Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:41

Xyuman Rayts Votch davlatga xiyonatda ayblanayotgan sobiq o‘zbek diplomatini qamoqdan ozod etishga chaqirdi


Tashqi ishlar vazirligining davlatga xoinlikda ayblanayotgan sobiq mulozimi Qodirjon Yusupov.
Tashqi ishlar vazirligining davlatga xoinlikda ayblanayotgan sobiq mulozimi Qodirjon Yusupov.

Xyuman Rayts Votch tashkiloti O‘zbekiston hukumatini ruhiy kasal ekani aytilayotgan sobiq diplomat Qodirjon Yusupovni zudlikda qamoqdan ozod etishga chaqirdi.

67 yashar Yusupov 2018 yilning dekabrida “davlatga xoinlik qilish”da ayblanib qo‘lga olingan edi. Xyuman Rayts Votch tashkiloti qamoqda unga noinsoniy munosabatda bo‘lingani va qiynoqlarga solinganini bildirmoqda.

“U diplomatik xizmatdan 10 yil avval ketgan va ayni paytda Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkentdagi tergov izolyatorida saqlanmoqda. Yusupovni sud hukmi o‘qilguniga qadar ozod etish lozim (sudning birinchi majlisi 17 iyunga belgilangan). Hukumat, shuningdek, unga nisbatan noinsoniy munosabatda bo‘lingani, jumladan, qiynoq qo‘llanilgani borasidagi murojaatlar yuzasidan puxta, xolis va shaffof tergov o‘tkazishi shart”, deyiladi Xyuman Rayts Votch 12 iyun kuni tarqatgan bayonotda.

Qodirjon Yusupov Tashqi ishlar vazirligi tizimida 27 yil ishlagan. U o‘z faoliyati davomida turli lavozimlarni egallagan, jumladan, O‘zbekistonning YXHTdagi elchisi bo‘lgan. 2009 yilda u iste’foga chiqqan hamda mamlakat ichki va tashqi siyosati haqida tahliliy maqolalar yoza boshlagan.

Ozodlik radiosi joriy yilning 12 mart kuni Qodirjon Yusupovning yaqinlariga tayangan holda, uzoq yillardan beri ruhiy xastalikdan aziyat chekib kelayotgan diplomat Respublika Tez yordam ilmiy markazida davolanayotgan paytda DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olinganini xabar qilgan edi.

Yaqinlarining aytishicha Yusupov 2018 yilning 3 dekabr kuni tongda Toshkent metropolitenining Pushkin bekatida o‘zini poezd ostiga tashlagan, ammo tasodif bilan omon qolgan.

Boshidan qattiq lat yegan sobiq diplomat¸ oila-a’zolariga ko‘ra¸ bu voqeadan keyin tushib qolgan ruhiy trans holatida "G‘arb davlatlari josusi” ekani haqida aljiray boshlagan va kasalxonaga yetib kelgan DXX xodimlari ana shu “iqror” asosida unga qarshi jinoiy ish ochib¸ sobiq mulozimni Jinoyat Kodeksining 157-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyatda ayblamoqda.

Qodirjon Yusupov¸ 10 dekabr kuni DXX tergov izolyatoriga o‘tkazilgan. Yusupov ishini tergov qilayotgan DXX tergovchisi Ozodlik bilan suhbatda bu haqda izoh berilmasligini aytgan¸ O‘zbekiston Bosh prokuraturasi esa “ishning protsessual qonunchilikka muvofiq olib borilaëtganini” bildirgan edi.

Xyuman Rayts Votch tashkiloti bayonotida aytilishicha, deyarli besh oydan beri Yusupovning oldiga advokati kiritilmayapti. Tergovchilar undan advokatdan voz kechishni talab qilishgan.

Mahbusning yaqinlari Xьyuman Rayts Votch tashkilotiga Yusupov qamoqda muttasil ruhiy bosimga uchrayotgani to‘g‘risida aytib berganlar.

Yusupov qarindoshlariga 2018 yilning 10 dekabridan beri uning kamerasiga kuniga 2-3 marta DXX xodimlari kirib kelishlari va uni rezina to‘qmoq bilan jinsiy zo‘rlash, xotinini va qizini zo‘rlash, o‘g‘illarini qamoqqa olish bilan tahdid qilayotganlarini aytgan.

XS
SM
MD
LG