2023-yilda O‘zbekiston va Yevropa o‘rtasida muloqotlar faollashgani kuzatildi.
Yevropa poytaxtlari bilan muloqotlarning faollashishiga Mirziyoyev ning bir umr hokimiyatda qolishiga yo‘l ochgan ziddiyatli konstitutsiyaviy referendum va yevropalik kuzatuvchilarning o‘zi tanqid qilgan bahsli prezident saylovlari ham to‘siq bo‘la olmadi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini bois yil davomida Markaziy Osiyoga dunyo e’tibori ortarkan, O‘zbekiston hukumati mintaqada ham faol ko‘rinishga harakat qildi.
Prezident Mirziyoyev G‘arb poytaxtlariga birin-ketin safarlarida, Kremlning oshib borayotgan bosimidan himoya, o‘sayotgan tashqi qarz yukidan qochish uchun dastak izlagani aytildi.
Bularning hammasi O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligiga bosimlar, tanqidchi bloger, faollar va muxoliflarga qarshi ta’qiblarning kuchayishi, hokimiyatning yuqori doiralaridagi korrupsiyaga doir yanada ko‘proq faktlar yuzaga chiqishi manzarasida yuz berdi.
Referendumni “yutgan” G‘arb
2023-yilda Mirziyoyev Yevroittifoqning qator davlat rahbarlarini O‘zbekistonda kutib oldi, o‘zi ham qator G‘arb davlatlari, jumladan,AQSHga safar qildi. BMT minbaridan turib nutq so‘zladi.
O‘zbekiston rahbari oldingi ikki prezidentlik muddatini nollashtirib, uchinchi va to‘rtinchi muddat prezidentlikka yo‘l ochgan bahsli Konstitutsiyaviy referendum o‘tkazilgan kunning ertasiga Berlinga bordi.
Shu yilning 30-aprel kuni o‘zbekistonliklar mamlakat tarixidagi uchinchi konstitutsiyaviy referendumda ovoz berishdi.
65 foiz yangilangan Konstitutsiya 65 yashar prezidentning 2 muddatini nollashtirdi - 13 yil bosh vazir, ikki muddat prezident bo‘lgan Mirziyoyev ga 2037-yilgacha yoki amalda umrbod hokimiyatda qolish imkonini taqdim qildi.
Garchi muxolif va tanqidchilari, Shavkat Mirziyoyev har jihatdan avtoritar Islom Karimovga o‘xshab borayotganini bot-bot aytishsa-da, G‘arb hukumatlari bu referendumni sokingina tan oldi.
Xususan, AQSH davlat kotibi Entoni Blinken, prezidentlik muddatini nollashtirgan referendum oldidan - 1-mart kuni Toshkentda bo‘lib, prezident Mirziyoyev bilan yopiq eshiklar ortidagi muzokaralar o‘tkazdi.
Muzokaradan so‘ng Ozodlikka eksklyuziv intervyu bergan Toshkentdagi AQSH elchisining maslahatchisi Aleksis Sallivan “har bir davlat o‘z kelajagini o‘zi belgilashi kerak” deya izoh berdi:
"Qo‘shma Shtatlar har bir davlat o‘z kelajagini o‘zi belgilashi kerak deb hisoblaydi. AQSH hukumati qator boshqa sohalarda bo‘lgani kabi, Mirziyoyev boshlagan turli sohalardagi islohotlar borasida yaqindan hamkorlik qilmoqda. Mirziyoyev ning o‘zi ta’kidlagan, bu islohotlar ortga qaytmasdir va xalq farovonligini oshirishni maqsad qilgan. Vashington bu borada barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishda ishonchli hamkor sifatida ko‘ramiz. Konstitutsiyaviy islohotlar, bu to‘g‘ridagi muhokamalarga keladigan bo‘lsak, biz har bir davlatning o‘z kelajagini o‘zi belgilash huquqiga ega, deb ishonamiz".
Mintaqaning “islohotchi” rahbari
Islom Karimov davrida O‘zbekiston va Markaziy Osiyoga nisbatan ma’nili siyosati yo‘qligi uchun tanqid qilingan Yevropa uchun, tahlilchilar fikricha avtoritar rahbarlarning o‘limi bir navi "imkoniyat darichasidir".
2016-yil sentabrida Islom Karimov o‘limidan so‘ng ham shunday bo‘ldi.
