Ulug‘bek Ashur: Allamjonov "Negativ"ni sudga bermoqchi

Ulug‘bek Ashur, "Negativ" dasturi. Video skrinshoti.

O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining Axborot siyosati departamenti rahbari Komil Allamjonov mustaqil jurnalist, YouTube'dagi Negative kanali muallifi Ulug‘bek Ashur ustidan sudga murojaat qilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Bu haqda Ulug‘bek Ashurning o‘zi 10-dekabr kuni Feysbuk sahifasidagi video postida Allamjonovning advokatlariga iqtibosan ma’lum qildi.

Hozirda Kanadada yashayotgan jurnalistning Ozodlikka bildirishicha, Allamjonovning kanadalik advokatlari yo‘llagan maktubda “Komil Allamjonovga nisbatan tuhmat va mualliflik huquqining buzilishi” haqida so‘z boradi.

Advokatlar o‘z mijozi YouTube'dagi Negative kanalida joriy yilning 23-avgust hamda 14-oktabr kunlari e’lon qilingan “yolg‘on va tuhmat” materiallardan norozi ekanini bildirgan.

23 -avgust kuni e’lon qilingan videoda prezident administratsiyasining mulozimi bo‘lgan Allamjonov tergovdagi bloger “Abduqodir Mo‘minovni ko‘rish uchun Toshkentdagi hibsxonaga kirgani va unga barcha ayblarga iqror bo‘lish va sudda ko‘p gapirmaslik evaziga yengilroq jazo va’da qilgani” iddao qilingan.

“Gazetchilar taxtga yaqinlashganda” sarlavhali ikkinchi videoda esa, muallif ta’biricha, “Allamjonov shaxsiyati va uning omad formulasi” haqida so‘z boradi.

Unda muallif, jumladan, “Allamjonov ommaviy axborot vositalari, vebsaytlar, bloger va jurnalistlardan o‘z manfaati yo‘lida foydalanishi”ni iddao qiladi.

Kanadalik advokatlarning da’vo qilishicha, bu iddaolar asossiz va “Komil Allamjonovning obro‘siga sezilarli darajada zarar yetkazgan”.

Har ikki videolavha (“Allamjonov hibsdagi bloger bilan uchrashganmi?”, “Gazetchilar taxtga yaqinlashganda”) Allamjonov advokatlarining maktubi ortidan muallif tomonidan YouTube'dan olib qo‘yilgan. Ozodlik bilan suhbatda Ulug‘bek Ashur ularni mualliflik huquqi vajidan, shuningdek, “o‘z manbalarini himoya qilish maqsadida” olib qo‘yganini ta’kidladi.

Ayni paytda u kanadalik advokatlarning maktubida keltirilgan “Komil Allamjonovdan kechirim so‘rash va tuhmat mazmunidagi bayonotlarga raddiya berish” haqidagi talabni bajarishdan bosh tortishini bildirdi.

Ulug‘bek Ashur ushbu videolavhalardagi mualliflik huquqi masalasi hal qilinganidan so‘ng ular qayta nashr qilinishini aytmoqda.

Allamjonovning advokatlari videolar joriy yil 14-dekabriga qadar olib tashlanmagani taqdirda Ulug‘bek Ashurga nisbatan “mahkama da’vosini boshlash haqidagi yo‘riqnomani kutishlari” haqida ogohlantirgan.

Ammo advokatlarning maktubidan jurnalistning "kechirim so‘rash" haqidagi talabni bajarmasligi mahkama da’vosi boshlanishiga sabab bo‘ladimi, yo‘qmi, anglashilmaydi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Комил Алламжонов: “Пул топиш ёмон эмас, гап пулни қандай топишда!”

Ulug‘bek Ashur ehtimoliy mahkamada o‘zini himoya qilishga tayyorligini aytmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi mahkama O‘zbekistondagi so‘z va matbuot erkinligining haqiqiy ahvolini ko‘rsatadi.

Allamjonovning o‘zi Ulug‘bek Ashurga nisbatan boshlamoqchi bo‘layotgan mahkama da’vosi yuzasidan biron izoh berganicha yo‘q.

U 2022-yil iyunida Germaniyadagi advokatlar orqali mustaqil “Eltuz” nashrida o‘zi haqida e’lon qilingan maqola yuzasidan sudga murojaat qilmoqchi bo‘lgani ma’lum.

"Allamjonov 4,2 mln dollarlik tilla taqinchoqlarni O‘zbekistonga noqonuniy olib kirishga aloqador" ekani aytilgan maqola yuzasidan ochilgan da’vo pirovardida sudgacha yetib bormagan va “Eltuz” nashri maqoladagi faktlar tasdiqlanmagani uchun Allamjonovdan kechirim so‘ragandi.

2022-yil iyulida Toshkent shahar Shayxontohur tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi maqolani ko‘chirib bosgan Uzmetronom.com sayti asoschisi Sergey Yejkovga nisbatan sud ishini aybdorlik masalasiga aniqlik kiritmasdan to‘xtatgan. Allamjonov "Yejkov xato qilgani va uzr so‘ragani tufayli o‘z arizasini qaytarib olishga qaror qilgani" haqida yozgan.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Алламжоновнинг қайтиши: Матбуот эмас, 'мафкура котиби'

39 yashar Komil Allamjonov Prezident administratsiyasining Axborot siyosati departamenti rahbari lavozimiga tayinlanguniga qadar PA rahbarining o‘rinbosari, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori hamda Mass-media fondi vasiylik kengashi raisi lavozimlarida ishlagan.

Ozodlik manbalari Allamjonov administratsiyaning shu yil 25-avgustida tasdiqlangan yangi vertikalida amalda Saida Mirziyoyevadan keyin uchinchi odamga aylanganini aytishgan.

O‘z chiqishlarida so‘z va matbuot erkinligi tarafdori ekanini urg‘ulab keladigan Komil Allamjonov 2021-yilda nashr etilgan “Allamjonov aybdor” nomli kitobida o‘zining monopolist ekani va siyosiy lavozimlaridan shaxsiy boylik orttirish yo‘lida foydalangani haqida mahalliy va xalqaro matbuotdagi iddaolarni rad etgan.

U 2022-yil iyulida Prezident administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan payt o‘zining "barcha biznes loyihalari va kompaniyalarini boshqa egalariga topshirishi"ni e’lon qilgan edi.

O‘tgan vaqt mobaynida Allamjonovga aloqador kompaniyalarning davlat buyurtmalaridan pul qilayotgani haqidagi iddaolar to‘xtamagan va Allamjonovning o‘zi oldinroq Ozodlik bilan suhbatda bu iddaolar bilan bog‘liq savollarga javob bergan edi.