Falsafa doktori (PhD), ekolog va suv resurslari bo‘yicha ekspert, EcoMind ekotizim yechimlari markazi rahbari Arman Utepov ekotizimli yondashuv Sirdaryoni, u bilan birga Orolni ham qutqarishi mumkinligiga ishonadi. Olim daryodagi gidrotexnika inshootlarini qon tomirlaridagi tromblarga o‘xshatadi va ularning barchasini olib tashlash kerak, deb hisoblaydi.
U Ozodlik radiosi qozoq xizmati muxbiri Pyotr Trotsenko bilan intervyuda Sirdaryo va Orolning ekologik ahvoli, Qozog‘istonning suv resurslarini saqlab qolishga nega shu bugunoq kirishish zarurligi haqida so‘zlab berdi.
“Sirdaryo o‘z tabiiy funksiyalarini bajaradigan ahvolda emas”
Pyotr Trotsenko: Avvalo Sirdaryo haqida gaplashsak. Undagi suv miqdori Orol dengizi g‘arbiy qismining suv sathiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladi. So‘nggi yillarda daryo suvi ikki karra kamaydi, faqat shu yil bir qadar maqbul darajaga chiqdi. Ayting-chi, bu nimaga bog‘liq?
Arman Utepov: Gap shundaki, Sirdaryo o‘z tabiiy funksiyalarini bajara oladigan ahvolda emas. Biz uni to‘g‘on va gidrotexnika inshootlari bilan to‘sib qo‘yganmiz.
Qizilo‘rda viloyatining o‘zida 90 ming gektardan ziyod sholi dalalari bor, ekin maydonlari yil sayin kengaymoqda. Qozog‘iston hududida, to Orol dengiziga qadar daryoning tabiiy oqimi Chordara suvombori (Turkiston viloyatida, O‘zbekiston bilan chegarada joylashgan – tahr.)ning foydalanish rejimiga bog‘liq. Quyi oqimda Ko‘ksaroy aksilregulyatori joylashgan, u ham qishloq xo‘jaligi ehtiyojlariga xizmat qiladi. Undan keyin Qizilo‘rda gidroregulyatori va Aqlaq gidrouzeli keladi, ulardan narida esa Orol dengizi.
Bir paytlar Ko‘korol to‘g‘onini ko‘tarish haqida gapirganimizda bu g‘oya muxoliflari,to‘g‘on yana ko‘tarilsa, yuqori oqimda katta muammolar chiqadi, boshqa gidrotexnika inshootlari to‘laqonli ishlay olmay qoladi, deb iddao qilishgan edi (to‘g‘on Orol dengizi shimoliy qismida qurilgan, u havzaning ushbu qismida suv sathi ko‘tarilishiga yordam berdi, ammo to‘g‘on yetarlicha baland emas, degan fikrlar bor – tahr.). Biroq, agar to‘g‘onni ko‘tarsak, tabiiy suv rejimini tiklagan bo‘lamiz: baliq urug‘ tashlaydigan joylar, barcha havzalar,shu jumladan Qamishlibosh ko‘llar tizimi ham tiklanadi. To‘g‘onni ko‘tarsak, kifoya.
Suv bilan ta’minlashning muhim masalalaridan biri boshqaruvda havza yondashuviga rioya qilishdir, u sektorlararo tarqoqlik va raqobatni yengib o‘tishi kerak. Suv xo‘jaligi havzaviy boshqaruvi Turkiston va Qizilo‘rda viloyatlari hududida bo‘lib, uning vakolatlari Sirdaryoning Qozog‘istondagi butun havzasida amal qilgani bilan baribir to‘laqonli hokimiyatga ega emas, u suvdan foydalanish masalalarini mustaqil hal etolmaydi. Qishloq xo‘jaligi tashkilotlari resurslardan pala-partish foydalanib, 70 foiz suvni sarflamoqda, shundan yarmi infratuzilma eskiligi tufayli yo‘q bo‘lib ketmoqda.
Men Qozog‘iston suvning ekotizimdagi funksiyasini aktuallashtirishi zarur, deb qat’iy ishonaman. Biz Sirdaryoning quyi oqimidamiz, demak, suv bizga avvalo iqtisodiy manfaatlar uchun kerak, deyish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Suv hamma narsaga kerak. Suv bo‘lmasa, hamma narsani nobud bo‘ladi. Suv siklining buzilishi iqlim o‘zgarishlariga olib keldi. Esingizdami, maktabda suvning tabiatda aylanishini tushuntirib berishardi? O‘sha sikl buzilgan, chunki qurigan tuproq suvni shimib olish xususiyatini yo‘qotgan. Tuproq suvni o‘zida saqlab tursa, birinchidan, uning sifatini oshiradi, ikkinchidan bioxilmaxillikni tiklaydi.
Pyotr Trotsenko: Ya’ni tabiiy filtr vazifasini bajarar ekan-da?