Yevropa, xususan, uning ikki yetakchi davlati bo‘lgan Germaniya va Fransiya O‘zbekistonning yangi rahbari Shavkat Mirziyoyev ning Karimov merosidan masofalanishga qaratilgan qadamlarini olqishladi va uning siymosida ehtiyotkorlik bilan harakat qilayotgan "islohotchi"ni ko‘rdi.
Ammo oradan yetti yil o‘tib, Yevropa poytaxtlarida Mirziyoyev "islohotlari"dan umid uncha katta emas.
“Aslida Mirziyoyev ning avvalgi faoliyati va biografiyasini inobatga olgan holda, u prezidentlikka kelganida biz ekspertlar va siyosatchilar biroz ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lgandik. Keyin esa u islohotlar tashabbusi bilan chiqdi va demak, yaxshi o‘zgarishlarni boshlash niyatida, deb umid qila boshladik. O‘ylashimcha, bizning siyosatchi rahbarlarimizda ham shunday taassurot bo‘lgan. Ammo, keyinchalik hammaning biroz hafsalasi pir bo‘ldi. Chunki, islohotlar kutilgani kabi tez bo‘lmadi va yana qator muammolar o‘rtaga chiqdi”, deydi Berlindagi Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchi Beata Ishment.
Mirziyoyevni “tushungan” Parij
2022-yil kuzida prezident Mirziyoyev bilan Parijga safar qilgan o‘zbek delegatsiyasi mulozimlari Ozodlik muxbiri bilan o‘zaro muloqotlarda, rasmiy Toshkent Parijdan O‘zbekistonning bugungi vaziyatiga "tushunish bilan yondashishni so‘rayotganini aytishgadi.
O‘zbek rasmiylari, G‘arbning mislsiz sanksiyalari ostida qolgan Rossiyaning Markaziy Osiyoga ortib borayotgan bosimini urg‘ulashgan.
Kremlning istalgan paytda, Rossiyada yurgan millionlab mehnat muhojiri yoki energetik resurslar ustidan Toshkentni qisuvga olishi mumkinligidan xavotir bildirgan edi.
Ozodlikka ismi ochiqlanmaslik sharti bilan gapirgan rasmiylar Parij rahbariyati bu vaziyatni tushungani va O‘zbekistonga yordam qo‘lini cho‘zganini aytishgan.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov esa Ozodlik bilan intervyuda buni tasdiqlagan edi.
O‘zbekiston izlagan “tushunish” ishoratlari 2023-yil davomida Yevroittifoqning qator poytaxlarida o‘tgan uchrashuvlarda ko‘rindi.
Xususan, 2023-yilning 2-noyabrida Toshkentga safar qilgan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Shavkat Mirziyoyev bilan o‘zaro samimiy lahzalari aks etgan qator tadbirlarni o‘tkazdi.
Rahbarlar keng tabassum bilan qo‘l siqishar ekan, o‘zbek rasmiy matbuoti, bu orada biznes doiralari g‘arb shirkatlari bilan energetika, logistika, axborot texnologiyalari, meditsina, turizm kabi qator sohalarda bir necha 10 milliard yevrolik kelishuvlar imzolanganini xabar qilishda davom etdi.
Tabiiy, o‘zbek hukumati matbuotga aytayotgan hamkorlikka oid raqamlarning qanchasi muhr urilgan kelishuvlarga ko‘chadi-yu qanchasi amalga oshirilgan real loyihaga aylanadi - bu yillar davomida ochiq qolayotgan yana bir alohida bahsli masala.
Kreml bilan “orachi”
2023-yilda kuzatilgan yana bir qiziq jihat - G‘arb rahbarlari bilan muloqotlardan oldin yoki keyin Mirziyoyev ning Rossiya rasmiylari yohud bevosita prezident Putin bilan o‘tgan muloqotlari bo‘ldi.
Shaxsan Shavkat Mirziyoyevning o‘zi bu yil ikki marta Rossiyaga safar qildi.
Shu yil 5-6-noyabr kungi safarida esa Moskvadagi noma’lum rus askari xotirasiga hurmat bajo keltirdi. O‘zbek mulozimlariga bosh bo‘lib, Moskvadagi maydonda qisqa yurish ham qildi.
Moliyaviy aspekt
Rasmiy Toshkent Yevropa poytaxtlarida siyosiy tushunish bilan birga iqtisodiy va moliyaviy dastak ham izlamoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, Mirziyoyev ijtimoiy-iqtisodiy sohada rejalayotgan islohotlari uchun G‘arbning moliyaviy dastagiga muhtoj.
