Qozog‘istonda 6-oktyabr kuni AES qurilishi bo‘yicha referendum o‘tkaziladi. Hukumat "mamlakat hayotidagi har bir muhim o‘zgarish jamoatchilik bilan hamjihatlikda qabul qilinishi" va xalqqa atom elektr stansiyasini qurish yoki qurmaslikni tanlash huquqi berilganini ta’kidlamoqda. Ozodlik qozoq xizmatining yozishicha, mamlakatdagi huquq himoyachilari fuqarolarning ekologik huquqlari cheklanganini aytishmoqda.
Qozog‘iston AES qurilishi bo‘yicha yaqinda qaror qabul qiladi. Prezident Qasim-Jomart Toqayev 2-sentyabrdagi "xalqqa murojaati"da referendum 6-oktyabrda o‘tkazilishini e’lon qilib, shunday dedi: "Bu mavzu bir yildan beri jamoatchilik kun tartibida turibdi. Bu fuqarolarning vazmin qaror qabul qilishi uchun yetarli muddat deb hisoblayman."
"Bo‘lajak referendum keng umummilliy muloqotning yana bir ko‘rinishi va "tinglovchi davlat" g‘oyasini amalga oshirishning yorqin namunasi bo‘ladi. Aslida, bunday qadamlar bilan biz yangi ijtimoiy-siyosiy madaniyatni shakllantirmoqdamiz, muhim davlat qarorlarini qabul qilishning yangi me’yorlarini yaratmoqdamiz," dedi Toqayev.
6-oktyabr kuni o‘tkaziladigan referendumda bitta savol ko‘tariladi: "Siz Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi qurilishiga rozimisiz?"
Markaziy saylov komissiyasi AES bo‘yicha referendum o‘tkazish uchun 15,5 milliard tenge kerak bo‘lishini ma’lum qildi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Hukumat atom elektr stansiyasi bo‘yicha tanqidlar kuchayganidan so‘ng AES qurilishi haqida referendum o‘tkazilishini e’lon qilgandi. O‘tgan yili AES qurilishi mo‘ljallanayotgan Balxash yaqinidagi Ulken qishlog‘ida ommaviy tinglovlar o‘tkazilganida faollar: "Agar AESda falokat sodir bo‘lsa, oqibati butun xalqqa ta’sir qiladi, shuning uchun bu masalani faqat Ulken qishlog‘i aholisi uchun muhokama qilish noto‘g‘ri," degan edi. Keyinchalik Toqayev sentyabr oyidagi "murojaati"da bu masalani umumxalq referendumiga qo‘yishni taklif qildi.
Joriy yilda AES qurilishi masalasi bo‘yicha respublikaning kamida 20 ta shahrida ommaviy muhokamalar o‘tkazildi. Tashkilotchilar aytishicha, muhokamalar davomida "atom energetikasi va atom elektr stansiyalari haqida batafsil ma’lumot" berilgan. Biroq, ba’zi faollar kampaniyani keskin tanqid qilib, uni "Energetika vazirligining atom elektr stansiyasini qo‘llab-quvvatlovchi targ‘ibot kampaniyasi" deb atadi.
Viloyatlarda atom elektr stansiyasini qurish masalasida ommaviy munozaralar uyushtirgan Qozog‘iston Fuqarolar Alyansi prezidenti Banu Nurgaziyeva bularni "xalq taqdiri haqida qayg‘urib" tashkil etganini aytdi.
Uning aytishicha, ommaviy eshituvlar o‘tkazilishi haqida jamoat kengashlari veb-saytlarida oldindan e’lon qilingan va ularga kuchli ekspertlar taklif etilgan.
"Avvalo, ma’lumot yetkazish kerak. Buni kim qilishi kerak? Ma’lumotlarni malakali mutaxassislar – energetika, fizika va ekologiya sohasi vakillari berishi lozim. Shundan so‘ng muhokama boshlanadi. Odamlar munozaraga kirishishdan oldin ekspertlardan ma’lumot eshitishlari zarur. Odamlar o‘ylana boshlaydi. Shuning uchun biz muhokamalar uchun kuchli ekspertlarni taklif qildik. Bu tadbirlarga byudjetdan bir tiyin ham sarflanmadi. Biz o‘z byudjetiga ega bo‘lgan va xodimlarini xizmat safariga yuborishi mumkin bo‘lgan tashkilotlardan mutaxassislarni jalb etdik," deydi Banu Nurgaziyeva.
Semeylik faol Yeldos Dosanov AES bo‘yicha ommaviy eshituvlar paytida qo‘lga olinib, 15 sutkaga qamaldi. Uning aytishicha, muhokama kuni unga nisbatan bir vaqtning o‘zida ikkita bayonnoma tuzilgan – "Ro‘yxatdan o‘tmagan tashkilot faoliyatiga aloqadorlik" va "Politsiya talablariga bo‘ysunmaslik".
Ilgari ham ijtimoiy-siyosiy masalalarni ko‘targan ro‘yxatdan o‘tmagan "Olg‘a, Qozog‘iston" partiyasi vakili AES qurilishiga qarshi fikr bildirish imkoniga ega bo‘lmaganini aytgandi.
U referendum oldidan AES haqida yetarli ma’lumot yo‘qligini ta’kidlab, fuqarolarning ekologik huquqlari buzilmoqda deydi.
"Hokimiyatga ishonch darajasi past bo‘lgan, Rossiya esa qo‘shni davlatni bosib olishga qiziqishini to‘xtatmagan bir paytda bizga AES kerak emas. Fikrimcha, AES qurilishi masalasini 5-10 yilga kechiktirish lozim. Hozir buning mutlaqo zaruriyati yo‘q. AES haqida ma’lumotlar cheklangan, uning afzalliklari va kamchiliklari to‘g‘risida to‘liq tasavvur yo‘q. Ham iqtisodiy, ham ekologik xavflar bor. Bu yerda Qozog‘iston mustaqilligiga tahdid bor deb hisoblayman," deydi u.
Qozog‘iston milliy qonunchiligi va mamlakat tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro hujjatlar fuqarolarga atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatadigan loyihalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida ishtirok etish huquqini beradi.
"Yashil najot" ekologik jamiyati raisi Sergey Kuratovning ta’kidlashicha, Qozog‘istonda jamoatchilik muhokamalari jamoatchilik fikrini hisobga olish emas, balki "bug‘ chiqarish" mexanizmiga aylanib qolgan. Shu sababli ularning qaror qabul qilish jarayoniga ta’siri juda oz.
Bundan tashqari, ma’lumot yetarli bo‘lmagan yoki umuman yo‘q bo‘lgan holatlarda qarorlar qabul qilinishi mumkin emas. Shuning uchun muhokamalar natijasiz tugashi tabiiy, deydi u.
O‘tgan yil oktyabr oyida Demoscope jamoatchilik fikrini tezkor monitoring qilish byurosi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, qozog‘istonliklarning 46,6 foizi AES qurilishini qo‘llab-quvvatlasa, 37,7 foizi bunga qarshi ekan.
Prezident huzuridagi Qozog‘iston strategik tadqiqotlar instituti nomidan 7-18-avgust kunlari o‘tkazilgan telefon so‘rovi esa respondentlarning 53,1 foizi AES qurilishini qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatdi. So‘ralganlarning 32,5 foizi AESga qarshiligini aytgan. Ular asosan avariyalar va atrof-muhitga salbiy ta’sirdan xavotirda ekanliklarini bildirganlar. So‘rovda 1200 kishi ishtirok etdi. Respondentlarning 14,4 foizi hali tanlov qilmaganliklarini ma’lum qilishgan.
Odamlarning Qozog‘istonda AES qurilishi haqidagi fikrlari turlicha.
Qozog‘istonda atom elektr stansiyasini qurish tarafdorlari quyidagi asoslarni keltirmoqda:
1. Qozog‘istonda energiya taqchilligi tobora ortib bormoqda.
2. Atom energetikasi barqaror energiya manbai bo‘lib, issiqlik va gidroelektrostansiyalarga muqobil bo‘la oladi, shamol va quyosh energiya manbalari esa doimiy emas.
3. AES nisbatan kam suv talab qiladi, bu bug‘lanish miqdoriga teng.
4. Qozog‘iston tanlagan suv reaktori zilzila va suv toshqinlari kabi tabiiy ofatlarga bardoshli.
5. Atom elektr stansiyasi nisbatan kam radioaktiv chiqindi ishlab chiqaradi, ko‘mir yoqilganda esa ko‘p miqdorda ifloslantiruvchi moddalar ajralib chiqadi.
6. Xavfsizlikka ustuvorlik berilmoqda.
7. AES yuqori iqtisodiy samaradorlikka ega.
AESga qarshilar asoslari:
1. Energiya samaradorligini oshirish uchun mavjud infratuzilmani yangilash mumkin.
2. Qozog‘istonda atom energiyasidan tashqari boshqa ko‘plab energiya manbalari, jumladan, gaz elektr stansiyalari mavjud. "Yashil" energetika sohasida ham istiqbolli loyihalar ko‘p.
3. Balxash ko‘li sayozlashib bormoqda va AESning suv havzasiga ta’siri bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilmagan.
4. AESning to‘liq xavfsizligini kafolatlash mumkin emas, chunki mutlaqo xavfsiz reaktorlar bo‘lmaydi.
5. Radioaktiv chiqindilar muammosi hali ham o‘z yechimini topmagan.
6. Ukrainadagi urush, shuningdek, Zaporojye va Kursk AESlaridan bosim vositasi sifatida foydalanish atom energetikasi bilan bog‘liq xatarlarni ko‘rsatmoqda.
7. Chet el texnologiyalariga qaramlikning paydo bo‘lishi siyosiy va iqtisodiy bosim vositasiga aylanishi mumkin.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Hatto ko‘pchilik AES qurilishini qo‘llab-quvvatlasa ham, reaktorni kim qurishi hozircha noma’lum. Xabar qilinishicha, Qozog‘iston hukumatiga to‘rtta davlat – Rossiya, Xitoy, Fransiya va Janubiy Koreyadan takliflar kelgan. Ba’zi mutaxassislar Rossiyaning "Rosatom" kompaniyasi tanlanishidan xavotirda.