Prezident Mirziyoev o‘tgan oyda ichki ishlar xodimlari bilan selektor yig‘ilishi o‘tkazdi. O‘sha yig‘ilishda prezident irod qilgan nutqning Ozodlikka yetib kelgan 1 soatu 15 daqiqalik parchasidan majlisning ancha bosiq, ishchan ruhda o‘tgani seziladi. Har holda Shavkat Mirziyoevning Surxondaryoda qilgan haqoratlari, Farg‘onada qilgan kesatig‘u istehzolariga o‘xshash gaplar bu gal uchramadi. Muxbirimiz prezidentning yanvardagi va avvalgi nutqlarini qayta eshitib, uning tilini tushunishga urindi.
Maqol o‘rniga maqola, qo‘yin o‘rniga qo‘ltiq so‘zini ishlatgan, har gal so‘z izlayotganda paydo bo‘ladigan bo‘shliqni “kerak bo‘lsa”, “aytaylik” bilan to‘ldirgan, shakli tumtaroq, mazmuni mavhum, bosh-uchi yo‘q gaplari bilan tinglovchining boshini qotirib, nutqlarini qog‘ozga tushirishi lozim bo‘lgan muharrirlarning sochini oqartgan Islom Karimov o‘rniga Shavkat Mirziyoev keldiyu Hokimiyat Tilida birdan anchayin ravonlik paydo bo‘ldi.
Anchayin ravonlikdan tashqari Hokimiyat Tilida g‘irt o‘zbekcha kolorit paydo bo‘ldi, tuz-qalampir paydo bo‘ldi. Mirziyoevning tuz-qalampiri Karimovnikidan farq qiladi. Mirziyoevning tilida zulm oz, quvlik ko‘p. Har holda hozircha shunday.
Ruhshunoslarning aytishicha, u yoki bu shaxsning psixologik portretini chizishda uning tili, leksikasining boy yoki qashshoqligini bilish, ko‘pchilik oldida yoxud yakkama-yakka suhbatda o‘zini qanday tutishini kuzatish muhimdir.
“Odatda, siyosatchi minbarda turib matn o‘qiyotganda u haqda xulosa chiqarish qiyin, lekin minbarda turib, erkin so‘zlayotgan nutqini tinglasangiz, ko‘p narsani tushunib olishingiz mumkin”, - dedi ruhshunos olim Mahmudjon Yo‘ldoshev.
Minbarda matnni Mirziyoev shu qadar qunt bilan o‘qiydiki, ko‘pincha tushum kelishigi qo‘shimchasi o‘rniga qaratqichnikini ishlatadi: nutq “ning-ning”, “ning-ning”dan iborat bo‘lib ketadi. Bu balki notiqning perfeksionistligidan, har ishni puxta qilishni oshirvorishga o‘rganganidan darakdir?
Mirziyoevning hozirgina aytganimiz tuz-qalampiri u matndan chiqqanida boshlanadi. Tuz-qalampirga keyinroq to‘xtalamiz, hozir esa, prezident tilining ko‘pchilik e’tiborini tortgan jihati - "kelotkon", "borotkon", "yangg‘i" kabi sheva unsurlarini aytaylik.
Tilshunos olim Baxtiyor Isabekov prezident tilining bu jihati to‘g‘risida fikr yuritar ekan, dedi:
Prezidentimizning shevasi qarluq-uyg‘ur-chigil lahjasiga to‘liq mos.
“Prezidentimizning shevasi qarluq-uyg‘ur-chigil lahjasiga to‘liq mos. Lekin "bo‘lotkon", "borotkon" tipidagi so‘zlar Buxoro shevalariga xos bo‘lgan unsur va ayni paytda Tojikiston hududidagi o‘zbeklar shevalarida ham uchraydigan morfologik shakldir”.
Olim prezidentning nutqidagi sheva unsurlarini tabiiy ko‘rinish sifatida baholadi:
O‘zbek adabiy tilining qo‘llanish doirasi davlat tili doirasida bo‘lsagina biz shevadan ma’lum darajada qutulishimiz mumkin.
“Chunki o‘zbek tilidan foydalanuvchilar taraqqiy qilgan millatlarga o‘xshab yagona adabiy til atrofida zichlashgan emas. O‘zbek adabiy tilining qo‘llanish doirasi davlat tili doirasida bo‘lsagina biz shevadan ma’lum darajada qutulishimiz mumkin. Bundan prezidentimiz ham mustasno emas”.
Ruhshunos olim Mahmudjon Yo‘ldoshevning aytishicha, u yoki bu siyosatchi matndan chiqib nutq irod qilayotganida u kishining madaniy qiyofasi, bilim saviyasi to‘g‘risida tasavvur hosil qilish mumkin:
“Chunki kishi texnik ma’lumotga ega bo‘lsa ham, ko‘p kitob o‘qigan bo‘lsa, uning nutqi nihoyatda rang-barang bo‘ladi, nutq irod qilar ekan, u gumanitar soha vakilimi yoki aniq fanlarni o‘qiganmi – aniqlashimiz qiyin bo‘ladi”.
Mirziyoevning nutqi haqoratlarga, kinoyalarga, istehzolarga, kesatiqlarga, obrazlarga boy.
“G‘o‘daygan it”, “davlat sotqinlari”, “Surxondaryoni ot o‘yin qilib tashlagan”, “bu noinsoflar harom qilib tashlagan”, “bir yerini pisib majlisga kelib o‘tirsin”, “hammang poraxo‘rlik qilib hamma yerni sharmanda qilib yuribsan”.