Bu dastak O‘zbekistonning tashqi savdodagi ikki yirik sherigi - Xitoy va Rossiya sarmoyalari o‘rnini bosolmaydi, ammo salmoqli. Ayniqsa, savdo imtiyozlari va texnologiyalar sohasida.
2023-yilda O‘zbekiston so‘nggi 20 yilda birinchi marta Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining yillik anjumaniga mezbonlik qildi.
Shu yil 16-18-may kunlari Samarqandda o‘tgan anjumanda YTTB 32-yillik yig‘ini boshqaruvchisi sifatida taqdim qilingan O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining endilikda sobiq rahbari Sardor Umurzoqov g‘arb moliya institutlarini O‘zbekiston sarmoya kiritish uchun eng qulay va xavfsiz davlat ekaniga ishontirishga urindi.
YTTB ekspertlari 2017-yilda xalqaro moliya institutlariga eshigini ochgan O‘zbekistonni iqtisodiy jihatdan istiqbolli davlat sifatida baholaydilar.
Samarqanddagi tadbirda ularning aksari o‘zbek tomoni va’dalariga ishonch bildirdi.
Garchi, ayrim xalqaro investorlar va ekspertlar, O‘zbekistonda biznes muhitining hanuz shaffof emasligi, xususiy sektorda asosan hukumat mulozimlariga afillangan biznes yetakchilik qilayotgani, hukumatning esa ularning manfaatini himoya qilishi keng tarqalganini aytishadi.
Jahon banki esa o‘tgan yilgi hisobotida O‘zbekistonda oligarxiyalashuv kuchayib borayotganidan ogohlantirgandi.
Bunday iddaolarga YTTB bosh iqtisodchisi keskin qilib, “bo‘lishi mumkin emas” deb javob bergan:
“Biz bu masalada juda qat’iy munosabatdamiz. Ya’ni siyosatga aralashgan shaxslarga har qanday ko‘rinishda aloqasi bo‘lgan shirkatlar bilan mutlaqo ishlamaymiz. Bunday shaxslar boshqaruv kengashida, menejmentda bo‘lgan, benefitsiari bo‘lgan, qarindosh yoki oilaviy aloqalarini ishga solgan yoki hokimiyatdagi hozirgi yoki avvalgi siyosiy aloqalarini ishga solishdan foyda ko‘rgan shaxslarga aloqador biznes vakillari bilan ishlamaymiz. Albatta, bu biz ishlashimiz mumkin bo‘lgan shirkatlar sonini cheklaydi hatto. Ya’ni, odatan yirik shirkatlar emas, balki o‘zini o‘zi yaratgan biznes vakillari bilan ishlaymiz. Biz buning uchun maxsus tekshiruvlar o‘tkazamiz va maxsus guruhimiz tekshiruvi bilan korrupsiya va siyosatdan holi biznes vakillarini tanlaymiz. Bunda biror shubhani e’tibordan chetda qoldirmaymiz”, degandi YTTB bosh iqtisodchisi Erik Livni.
2023-yilda Ozodlik va hamkorlari o‘tkazgan qator jurnalistik surishtiruvlar shubhali biznes aloqalari hukumatning eng yuqori doiralari, shaxsan prezident Mirziyoyev oilasi a’zolariga ham borib taqalishi, ayniqsa energetika sohasidagi biznes aloqalar tizgini Kremlga tutashganini o‘rtaga chiqardi.
2023-yil yakuniga kelib esa, O‘zbekiston gaz sektori tafsilotlari jamoatchilikdan berkitilgan yangi shartnomalar bilan, yana 15 yilga Rossiyaning “Gazpromi” shirkatiga bog‘lab qo‘yildi.
