Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:41

Bir oylik pullik xizmatga chaqirilganlar harbiy tayyorgarlik o‘rniga paxta termoqda


 Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Ozodlikka mamlakatning turli viloyatlaridan bo‘lgan murojaatlarga ko‘ra, bir oylik harbiy xizmatga chaqirilganlar paxta terimiga jalb qilinmoqda. Mudofaa vazirligi matbuot xizmati bu holatga oydinlik kiritish haqidagi Ozodlik so‘rovini javobsiz qoldirdi.

“Olmaliqdagi 1 oylikka chaqirilganlarni paxta terimiga jalb qilmoqda. Majburlab paxtaga olib ketishayapti. Shaxsan meni ham chaqirishdi. Qochib yuribman”, deya yozdi ismini oshkor qilsa, tazyiq bo‘lishidan qo‘rqqanini aytgan olmaliqlik yigit.

Ayni shu sabab ismi ochiqlanmasligini so‘ragan samarqandlik yigit esa o‘zini mudofaa bo‘limiga aldab chaqirishganini aytadi.

“Meni armiyaga olib ketishayapti. Hozir voenkomatdaman. Aldab chaqirtirishdi. “Hujjatlaring kerak”, deb chaqirtirishdi. Kelsam, hech qaerga chiqartirmay ushlab o‘tirishibdi. Bugun olib ketarkan. Paxta terarkanmiz”, deya yozdi samarqandlik yigit.

Buxorolik yigit ham 24 sentabr kuni Ozodlikka ayni shu haqda xabar yo‘llab, 1 oylik harbiy xizmatga chaqirilganlar paxta dalasida “xizmat” qilayotgani haqida yozdi.

“Buxoro tumani Mudofaa ishlari bo‘limida xizmat qilayotgan bir guruh harbiylar Qorovulbozor tumaniga paxta terimiga yuborildi. Tanishim bir oylik xizmatga pul to‘lagan edi, uni ham guruhi bilan paxtaga jo‘natishdi. Yigitlar harbiy xizmat uchun otning kallasiday pul to‘lab, paxta dalasida “xizmat” o‘tamoqdalar..”, deydi ismi ochiqlanishini istamagan buxorolik yigit.

Xuddi shu mazmundagi xabar Ozodlikka Xorazm va Farg‘onadan ham keldi. Yigitlarning yozishicha, ular bir oylik harbiy chaqiruv uchun to‘lov (3 418 812 so‘m)ni oldindan to‘lab qo‘yishgan va ularga bir yil davomida navbat kelgach, xizmatga chaqirilishi haqida avvaldan aytilgan bo‘lgan.

Ozodlik vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Olmaliq shahar Mudofaa ishlari bo‘limiga murojaat qildi. Bo‘limning o‘zini tanishtirmagan mulozimi 1 oylik xizmatga chaqirilganlar paxtaga chiqarilgani haqidagi xabarni inkor qilmagan holda bu borada viloyat boshqarmasiga murojaat qilishni maslahat berdi.

Toshkent viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ayni paytda viloyat bo‘yicha 542 nafar yigit bir oylik harbiy xizmatga chaqirtirilgan.

“Biz 1 oylikka chaqiriltirilganlarni Sirdaryodagi 532-harbiy chastga tashlab kelamiz. Keyin nima bo‘lishini ulardan so‘rash kerak”, dedi o‘zini tanishtirishni istamagan boshqarma xodimi.

Sirdaryo viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 532-harbiy qism yangi tashkil qilingan bo‘lib, qismning telefon raqami hali ularga berilmagan.

Ozodlik Samarqand, Buxoro va Farg‘onadagi mudofaa bo‘limlari bilan bog‘landi. Rasmiylar 1 oylik harbiy xizmatga chaqirilganlarning paxtaga chiqarilishi sababi haqidagi savolga javob olish uchun yuqori tashkilotlarga murojaat qilishni tavsiya etdi.

“Siz yaxshisi Mudofaa vazirligidan so‘rang bu haqda. Men bu borada hech narsa deya olmayman. Mening vakolatimga kirmaydi”, dedi jumladan, Farg‘ona viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasining xodimi.

Ozodlik Mudofaa vazirligining matbuot xizmati bilan bog‘lanib, bir oylik harbiy xizmatga chaqirtirilganlarning paxta terimiga jalb qilinayotganiga izoh so‘radi.

Matbuot xizmati xodimi 30 daqiqa ichida vaziyatni o‘rganib javob berishni va’da qildi¸ ammo yarim soatdan keyin qilingan o‘nlab qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

O‘zbekiston armiyasida Muddatli harbiy xizmatdan (MHX) tashqari Safarbarlik chaqiruv rezervidagi (SChR) xizmat turi ham mavjud.

SChRga xizmatga chaqirilganlar bir oylik harbiy xizmatda bo‘lish bilan birga davlatga 3 418 812 so‘m to‘lashi lozim.

Oldingi yillari SChR xizmatiga qabul qilingan fuqarolar tomonidan to‘lanadigan pul badali eng kam oylik ish haqining 27,5 barobarini tashkil etardi.

O‘zbekiston Prezidentining 2018 yilning 2 fevraldagi farmoniga muvofiq, SChR xizmatiga qabul qilingan fuqarolar to‘laydigan pul badali 5 fevraldan boshlab kamaytirib, eng kam oylik ish haqining 20 barobari etib belgilangan.

Bir oylik harbiy xizmatga chaqirilganlar nega davlatga pul to‘lashi kerakligi borasida Ozodlik o‘z vaqtida yoritgan edi.

Joriy yil iyul oyida Oliy Majlis Senati 1 oylik harbiy xizmatni tugatishni taklif qildi.

Senatorlar oilalarning ijtimoiy va moddiy holatini baholash to‘g‘risidagi nizomning yo‘qligi, safarbarlik chaqiruv rezervida bir oylik xizmatni o‘tash uchun badal pulini joriy etishda korrupsiya va boshqa qonunbuzarliklar uchun juda qulay sharoit yaratib berayotganiga e’tibor qaratdi.

Shuningdek, senatorlar bir oylik harbiy xizmatdagi ta’lim uslublarini ham tanqid ostiga olib, ularning zamon talablariga mos kelmasligini ta’kidlashgan.

XS
SM
MD
LG