Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:50

Lotin alifbosiga Karimov kiritgan o‘zgartishlar yana asl holiga qaytarilmoqda


Alifboni isloh qilish yuzasidan bildirilgan takliflar qabul qilinsa, peshlavhadagi so‘zlar ancha qisqaradi.
Alifboni isloh qilish yuzasidan bildirilgan takliflar qabul qilinsa, peshlavhadagi so‘zlar ancha qisqaradi.

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi ayrim harflarni o‘zgartirish taklifi yuzasidan jamoatchilik orasida so‘rov boshlanganini Ozodlik “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazidan so‘rab bildi.

Alifbodagi bir necha harfni o‘zgartirish taklifi 22 oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bo‘lib o‘tgan “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini keng joriy etish va yanada takomillashtirish muammolari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida o‘rtaga tashlandi.

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi direktor o‘rinbosari, professor Ozod Otamirzaevning 25 oktabr kuni Ozodlikka aytishicha, “maktablar va oliy o‘quv yurtlarining o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchilari hamda talabalar orasida alifboning to‘rtta harfi o‘zgartirilayotganiga ularning munosabatini o‘rganish maqsadida so‘rov boshlangan”.

“Ijtimoiy fikr” markazi Amaliy tadqiqotlar bo‘limi ilmiy xodimi Zafar Nabievdan o‘tkazilayotgan so‘rov to‘g‘risida batafsilroq ma’lumot oldik.

So‘rovga jalb etiladigan taqriban 600 kishining 150 nafari ekspertlar, ya’ni til mutaxassislari hamda 450 nafar oddiy aholi vakillari, savodi lotin yozuvida chiqqan, yoshi 40 qacha bo‘lganlar.

“So‘rov, asosan, aholining lotin yozuvini biladigan qatlami orasida o‘tkazilmoqda. So‘rovga jalb etiladigan taqriban 600 kishining 150 nafari ekspertlar, ya’ni til mutaxassislari hamda 450 nafar oddiy aholi vakillari, savodi lotin yozuvida chiqqan, yoshi 40 qacha bo‘lganlar”.

Alifboda nima o‘zgarayapti?

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘qituvchisi, alifbo islohoti bilan shug‘ullanayotgan ishchi guruh mas’ul kotibi, professor Saodat Muhamedova vaqti ziqligini aytib, Ozodlik savollariga javob berishni istamadi. “Ijtimoiy tarmoqlarda hamma gap borku?!” dedi professor.

Saodat Muhamedova facebookdagi sahifasida 22 oktabrda o‘tkazilgan konferensiya haqida informatsiya berarkan, bunday degan:

Joriy o‘zbek alifbosi va imlosiga kiritilishi zarur bo‘lgan o‘zgarishlar bo‘yicha takliflar konferensiya qatnashchilarining bahs- munozaralariga sabab bo‘ldi. Xususan, joriy alifboda sh, ch, o‘, g‘, ng tovushlarining ifodalanishi bilan bog‘liq holatlar qizg‘in muhokama qilindi.

O’ – Ŏŏ, G‘ – Ğğ, Sh – Şş bo‘ladi, NG esa, alifbodan olib tashlanadi.

Konferensiya ishtirokchisi Shahnoza To‘raxo‘jaevaning xabar qilishicha, O’ – Ŏŏ, G‘ – Ğğ, Sh – Şş bo‘ladi, NG esa, alifbodan olib tashlanadi. Bundan tashqari "S" harfi alifboga "J" bo‘lib kiryapti (jo‘ja – cŏca). Yana J harfi ham qolyapti (jurnal, jyuri). Ya’ni endi ikkita J bo‘ladi!

Lekin, bu o‘zgarishlar hali uzil-kesil qabul qilingan qaror emas. So‘nggi qarorni Oliy Majlis Senati qabul qilajagi xabar qilindi.

Joja Jola

So‘nggi qaror qanday bo‘lishi noma’lum qolayotgan shu kunda o‘zgarayotgan harflar muhokamasi ijtimoiy tarmoqlarda qizimoqda.

Tvitterdan foydalanuvchilardan birining “…g‘irt turkcha alifboni olishdi. Jondagi J uchun C, Jurnaldagi J uchun J! Koka-kolani bolalarimiz Joja Jola deb o‘qishadi”, degan kinoyasiga boshqa bir foydalanuvchi “Andicon deyilsa Ispaniyadagi birorta provinsiyaga o‘xshab eshitilarkan”, deb javob berdi.

Lotin alifbosiga o‘tishga asos bo‘lgan qonun

1993 yil, 2 sentabrda O‘zbekiston Respublikasining «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi Qonuni e’lon qilingan. Yangi o‘zbek alifbosi 31 harf va bir tutuq belgisi (apostrof)dan iborat deb belgilangan edi.

