So‘nggi yillarda markaziy osiyolik haydovchilar Litva logistika sohasining ajralmas qismiga aylandi. Har yili bu yerga yuzlab kishi kelmoqda. Biroq olis safarga jo‘nayotgan haydovchilar orasida og‘ir sharoitda ishlayotgan va huquqlari buzilayotganlar oz emas. Ozodlik qirg‘iz xizmati jurnalisti Aygerim Akilbekova migrantlar hayotini yaqindan o‘rganish uchun Litvaga safar qilgan.
Vilnyus shahriga kirishdagi xostellardan biridamiz. Litva poytaxtida bunaqa joylar ko‘p. Xostel odmigina jihozlangan, lekin bu yerdagi kapsula karavotlar furgon salonidan ko‘ra qulay, baribir.
Qirg‘izistonlik Nurbek Sotiboldiyev ikki yil avval bir xususiy shirkatning e’loni sabab bo‘lib Litvaga kelgan. Maqsadi fura haydab pul ishlash edi. Xostelga kelganimizda Nurbek Qaldarbek uulu hozirgina reysdan qaytgan va boshqa haydovchilar bilan birga hordiq chiqarayotgan ekan.
“Ikki oyga ketadiganlar bor. Uch oy, hatto yarim yil safarda yuradiganlar bor. Yarim yil mashinada yashaysiz. Qabuldan oldin “test-drayv” qilishadi, o‘tolmaganlar yurtiga qaytib ketadi. Boshida haqimni berishmagan kunlar bo‘ldi. O‘zi yaqinda ishga kirganman, lekin Qirg‘izistonga qaytgim kelar, chunki kunlarim juda og‘ir o‘tardi”, deydi suhbatdoshimiz.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Xostel markaziy osiyolik haydovchilar uchun uzoq yo‘ldan keyin yurtdoshlar birga o‘tirib gurunglashadigan, galdagi safarga hozirlik ko‘riladigan maskanga aylangan.
Haydovchilik ishi oson emas. Ko‘pchilik oilasini boqish uchun vatanidan minglab chaqirim yiroqda musofir bo‘lib yuribdi. Nurbek ham xotini va uch farzandini tashlab bu yerga kelgan.
Xostelda yashaganda sutkasiga haq to‘lanadi. Odatda bu 10-12 yevro bo‘ladi. Karavotlardan tashqari mo‘jaz oshxonasi bor – haydovchilar o‘zlari ovqat pishirishlari mumkin. Xostelda doimiy turadiganlar kam: kimdir endigina reysdan qaytgan bo‘lsa, kimdir yangi safar tadorigini ko‘rmoqda. Shunday qilib, musofirlar doim almashib turadi.
Yotoqxonadan nariroqda yuk mashinalari yonma-yon qantarib qo‘yilgan. Markaziy osiyolik haydovchilar odatda pesh oynaga o‘z mamlakatlari bayrog‘ini yopishtirib qo‘yishadi. Mashinalar yonida biz hozirgina reysdan qaytgan tojikistonlik Muhammad bilan tanishdik.
“Furada doim gaz balloni va velosiped olib yuraman. Agar biz to‘xtagan joyda do‘kon bo‘lmasa, piyoda yurmaymiz, velosipedda “g‘iz” etib borib ul-bul xarid qilib kelamiz. Reysdan bugungina qaytdik. Bu yerda bagajni tushiramiz va bazaga borib mashinani topshiramiz. 72 kun yo‘lda bo‘ldik. Odatda reys 60 kunga cho‘ziladi, lekin bu gal shunaqa bo‘lib qoldi”, deydi u ishi haqida so‘zlab berarkan.
Muhammad bir necha tonna vino olib kelibdi. Bunaqa haydovchilar boshqaradigan yuk mashinalari taxminan 150 ming yevro turadi, ular bitta reysda tashiydigan yuk qiymati esa 100 ming yevrogacha bo‘lishi mumkin.
Bu yerda harakat sira to‘xtamaydi: haydovchilar kelaveradi, ketaveradi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
27 yoshli Jamshiddinning umri ikki yildirki, safarlarda kechmoqda.
“Qozog‘istonga avtomobillar tashiyapmiz. Polsha, Ruminiya, Turkiya, Ozarbayjon orqali o‘tamiz. Reyslar odatda ikki-uch oy davom etadi. Ammo ba’zan bir yilgacha yo‘l yurishimiz mumkin. Men, masalan, 9 oy 12 kun mashinada yashaganman. Fura haydovchisi bo‘lish qiyin, lekin yaxshi pul to‘lashadi. Xarajatlardan tashqari 2500 dollar topamiz. Ba’zan bir yarim kun uxlamasdan rulda o‘tiradigan paytlarimiz bo‘ladi”.
Jamshid qolgan barcha haydovchilar kabi, bir necha haftalik oziq-ovqat g‘amlab oldi. Biz Vilnyus shahridan chiqquncha u bilan birga ketdik.
