Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:23

Qirg‘iz-tojik chegarasida yana bir tojikistonlik hayotdan ko‘z yumdi


Voqea yuz bergan hudud har ikki tomondan kuchaytirilgan tarzda qo‘riqlanmoqda.
Voqea yuz bergan hudud har ikki tomondan kuchaytirilgan tarzda qo‘riqlanmoqda.
Қирғиз-тожик чегарасида оммавий тошбўрон. Бир одам ўлди, камида 20 одам жароҳатланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:53 0:00

Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida Rafouddin Teshaev ismli yana bir tojikistonlik olamdan o‘tdi.

Bu haqda Ozodlikning tojik xizmati Vorux kasalxonasi bosh shifokori Karima Hakimova so‘zlariga tayangan holda xabar qiladi. Teshaev chegaradagi nizo oqibatida hayotdan ko‘z yumgan ikkinchi tojikistonlikdir.

Bosh shifokorga ko‘ra, o‘q Teshaevning ko‘kragiga tekkan va u voqea joyida o‘lgan. Biroq maqtulning kimning o‘qidan qazo qilgani hozircha noma’lum.

13 mart kuni qirg‘iz-tojik chegarasida olingan jarohat tufayli 43 yoshli tojikistonlik Husayn Hakimov olamdan o‘tgani xabar qilingandi.

Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida 14 mart kuni yana o‘q ovozlari yangradi

Azattiqning (Ozodlik qirg‘iz xizmati) Botken viloyatidagi muxbiri Jenish Aydarovga ko‘ra, Tojikistonning Vorux anklavi tarafdan otilgan o‘qdan qirg‘izistonlik bir militsiya xodimi yaralangan va kasalxonaga olib ketilgan.

Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati esa o‘qlar ogohlantiruv sifatida otilganini, vaziyat esa taranglashib ketganini tasdiqladi.

Bu orada payshanba kuni ikki mamlakat bosh vazirlari - Muhammedqaliy Abilg‘aziev va Qohir Rasulzoda telefon orqali chegaradagi ahvolni muhokama qilganlari ochiqlandi.

Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, tomonlar an’anaviy do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini e’tiborga olgan holda vaziyatni barqarorlashtirishga tayyor ekanlarini bildirganlar. Hukumat rahbarlari noxush hodisa bo‘yicha Qirg‘iziston va Tojikistonning davlat idoralari vakillari ishtirokida qo‘shma surishtiruv o‘tkazish hamda chegaradagi vaziyat eskalatsiyasiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan kelishib olganlar.

Kechga yaqin esa Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari telefon orqali suhbatlashgani ma’lum qilindi.

Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov va Imomali Rahmon chegaradagi hodisani xolisona tekshirish uchun qo‘shma komissiya tashkil qilish va kelajakda bu kabi voqealarga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi, shuningdek, davlat chegarasi delimitatsiyasi jarayonini yakunlash bo‘yicha muzokaralarni faollashtirish lozimligini qayd etganlar.

Ikki davlat rahbari asrlardan beri yaxshi qo‘shnichilik aloqalariga ega bo‘lgan xalqlar o‘zaro tinchlik va do‘stlik muhitida yashashlari kerakligi yuzasidan yakdil ekanlarini bildirganlar.

Chorshanba kungi janjal oqibatida bir kishi o‘lgan

Tojik-qirg‘iz chegarasida ikki mamlakat fuqarolarining o‘zaro nizolashuvi oqibatida 13 mart kuni bir tojikistonlik halok bo‘lgan, kamida 20 odam jarohatlangandi. Ozodlik radiosi tojik xizmati halok bo‘lgan odam Isfara tumani Xo‘jaa’lo qishlog‘ining 43 yoshli turg‘uni Husayn Hakimov ekanini bildirgan.

Ozodlikning qirg‘iz xizmati Qirg‘iziston Chegara xizmatiga tayangan holda, nizo paytida Tojikiston fuqarolari tomonidan bir uy yondirib yuborilganini xabar qilgan.

