Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 33 yashar D.U. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi “v” bandi (“Odam o‘g‘irlash”), 165-moddasi 3-qismi “a” bandi (“Tovlamachilik”) va 277-moddasi 2-qismi “b” bandi (“Bezorilik”)da ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda marhumning jasadi va yaqinlarining ko‘zdan kechirayotgani aks etgan videoda marhumning tanasida qoraygan, ko‘kargan joylarni ko‘rish mumkin.
Marhumning yaqinlariga ko‘ra, u 12-avgust kuni soat 21.30 lar atrofida o‘z yashash xonadonidan Toshkent shahar IIBB jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan olib ketilgan va uning jasadi 14-avgustga o‘tar kechasi Toshkent shahar morgiga berilgan.
Ayrim ijtimoiy tarmoq faollari marhumning yaqinlariga tayanib hozirda gumondorning ushlab ketilishi va so‘roq jarayoni aks etgan videoyozuvlarni yo‘qotishga urinishlar bo‘layotganini iddao qilmoqda.
IIV qiynoq qo‘llanganini rad etishga urindi
Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati Toshkent shahri hududida o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni sodir etgan uyushgan jinoiy guruhning jinoiy faoliyatini fosh etish tezkor-tergov harakatlari olib borilayotgani haqida xabar berdi.
Poytaxt IIBB iddaosicha, shu yilning 29-iyul kuni soat 22.00 larda Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasi “Birodarlar qabristoni” xiyoboni oldida 7-8 nafar shaxslardan iborat bo‘lgan jinoiy guruh 1986-yilda tug‘ilgan fuqaro M. R.ni urib-do‘pposlab, so‘ng avtoulovga majburlab o‘tqazib, noma’lum xonadonga olib borib, jabrlanuvchini majburan ushlab turib, unga nisbatan kuch ishlatgan holda pul talab qilganlar.
Shuningdek, jabrlanuvchiga tazyiq o‘tkazgan holda, Turkiyada bo‘lgan noma’lum shaxslardan go‘yoki 860 ming AQSh dollari miqdorda qarz olganligi haqida majburlab tilxat yozdirib olishgan.
“Shuningdek tergov jarayonida aniqlanishicha, joriy yilning iyun oyida ushbu jinoiy guruh a’zolari tomonidan tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi fuqaro M. R. ni Turkiya davlatida bo‘lgan davrda 2 kun davomida erkiga zid ravishda noma’lum xonadonda majburlab ushlab turib, jabrlanuvchiga tazyiq o‘tkazish yo‘li bilan ota-onasi nomidagi Toshkent viloyati Qibray tumanidagi 300 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan 2 ta hovlini jinoiy guruh a’zolari nomiga rasmiylashtirishga erishganlar”, deyiladi Toshkent shahar IIBB bayonotida.
IIBBga ko‘ra, jabrlanuvchi shaxs ushbu jinoiy guruhning tajovuzlari va tazyiqlaridan qo‘rqib, mazkur holat haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yoki tibbiyot muassasalariga murojaat qilmay kelgan, biroq joriy yilning 31-iyul kuni sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli, shifoxonaga “Bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, o‘ng yanoq suyagi sinishi, tanasida ko‘plab shilingan jarohatlari” tashxisi bilan yotqizilgan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorligida o‘tkazilgan bir qator tezkor tadbirlar natijasida, mazkur uyushgan jinoiy guruh a’zolaridan 2 nafari, ya’ni 1990-yilda tug‘ilgan U. D. (muqaddam JKning 164-moddasi (“Bosqinchilik”) va 166-moddasi (“Talonchilik”) bilan sudlangan) hamda 1991-yilda tug‘ilgan F. X. (muqaddam JKning 168-moddasi (“Firibgarlik”) va 176-moddasi (“Qalbaki pul yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish”) bilan sudlangan)lar aniqlanib, qo‘lga olingan. Jinoiy guruhning qolgan a’zolarini aniqlash va ushlash choralari ko‘rilmoqda.
Toshkent shahar IIB marhum U. D.ning o‘limini “Jigar tsirrozi og‘ir stadiyasi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi” bilan izohlagan. Ayni paytda IIBB ma’hmuriyati marhumning o‘limi yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan sudga oid tibbiy-ekspertizaning endi tayinlaganini bildirgan.
Shuningdek, Toshkent IIBB gumondorning o‘limi holatini quyidagicha tasvirlaydi: “Joriy yilning 12-avgust kuni gumonlanuvchi U. D. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JPKning 224-moddasi asosida bayonnoma rasmiylashtirish jarayonida u o‘zini yomon his qilayotganligini aytib, to‘satdan yiqilib hushini yo‘qotgan. Holat bo‘yicha tez-tibbiy yordam chaqirtirilib, IIO xodimlari tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan, biroq tez-tibbiy yordam kelgunga qadar U. D. hushiga kelmay vafot etgan”.
Ayni paytda Bosh prokuratura matbuot xizmati hodisa yuzasidan qiynoq fakti bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilmoqda.
Bosh prokuratura xabarida aytilishicha, Toshkent shahar IIBB binosida 13-avgustga o‘tar kechasi vafot etgan D.U.ning ishi yuzasidan bir qator tergov harakatlari o‘tkazish zarurati tug‘ilganligi sababli, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 206 (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) va 235 (Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ozodlikning Toshkent shahar prokuraturasidagi manbalariga ko‘ra, ish yuzasidan Toshkent shahar IIBB jinoyat qidiruv bo‘limi katta tezkor vakili M.M va yana ikki nafar shaxs qamoqqa olingan.
Qiynoqqa qarshi komissiya jim
2021-yil iyunida Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili qoshida Qiynoqlarga qarshi Milliy preventiv mexanizmlarni amalga oshirish guruhi tuzilgan.
Guruh zimmasiga harakatlanish imkoniyatlari cheklangan va boshqa jazoni ijro etish muassasalarida qiynoqlarning oldini olish, uning oqibatlarini o‘rganish masalalari yuklatilgan.
Biroq qiynoqlar bo‘yicha harakatlar strategiyasini muvofiqlashtiruvchi mazkur vakolatli guruh hozirga qadar Toshkent shahar IIBB binosidagi o‘lim bo‘yicha munosabatini bildirgani yo‘q.
Bundan bir hafta avval guruhga boshchilik qiluvchi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili e’lon qilgan hisobotlarga ko‘ra, qamoqxonalarda saqlanayotgan shaxslarga nisbatan ruhiy, psixologik, jismoniy bosim o‘tkazilganligi yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilganligi yuzasidan 125 ta shikoyat kelib tushgan.
“Ushbu shikoyatlarning 64 foizi yuzasidan xodimlarning xatti-harakatlariga nisbatan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvlari hamda prokuratura organlari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv yakunlariga ko‘ra o‘z tasdig‘ini topmagan”, - deyiladi hisobotda.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Hisobotda ayni paytda qiynoqlar bo‘yicha 37 ta shikoyat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilayotgani qayd etilgan. Bundan tashqari, sakkiz shikoyat yuzasidan Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandi (Jinoyat tarkibi mavjud emasligi)ga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qabul qilingan qarorlar Ombudsmanning xatiga asosan prokurorlar tomonidan bekor qilingan.
2021-yilning 26-iyun kuni prezident Mirziyoyevning "Qiynoq qurbonlarini qo‘llash xalqaro kuni”da qiynoqlarning oldini olish tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarori e’lon qilingan, ammo faollarga ko‘ra, o‘tgan vaqt mobaynida qiynoqlardan o‘lim holatlari davom etmoqda.