"Rossiya gazi importi haqida gapirsak, ha, bu Qozog‘iston orqali o‘tadi - bu muammo emas. Bu yerda muammo - O‘zbekistonning ichki energiya balansida. O‘zbekiston hozir sanoatlashtirishning yuqori sur’atlarida, ayni paytda energiya iste’moliga ehtiyoj yuqori va tabiiy gaz resurslari cheklangan sharoitda. Ilgari zaxiralar ko‘p edi, ammo tobora kamayib bormoqda. Ya’ni, gaz import qilish istagi asosli. Lekin, siz uzoq qo‘shningiz Rossiyadan emas, balki eng yaqin qo‘shningiz Turkmanistondan gaz olishingiz mantiqan to‘g‘ri bo‘lardi. Bu yerda asosiy savol shuki: Rossiya qanday siyosiy bosim o‘tkazdiki, O‘zbekiston gazni bir qadam qo‘shnisi Turkmanistondan emas, balki Rossiyadan olmoqda?!", deya savol tashlaydi Markaziy Osiyoda energetik xavfsizlik bo‘yicha ekspert, BMTning Yevropa iqtisodiyoti bo‘yicha komissiyasi maslahatlashuv kengashi a’zosi Jon Roberts.
Ozodlik “Gazprom” shirkati bilan erishilgan kelishuv sharti, sotib olinayotgan gaz narxi va hajmiga oid savollarni O‘zbekiston Energetika vazirligi, xorijiy matbuot bilan ishlashga mas’ul o‘laroq Ozodlikka taqdim qilingan AOKA agentligiga murojaat qildi. Ammo, hanuz javob olgani yo‘q.
“Pretsedent”
Rasmiy matbuot, tomonlar olamshumul yangicha hamkorlik haqida bong urib turgan kezda - tomonlar o‘rtasida muqaddam kuzatilmagan yana bir voqea sodir bo‘ldi.
O‘zbekistonda diniy ekstremizm va radikalizmda ayblanib, qidiruvga berilgan ilk o‘zbekistonlik Muhsinjon Ahmedov Fransiyadan O‘zbekistonga deport qilindi hamda aeroportdanoq qo‘liga kishan solinib, hibsga tashlandi.
Faollarga ko‘ra, bu - geosiyosiy-iqtisodiy muloqotlar iliqlashuvi fonida, G‘arb hukumatlarining O‘zbekistonda inson huquqlari, so‘z erkinligi, sudlov tizimi, hokimiyatning yuqori bo‘g‘inlaridagi korrupsiya kabi qator muammolarga asta-sekin ko‘z yuma boshlaganidan darak beruvchi ilk jiddiy ishoratdir.
“Fransiya xalqaro huquq bilan ziddiyatga kirishmoqda, bir tarafdan. Boshqa tarafdan, bu o‘rinda Fransiyaning O‘zbekiston tomoni bergan axborotga qanchalik ishonishi ham muhim. Aynan Ahmedov ishida fransuzlar O‘zbekiston bergan har bir dalil-isbotga ishonadi, degan fikrdan yiroqman. Lekin, bu erda hozir Fransiya va umuman butun Yevropani xavotirga solatgan tashqi omillar bor. Ya’ni O‘zbekiston Moskva va Xitoyning qattiq ta’siri ostida qolishi mumkin, degan xavotir. Ya’ni, O‘zbekistonga nisbatan geosiyosiy manfaatlar, inson huquqlari borasidagi Yevropa standartlarining pasayishiga turtki bo‘lmoqda. Uzoq muddatda esa bu Yevropaning inson huquqlari himoyachisi sifatida erishgan nufuziga albatta putur etkazadi”, deydi siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomov.
Aksar tahlilchilarga ko‘ra, 2022-yilning fevralida Rossiya Ukrainaga ochgan urush ortidan, butun dunyo, xususan Markaziy Osiyoda ham geosiyosiy muhit tamoman o‘zgargani oqibatidir.
Bu urush, shuhbasiz Markaziy osiyoga e’tiborni oshirdi. Bir tarafda hanuz o‘zini ushbu mintaqaning xo‘jayini ko‘rayotgan Rossiya, yana bir tarafda butun mintaqaga ulkan kreditlar berish orqali qon tomiridek yoyilayotgan Xitoyning ta’siri muttasil oshmoqda.
Tahlilchilar mintaqaga bugungi e’tiborning, o‘tgan asrning 1990-yillari boshidagi sovet ittifoqidan mustaqillikka erishilgan ilk davrga qiyoslamoqda. Ayrimlar esa, mintaqaning 2001-yilda AQSHning Afg‘onistonda kirgan paytidagi vaziyatini yodga olmoqda.
Misol uchun, birgina sentyabr-noyabr oyining o‘zida mintaqa dunyoning o‘nlab davlati, jumladan Turkiya va Eron, rahbarlarini mehmon qildi. Bular orasida, Gaaga tribunali tomonidan hibs olish orderidan keyin uchinchi bor xorijga tashrif qilgan Rossiya prezidenti Putinning o‘rni alohida bo‘ldi.