Litva poytaxtida o‘nlab logistika bazalari va markazlari mavjud. Ular ichki va xalqaro tashuvlarda hal qiluvchi ahamiyatga ega. So‘nggi yillarda ushbu soha Litva iqtisodiyotining muhim qismiga aylandiki, buning bir necha sababi bor.
Mamlakat yirik bozorlarni bog‘lovchi transport yo‘llari kesishmasida joylashgan. Litvaning bir tarafi – G‘arbiy Yevropa, shimol – Skandinaviya mamlakatlari. Janubda Yevropaning yana bir qancha mamlakatlari bor, sharqda Belarus va Rossiya bilan chegaradosh bo‘lsa, ulardan nariyog‘da – Markaziy Osiyo va hatto Xitoyga chiqiladi. Yuk mashinalari haydovchilari Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Finlyandiya, Shvetsiya, Norvegiya va boshqa ko‘plab mamlakatlarga qatnaydilar. 2023-yilgi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Litvada 500 dan ziyod katta-kichik transport va logistika shirkatlari ro‘yxatdan o‘tgan.
Biroq hamma avtotransport shirkatlari ham o‘z xodimlariga yaxshi sharoit yaratib bermaydi. Litva shirkatlariga yollangan markaziy osiyolik ba’zi haydovchilar ish haqi va’da qilinganidan kam to‘lanayotganidan norozi.
O‘zini Azamat deb tanitgan qirg‘izistonlik Litvaga 9 oy muqaddam, boshqa ko‘plab haydovchilar kabi ishga qabul qilish haqidagi e’lon bo‘yicha kelgan. Ammo, aytishicha, mehnat sharoiti u tasavvur qilgandek bo‘lib chiqmagan.
“Yaxshi pul topasizlar, deyishgandi. Bu gap yolg‘onligi tezda ma’lum bo‘ldi. Masalan, 1500 kilometr yo‘l bosib Fransiyadan qaytdik, lekin kechikdinglar deya jarima solishdi. Mening oyligim 2500 yevrodan ko‘p bo‘lishi kerak edi, qo‘lga tegishi 1800-2000 yevro bo‘ldi. Kuchimizdan foydalanib, bo‘shatib yuborishdi. Germaniyaga borganimizda ko‘chada qolib ketdik, holbuki shirkat tunash uchun yotoq-joy bilan ta’minlashni bo‘yniga olgandi”, deydi Azamat.
Litvadagi kichkina bir shirkatda ishlagan bu yigit 10 ming yevro haqini ololmayotganini, ikki oydan beri sudma-sud yurganini aytadi. Uchrashgan chog‘imizda Azamat Vilnyusdagi bir kasaba uyushmasiga bormoqchi bo‘lib turgan ekan.
U bilan birga kasaba uyushmasiga kelib, binoning uzun yo‘lagida navbat kutib turgan yana bir necha markaziy osiyolik migrantni ko‘rdik. Ulardan biri O‘zbekistondan kelganini va ishlagan pulini to‘liq ololmayotgani uchun bu yerdaligini aytdi.
“5 ming yevro haqim qolgan. To‘laymiz, deyishyapti. Har xil shirkatlar bor: ayrimlari haqingizni darrov beradi, ayrimlari cho‘zadi, firmaning ahvolini ro‘kach qiladi. Tezroq berishsin, deb umid qilyapman. Oyligim kechikayotgani uchun bu yerdaman, lekin shikoyat yozish niyatim yo‘q”, dedi suhbatdoshimiz.
Bu yerdagi bir qancha haydovchi kasaba uyushmasining o‘zi yaxshi ishlamayotganidan shikoyat qilishdi. Qisqa vaqt ichida, uyushmaga qarshi imzo to‘playotgan o‘ntacha qirg‘izistonlik migrant bilan gaplashdik.
Haydovchilar arzini darhol kasaba uyushmasi vakiliga yetkazdik. Yuk tashuvchilar kasaba uyushmasi raisining o‘rinbosari Audryus Suzanauskas masalaga quyidagicha izoh berdi:
“Bunaqa shikoyatlardan xabarim bor. Ammo har bir holat individual tartibda ko‘riladi. Negaki shikoyat haydovchi bu yerga kelishi bilan hal bo‘lib qolmaydi. Qonunda uch oylik muddat belgilangan, u haydovchi ishdan bo‘shagan kundan hisoblanadi. Qonun hammaga birdek bo‘lishi kerak. Keluvchilar ko‘p. Qancha odam kelayotganini o‘zlari ham ko‘rib turishibdi. Uyushmamiz xodimlari ulgurishmayapti. Shunday ekan, norozilik bo‘lishi tabiiy”.
Litva yuk tashuvchilar kasaba uyushmasi – mustaqil tashkilot. Uyushmaning har bir a’zosi 350 yevro badal to‘laydi, sudda yutib chiqqan taqdirda esa tovon pulining 20 foizini berishi kerak. Kasaba uyushmasiga murojaat qiluvchi ko‘plab migrantlar bu shartlardan norozi bo‘lishmoqda.
