Yangilangan hukumatda eski mulozimlar ishlaydigan bo‘ldi

Illyustrativ surat

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 21-noyabr kungi majlisida deputatlar hukumat a’zoligiga nomzodlarni ko‘rib chiqdi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 94-moddasiga muvofiq, prezident taqdimiga binoan Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlarni ko‘rib chiqish va ma’qullash Qonunchilik palatasining mutlaq vakolati hisoblanadi.

Quyi palata matbuot xizmati axborotiga ko‘ra, xalq vakillari hukumat a’zoligiga nomzodlarga mahalliy investorlarga xorijiy investorlar bilan barobar imtiyoz berish, kambag‘allikni qisqartirish, yo‘l-transport hodisalarini kamaytirish, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish, maktablarda ta’lim sifatini oshirishga oid savollar bergan.

“Savol-javob, fikr-mulohazalardan so‘ng hukumat a’zoligiga nomzodlar deputatlar tomonidan ma’qullandi”, deya ma’lum qildi Qonunchilik palatasi.

Ma’qullov ortidan prezident Shavkat Mirziyoyev Vazirlar Mahkamasi a’zolarini tayinlash to‘g‘risida farmonni imzolagan.

Ro‘yxatdan anglashilishicha, hukumat tarkibidagi o‘zgarish bo‘lmagan, bosh vazir o‘rinbosarlaridan vazirlargacha – barchasi o‘z kursisini saqlab qolgan.

Hukumat a’zolari ro‘yxati:

Ochilboy Ramatov – bosh vazir o‘rinbosari;

Jamshid Qo‘chqorov – bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri;

Jamshid Xo‘jayev – bosh vazir o‘rinbosari;

Zulayho Mahkamova – bosh vazir o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi;

Laziz Qudratov – investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri;

Botir Zohidov – kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri;

Ibrohim Abdurahmonov – qishloq xo‘jaligi vaziri;

Shavkat Hamroyev – suv xo‘jaligi vaziri;

Sherzod Hidoyatov – qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri;

Ilhom Mahkamov – transport vaziri;

Jo‘rabek Mirzamahmudov – energetika vaziri;

Bobur Islomov – tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri;

Sherzod Shermatov – raqamli texnologiyalar vaziri;

Aziz Abduhakimov – ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri;

Asilbek Xudoyorov – sog‘liqni saqlash vaziri;

Hilola Umarova – maktabgacha va maktab ta’limi vaziri;

Qo‘ng‘irotboy Sharipov – oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri;

Adham Ikromov – sport vaziri;

Ozodbek Nazarbekov – madaniyat vaziri;

Akbar Toshqulov – adliya vaziri;

Baxtiyor Saidov – tashqi ishlar vaziri;

Abdulla Qo‘ldoshev – favqulodda vaziyatlar vaziri;

Po‘lat Bobojonov – ichki ishlar vaziri;

Bahodir Qurbonov – mudofaa vaziri.

Qonunchilikka muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumatining boshlig‘i O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o‘z lavozimi bo‘yicha kiradi.

Ozodlik parlamentning 20-noyabrdagi yig‘inida Abdulla Aripov uchinchi muddatga bosh vazir etib ma’qullangani haqida xabar bergandi.

Joriy yil 27-oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovi natijalariga ko‘ra qonunchilik va ijroiya tuzilmalari yangi vakolat muddatida faoliyatga kirishmoqda.