Diplomatik tadbirlardan bo‘shamay qolgan MO rahbarlarida esa, ayni paytda ulkan tanlov imkoni paydo bo‘ldi.
Tabiiyki, G‘arbning mintaqa davlatlari bilan munosabatlariga Markaziy Osiyoga qatnab qolgan Rossiya, Xitoy va Yaqin sharq rahbarlari bilan siyosiy muloqotlar jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.
Bir tarafdan, Yevroittifoq ham MOdagi rejalarini kengaytirish harakatiga tushdi. Shu yilning iyul oyida "Markaziy Osiyo - YI" sammitida o‘zaro manfaatli hamkorlik haqida gap bordi.
Ikkinchi tarafdan, mintaqadagi manfaatlari uchun kurasharkan, G‘arb davlatlari rasmiylari ham shunday vaziyatning yuzaga kelishi sabab bo‘lgan asl muammo - Rossiya bosqini va unga nisbatan sanksiyalar masalasini biroz unutganday bo‘ldi.
"Oson bo‘lmayapti"
Faollar ketma-ket ikki urushga guvoh bo‘layotgan dunyodagi vaziyat qanchalik taranglashmasin, G‘arb hukumatlari O‘zbekiston kabi davlatlar bilan muloqotda inson huquqlari va so‘z erkinligi prinsiplardan toymasligi kerak, aks holda bu aynan O‘zbekiston misolida, og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin, deb ogohlantirmoqda.
Bundaylarga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev hozirdanoq davlat boshqaruvida o‘zidan avvalgi avtoritar rahbar - tarixga diktator nomi bilan kirgan Islom Karimov izidan og‘ishmay ilgarilamoqda.
2023-yilda buning isboti o‘laroq yana bir yirik qadamni tashladi - 9 iyulda ortidagi 1 yarim muddatni nollashtirib, uchinchi muddat prezidentlikka saylandi.
Saylanarkan, xuddi Islom Karimov qilgani kabi, prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirib olishni ham unutmadi.
Mirziyoyevning uchinchi muddat prezidentligi fuqarolik jamiyati faollari, blogerlar va dindorlarga nisbatan bosim va hibsga olishlardan boshlangani mamlakat ichkarisi va tashqarisida jiddiy xavotirlarni paydo qilgan.
Faollar Mirziyoyevni hanuz siyosiy muxolifatga yo‘l bermagani, Karimovdan qolgan siyosiy tuzumni isloh qilmagani, qarindosh-urug‘chilik va korrupsiya uchun tanqid qilishadi.
Tarmoqlarda Mirziyoyevning tashqi siyosati Moskvadan masofa saqlashga uringan o‘tmishdoshi Karimov siyosati bilan bot-bot taqqoslanadi. Faollar uni tajovuzkor Moskva bilan juda ham yaqinligi hamda o‘zaro munosabatlarda O‘zbekiston manfaatlarini etarli darajada qat’iylik bilan himoya qilolmayotgani uchun tanqid qilishadi.
Ammo 22-dekabr kuni Toshkentda o‘tgan yig‘ilishda Mirziyoyev o‘zining tashqi siyosatini himoya qildi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi yig‘ilishida gapirgan Mirziyoyevga ko‘ra, dunyoda kuchayib borayotgan keskinliklar manzarasida "O‘zbekiston uchun manfaatli bo‘lgan to‘g‘ri yo‘lni topish oson bo‘lmayapti".
“Ilgari o‘z maqsad va manfaatlarini asosan diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim o‘tkazish, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar yo‘liga o‘tganiga hammamiz guvohmiz. Afsuski, bunday keng ko‘lamli va o‘ta ziddiyatli jarayonlarning ta’siri Markaziy Osiyo mintaqasi va uning tarkibiy qismi bo‘lgan mamlakatimizni ham chetlab o‘tmayapti”, — degan Mirziyoyev .
Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, bunday sharoitda O‘zbekiston “barcha davlatlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish”ga harakat qilmoqda.
Mirziyoyev alohida bir davlat nomini tilga olgani yo‘q, ammo ushbu bayonotdan bir kun avval - 21-dekabr kuni Rossiyaning Toshkentdagi elchisi Oleg Malginov O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga "taklif etilgan"di.