Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:34

Umrbod qamalgan faol Azimjon Asqarovning uyi ham hibsga olindi


Azimjon Asqarov sud jarayonlaridan birida.
Azimjon Asqarov sud jarayonlaridan birida.

Qirg‘iziston hukumati nazdida O‘shda 2010 yilda yuz bergan qirg‘inga aloqador bo‘lgani uchun umrbod qamalgan etnik o‘zbek huquq faoli Azimjon Asqarovning uyi yana talashga tushdi.

Bishkek shahar Oktabr tuman sudi uyni hibs qilish to‘g‘risida qaror chiqargan. Sud jabrlanuvchi sifatida ko‘rilayotgan Chinara Bechelovaga belgilangan xun puli to‘lab berilmagani ortidan mana shunday qaror qabul qildi.

Mahbusning rafiqasi Hadicha Asqarova esa jurnalistlarga ikki oy avval chiqarilgan sud qarorini unga endigina topshirishganini, xun pulini to‘lab berishga imkoniyati yo‘qligini aytdi.

-Turmush o‘rtog‘im hech qanday aybi bo‘lmasa ham qamoqda o‘tiribdi. Uni umrbod qamaganlari yetmaganiday, endi uyni ham hibs qilishibdi. Men ularga 175 ming so‘m to‘lab berishim kerak ekan. Men o‘zim pensionerman, 4 ming so‘m pensiya olaman. Erimni ham qamab, uyimni ham tortib olishsa, bu odamlarda insof, iymon, adolat degan narsalar bormi o‘zi? - dedi Hadicha Asqarova.

Azimjon Asqarovning advokati Valerian Vaxitovning aytishicha, Azimjon Asqarovga nisbatan ochilgan jinoyat ishi doirasida sud uning Bozorqo‘rg‘on tumanidagi uyini ham 2012 yilda hibs qilgan edi. Biroq advokatlar mazkur uy Asqarovga ota-onasidan mulk bo‘lib qolganini va uyning jinoyat ishiga aloqasi yo‘qligini dalillashganidan so‘ng, sud Asqarovning uyini hibsdan chiqargandi.

Qirg‘iziston hukumati 2010 yilgi O‘sh qirg‘ini deb baholangan voqealar paytida Azimjon Asqarov Bozorqo‘rg‘on tumanida qonli voqealarni uyushtirgan va militsiya xodimi Miqtibek Sulaymonovni o‘ldirilishiga aloqador, deb bildirib keladi.

Ma’lum bo‘lishicha, xun puli to‘lab berilmaguniga qadar Asqarovning uyini qamoqqa olish talabi bilan sudga Miqtibek Sulaymonovning bevasi Chinara Bechelova murojaat qilgan.

-Mayli, erimni tiriltirib berishsin, o‘shanda ulardan bir tiyin xun puli olmayman, balki o‘zim pul beraman. To‘qqiz yildan beri bolalarimni yolg‘iz o‘zim tarbiyalayapman. Men Asqarovlardan osmondagi oyni so‘rayotganim yo‘q, bor-yo‘g‘i sud belgilab bergan xun pulini so‘rayapman. Bu pulni ham ular 9 yildan beri berishmadi. Agar Asqarovning xotini uyni sotib yuborsa, men xun pulini keyin qaerdan undiraman? Shuning uchun uyni hibsga oldirdim, - dedi Chinara Bechelova.

Bishkeklik taniqli huquq faoli, sobiq Ombudsmen Tursunbek Akun esa sud hukmini adolatsiz deb hisoblaydi:

-Hukumat tomonidanmi, ijtimoiy himoya tomonidanmi har ikki ayolga-Chinara Bechelovaga ham, Hadicha Asqarovaga ham moddiy ko‘mak ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish kerak. Mana shunda o‘rtadagi talash va janjalga barham beriladi. Bu ayollar erlarining harakatlari uchun azob tortmasliklari kerak. Azimjon Asqarovning sudlarida o‘zim ishtirok etganman. Uning aybi sudda to‘liq isbotlanmagan, - dedi Tursunbek Akun.

Xalqaro hamjamiyat Azimjon Asqarovga nisbatan jinoyat ishi soxtalashtirilganiga ishonilishini bildirib, Qirg‘iziston hukumatini huquq faolini ozod etishga chaqirib keladi.

2016 yil aprelida BMT Qirg‘iziston Asqarovni ozod qilishi kerakligi to‘g‘risida qaror qabul qilgach, Oliy sud bu ishni qayta ko‘rib chiqish uchun Chuy viloyat sudiga jo‘natgan. Ammo sud hukmni o‘zgartirmagan.

Azimjon Asqarovga 2015 yili AQSh Davlat departamentining “Inson huquqlari faoli” mukofoti topishirilgan. Shundan so‘ng Bishkek hukumati norozilik sifatida Vashington bilan imzolangan o‘zaro hamkorlik shartnomasini bekor qilgan edi.

2010 yildagi O‘sh voqealarida 500ga yaqin odam halok bo‘lgan, 2 mingdan ortiq odam yaralangan va minglab uylar yondirib yuborilgan edi.

2010 yilning iyunida O‘shda yuz bergan millatlararo nizoda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qurbon bo‘lganlardan 295 nafarini, ya’ni 70 foizini o‘zbeklar, 123 nafarini yoki 29 foizdan ortiqrog‘ini qirg‘izlar tashkil qilgan. Shuningdek, iyun voqealari paytida bir rus, bir pokistonlik va bir uyg‘ur ham nobud bo‘lgan.

2010 yil iyun voqealari bo‘yicha hozirga qadar 545 kishi jinoiy javobgarlikka tortildi. Ulardan 400 nafari o‘zbek, 133 nafari qirg‘iz va sakkiz nafari boshqa millat vakillaridir.

XS
SM
MD
LG