Xitoydagi iqtisodiy "bum" tugadi. Rossiya va boshqa hamkorlarni nima kutmoqda?

Prezidentlar - Vladimir Putin, Si Szinpin va Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi SHHT sammitida. 16-sentabr, 2022-yil

Xitoyda qirq yil davom etgan gurkirab o‘sish davri tugadi. Kambag‘al, kamtaraqqiy mamlakatni iqtisodiy superkuchga do‘ndirgan model ortiq ishlamaydi –  The Wall Street Journal sharhlovchilari Linlin Vey va Stella Ifan Se shunday xulosaga kelishmoqda.

Uzoqqa cho‘zilgan iqtisodiy o‘sish zavodlar va osmono‘par binolar qurishga, infratuzilmalarga katta sarmoyalar tikishga imkon berdi. Qurilish sektori mehnat, moddiy va moliyaviy resurslarga katta talabni vujudga keltirib, iqtisodiy taraqqiyotni yuqori sur’atda tutib turdi. Biroq ushbu model tabiiy sabablarga ko‘ra o‘z kuchini yo‘qotdi: xitoylar barcha zarur narsalarni qurib bo‘lishgan, hatto ortig‘i bilan. Natijada mamlakatda sotilmagan millionlab kvartiralar, ustidan hech kim yurmaydigan yo‘llar va ko‘priklar, hech kim uchmaydigan aeroportlar paydo bo‘ldi.

Xitoy iqtisodiyoti rostdan ham tushkun davrni boshdan kechirmoqda. Ikkinchi chorak statistikasi kutilganidan ancha yomon chiqdi. Oldingi chorakka nisbatan o‘sish 0,8 foizga susaygan. Iyul oyi natijalari esa yanada noxush: mamlakatda yillik ma’nodagi deflyatsiya qayd etildi. Rossiya voqeligi manzarasida bu unchalik qo‘rqinchli emasdek. Biroq Xitoy realligi boshqa – narxlar tushishi ortiqcha ishlab chiqarish inqirozini anglatadi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Шанхай орзуси: Камбағалликка қарши хитойча кураш

The Financial Times manbalariga ishonilsa, Xitoy hukumati vaziyatni salbiy izoh va prognozlar berishni norasmiy taqiqlash yo‘li bilan o‘nglamoqchi, bundan yaxshiroq chora topa olishmapti. Taqiqni ish beruvchilar (xususan, Xitoy Milliy banki) ham, mahalliy televideniye ham joriy qilgan. Binobarin, iqtisodchi va tahlilchilar Xitoy mollarining arzonlashi va mamlakatdan kapital chiqib ketishi kabi “nozik” mavzularga til tekkizmaydi, “deflyatsiya” degan so‘z istilohdan chiqariladi – o‘rniga “mo‘’tadil” yoki “past inflyatsiya” atamasi qo‘llanadi.

Xitoy iqtisodiy mo‘’jizasi manbaiga kengroq qaraydigan bo‘lsak, uni ikki so‘z bilan ta’riflash mumkin: shaharlashuv va sanoatlashuv. O‘tgan asrning 80-yillariga qadar qariyb milliardlik aholisining katta qismi kamsamar qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan mamlakat katta texnologik sakrash qildi. Qishloq xo‘jaligining mexanizatsiyalashuvi sanoatni bitmas-tuganmas arzon ishchi kuchi bilan ta’minladi.

Mahsuldorlikning mislsiz o‘sishi va son-sanoqsiz ishchilar Xitoyni “dunyo fabrikasi”ga aylantirdi: bu fabrika arzon keng iste’mol mahsulotlaridan boshlagan bo‘lsa-da, tez orada eng zamonaviy va yuqori texnologik ishlab chiqarishni o‘rganib oldi. Yuz millionlab dehqonlarning shaharga oqib borishi esa qurilish sohasi gurkirab rivojlanishini ta’minladi.

Biroq muammo shundaki, sanoatlashuv va shaharlashuv yo‘lidan faqat bir marta o‘tiladi. Xitoy bu yo‘ldan o‘tib bo‘ldi. Demak, model o‘z umrini yashab bo‘ldi, deyish noo‘rin emas. Aslida buni o‘n yilcha oldin, Xitoy Kompartiyasi rahbariyati mamlakatni eksportga tobelikdan qutqarish va ichki talabni oshirishga e’tibor qaratishga uringanidayoq yashirib bo‘lmay qolgan edi.

Keng ko‘lamli rag‘batlantirishlar va infratuzilmalarga yotqizilgan trillionlab sarmoya o‘sishni yana biron o‘n yilga davom ettirdi. Buning tovoni sifatida esa iqtisodiyotda yalpi qarz shiddat bilan oshib borib, 2022-yil boshida YIMning 300 foiziga yetdi va Xitoy bu borada AQSHdan o‘zib ketdi. Ayniqsa, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun zo‘r berib qarz olgan Xitoy viloyatlarida vaziyat juda yomon tus oldi. Markaziy hukumat cheklovlar joriy etgach, viloyatlar maxsus tashkil etilgan shirkatlar orqali qarz ola boshladi. Xalqaro valyuta fondi Xitoydagi “balansdan tashqari” hududiy qarz salmog‘ini 9 trillion dollarga baholamoqda.

Dunyoning ikkinchi iqtisodiyoti bo‘lmish Xitoyda ayni paytda eng nozik soha bu ko‘chmas mulk bozori bo‘lib, unda taklif to‘lovga layoqatli talabdan ortib ketganiga necha yillar bo‘lgan. 60 trillion dollar pul aylanadigan soha taqdiri qil ustida turibdi.

O‘tgan payshanba kuni mamlakatning eng yirik qurilish shirkatlaridan biri – China Evergrande Group bankrotlikdan himoya istab Nyu-York birjasiga murojaat qildi va 300 milliard dollarlik qarzini qayta strukturizatsiya qilish uchun vaqt so‘radi.

Defolt ko‘lankasi Xitoyning yana bir giganti – Country Garden Holdings shirkati boshida ham bor. Ayrim moliyaviy tahlilchilar vaziyat nazoratdan chiqa boshlaganini aytishmoqda. Chet el investorlari Xitoy qimmatbaho qog‘ozlaridan tezroq qutulish payiga tushganlar.

Buni yuan zaiflashayotganidan ham, Xitoy fond bozorining bugungi ahvolidan ham bilsa bo‘ladi. Gap – inqiroz nechog‘li chuqurlashishida va Xitoy iqtisodiyoti undan so‘ng qaytadan o‘sa olish-olmasligida. Ko‘plab tahlilchilar Xitoy iqtisodiyoti 90-yillardan beri depsinib qolgan Yaponiyaning achchiq tajribasini takrorlaydi, deya bashorat qilishmoqda.

Bular bari Rossiya uchun o‘ta noxush xabarlar, ayniqsa mamlakat o‘zining asosiy savdo, moliyaviy va siyosiy hamkorini o‘zgartirishga kirishgan ayni pallada. Rossiya o‘tgan yillarda ham qo‘shnisining iqtisodiy ahvoliga jiddiy bog‘lanib qolgandi: Xitoy importi dunyo bo‘yicha energiya tashuvchilarga nisbatan talabni belgilab beruvchi asosiy omil edi, axir.

Bugungi kunda Moskva oldida tanlov yo‘q: Xitoyga monand savdo, moliyaviy va logistika hamkorini topa olmaydi. Xitoy Rossiya valyuta tushumining asosiy manbai, mamlakatga arzon iste’mol tovarlaridan tortib, jumladan, harbiy sanoat uchun zarur elektronika va butlovchi qismlargacha bo‘lgan anvoyi mahsulotlar yetkazib beruvchi yagona ta’minotchi bo‘lib turibdi.

Tan olish kerakki, Rossiya bo‘lmaganida Xitoyning iqtisodiy muammolari oldinroq boshlangan bo‘lur edi. Xitoy shirkatlari Rossiya iste’mol bozorini qariyb butkul egallagach o‘z ahvollarini sal-pal o‘nglab olishdi. Lekin ushbu omilga ortiqcha baho bermaslik kerak. 2022-yil natijalariga ko‘ra Rossiya bilan Xitoy o‘rtasidagi tovar aylanmasi 190 milliard dollarga yetgan. Joriy yilda ushbu raqam, Rossiya hukumati va’da qilganidek, 200 milliarddan oshgan taqdirda ham bu Xitoydagi eng yirik qurilish shirkati qarzining uchdan ikki qismi, xolos.

Xitoydagi inqiroz keskinlashsa, butun dunyo moliyaviy halokat xavfi ostida qolishi muqarrar. Shunday bo‘lgan taqdirda, eng ko‘p talafot Xitoydan boshqa suyanchig‘i qolmagan Rossiya chekiga tushadi.