Bu so‘z birikmalari va jumlalarni Shavkat Mirziyoev 2018 ning 19 yanvarida Qiziriq tuman hokimligi binosida Surxondaryo viloyat faollari bilan o‘tkazgan uchrashuvidagi nutqida ishlatgan edi.
Mana o‘sha nutqidan ba’zi uzindilar:
“Mayor Eshquvvatov Sunnatillo Ravshanovich degan g‘o‘ddaygan itti ishdan oldirdim”.
“Bular bir paytlar Surxondaryoni ot o‘yin qiptashagan”.
“Silardayam bitta noinsof ishlagan, Toshpo‘latov degan. Uyam it o‘g‘ri”.
“Bizga hokimdi orqasidan poylotkon, boshqa davlat organlari oqasidan poylotkon odamlar keragemas, bo‘ldi, u zamon tugadi.
Quyidagi uzindilar esa, Mirziyoevning o‘tgan yil yozida Farg‘onada qilgan nutqidan olindi:
“Shoiri A’zam nima deydilar G‘ayratxon? O‘o‘o‘v... Navoiy she’rlaridan bilasiz. Nechchi yil bo‘ldi, qaridingmi sanam?”
“Gapiring, janobi oliylari!”
Manga sadoqat kerak. O‘zini qiynotkon, Farg‘onani yaxshi ko‘rotkon odam kerak manga.
“Manga sadoqat kerak. O‘zini qiynotkon, Farg‘onani yaxshi ko‘rotkon odam kerak manga. Protokolga hammasi yozilishi kerak. Mana o‘tirgan shoiru, Zokirxonu G‘ayratxonu… Haammmasini yaxshi bilaman bulardi. Voy-vo‘o‘o‘ qancha qonimdi ichgan bular mani!”
“Gapir, gapir, gapir, vaqt yo‘q, ey!”
Mirziyoev turli chiqishlarida bojxona xodimlarini “eng katta poraxo‘r”, moliyachilarni "kalamushlar", prokuratura xodimlarini "o‘g‘ri va axlat", deb atagani hammaning yodida.
Yangi prezidentning xalqqa yaxshi ko‘rinish uchun ham qilayotgan bu populistik bayonotlarining etika me’yorlariga qanchalik mosligi – boshqa maqolaning mavzuidir. Bu maqola - faktlar konstatatsiyasi, xolos.
Qolaversa, prezident bayonotlarining etika me’yorlariga mosligi masalasi ustida bugungi o‘zbek jamiyati bosh qotirayotgani yo‘q.
Xususan, Notiqlik san’ati akademiyasi nodavlat ta’lim muassasasi muassisi, taniqli teleboshlovchi Rahimboy Jumaniyozov OzodNazarga bergan suhbatida Mirziyoevning nutqlarini baholar ekan, bunday degan edi:
Prezident nutqidagi samimiylik, tabiiylik va hayotiylikni alohida ta’kidlaymiz.
“Prezident nutqidagi samimiylik, tabiiylik va hayotiylikni alohida ta’kidlaymiz. To‘g‘ri, u tilshunos emas, lekin o‘z fikrini xalqqa etkazish paytida ta’sirchanlikni ko‘rasiz, tahliliy tanqidni ko‘rasizki, xalqimiz, shaxsan o‘zim ham prezidentning chiqishini kutib o‘tiramiz”.
Tilshunos olim Baxtiyor Isabekov Shavkat Mirziyoevning tili haqida fikr yuritar ekan, e’tiborimizni yana bir tashvishli jarayonga qaratdi.
Karimov qiynalsa ham “tuman” der edi. Hozirgi prezidentimiz ko‘proq “rayon” deyapti.
“Karimov qiynalsa ham “tuman” der edi. Hozirgi prezidentimiz ko‘proq “rayon” deyapti. Prezident “devon”, “ma’muriyat”ni “administratsiya”ga aylantirib oldi, “istiqbol” o‘rniga “perspektiva” keta boshladi. Qayta iste’molga kira boshlagan o‘z so‘zlarimizni boshqa tildan kirgan so‘zlarga yana almashtirishni, afsuski, prezidentimiz nutqlarida ham ko‘ryapman”.
Maqola ustida ishlar ekanmiz, prezidentning ichki ishlar xodimlari bilan yanvarda o‘tkazgan majlisdagi nutqini ham diqqat bilan eshitdik. Nutqning ixtiyorimizdagi 1 soatu 15 daqiqalik qismida Surxondaryoda qilgan haqoratlari, Farg‘onada qilgan kesatig‘u istehzolariga o‘xshash gaplar uchramadi.
Melisalarni hatto prezident ham so‘kolmaydimi, deb o‘ylab qoldik :)
Yoki Mirziyoev o‘zgarayaptimi?
Yanvardagi nutqida “kelotkon”, “borotkon” ham odatdagidan kamroq uchradi...
Ruhshunos olim bugungi maqola uchun bergan suhbatida yana bunday dedi:
“Gapirayotgan paytda ega-kesimlarga e’tibor bermaydigan kishilar bo‘ladi. Fikrlarini boshqalarga etkazishga qiynaladigan bunday kishilarning ishlari ham chala-chulpa bo‘ladi. Bundaylarga ishonishingiz qiyin bo‘ladi”.
Shavkat Mirziyoevning tilini mukammal deyish qiyin. Lekin uning nutqida Islom Karimovnikidan farqli o‘laroq, ruhshunos olim aytayotgan ega bor, kesim bor.
Ega-kesimning mavjudligidan esa, olimga ishonar bo‘lsak, ishonch paydo bo‘ladi.