7 yil muqaddam prezidentlikdan voz kechgan Nig‘matilla Yo‘ldoshev xalqqa murojaat bilan chiqdi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

8-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev mamlakatda jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashda jamoatchilikni hamjihatlikka chaqirdi.

Bosh prokurorning murojaati ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilindi.

Yo‘ldoshev o‘z murojaatida 2021-yildan boshlab O‘zbekistonda huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha “mahallabay ishlash” tizimi tadbiq etilgani, jinoyatchilikka qarshi manzilli ish olib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlaydi.

Bosh prokuror o‘z murojaatida mamlakatda yoshlar orasida jinoyatchilikning ortib borayotganiga e’tibor qaratib, “Jinoyat qilib, kelajagingni barbod etma!” shiori ostida o‘smir yoshlar bilan ishlash bo‘yicha alohida tizim yaratilishi ko‘zda tutilganini bayon qiladi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Шавкат Мирзиёев қандай ҳокимиятга келди?

Shuningdek, murojaatda aytilishicha, mamlakatda so‘nggi 3 yil davomida kiberjinoyatchilik holatlari 25 baravarga oshgan.

Bosh prokuror jinoyatchilikka qarshi kurashishning eng samarali usuli jinoyat uchun jazo muqarrarligi prinsipi ekanini ta’kidlab, turli yashirin jinoiy faoliyatlarni fosh etish hamda jabrlangan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish choralari kuchaytirilishiga va’da bermoqda.

U korrupsion holatlarni barataraf etishda jamoatchilik va davlat organlarini o‘zaro hamjihatlikka chaqirgan. Konsepsual xarakterdagi mazkur murojaat barcha media vositalari orqali tarqatilmoqda.

O‘zi korrupsiyada ayblangan Bosh prokuror

2021-yilning 11-dekabrida Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilov ijtimoiy tarmoqlarda videomurojaatlar bilan chiqish qilib, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshevni qator korrupsion jinoyatlarda ayblagan.

Jumladan, Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilov prezident Shavkat Mirziyoyev va prezident administratsiyasining o‘sha paytdagi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinovga murojaat qilib, Yo‘ldoshevni Mega Bukhara savdo majmuasi qurilishi va uning atrofidagi korrupsion sxemalardagi roliga e’tibor qaratishni so‘ragan.

Buxoro shahar prokurori J. Fozilov mazkur obyekt qurilishiga ketgan harajatning bir trillion so‘mdan oshishi, uning aholi va tadbirkorlar hamyoni hisobiga qurilayotgani, bunday jinoiy sxemalar boshida Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va uning jinoiy sheriklari turganligini iddao qilgan.

Jasur Fozilovning ta’kidlashicha, Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev savdo majmuasini qurib, tadbirkorlarga pullayotganlarni “krishevat” qilgan, ularning jinoiy faoliyatini qo‘llab quvvatlagan.

Savdo majmuasidagi jinoyatlarni tekshirishga ahd qilgan shahar prokuraturasidan ishga aralashmasligini so‘ragan. Fozilovning aytishicha, Bosh prokuror unga: «qo‘llab-quvvatlovchilaring ketdi, endi nima qila olasan», deb aytgan.

Prokuror Fozilov o‘z videomurojaatlarida O‘ktam Isayevich (bosh vazirning sobiq o‘rinbosari) va Karim Jamolovichni (Buxoro viloyati sobiq hokimi) esga olib, ular tirik bo‘lganida, bosh prokuror viloyatga yaqinlasha olmasligini ta’kidlagan.

U mazkur holatning prezident administratsiyasining o‘sha paytdagi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddionov boshchiligidagi komissiya tomonidan o‘rganilishini so‘ragan.

Shundan so‘ng Buxoro prokurorining murojaatlari yuzasidan Respublika idoralararo komissiyasi tashkil qilindi, komissiya xulosalari jamoatchilikka e’lon qilinishi aytildi. Biroq komissiya faoliyati va uning xulosalari bo‘yicha boshqa gap ochilmadi.

Shov-shuvli bayonotlari bilan jamoatchilikni junbushga keltirgan prokuror Fozilov avvaliga ishdan olindi, so‘ng lavozimiga qayta tiklandi.

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Bosh prokuratura mulozimi Buxoro shahar prokurorining shov-shuvli chiqishi ortida "bosh prokurorlik kursisi uchun kurashlar" turganini iddao qildi.

Bosh prokuraturaning yuqori martabali xodimiga ko‘ra, hozirda Yo‘ldoshevning birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Bahriddin Valiyev Prezident administratsiyasining o‘sha paytdagi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinovning hokimiyatdagi "ittifoqchilaridan" bo‘lgan.

“Prokuror Jasur Fozilovning “shikoyatimni nima bo‘lsa ham Administratsiya tekshirsin” deb dodlagani ortida ham maqsad bor edi. Agar murojaatni Nizomiddinov tekshirsa, natija chiqardi. Prezident ishga DXXni ham jalb qildi, natijada Valiyevning istagi amalga oshmay qoldi”, deya iddao qildi Ozodlik suhbatlashgan Bosh prokuratura mulozimi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Ниғматилла Йўлдошевнинг ОМ Қонунчилик палатаси ва Сенат қўшма мажлисида қилган нутқи (08.09.2016)

Prezidentlikni Shavkat Mirziyoyevga "sovg‘a" qilgan prokuror

Bundan roppa-rosa 7 yil muqaddam, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining yalpi majlisida mamlakatning o‘sha vaqtdagi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekiston prezidentining vazifa va vakolatlarini vaqtincha bajarish yuklatilgandi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, vaqtinchalik prezident lavozimini egallashi kerak bo‘lgan Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev rahbarlik lavozimlarida yetarli tajribaga ega emasligi sababli bunday vakolatdan foydalana olmasligini aytgan va muvaqqat prezidentlikka Mirziyoyev nomzodini ilgari surgan.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev Islom Karimovning o‘limi e’lon qilingan 2-sentabrdan e’tiboran, Konstitutsiyaga muvofiq, vaqtincha prezident vazifasini bajarishga kirishgani haqidagi rasmiy qayd, na mahalliy matbuot va na biror hujjatda uchraydi.

Ammo Rossiya prezidentining rasmiy vebsaytida Prezident Putin “O‘zbekistonning Vaqtincha prezidenti vazifasini bajaruvchi Nig‘matilla Yo‘ldoshev nomiga” 2016-yil 2-sentabr kuni yo‘llagan Telegramma matni hali ham turibdi.

Oradan qariyb uch yil o‘tib, 2019-yilning 20-iyun kuni Nig‘matilla Yo‘ldoshev O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori etib tayinlandi.

Yo‘ldoshev bunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi lavozimlarida ishlagan.

60 yashar Nig‘matilla Yo‘ldoshev nima uchun xalqqa murojaat qilgani va bu murojaatning nima uchun aynan 8-sentabrda e’lon qilingani sababi tushunarsiz. Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekiston huquq-tartibot idoralariga yaqin manba Yo‘ldoshevning bayonotini "juda ham umumiy va mujmal bayonot" deb ta’rifladi.