Zafarobod tumanida yashovchi 37 yashar ayol 12 noyabr kuni tuqqan o‘g‘li bir vrachning mastligi, yana bir vrachning noprofessional harakatlari oqibatida o‘lib qolganini iddao qildi.
Zafarobod tuman markaziy kasalxonasi bosh vrachi Ozodlikka kasalxona tug‘ruq bo‘limi mudiri ishdan chetlatilganini bildirdi.
Tuman prokuraturasi voqeani o‘rganmoqda.
Ikki qizning onasi Gulchehra Xonkeldieva 12 noyabr kuni tug‘ilgan o‘g‘lini 12 yil kutganini aytadi.
Onaning shikoyatidagi asosiy nuqtalar bulardir:
“12 noyabrga o‘tar tunda to‘lg‘oq boshlangach, soat 6.00 da erim meni kasalxonaga yetkazib bordi”;
“qabul qilib olgan vrach “chaqaloq kunduz soat 2 – 3 larda tug‘iladi” dedi”;
“soat 14 gacha to‘lg‘oq bir maromda kelib, yaxshi yurdim”;
“tug‘ruq bo‘limi boshlig‘i tushlikka ketib, mast qaytib keldi”;
“shuning uchun shu kasalxonada ishlovchi qarindoshimdan boshqa vrachni chaqirishni iltimos qildim;
“chaqirilgan ginekolog ko‘rgach, to‘lg‘oqdan farqli, boshqacha og‘riq paydo bo‘ldi”;
“vrach hadeb chuqilab ko‘ravergach, bola qochib ketdi”;
“men dodlab yotibman, ikki vrach - biri mast bo‘lim boshlig‘i - o‘zaro urishib ketdi”;
“kasalxona bosh vrachi keldi, “viloyatga olib boraylik”, dedi, ikkita Tez yordam tayyorligini aytdi”;
“meni chuqilagan vrach “o‘zimiz tug‘diramiz”, dedi, og‘riq pasayavermagach, og‘riq bostiradigan ukol qilishdi”;
“kechga yaqin reanimatorlarni chaqirishdi, ular menga tinchlantiruvchi ukol qilishdi, uxlab qoldim, lekin uzoq uxlamabman”;
“uyg‘ondim va tug‘dim, o‘zi tug‘ilayotgan bolani ikki kishilashib kallasidan tortishdi, “bola tug‘ilgan paytda yuragi urayotgan edi”, deb akusher aytdi”;
“kindigi bo‘yniga o‘ralib, bo‘g‘ilib qolgan bola”, deyishdi”;
“bola tug‘ilishi bilanoq ko‘kragimga yotqizishdi, bolaning rangi oppoq edi”;
“bola oradan 1,5 soatcha o‘tgach o‘lgan” deyishdi, bolamning o‘lganini men ertasiga, 13 noyabrda eshitdim”;
“bo‘lim boshlig‘i mast holda o‘zim tug‘diraman, deb janjal qildi, navbatchi vrach umuman aralashmadi, uchinchi vrach esa, chuqilayverib, ahvolimni og‘irlashtirib tashladi, xullas, bolamning o‘limida uchala vrach ham aybdor”;
Gulchehra Xonkeldievaning shikoyatidagi asosiy nuqtalarni keltirdik. Uning aytishicha, 12 noyabr, kechga yaqin, soat 5 larda tug‘ilgan o‘g‘lining vazni 4 kiloyu 350 gramm bo‘lgan.
Gulchehraning aytishicha, u o‘lgan chaqalog‘idan oldin ham o‘g‘il tuqqan. Lekin uning iddao qilishicha, qizlaridan keyingi o‘sha o‘g‘li ham vrachlarning aybi bilan noqislik bilan tug‘ilgan va 7,5 yoshida vafot etgan.
Zafarobod tuman markaziy kasalxonasi bosh vrachi Safar Toyjonovning 20 noyabr kuni Ozodlikka aytishicha, tug‘ruq bo‘limi mudiri Almamat Nurov bemorga e’tiborsizlik qilgani, bola o‘limi holati yuz bergani uchun vazifasidan chetlatilgan – ishdan bo‘shatilgan.
Uning aytishicha, “Nurovda o‘sha kuni ichganini bildiruvchi alomatlar bor edi, lekin mast bo‘lganini tasdiqlovchi narkologning xulosasi yo‘q”.
Bosh vrach o‘sha kuni masalani hal qilishga uringani, hatto ikkita “Tez yordam” mashinasini tayyor qilib qo‘ygani, lekin ginekolog bo‘lmagani uchun, mutaxassislarning fikriga quloq solishga majbur bo‘lganini aytdi.
Bosh vrachning aytishicha, “bola kindigi bo‘yniga o‘ralib qolishi oqibatida asfiksiyadan o‘lgani to‘g‘risida tibbiy xulosa mavjud”.
Bola vrachlarning noprofessional harakatlari oqibatida o‘ldimi yoki o‘limning oldini olishning imkoni yo‘qmidi? Bu savolga Zafarobod tuman markaziy kasalxonasi bosh vrachi Safar Toyjonov “ginekolog bo‘lmaganim uchun bu savolga javob berolmayman”, deb javob berdi.
Zafarobod tuman markaziy kasalxonasi tug‘ruq bo‘limining ishdan chetlatilgan mudiri Almamat Nurov bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.
Gulchehra Xonkeldievaning aytishicha, u 19 noyabr kuni tuman prokuraturasiga o‘g‘lining o‘limi yuzasidan ariza bilan murojaat qildi.
Zafarobod tuman markaziy kasalxonasi bosh vrachi Safar Toyjonovning aytishicha, prokuratura surishtiruv ishlarini boshlab yuborgan.
O‘zbekistonda go‘daklar o‘limi ko‘rsatkichi yuqoriligicha qolayotgani — besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limining 57 foizi hayotining ilk 27 kunida sodir bo‘layotgani to‘g‘risida YUNISEF ma’lumotlariga tayanib, yaqinda mahalliy nashrlar xabar qilgan edi.