Birinchisini o‘zgartirgan ikkinchi qonun

1995 yilning 6 mayida O‘zbekiston prezidenti “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonunni imzoladi va shu hujjat bilan endilikda bekor qilinishi kutilayotgan “qo‘shaloq” harflar joriy qilindi. Masalan, birinchi qonun bo‘yicha, kirilchadagi "Sh" hozir taklif qilinayotganiday Ş bilan (Turkiya turklarinikiday) berilgan bo‘lsa, ikkinchi qonunga binoan Ş Sh ga aylantirilgan.

Qabul qilinganiga ikki yil ham to‘lmagan qonunga bunday o‘zgartish kiritilganini tahlilchilar prezident Karimovning siyosiy hadiklari bilan bilan bog‘laydi.

Masalan, O‘zbekiston parlamentining eks-deputati Jahongir Muhammad Ozodlikka bunday dedi:

Turkiyadan talabalar chaqirtirib olindi, turk bizneslari yo‘li to‘sildi va jumladan, Turkiya turkchasiga yaqin bo‘lgan o‘zbek alifbosi ham "jazolandi".

"1994-1995 yillarga kelib Islom Karimov Turkiyani eng katta tahlika deb bildi. Siyosatning hamma "qilich"lari shu "tahlikani" kamaytirishga qaratildi. Turkiyadan talabalar chaqirtirib olindi, turk bizneslari yo‘li to‘sildi va jumladan, Turkiya turkchasiga yaqin bo‘lgan o‘zbek alifbosi ham "jazolandi". Bu yerda Moskvaning har doimgidek "ko‘rinmas qo‘li" ham bor edi. Xullas, nima bo‘lganda ham, bu siyosiy qadam edi va o‘zbek tiliga, o‘zbek xalqiga qimmatga tushadigan qadam edi. Shunday bo‘ldi ham".

Ikkinchi qonundan voz kechib, birinchisiga qaytmoqchilar?

Endilikda esa, 1995 yil 6 mayda imzolangan qonun asosidagi alifbodan voz kechib, deyarli dastlabki variant - 1993 yil 2 sentabrda tasdiqlangan alifboga qaytmoqchilar.

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini keng ommalashtirishdagi hamda lotin yozuvidagi kitoblarni chop etishdagi muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari kabi dolzarb masalalar mavjud.

Bu qaytishni kuni kecha o‘tkazilgan konferensiyani uyushtiruvchilaridan biri, professor Saodat Muhamedova “lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini keng ommalashtirishdagi hamda lotin yozuvidagi kitoblarni chop etishdagi muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari kabi dolzarb masalalar”ni hal qilish zarurati bilan izohlamoqda.

O‘zbeklar 18 yil oldin lotinga o‘tib bo‘lishi kerak edi. O‘tmadi. Yangi muddat belgilandi

Dastlabki qonun qabul qilinganidan qariyb 9 oy o‘tgach, 1994 yilning 16 iyunida “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini amalga oshirishni ta’minlash yuzasidan Davlat dasturi qabul qilingan.

Dasturda belgilangan tadbirlarni bajarish uchun ajratilgan muddatlarning eng kechi 2000 yil qilib ko‘rsatilgan. Ya’ni O‘zbekiston bundan 18 yil muqaddam to‘la yangi alifboga o‘tib bo‘lishi lozim edi. Biroq hanuz ikki yozuvchli davlat bo‘lib qolmoqda. Ayrim ekspertlarning fikriga ko‘ra, bugungi kunda respublikada barcha adabiyotlarning 70 foizi kirill yozuvida chop etilmoqda.

Endilikda O‘zbekiston hukumati lotin yozuvidagi alifboga 2021 yilga qadar o‘tishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi 2018 yil, 15 mayda tasdiqlagan “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini keng joriy etish va yanada takomillashtirish bo‘yicha Harakatlar rejasi”da aytilgan.

Masalaning yana bir qiziq jihati

Gapni “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi ayrim harflarni o‘zgartirish taklifi yuzasidan jamoatchilik orasida so‘rov boshlagani to‘g‘risidagi xabardan boshlagan edik.

Qizig‘i shundaki, so‘rovni o‘tkazayotgan markaz direktor o‘rinbosari, professor Ozod Otamirzaev Ozodlik savollariga javob berarkan, shaxsan o‘zi kirill yozuvi asosidagi alifbo tarafdori ekanligini yashirmadi.

- Bugungi yoshlar kirillitsani bilmaydi. Natijada ular to‘plaganimiz katta ilmiy potensialimizdan foydalana olmay qolib ketdi.

- Bugungi yoshlar kirillitsani bilmaydi. Natijada ular to‘plaganimiz katta ilmiy potensialimizdan foydalana olmay qolib ketdi. Endi kirillitsaga qaytish qiyin, buning uchun juda katta pul kerak bo‘ladi,- dedi professor Otamirzaev.

XS
SM
MD
LG