Litva hukumati mamlakatda haydovchilar yetishmasligidan noliydi. Litva milliy transport assotsiatsiyasi (“Linava”)ga ko‘ra, mahalliy logistika shirkatlariga yiliga kamida 40 ming nafar haydovchi kerak bo‘ladi.
2022-yilda Litvada olisga qatnovchi yuk mashinalari haydovchilari soni 80 mingdan oshdi, ulardan 80 foizi – chet elliklar. Aksari Ukraina, Belarus va Markaziy Osiyodan kelishgan.
Xalqaro reyslar haydovchilariga yo‘nalish va masofaga qarab o‘rta hisobda har bir ish kuni uchun 60-80 yevro yoki oyiga 2000 yevrodan ziyod haq to‘lashadi. Litva bilan qo‘shni mamlakatlarga qatnaydigan haydovchilar esa odatda kamroq – oyiga 1200 dan 1800 yevrogacha pul topishadi.
Vilnyusdan qariyb 200 chaqirim narida Shyaulyay shahri bor. Vilnyusga qiyosan kichkina shahar bo‘lsa-da, bu yerda avtobazalar poytaxtdagidan ko‘proq. Shu bois haydovchilar tunaydigan musofirxonalar ham oz emas. Kechqurun shunaqa maskanlardan biriga bordik. Bizni tojikistonlik Solih kutib oldi.
“Bu yerda markaziy osiyoliklar anchagina. Bugun besh kishi ketsa, ertaga ularning o‘rniga 10 kishi keladi. Kimdir uyga jo‘naydi, kimdir safardan qaytadi. Oqim doimiy. Bitta firmada 30 kishi ishlasa, ulardan 10 nafari o‘zbeklar, qirg‘izlar va qozoqlar bo‘ladi. Xostelimiz qulay joyda joylashgan, temir yo‘l stansiyasi yonginamizda”, deydi yangi tanishimiz.
Solih Litvaga kelganiga 10 yildan oshgan. Shu vaqt mobaynida u markaziy osiyolik turli-tuman haydovchilarni ko‘rgan.
“Bu yerga kelib, ish boshlaguncha 2000-2500 yevro sarflanadi – uchoq chiptasi, konsullik yig‘imi va boshqa xarajatlarga. Qolaversa, boshida ikki-uch hafta o‘qish kerak bo‘ladi. Odamlar ana shu chiqimlar uchun kreditga yoki qarzga pul olishyapti. O‘qish tugaganidan so‘ng amaliy test bo‘ladi, sizni mashina haydatib sinab ko‘rishadi. Birinchisida o‘tolmasangiz, yana ikki marta imkoniyat beriladi. Shundan so‘ng reysga jo‘natishlarini kutasiz. Xullas, ilk safarga chiqquncha ikki-uch oy o‘tishi mumkin”, tushuntiradi Solih.
Ozodlik muxbirlari gaplashgan ko‘plab haydovchilar Litvaga kelishdan oldin Rossiyaning turli shaharlarida ishlaganlarini so‘zlab berishdi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Xususan, Nurbek Rossiyada bir necha yil og‘ir yuk mashinasini haydagan, Litvaga kelganiga bir yil ham to‘lmagan. Biz bilan uchrashgan paytda u sog‘lig‘i vajidan ta’tilga chiqqan ekan.
“Shu yil kelganman, do‘stlarimning maslahati bilan. Rossiyadagi vaziyatni ko‘rib turibsiz-ku. Bu yerda ish boshlaganimdan so‘ng to‘rt oy o‘tar-o‘tmas treylerdan yiqilib qo‘limni sindirib oldim. Xudoga shukr, hozir yaxshiman. Menejer darrov qo‘ng‘iroq qilib shifokorni chaqirib berdi. Bu voqea Italiyada bo‘lgan edi. Sug‘urtam bor, shuning uchun yonimdan pul sarflamadim”, deydi Nurbek.
U yana qachon ishga chiqishi hozircha noma’lum. Ammo Nurbek ham, xosteldagi boshqa musofirlar ham o‘z orzularini ro‘yobga chiqarish uchun minglab kilometr yo‘l bosishlari kerak hali.
Shunday qilib, so‘nggi yillarda markaziy osiyolik haydovchilar Yevropaning ushbu mo‘jaz mamlakati yuk tashuvlarini amalga oshiruvchi asosiy kuchga aylandi. Ular vatanlaridan, tug‘ishganlaridan minglab chaqirim yiroqda og‘ir mehnat bilan shug‘ullanishmoqda. Qishin-yozin, issiqda ham, sovuq kunda ham yo‘l yuradigan bu insonlarga faqat bir narsa – uyda qolgan oilalarini ko‘rish va ular bilan baxtli kelajakka qovushish istagi dalda bo‘ladi.