Hollandiyada joylashgan Yandex N.V. shirkati o‘z biznesini sotish bo‘yicha investorlar konsorsiumi bilan bitim tuzdi. U Kaliningrad viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan “Yandeks” aksiyadorlik jamiyati nomli xalqaro shirkat egaligiga o‘tmoqda.
Aksiyalarni esa “Konsorsium.Perviy” yopiq paychilar investitsiya fondi oladi. Konsorsium ishtirokchilari – Rossiya “Yandeks”ida qolgan top-menejerlar, ular orasida Rossiyaning sobiq moliya vaziri Aleksey Kudrin ham bor.
Qolganlar – “Lukoyl”, venchur investor Aleksandr Chachava, “Infinitum” depozitariysi bosh direktori Pavel Ross hamda “Gazprom” boshqaruvi raisining sobiq muovini, investor Aleksandr Ryazanovga tegishli turli tuzilmalar. Nazorat paketi birinchi bosqichda ularning hech biriga nasib qilmasa kerak.
Ozodlik rus xizmatining iqtisodiy tahlilchisi, publitsist Maksim Blantning yozishicha, yangi xo‘jayinlarning aksari (balki “Lukoyl”dan tashqari) vaqtinchalik odamlar ekaniga shubha qilmasa ham bo‘ladi. Ular manfaatli taklif bo‘lib qolsa, o‘z ulushlarini sotadilar. Shirkat esa, qo‘ldan-qo‘lga o‘tib turishi bilan bog‘liq barcha holatlarga qaramay, hanuz foyda keltira oladi. Biroq endi u tamom boshqa shirkatga aylanadi, daromad manbalari ham butunlay boshqa bo‘ladi.
“Yandeks” asoschisi Arkadiy Voloj hamda holland shirkati aksiyadorlariga nima tegadi? Bitimning e’lon qilingan qiymati – 475 milliard rubl yoki taxminan 5,25 mlrd dollar. Bu mablag‘ning bir qismi Yandex N.V.ning konsorsium ishtirokchilariga tegishli aksiyalari bilan, qolgani esa pul bilan to‘lanadi, pul bo‘lganida ham Xitoy yuanida.
Holland shirkati hissadorlari, jumladan xorijlik aksiyadorlar zararini tasavvur qilish uchun “dushman” mamlakatlardagi shirkatlar o‘zlarining Rossiyadagi aktivlarini asl bahosidan kamida 50 foiz chegirma bilan sotishlari mumkinligini eslash kifoya. Mazkur holatda shu qoida amal qilyapti. Qolaversa, bitim sotuvchi byudjetga 10 foiz komissiya to‘lashga rozi bo‘lganidan keyingina ma’qullandi.
Iyul oyi oxiriga qadar Yandex N.V. o‘z nomini o‘zgartirishi va “Yandeks”ning barcha brendlaridan foydalanishni to‘xtatishi lozim. Dastavval, shirkat bo‘linishi haqida gap-so‘zlar paydo bo‘lganida Voloj bir qancha bo‘limlarni o‘zida saqlab qolib, ularni chet elda rivojlantirishi aytilgandi. Biroq pirovardida uning Isroil va boshqa mamlakatlarda faoliyat yurituvchi tuzilmalariga faqat 2024-yil oxirigacha amal qiladigan vaqtinchalik litsenziyalar beriladigan bo‘lyapti. Shu vaqt ichida ular o‘z kodlariga o‘tishi kerak.
Voloj hozirdayoq to‘rt yo‘nalishni Rossiyadan chetda rivojlantirmoqda, bular: bulutli texnologiyalar, haydovchisiz transport, sun’iy intellekt hamda dasturchilar uchun onlayn ta’lim yo‘nalishlaridir. Ularda asosan, “Yandeks”ning Rossiyada qolishni istamagan sobiq xodimlari ishlaydi. Isroildagi to‘rt startap bitta tuzilmaga birlashishi ehtimoli ham yo‘q emas. Agar maqsad nisbatan tor segmentga ixtisoslashgan startapni sotish emas, balki yirik Ay-Ti-shirkat yaratish bo‘lsa, bunaqa birlashuvda ma’no bor. Lekin bu shirkatning, agar u rostdan ham paydo bo‘lsa, eski “Yandeks”ga hech bir daxli bo‘lmaydi.
Rossiyada qolgan “Yandeks”ning istiqboliga kelsak, u mamlakatdagi asosiy “qidiruvchi” bo‘lib qolishi va “Yandeks-pogoda”, “Yandeks-karti” yoki “Yandeks-yeda” kabi servislarga e’tibor qaratishi turgan gap. Nomdor shirkat chet eldagi “ishonchsiz paychilar”dan qutulib, davlat buyurtmalariga og‘zi tegadi va G‘arbning dastur va ilovalaridan ko‘chirgan mahsulotlarini Rossiya dasturiy ta’minoti deya byudjetni “o‘zlashtirish”ga o‘tadi.
Davlatning barcha idoralari va strategik muhim tuzilmalari Rossiya dasturlari va ilovalaridan foydalanishi shart, binobarin “Yandeks” puldan qiynalmaydi. Jumladan, Mudofaa vazirligi va boshqa kuchishlatar idoralar ham unga buyurtmalar berib turishi aniq. “Yandeks”ning Rossiyada haydovchisiz transport sohasida qilgan barcha ishlanmalari tez orada harbiylar qo‘liga o‘tishiga shubha qilmang. Bu ishlar davom etadi. Maqsadlar bir oz o‘zgaradi, lekin pul masalasida muammo bo‘lmaydi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Ichki xavfsizlik va o‘zgacha fikrlovchilarga qarshi kurash bilan shug‘ullanuvchi idora esa ushbu “mas’uliyatli” vazifalarni bajarishi uchun zarur ilova-yu servislarni takomillashtirishni so‘raydi. Tekinga emas, albatta. Ijtimoiy tarmoq va messenjerlarda “fitna” hidini seza oladigan neyrotarmoqlar yaratish bo‘yicha ham buyurtmalar bo‘lishi tabiiy. “Yandeks”da bloglar bo‘yicha qidiruv allaqachon bor, demak bu vazifani bajarish qiyin bo‘lmaydi. Bir martalik xizmat vaqti kelib mustahkam o‘zaro aloqalarga aylanadi...
Ammo “Yandeks”dan yorqin ishlanmalar va innovatsion yangiliklarni kutmagan ma’qul. Jamoaning bo‘linishi va qator servislarning sotib yuborilishi shirkatning kreativ salohiyatiga o‘nglab bo‘lmas shikast etkazdi. Shunday ekan, dunyo taniydigan “Yandeks” bora-bora – hech kim katta ish qilishini kutmaydigan mahalliy va o‘rtamiyona kontoraga aylanadi. Uning asosiy buyurtmachilari pogon taqqanlar bo‘ladi.