Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:44

Qirg‘izistonda sobiq va amaldagi prezident o‘rtasidagi qarama-qarshilik kuchayib bormoqda


Almazbek Atambaev (o‘ngda) So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovning qasamyod qabul qilish marosimida.
Almazbek Atambaev (o‘ngda) So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovning qasamyod qabul qilish marosimida.
Қирғизистонда собиқ ва амалдаги президент ўртасидаги қарама-қаршилик кучайиб бормоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:06 0:00

Almazbek Atambaev: Amaldagi hokimiyat Bakievning yo‘lini tanladi

Joriy yilning bahoridan beri matbuotda ko‘rinish bermagan sobiq prezident Almazbek Atambaev 18 noyabrda “Aprel” telekanali orqali chiqish qilib, amaldagi prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov shtabi saylovda ishlatgan mablag‘ masalasida o‘z munosabatini bildirdi.

- Bu narsa nega hozir oshkor etilgani tushunarli. Ular Ikram Ilmiyanovni (Atambaevning eng yaqin va ishonchli odamlaridan biri – muharrir) qamab qo‘yishdi. Bu narsani shtabning buxgalteri bilar edi. U haq to‘lanmaydigan mehnat ta’tili olib, chet davlatga chiqib ketdi. U o‘z hayotiga tahdid qilinishidan qo‘rqmoqda. Bugungi hokimiyat Bakievning (2005yil aprel inqilobi ortidan hokimiyatdan ag‘darilgan sobiq prezident- muharrir) yo‘lini tanladi. Bu hujjat haqida bilganlar o‘z hayotidan xavfsirashmoqda,-dedi Atambaev.

Sobiq prezident amaldagi hokimiyat odamlarni qo‘rqitish uchun gunohsiz odamlarni qamayotganini ham iddao qildi:

-Ular gunohsiz odamlarni qamab qo‘yishmoqda. Qubanichbek Qulmatovni (Bishkekning sobiq meri – muharrir), Sapar Isaqovni (sobiq bosh vazir-muharrir) qamash orqali: “Biz xohlagan odamni qamaymiz, kerak bo‘lsa o‘ldiramiz”, deyishmoqda. Shuning uchun odamlar o‘z hayotidan xavfsiramoqda. Ilmiyanovni qamashmaganida bu hujjat oshkor etilmas edi. Balki bu oila o‘zlarining haqiqiy yuzlarini yana anchagacha yashirib yurishar edi. Meni hayron qoldirgani, qonunda biz maxsus fond mablag‘lariga cheklovni olib tashlaganmiz. Agar bu toza pul bo‘lsa, nega ishlatilgan mablag‘ni ochiq ko‘rsatishmadi? -dedi Almazbek Atambaev.

So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov: Atambaev mendan yetovdagi rahbar yasashga harakat qildi

Amaldagi prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov va uning ma’muriyati Atambaevning bu intervyusiga munosabat bildirmadi. Ammo 16 noyabr kuni 24.kg axborot agentligiga intervyu bergan So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov Atambaev bilan munosabatlari rasman buzilganini tasdiqlagan edi.

“Men hech qachon Atambaev bilan munosabatim buzilganini aytgan emasman. Ha, biz uzoq vaqt partiyadosh va maslakdosh bo‘lganmiz. Biroq mendan yetovdagi rahbar yasashga harakat qilish, qanaqadir uchinchi shaxslar orqali meni boshqarishga urinish Atambaevga inson sifatida ham, sobiq prezident sifatida ham, partiyadosh va maslakdosh sifatida ham obro‘-e’tibor keltirmaydi. Menga uning bu harakatlari mutlaqo tushunarsiz bo‘ldi”, -dedi So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov 24.kg axborot agentligiga bergan intervyusida.

So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov saylovda ishlatgan pul haqidagi iddao

Bishkeklik huquq faoli Nurbek To‘qtaqunov 15 noyabrda Feysbukdagi sahifasida amaldagi prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov prezident saylovida rasman e’lon qilinganidan ko‘p mablag‘ xarjlaganini va buni yashirganini iddao qilgan hamda “Jeenbekovdan ham, Atambaevdan ham ko‘ngli qolgan” odam taqdim etgan ro‘yxatni e’lon qilgan edi.

Faolning iddao qilishicha, So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovning saylov shtabi Markaziy saylov komissiyasi e’lon qilgani kabi 158 million 96 ming 175 so‘m emas, balki 1 milliard 170 million 265 ming 187 qirg‘iz so‘mi hamda 6 million 855 ming 700 AQSh dollar, jami bo‘lib taqriban 17 million dollar pul sarflagan.

Nurbek To‘qtaqunov fikricha, bu holat prezidentga impichment e’lon qilish uchun asos bo‘la oladi. Shuning uchun ham u huquq organlaridan bu hujjatlarni tekshirishni talab qilmoqda.

Prezident matbuot kotibi Tolgonay Stamalieva esa ma’lumotni feyk deb atadi. Biroq prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovning saylov shtabini boshqargan Farid Niyozov bu ma’lumot “haqiqatga yaqin”, deb aytdi.

Jeenbekov hokimiyat tepasiga kelganidan keyin, Atambaevning yaqin maslakdoshlari bo‘lgan sobiq bosh vazirlar Sapar Isaqov hamda Jantoro Satibaldiev korrupsiyada ayblanib qamoqqa olindi, Atambaevga yaqin bo‘lgan boshqa bir necha rasmiy ishdan olindi.

Shundan so‘ng So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov bilan o‘tgan yili prezidentlikni topshirgan Almazbek Atambaev o‘rtasidagi munosabatlar sovub ketgani aytiladi

XS
SM
MD
LG