Ukraina: Vayron bo‘lgan Nova Kaxovka to‘g‘oni haqida nimalarni bilamiz?

Ukrainaning  vayron bo‘lgan Nova Kaxovka to‘g‘oni.

6-iyunga o‘tar kechasi Dnepr daryosi bo‘yidagi Nova Kaxovka to‘g‘oni qasddan portlatildi. Portlash natijasida damba yorilib, yaqin atrofdagi qishloqlarni suv bosdi. Minglab odam evakuatsiya qilindi.

Ukraina hodisada darhol Rossiyani aybladi. To‘g‘on 2022yil fevralidan buyon ruslar nazoratida. O‘z navbatida, Rossiya rasmiylari ham Ukrainani aybladi. Hech bir tomon da’vosini isbotlovchi dalil keltirgani yo‘q.

Nova Kaxovka to‘g‘oni 1954-yilda Ukraina janubini elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun qurilgan. Uning uzunligi 3 kilometr bo‘lib, Dneprdagi oltita gidrostansiyadan biridir.

Inshoot 2022-yil 24-fevraldan beri Rossiya nazoratida. O‘tgan yilning 11-noyabrida ortga chekinayotgan rus qo‘shinlari inshoot ustidagi yo‘lning bir qismini portlatib yuborgan edi.

“Kaxovka GESi to‘g‘onining vayron bo‘lishi Rossiya terrorchilarini Ukrainaning har bir burchagidan haydab chiqarish kerakligini yana bir bor ko‘rsatdi", - dedi prezident Vladimir Zelenskiy.

Ukraina harbiy razvedkasi o‘tgan yil oktabrida Rossiya kuchlari inshootning ayrim qismlarini minalashtirgani haqida ogohlantirgan edi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Ukrainaga bosqin: 467-kun | “To‘g‘on halokatiga Rossiya mas’ul”. Xalqaro munosabat

Xerson viloyatining Rossiya tomonidan tayinlangan rasmiylari Kiyevni to‘g‘onga raketalar bilan zarba berganlikda aybladi. Yana boshqa rus rasmiylari esa, to‘g‘on avvalroq yetkazilgan shikastlanish tufayli yorilib ketganini taxmin qildi.

Kreml so‘zchisi Dmitriy Peskov Ukrainani "sabotaj"da ayblarkan, Ukraina jang maydonidagi muvaffaqiyatsizliklarini yashirish uchun to‘g‘onni buzib tashlaganini iddao qildi.

Ukraina Favqulodda vaziyatlar xizmati daryoning g‘arbiy qirg‘og‘idan minglab odamlarni evakuatsiya qildi.

Shahar rasmiylari hayvonot bog‘idagi hayvonlarning barchasi nobud bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda.

Viloyatning ma’muriy markazi Xerson shahri Dneprdan taxminan 70 kilometr pastda joylashgan. To‘g‘on vayron bo‘lganidan 12 soat o‘tib, toshqin Xersonga ham yetib keldi.

Suv ombori Yevropadagi eng yirik Zaporojye atom elektr stansiyasi uchun asosiy sovutish manbai hisoblanadi.

To‘g‘on buzilganidan keyin undagi suv sathi pasaydi. Bu esa AESdagi yadro reaktorlarini sovutishni xavf ostida qoldiradi. Agar zavod hovuzlaridagi suv kamayib ketsa, suv harorati ko‘tarilishi mumkin. Agar suv qaynashni boshlasa yoki bug‘lanib ketsa, yadro eriydi yo-da portlaydi.

Ukrainaning "Energoatom" shirkati suv sathi pasaygani sovutish havzalariga ta’sir qilmaganini ma’lum qildi.

"Kaxovka suv omborida umuman suv qolmagan taqdirda ham, yer osti quduqlari suvidan foydalanib, hovuzlarni to‘ldirish mumkin", - dedi "Energoatom" bosh direktori Petro Kotin.

BMTning Xalqaro atom energiyasi agentligi stansiyadagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotgani, zavodda yadro xavfsizligiga favqulodda xatar yo‘qligini aytmoqda.

Suv sathi pasayishi yoz va kuz oylarida muammoga aylanishi mumkin. Bu vaqtda daryolarning umumiy sathi tabiiy ravishda pasayadi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Ukraina rus harbiylarini Kaxovka to‘g‘onini portlatishda aybladi

Qrim suvsiz qolishi mumkin

Nova Kaxovka to‘g‘onida suvning kamayishi Qrimni ham suvsiz qoldirishi mumkin.

Qrim yarimoroli issiq va qurg‘oqchil. Suv ta’minoti yomg‘irdan keyin hosil bo‘ladigan er osti suvlariga bog‘langan. Sovet hukumati 1960-yillarning boshlarida Tavriysk shahridan boshlanuvchi 402 kilometrlik kanalni qurgan edi.

Rossiya Qrimni anneksiya qilganidan so‘ng, Ukraina kanalni to‘sib qo‘ydi va mintaqada suv tanqisligi vujudga keldi. Keyin rus qo‘shinlari kanal nazoratini qo‘lga olib, suv oqimini qayta tikladi.

To‘g‘on buzilishining oqibatlari, asosan, Dneprning g‘arbiy qirg‘og‘ida, Ukraina nazorati ostidagi tumanlarda sezilmoqda. Shu bilan birga, sharqiy qirg‘oqdagi ba’zi aholi punktlari, jumladan, Nova Kaxovka shahriga ham ziyon yetgan.

Inshootning bir yildan ortiq vaqtdan beri Rossiya nazorati ostida bo‘lgani ko‘plab kuzatuvchilarning aybni Rossiyaga yuklashiga sabab bo‘ldi.

Ekspertlarning fikricha, suv toshqini va evakuatsiyalar bilan qarshi hujumga tayyorlanayotgan Ukraina rasmiylarining e’tibori va resurslarini chalg‘itish maqsad qilingan.

“Ular endi shu yo‘l bilan Ukraina kuchlarining qarshi hujumini to‘xtatishga qaror qilishdi”, - dedi Ukrainaning janubiy harbiy qo‘mondonligi matbuot kotibi Natalya Gumenyuk.

1941-yilda Iosif Stalin fashistlarning yurishini to‘xtatish uchun Zaporojye shahridagi to‘g‘onni yo‘q qilishni buyurgan edi. Oqibatda, Dnepr qirg‘og‘idagi qishloqlarni suv bosgan, minglab insonlar halok bo‘lgan.

"Umuman olganda, to‘g‘onning vayron bo‘lgani Ukrainaning nafaqat energiya tizimi, balki qishloq xo‘jaligiga uzoq muddatli ta’sir qiladi", - deydi Kiyevdagi Suv muammolari va melioratsiya instituti direktori Mixaylo Yatsyuk.