Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:40

Kuchli yog‘ingarchilik tufayli ayrim fermerlar paxtasi bir oyga kechikmoqda (VIDEO)


So‘nggi juma va shanba kunlari O‘zbekistonning ayrim hududlarida yana kuchli yomg‘ir yog‘di.

Joriy yil bahorida O‘zbekistonda 3-4 marta kuchli yomg‘ir yog‘ishi va sel kelishi kuzatildi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, o‘tgan yilga nisbatan bu yilgi bahorda yog‘ingarchilik miqdori 3 barobargacha ko‘p bo‘lgan.

Dehqon-fermerlarning aytishicha, ayrim hududlarda kuchli yog‘ingarchilik oqibatida qishloq ho‘jalik ekinlariga jiddiy zarar yetgan.

Jumladan, ayrim fermerlar g‘o‘zani qaytadan ekkan va paxta hosili o‘tgan yilga nisbatan qaryib 1 oyga kechikishi taxmin qilinmoqda.

Bog‘bonlar gilos va o‘riklar mevasi jiddiy zararlanganini aytayapti.

Ayni paytda suvsizlik muammosi mavjud cho‘l hududlarida yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgani dehqonchilikka qo‘l kelgan.

“Yana do‘l yog‘di”

18 may kuni Buxoro viloyati Jondor tumanida kuchli yomg‘ir yog‘di.

“Jondor tumanida yoqqan do‘l qishloq xo‘jaligi ekinlariga katta zarar keltirdi”, deya xabar yo‘llagan jondorlik manba suv ostida qolgan dalalar aks etan videoni ham Ozodlikka yo‘lladi.

Favqullodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatidan olingan ma’lumotga ko‘ra esa, keyingi kunlarda yoqqan yomg‘ir natijasida hech qanday zarar ko‘rilmagan.

Ўзбекистон бўйлаб яна кучли шамол ва ëмғир кузатилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:40 0:00

“Paxta qaytadan ekildi, hosil 1 oyga kechikadi”

Aprel oyida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik oqibatida ayrim hududlardagi paxta dalalari jiddiy zarar ko‘rgan va fermerlar chigitni qayta ekishga majbur qolgan.

Shulardan biri, yangiyo‘llik fermer 10 gektardan ziyod yeriga chigitni qayta ekib, 10 million so‘m zarar ko‘rganini aytdi:

“Seldan keyin paxtani buzib, qaytadan ekdik. Buzib-ekishga ketgan harajat fermerning zimmasida. 1 kilo urug‘ 10 ming so‘m. Gektariga 50 kilodan urug‘ ketdi. 10 gektarga 500 kilo urug‘ ketadi. Jami 5 million so‘mdan ziyod urug‘ning o‘ziga ketdi. Solyarka va texnika harajatlari ham 5 millioncha bo‘ldi. Jami 10 million so‘m zarar ko‘rdim. Yangiyo‘ldagi 80 foiz paxta dalasi buzilib, qaytadan ekildi”.

Yangiyo‘llik fermerning aytishicha, chigit qayta ekilgani oqibatida paxta hosili qaryib 1 oyga kechikishi kutilmoqda.

“Hozir nihollarimiz juda yosh. Agar kuz kech kelsa, bir amallaymiz. Lekin kuz erta kelsa, paxta pishib yetilmaslik xavfi katta”.

“Bug‘doy jiddiy zarar ko‘rmadi, lekin kasallik tushdi”

G‘allachilik bilan shug‘ullanuvchi fermerlardan olingan ma’lumotga ko‘ra, kuchli yog‘ingarchilik g‘allaga zarar qilmagan, biroq ayrim hududlarda yomg‘irdan so‘ng g‘allada kasallik paydo bo‘lgani kuzatilgan.

“Ayrim joylarda bug‘doyga zang kasalligi tushdi. Kasallik hamma joyda emas, lekin ayrim fermerlar dalasida kasallik sezildi”.

“O‘rik deyarli qolmadi”

Bog‘dorchilik bilan shug‘ullanuvchi fermerlarning aytishicha, kuchli yog‘ingarchilikdan, asosan, o‘rik daraxtlari zarar ko‘rgan:

“Sel bo‘lgan payti o‘riklar gullab bo‘lib, meva tukkan payti edi. Kuchli sel o‘riklarning mevasini to‘kib tashladi. Ayrim o‘rik daraxtlarida deyarli meva qolmagan. O‘rik mevasining faqat uchdan bir qismigina qoldi. Keyin qolganiga ham kasallik tushdi. Shira bosayapti. Barglari qovjirab qolayapti”, dedi samarqandlik bog‘bon-fermer.

“Gilos ham zararlandi”

Bog‘bonlarga ko‘ra, kuchli yog‘ingarchilik gilos daraxtlariga ham jiddiy shikast yetkazgan.

“Har yili gilos bargidan ham ko‘p meva solardi. Hozir deyarli gilos qolmagan. Keyin kasal ham tushgan”, dedi angrenlik fermer.

Telegramdagi “Bog‘dorchilik ilmi (Sadovodstvo)” sahifasida Toshkent viloyatidagi gilos daraxtlarining deyarli barchasi jiddiy zararlangani qayd qilingan.

“Ertapishar gilosning yog‘ingarchilikdan keyingi holati” deya e’lon qilingan suratda gilos mevasining chiriyotgani ko‘rinadi.