- Bizdagi ma’lumotga qaraganda, bir nafar qirg‘izistonlik kattaroq jarohat olib, Samarqandek qishloq kasalxonasiga yotqizildi. Aniqlangan ma’lumotlarga qaraganda, O‘rtabo‘z qishlog‘ida yashovchi odamning uyi tojikistonliklar tomonidan yoqib yuborildi, - dedi Qirg‘iziston Chegara xizmati matbuot vakili Salqin Abdiqarieva.

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatining Botken viloyatidagi muxbiri Jenish Aydarov esa Samarqandek qishloq kasalxonasiga turli darajadagi tan jarohatlari bilan 6 odam olib kelinganini aytdi.

Nima bo‘lgan edi?

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, 13 mart kuni soat 15:30 Tojikistonning Mehnatobod qishlog‘i aholisi Qirg‘iziston tomonidan qurilayotgan Aqsay-Tamdiq yo‘lining bir qismi o‘z qishloqlari hududidan o‘tishiga norozilik bildirib, yo‘lni to‘sib qo‘ygan. Shundan so‘ng Qirg‘izistonning Aksay qishlog‘i aholisi ham chegaraga yig‘ilgan.

Vaziyat soat 18:30larda keskinlashib, Tojikiston tomonda 50 odam, Qirg‘iziston tomonda 70 odam to‘planib qolgan. Chegaraning ikki tomonida turgan odamlar bir-birlarini toshbo‘ron qila boshlaganlar.

Kechki soat sakkiz yarimlarga borib esa tojikistonliklar Qirg‘izistonning O‘rtabo‘z qishlog‘idagi bir uyga o‘t qo‘ygan. Tojikiston tomonidagi uylardan biriga ham qirg‘izistonliklar tomonidan o‘t qo‘yilgani aytilmoqda.

Tojikistonning Voruh eksklavidagi Tojikon qishlog‘i raisi G‘ofurjon Jo‘raevning aytishicha, Qirg‘iziston va Tojikiston chegarachilari voqea joyiga uch soatdan so‘ng yetib borgan. Uch soat davomida esa odamlar bir-birlari bilan nizolashib turgan.

Vaziyat hozir qanday?

Ozodlikning Botken viloyatidagi muxbiri Jenish Aydarov 14 mart kuni chegaradagi vaziyat barqarorlashganini, har ikki tomonni ko‘plab harbiylar va militsiya xodimlari nazorat qilayotganini bildirdi.

- Biroq odamlar qo‘rqib, hozir bu yo‘ldan yurmayaptilar. Chegara hududida ancha ko‘p mashina to‘planib qolgan, - dedi Jenish Aydarov.

Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov tojik hamkasbi Sirojiddin Muhriddin bilan telefon orqali muloqot o‘tkazib, chegaradagi vaziyatni muhokama qilishgan.

Tojik va qirg‘iz mahalliy rasmiylari esa voqea joyida 14 martga o‘tar kechasigacha muzokaralar o‘tkazib, aholini tinchlantirgan.

Nega bunday bo‘ldi?

Qirg‘iziston 2014 yilda Aqsay-Tamdiq yo‘lini qura boshlagan edi. Yo‘lning bir qismi Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasida bahsli bo‘lib turgan hududdan o‘tishi lozim edi.

Biroq Tojikistonning chegara hududidagi aholisi va hukumati yo‘l qurilishiga qarshi chiqqan hamda Qirg‘iziston hukumatidan bu ishni faqat ikki davlat o‘rtasidagi chegara delimitatsiya va demarkatsiya qilingachgina amalga oshirini talab etgan.

2014 yilning 11 yanvarida ham mazkur yo‘l qurilishi Qirg‘iziston va Tojikiston chegarachilarining o‘zaro o‘q otishlariga sabab bo‘lgan edi. Otishma paytida Qirg‘izistonning besh, Tojikistonning uch chegarachisi yaralangan.

Otishma yuzasidan ikki mamlakat rasmiylari qarshi tarafni ayblagan bayonotlar tarqatgan edi

XS
SM
MD
LG