. Bizga yiliga 200 milliard so‘m ajratiladi. Keyingi paytda moliya bizga pul tushirishni kechiktirayapti. Shuning hisobiga shahar va tuman kengashlarida oylik berishda uzilishlar yuzaga keldi. Avgust oyliklarini erta-indin berish boshlanadi”, dedi Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi mulozimi.

Ozodlik Moliya vazirligidan Yoshlar ittifoqi mulozimi iddaolari borasida izoh ola olmadi.​

Ikki yashar ittifoq

2017 yilning 30 iyun kuni O‘zbekistonda “Kamolot” yoshlar harakati tugatilib, uning o‘rnida ¸ Shavkat Mirziyouev tashabbusi bilan¸ O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tashkil etildi. Yangi tuzilma rahbari etib respublika Ma’naviyat- targ‘ibot markazi rahbari bo‘lib ishlagan Qahramon Quronboyev tayinlandi.

“Kamolot” harakatining prezident Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan so‘nggi yig‘ilishida “Kamolot”ga nisbatan yoshlarning ishonchi so‘nib borayotgani ta’kidlandi.

O‘sha kuni prezident zalga yig‘ilgan yoshlar bilan suhbat qurar ekan, tashkilot nomini va faoliyatini tubdan o‘zgartirish vaqti kelganini ta’kidladi.

“Kamolot” O‘zbekiston hali SSSR tarkibida bo‘lgan paytda Komsomol – Kommunist yoshlar ittifoqi o‘rnida tashkil topgan edi.

Yoshlar ittifoqining sobiq raisi Qahramon Quronboyev
Yoshlar ittifoqining sobiq raisi Qahramon Quronboyev

Eski va yangi rahbarlar haqida

Yoshlar ittifoqi raisi Qahramon Quronboyev joriy yilning 29 avgust kuni davlat xizmati va davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Uning o‘rniga Alisher Sa’dullayev Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Alisher Sa’dullayev
Alisher Sa’dullayev


Sa’dullayev¸ O‘zbekiston tarixidagi eng yosh vazir o‘rinbosari sifatida tilga tushgan. 2017 yili Shavkat Mirziyoyev 25 yashar Sa’dullayevni Xalq ta’limi vaziriga o‘rinbosar etib tayinlagan edi.

Prezidentning 2018 yil 25 oktabrdagi qarori bilan bu lavozimdan ozod etilgan Sa’dullayev ko‘p o‘tmay Yoshlar ittifoqi raisining 1-o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi.

O‘zbekiston ëshlari orasida tanilgan Sa’dullayevning Yoshlar ittifoqiga rahbar etib tayinlanishi sovetcha shaklda qurilgan bu tuzilmada islohot bo‘lishiga oid ayrim umidlarni uyg‘otmay qolmadi.

Ozodlik Yoshlar ittifoqi hududiy rahbarlari bildirgan jiddiy shikoyatlar munosabati bilan Alisher Sa’dullayevga Facebook sahifasi orqali murojaat qildi. Hozircha Ozodlik savollariga javob kelmadi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG