"Yana osmon musaffo". Davlat telekanalidagi "oxirgi tanqidiy ko‘rsatuv" yopildi

25-avgust kuni O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi - MTRKning “Mahalla” telekanali orqali efirga uzatiladigan “Minbar” ko‘rsatuvi yopildi.

Bu haqda “Mahalla” telekanali mas’ul muharriri Laziz Ismoilov ma’lum qildi. Muharrirga ko‘ra, mazkur tok-shou tarzidagi ko‘rsatuv telekanaldagi yagona tanqidiy ko‘rsatuv edi.

«Salkam 3 yil davomida dolzarb mavzularni ko‘tarib chiqqan va muntazam muhokamalar markazida turadigan" Minbar" ko‘rsatuvi rasman tugatildi! Endilikda yangicha formatda, yangicha yondashuv asosida yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish harakatidamiz», — dedi ijtimoiy tarmoqdagi chiqishida Laziz Ismoilov.

Ayrim mahalliy jurnalist va blogerlar davlat telekanalidagi oxirgi tanqidiy ruhdagi ko‘rsatuv yopilgani haqida yozishmoqda.

O‘zbekiston parlamentining sobiq deputati Rasul Kusherbayevga ko‘ra, “Minbar” ko‘rsatuvi shu vaqtgacha jamiyatdagi og‘riqli muammolarni bahsli va munozarali tarzda ommaga olib chiqayotgan tanqidiy va tahliliy ko‘rsatuv o‘laroq tanilgan edi.

“Minbar” ko‘rsatuvining Ozodlik bog‘langan boshlovchilaridan biri MTRK rahbariyati tomonidan “Minbar” o‘rniga mustaqillik bayrami arafasida ko‘ngilochar tok-shou tashkil qilinishi borasida ko‘rsatma berilganini ma’lum qildi.

Yangi tashkil qilinayotgan tok-shou ham O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotining muhim mavzularini yoritishga harakat qiladi. Unga jamoatchilik orasida o‘z nufuziga ega shaxslar, taniqli ekspertlar taklif qilinadi.

Ko‘rsatuvning ilk soni 26-avgustda efirga uzatilishi mumkin.

“Minbar”ni rahbarlar avvaldan yoqtirishmasdi

Ko‘rsatuv ekspertlaridan biri Rasul Kusherbayevga ko‘ra, "Minbar" ko‘rsatuvi O‘zbekiston televideniyesida "ushoq uchun qolgan nisbatan ochiq va tanqidiy ruxdagi" ko‘rsatuv edi.

"Bir muddat avval ushbu ko‘rsatuvning "Open byudjet" mavzusidagi tanqidiy sonidan so‘ng ham uni yopmoqchi bo‘lishgandi. Biroq jamoatchilikning e’tirozlari sabab ko‘rsatuv saqlab qolingan.

Afsuski bu uzoq davom etmadi.

Bundan chiqdi endi davlat televideniyesida maddohlikdan yiroq, "zakaz" bilan ishlamaydigan tanqidiy ruxdagi ko‘rsatuvlar qolmadi, desa ham bo‘laveradi: hamma yoq go‘zal, musaffo",
deb yozdi Kusherbayev.

Ko‘rsatuvning shu yil may oyidagi sonlaridan birida O‘zbekiston ijtimoiy hayotida muhim mavzulardan biri bo‘lgan davlat byudjeti puli taqsimoti tilga olingandi. “92% / 8% = mansabdorlar / xalq” shaklidagi ko‘rsatuvda ochiq byudjet loyihasi keskin tanqid ostiga olinib, byudjetdagi talon-torojliklar haqida gapirilgan. Shundan so‘ng ko‘rsatuvning yopilishi haqida taxminlar paydo bo‘lgandi.

Ko‘rsatuv mualliflaridan biriga ko‘ra, o‘sha paytning o‘zida telekanal rahbarlari MTRK rahbariyati tomonidan ogohlantirilgan va ko‘rsatuvning keyingi taqdiri savol ostida qolgan. Ammo ko‘rsatuv yopilmagan, biroq ko‘rsatuv ishtirokchilari bo‘lgan ekspertlarni “saralash” yo‘lga qo‘yilgan.

So‘z erkinligi borasida izchil ortga qaytish

Shu yilning 6-avgustida “Azon media” guruhi rahbari Alisher Tursunov guruhga kiruvchi barcha loyihalarining to‘xtatilganini e’lon qilgandi. Mazkur onlayn media tarmog‘i aholining axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, din va ta’lim, shuningdek, ma’rifiy mavzularni yoritish maqsadida 2017-yilda tashkil qilingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda 1,2 million obunachilariga ega bo‘lgan tarmoq egasi o‘z faoliyatining yakunlanganiga oid sabablarga izoh bermagan, keyinchalik bu sabablar ochiqlanishi mumkinligini aytilgandi. Biroq sayt yopilishiga hanuz izoh berilmagan.

Hozirgi paytda saytdagi barcha diniy kontentlar o‘chirilgan va sayt xodimlari “Fikrat” nomli yangi loyiha ustida ish boshlanganini ma’lum qilishdi.

2021-yilda “Azon media” guruhining 4 nafar rahbarlari bir qancha diniy kontentlar va materiallarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi nazoratidan o‘tkazmay chop qilgani uchun sud tomonidan yirik miqdorda jarimaga tortilgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasining tegishli ruxsatisiz diniy mazmundagi materiallarni chop qilgan Kun.uz sayti ham jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Chilonzor tumani sudi qarori bilan jarimaga tortilgan.

Ozodlik tasarrufidagi ma’lumotlarga ko‘ra, “Mening yurtim”, “Milliy”, “Sevimli” telekanallarida maishiy muammolarni muhokama qiluvchi bir qancha tok-shou boshlovchilari ham ogohlantirilgan.

Ismi sir qolishini istagan boshlovchilarning biri tok-shoularda ekspert sifatida tasodifiy yoki istalmagan shaxslarning ishtirokini cheklashga ko‘rsatma berilganini aytdi.

“Maishiy xarakterdagi tanqidlar uchun mutlaqo senzura yo‘q, ammo sinalmagan kishilar masalani siyosatga burib yuborishlari mumkin. Shu boisdan ularni saralashimiz kerak ekan. Menga ko‘rsatuvingni, reklamangni qilib, tinchgina pulingni olib yuravermaysanmi, deyishdi", - deydi Ozodlik suhbatlashgan boshlovchilardan biri.

Shu yil mayida Parijdagi “Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) tashkiloti O‘zbekistonda jurnalist va blogerlarga bosimlar kuchayib borayotganini qayd etgan. Hisobotga muvofiq, O‘zbekistonda so‘z erkinligi o‘tgan yilgiga qaraganda to‘rtta pozitsiyaga yomonlashib, 133-o‘rindan 137-o‘ringa tushgan.