Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:05

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi ishchilari ish o‘rinlari yoppasiga qisqartirilayotganidan norozi


Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi

Zavodning 6- sexida mahsulot operatori bo‘lib ishlaydigan 24 yashar Jahongir uchun 19 sentabr - oxirgi ish kuni. Ishdan bo‘shatilishi to‘g‘risidagi rasmiy ogohlantiruvni 19 iyulda olgan Jahongir o‘zi kabi yoshlarning ishdan bo‘shatilayotganini prezident Mirziyoevning yoshlarga oid siyosatiga zid, deb hisoblamoqda.

Zavod mulozimi qisqartishlar bo‘layotganini tan olar ekan, bu jarayonning qonun doirasida ketayotganini aytish bilan cheklandi.

Фарғона нефтни қайта ишлаш заводи ишчилари оммавий қисқартирилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:21 0:00
Бевосита линк

Jahongir (ismi o‘zgartrilgan - tahr.) bilan u prezident nomiga yozilgan murojaatni Ozodlikka yuborganidan so‘ng gaplashdik.

“19.07.2018 yil kuni bizni ham FNQIZninig kadrlar tayyorlash bo‘limiga kirishimiz xaqida so‘raldi. Kadrlar tayyorlash bo‘limida bizga ish o‘rinlarini qisqarishi munosabati bilan FNQIZ bilan tuzilgan ikki tomonlama o‘zaro shartnoma 2 oydan so‘ng ya’ni 19.09.2018 yil kuni bekor qilinishi haqida OGOHLANTIRISH XATIni qo‘limizga tutqazishdi. Axir biz o‘z yo‘nalishimiz va mutaxassigimiz bo‘yicha o‘z soxamizda mexnat qilmoqdamiz-ku?!” deyilgan zavod ishchilaridan kelgan xatda.

(Prezident nomiga bitilgan arznomadan olingan parchalar tahrirsiz berilmoqda)

FNQZ Yoshlar ittifoqi kengashi a’zolaridan kelgan xatning 1- beti
FNQZ Yoshlar ittifoqi kengashi a’zolaridan kelgan xatning 1- beti

Jahongirning Ozodlik bilan suhbat chog‘ida aytishicha:

“Kimning ish staji oz bo‘lsa, o‘sha qisqartirilmoqda. Oilasida yolg‘iz boquvchimi, oliy ta’lim muassasasida o‘qib, kontrakt puli to‘layaptimi – bularni hisobga olishmayapti. Masalan, men bu yil o‘qishga kirdim. Shuni aytsam ham, quloq solishmadi. Nima uchun pensiya olayotganlar ishda qolib, biz yoshlar bo‘shashimiz kerak?!”.

Jahongir “zavodda 5 ming nafarga yaqin ishchi-xizmatchi borligi, rahbarlari 3 ming kishi qolib, qolganlari qisqartirilishi” to‘g‘risida gapirganini aytdi.

Bu raqamlarning chin-soxtaligini zavod rahbariyatidan aniqlashning imkoni bo‘lmadi.

FNQZ kadrlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik savoliga javoban qisqartirish jarayoni ketayotganini e’tirof etdi.

Biroq bu jarayonning ko‘lami to‘g‘risida ma’lumot bermadi.

Mulozimning aytishicha, qisqartirishlar zavodda ishlab chiqarish hajmi qisqarib ketgani bilan bog‘liq.

“Butun dunyoda neftga bo‘lgan talab qisqaryapti-ku, bizdagi ahvolniyam shu holat bilan izohlash mumkin”, deb vaziyatni tushuntirgan bo‘ldi FNQZ kadrlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi.

Zavodning boshqa rahbarlari bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Zavod direktorining mafkuraviy, ma’rifiy, ijtimoiy va umumiy masalalar bo‘yicha o‘rinboasri Nazir Teshaboev ushbu lavha hozirlanayotgan kuni (6 sentabr) viloyatning Qo‘shtepa tumanida paxta terimi bilan bog‘liq tashkiliy ishlar bilan band ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Zavodning 19 sentabr kuni ishdan bo‘shatiladigan ishchisi Jahongirning aytishicha, FNQZ Yoshlar ittifoqi kengashining 18 a’zosi imzolagan, lekin Kengash raisi imzolmagan murojaatnoma hali prezidentga jo‘natilgani yo‘q:

“Men bu xatni viloyat prokuraturasiga o‘qittirdim. Shahar hokimiyatining kotibiga o‘qittirdim. Keyin meni qabulga yozdirib qo‘yishdi. Kelasiz, masalangiz balki hal bo‘lar, bo‘lmasa, boshqa ish topishingizga to‘g‘ri keladi, deyishdi. Prezident Ozodlikdan o‘qir, deb arznomamizni sizlarga jo‘natdik”.

FNQZ Yoshlar ittifoqi faollari nomidan prezident Mirziyoev nomiga bitilib, Ozodlikka kelgan xatda, jumladan, mana bunday deyilgan:

“SIZ JANOBI OLIYLARItomonidan biz yoshlarga oid chiqargan qarorlaringizning ijrosi shu tarzda davom ettirilsa yoshlarimiz o‘rtasida huquqbuzarlik, yoshlarning ishsizlik darajasining keskin ortib ketishi, pul topish ilinjida jinoyat yo‘liga kirishlik, chet elga mexnat qilish uchun ketishlik avj olmaydimi?!”

Prezidentga murojaat qilganlarning yozishicha, zavodda bir tomondan qisqartirish ketmoqda, ikkinchi tomondan esa, zavod direktori ish so‘rab kelayotganlarni shaxsan qabul qilmoqda.

“Xuddiki biz yoshlarning ko‘zimiz ko‘r qulog‘imiz kar, xech narsani bilmaymiz, eshitmaymiz. FNQIZ da xar oyning oxirgi payshanba va juma kunlari ish so‘rab murojaat qilgan fuqarolarni direktorimizning shaxsan o‘zlari qabul qilishadi. Bunday xolat xozir xam davom etmoqda... Xo‘sh bir o‘rinli savol tug‘iladi. Nega va yana nima uchun?! Korxonamizda ish o‘rnini qisqartirish masalasi avj olgan bir paytda nega chetdan fuqarolarni ishga qabul qilish ishlari davom etmoqda.?! Yoki biz korruptsion jamiyatda yashayapmizmi?! Bundan tashqari OLTIARIQ NEFTNI QAYTA IShLASh ZAVODI dan bir necha nafar ishchi-xodimlar FNQIZ ga ishga qabul qilinganliklari fikrimizni yaqqol namoyondasidir. Agar fikrimiz yolg‘on bo‘lsa bemalol FNQIZ ning tashqi kirish bo‘limiga o‘rnatilgan kuzatuv kameralarida yoki Kadrlar Tayyorlash Bo‘limida chiqarilayotgan buyruqlarda xam ko‘rish mumkun”

FNQZda shu kunlarda davom etayotgan qisqartirish jarayoni so‘nggi bir yildan beri o‘tkazilayotgan ikkinchi jarayondir.

Har holda 2017 yilning mayida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining Pop terminalida ishlab kelgan 500 nafarga yaqin kishi doimiy ishidan ommaviy ravishda bo‘shatilgani va ularga kasanachilik ishlari taklif etilgani to‘g‘risida ishchilarning murojaatlariga tayanib, mahalliy nashrlar xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG