Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:32

Madaniyat vazirligi: “Knyaz Romanov muzeyi” bo‘yicha hozircha qaror yo‘q. Lekin u ochiladi


Knyaz Nikolay Romanovning Toshkentdagi saroyi 1891 yilda arxitektorlar Vilgelm Geynselman va Aleksey Benua loyihasi asosida qurilgan.
Knyaz Nikolay Romanovning Toshkentdagi saroyi 1891 yilda arxitektorlar Vilgelm Geynselman va Aleksey Benua loyihasi asosida qurilgan.

Imperator Nikolay I tomonidan 1877 yili Toshkentga surgun qilingan knyaz Nikolay Romanov yiqqan san’at asarlari muzeyi Toshkentning qoq markazidagi tarixiy binoda ochilajagi to‘g‘risida shu hafta boshida paydo bo‘lgan xabar ijtimoiy tarmoqlarda bahs uyg‘otishga ulgurdi.

Romanov kolleksiyasi muzeyini ochish g‘oyasi tanqidchilari fikricha, bu tadbir mustaqillik g‘oyalariga zid va Rossiya hozirgi rahbariyatining mustamlakachilik siyosati tarafdorlari uchun qurol bo‘ladi.

Madaniyat vazirligi rasmiylari muzeyni ochish to‘g‘risida hozircha hech qanday hujjat yo‘qligi, lekin bunday qaror qabul qilinish ehtimoli katta ekanligini bildirdi.

So‘nggi yillarda Tashqi ishlar vazirligining qabullar uyi bo‘lib turgan, Sharof Rashidov dastlab dafn etilgan xiyobon to‘ridagi saroy knyaz Nikolay Romanov (1850-1918) yiqqan san’at asarlari muzeyiga aylantirilajagi to‘g‘risida Ozodlik 9 iyul kuni TASSning bir kun oldingi ma’lumotiga tayanib xabar qilgan edi.

Mahalliy nashrlarda bu haqda hech qanday ma’lumot paydo bo‘lmadi. Lekin mavzuga oid xabarlar mayning oxirgi kunlarida paydo bo‘lgan, masalan, podrobno.uz 27 mayda O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari “Ulug‘ knyaz Nikolay Romanov to‘plagan kartinalarning benazir jamlanmasini o‘z joyiga qaytarish”ni taklif qilgani to‘g‘risida xabar qilgan edi.

Tilga olingan muzey direktori Vasila Fayzieva 11 iyul kuni Ozodlik savollariga javoban “Romanov muzeyi” bo‘yicha hech qanday hujjat ko‘rmaganini, Jamoatchilik kengashi bu masala bo‘yicha qanday qarorga kelganidan bexabar ekanligini aytish bilan cheklandi.

Madaniyat vazirligining Muzeylar va kutubxonalarni rivojlantirish boshqarmasiga bu sohada davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash va uni amalga oshirish shakllari, usullari va mexanizmlarini ishlab chiqish yuklatilgan.

Ozodlik boshqarmaning o‘zini Xolmurod Choriev deb tanishtirgan mutaxassisi bilan mavzu yuzasidan suhbatlashdi. 20 daqiqadan ko‘proqqa cho‘zilgan muloqot davomida mutaxassisdan olingan ma’lumotning mag‘zi bu bo‘ldi:

“Romanov muzeyi”ni ochish yuzasidan hozircha Vazirlar Mahkamasidan hech qanday topshiriq tushmagan, agar tushsa, og‘ishmay amalga oshiramiz”.

Vazirlikning boshqa bir mutaxassisi ismi aytilmaslik sharti bilan ko‘proq ma’lumot berdi.

Uning aytishicha:

  • Vazir Baxtiyor Sayfullaev TASSning xabari bilan tanishib chiqqach, “ular bu gapni qaerdan olishibdi?” deb hayron bo‘lgan, lekin bu masala o‘rganilayotganini bildirgan.
  • “Romanov muzeyi”ni ochish masalasi kun tartibida, lekin qaror hozircha qabul qilingan emas.
  • “Romanov muzeyi”ni ochish g‘oyasi Vladimir Putinning O‘zbekistonga so‘nggi safari arafasida Vazirlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi majlisida bir etnik rus jurnalistdan chiqqan, u muzeyni Rossiya prezidenti tashrifi kunlari ochishni taklif qilgan edi.
  • “Romanov muzeyi”ni ochish bilan Davlat san’at muzeyi zarar ko‘rmaydi. U yerdagi eksponatlar “Romanov”da vaqtincha ekspozitsiyaga qo‘yiladi.

Vazirlikning bu ma’lumotlarni bergan mutaxassisi knyaz Nikolay Romanov yiqqan tasviriy va amaliy san’at eksponatlari muzeyi tashkil qilishni to‘g‘ri ish, deb bilishini aytarkan, dedi:

“Romanov muzeyi”ni ochishdan maqsad xalqimizga muzeylarimizda saqlanayotgan san’at asarlarini namoyish qilish, ikkinchidan, tariximizni to‘laqonli ko‘rsatishdir. Axir Romanov shu yerda yashab o‘tgan, buni qanday inkor eta olamiz?”

So‘nggi uch kun ichida ijtimoiy tarmoqlarda bu mavzuda o‘zaro bahsga kirishganlar orasida bu fikrni qo‘llovchilar ham bor. Masalan, kinorejisser Abdulaziz Mahmudov bunday yozdi:

“Hatto mustamlaka davridan qolgan bo‘lsa ham, dunyo bo‘ylab yodgorliklarni saqlab qolish amaliyoti bor. Boz ustiga, agar ular imperator oilasi a’zolariga tegishli bo‘lsa”.

“Romanov muzeyi”ga qarshilar bu bahsda ko‘pchilikni tashkil qildi. Ulardan biri, Bahodir Mamat ismli yuzer bunday yozdi:

“Shu xabarni eshitgach, haligacha g‘azabimni tiyib olmadim, buni faqat SSSR davrida, Ikkinchi jahon urushi paytida Gitlerga haykal qo‘yish bilan tenglashtirsa bo‘ladi. Shunday qarorga kelgan odamni umuman ishdan bo‘shatib yuborish kerak. Kimning kallasiga kelgan ekan yurtingni bosib olgan odamga yodgorlik barpo qilish, aqlim yetmayabdi haligacha”.

Knyaz Nikolay Romanov yiqqan tasviriy va amaliy san’at eksponatlari muzeyiga aylantirilishi rejalashtirilayotgan bino Rossiya imperatori oilasiga mansub bo‘lgan Nikolay Romanovning Toshkentdagi saroyi bo‘lgan. Saroy 1891 yilda arxitektorlar Vilьgelm Geynselman va Aleksey Benua loyihasi asosida barpo etilgan edi. Sovetlar davrida bu yerda dastlab muzey, keyin Respublika pionerlar saroyi joylashgan.

Sovet Ittifoqi tarqalib ketganidan so‘ng mazkur saroydan Tashqi ishlar vazirligining qabullar uyi sifatida foydalanilgan edi. Uch yil avval u Toshkent shahar hokimiyati balansiga o‘tkazilgan va o‘shandan beri bo‘sh qolmoqda.

Yaqinda bu saroy yerto‘lasida turk, ingliz, fransuz, nemis va arab tilida yozilgan o‘nlab qo‘lyozma kitoblar, ikonalar, geografik xaritalar, lX-XlX asrga mansub oltin, kumush va mis tangalar topilgani xabar qilingan edi.

XS
SM
MD
LG