Dachnik.uz xabariga ko‘ra, gilos barglari to‘kilib tushib, daraxtlar bargsiz qolgan.

“Toshkent viloyatida giloslar ommaviy kasallangan. Katta hosil bo‘lmasligi mumkin. Krasnogorsk, Parkent, G‘azalkent – hamma joyda bir xil vaziyat. Faqat To‘ytepadan yaxshi xabar keldi – ularda giloslar bilan bog‘liq vaziyat joyida. Yana Fag‘ona vodiysi gilosiga umid bor”, deyiladi Dachnik.uz xabarida.

O‘tgan hafta Qo‘yliq bozorida gilosning bir kilosi 20000-30000 so‘mdan sotilgan.

“Hasharotlar ko‘paydi”

Fermerlar bilan suhbatdan ma’lum bo‘lishicha, joriy yil dalada zararkuranda hasharotlar o‘tgan yilga nisbatan ko‘proq bo‘layapti.

“Qish quruq kelgani uchun hasharotlar o‘tgan yilgiga nisbatan ikki barobar ko‘p bo‘layapti. Yomg‘irdan keyin ular yoppasiga ekinlarga hujum qilayapti. Masalan, g‘o‘za nihollari hali yosh bo‘lgani uchun ularni yoppasiga kemirib tashlayapti. Hech narsa yordam bermayapti”.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, joriy bahorda yog‘ingarchilik miqdori o‘tgan yillarga nisbatan 1,5- 2 barobar, ayrim hududlarda 3 barobargacha ko‘p bo‘lganligi sababli tuproq namligi keskin oshib ketgan.

“Ob-havo noqulay va seryog‘in kelgan yillarda paxta yetishtirish ancha qiyinlashgan va kutilmagan jiddiy muammolar yuzaga kelgan. Xususan, namlik me’yoridan yuqori bo‘lgan maydonlarda qatqaloq yuzaga kelishi, g‘o‘za nihollari nimjon unib chiqib, kasalliklarga tez chalinuvchan va zararkunandalarning zararli ta’siri yuqori bo‘lishi kuzatilgan”, deydi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Shuhrat Teshaev Toshkentdagi tadbirda.

Ўзбекистонда сўнгги йилларидаги йирик сув босиши кузатилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:24 0:00

“Tomorqalarga qayta ekin ekildi”

Aprel oyida kuchli yomg‘ir yog‘ishi va sel kelishi oqibatida Samarqand, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryoning ayrim qishloqlar aholisining tomorqalari katta talafot ko‘rgani xabar qilingandi.

Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida yashovchi manbalarga ko‘ra, tomorqasi suv ostida qolgan xonadonlarning aksari tomorqasiga qaytadan ekin ekishga majbur qolgan.

Bizning tomorqani suv bosmadi. Lekin pomidorlarimiz sinib qoldi. Shuning uchun bozordan qayta ko‘chat olib kelib, ekdim. Lekin qo‘shni mahallada tomorqasini suv bosganlar hamma narsani qaytadan ekishdi”.

“Uzumzorlar zarar ko‘rmadi”

Bog‘dorchilik bilan shug‘ullanuvchi buxorolik fermerning aytishicha, uning uzumzorlari bu yilgi yog‘ingarchilikdan omon qolgan.

“Boisi men ob-havoni kuzatib turdim. Yog‘ingarchilik bo‘lishini bilgach, toklarimni ochmadim. Birinchi kuchli yog‘ingarchilik bo‘lgan payti toklarim ko‘milgan holda edi. Yomg‘irdan keyin ochdim. Yana ikki marta kuchli yog‘ingarchilik bo‘ldi. Lekin tok endigina ochilgani uchun ularga yomg‘ir zarar qilmadi, aksincha foyda qildi. Tomorqadagi ekinlarni ham kechroq ekkanim uchun zarar ko‘rmadik”.

“Yog‘ingarchilik foyda qildi”

Cho‘l hududlarida yashovchi fermerlar va oddiy aholi vakillariga ko‘ra, joriy bahorda yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgani hosilga foyda qilgan.

“Yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgani yaxshi bo‘ldi. Bizning Muborak tumanimiz cho‘l zonasi bo‘lgani uchun suvsizlik muammosi bor. Qancha ko‘p yomg‘ir yog‘sa ham, tuproqqa singib ketadi. Yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgani suv muammosini kamaytirdi. 12 sotix tomorqamizga pomidor, kartoshka, bodring kabi 9 xil narsa ekdim. Hammasi yaxshi o‘sayapti”.

Rasman: Suv mo‘l bo‘ladi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi 8 aprel kuni tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Qashqadaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax va Surxondaryoning ayrim qishloqlarida bahor payti bir oyda yog‘adigan yog‘in miqdori bir necha soat ichida yoqqan.

Rasmiylarga ko‘ra, joriy yil yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgani suv muammosini bartaraf etishda qo‘l kelmoqda.

O‘tgan oy Xalqaro Press klubda o‘tgan tadbirda qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Shuhrat Teshaev joriy yil yog‘ingarchilik mo‘l bo‘lgani sabab suv omborlarida yetarlicha suv yig‘ilganini ta’kidlagan edi.

XS
SM
MD
LG