Arman Utepov: Ha, bu barcha masalalarga yechim bo‘ladigan tabiiy filtr. Potapenko-Lukin metodi bor, tuproq yuzasining gidrologiya rejimini tabiiy jarayonlarni modellash yo‘li bilan tiklash. O‘tgan oy men Chuvashiyada, Yuqori Achaki qishlog‘ida bo‘ldim. O‘sha yerlik kolxoz raisi jarliklar ko‘p bo‘lgan yerni tiklashga muvaffaq bo‘libdi. Unga ishlov beriladigan yerlarni kengaytirish vazifasi yuklangan ekan. Ular jarliklarni tuproq suvi bilan to‘yinadigan yuzdan ziyod kichik ko‘llarga aylantirishibdi. Natijada hosildorlik oshibdi, hatto bug‘ular paydo bo‘libdi, qisqasi ekotizim tiklana boshlabdi.
Tuproqning suvni shimib olish xususiyati oshgach, daraxtlar tezroq o‘sa boshlagan, o‘rmon qoplamasi tiklangan, chunki biotik nasos nazariyasi ishga tushgan: quruq paytlarda o‘simliklar o‘zidan ko‘proq bug‘ chiqarib bulutlarni paydo qiladi va yomg‘ir chaqiradi. Bizning Mangistovda ham bulutlar paydo bo‘ladi, lekin ular dengiz ustiga yog‘adi, holbuki aksincha bo‘lishi kerak. Hamma balo tuproqning nam saqlash qobiliyati yo‘qolganida. Shu bois ham yangi Ekologiya kodeksida ekotizimli yondashuv masalalarini ko‘tarmoqchimiz.
“Ko‘korol to‘g‘oni ko‘tarilishi va mustahkamlanishi lozim”
Pyotr Trotsenko: Ko‘korol to‘g‘oni Orol dengizi shimoliy qismini tom ma’noda saqlab qoldi, baliqlar ko‘paydi. Ammo Orolda baliq ovlovchilar hozir ular yana kamaya boshlaganini aytishmoqda.
Arman Utepov: 2005-yilda Ko‘korol to‘g‘oni qurib bitirilgan bo‘lsa, 2006-yilda suv sathi va suv-tuz muvozanati me’yoriga kelib, Orol dengizining shimoliy qismida baliq zaxiralari ko‘paya boshladi. Bunchalik ijobiy natijani hech kim kutmagandi, ochig‘i. Eng avvalo, baliq urug‘ tashlaydigan joylar tiklanib, bu baliqlar ko‘payishiga sharoit yaratdi. Insonning sun’iy havzalarda baliq yetishtirishga qanchalik harakat qilmasin, baliq urug‘ qo‘yadigan tabiiy havzalarni tiklash samarasi oldida bu zarradek gap.
Pyotr Trotsenko: Biroq Orol baliqlari uchun muammo ko‘p hali. Masalan, Ko‘korol to‘g‘onidan suv tashlangan paytda dengizning janubiy qismida bo‘lgan baliqlar tuz konsentratsiyasi yuqoriligi tufayli qirilmoqda, shunday emasmi?
Arman Utepov: Ha, vaziyat chatoq, baliqlar rostdan ham qirilyapti. U joylarda suv yo‘q hisob, nuqul botqoqliklar. Men u yerga bir necha marta borganman, biz muammoni baliqni himoya qiluvchi to‘rlar o‘rnatish orqali bartaraf etmoqchi bo‘ldik. Ammo keyin olimlar past impulsli tok bilan baliqlarni hurkituvchi to‘siq o‘rnatishni taklif qilishdi.
Muammoning yana bir sababi shuki, vaqt o‘tishi bilan o‘zan qiyshayib daryo to‘g‘onga tom ma’noda tiralib qolgan. Hozirda konstruksiya baland emas, suv sathi ko‘tarilganida ortiqchasini Orol dengizining janubiy qismiga tashlashga to‘g‘ri keladi, bu esa qariyb uch milliard kub degani. Tasavvur qilyapsizmi? Yana-tag‘in suv tanqisligidan noliymiz. Eng dahshatlisi, bu sholi dalalari quritilganidan keyin yuz beradi. Avgust-sentyabrda sholipoyalar suvi kanallardan qo‘yib yuboriladi. Sholi maydonlari endi tuxumdan chiqqan baliqlar uchun ideal muhit: birinchidan, sayoz, ikkinchidan o‘simliklar ko‘p bo‘lgani sababli ozuqa yetarli, uchinchidan, iliq suv baliqning tez o‘sishiga yordam beradi. Shunday qilib, sholipoyalardagi baliqlar kanallar orqali daryoga tushadi. Quyi oqimda esa Qamishlibosh baliqxonasi bor: ular kuzda bir yashar baliqlarni Sirdaryoga tashlashadi. Mana shu baliqlarning bari katta oqim bilan birga Orol dengizi janubiy qismiga quyilyapti va halok bo‘lyapti.
Men favqulodda vaziyatlarda xavfni kamaytirish uchun suvni qo‘yib yuborish kerakligini inkor etmayman. Lekin uni boshqa joyga yo‘naltirish mumkin-ku. Masalan, Orol dengizining janubi-g‘arbida kattakon Tushibas ko‘li bor. U sho‘r ko‘l bo‘lib, vaqti-vaqti bilan chuchuklashadi. Ortiqcha suvni shunga oqizish kerak.
Pyotr Trotsenko: To‘g‘on nega bunaqa pastroq qilib qurilgan? Pul bo‘lmaganmi?
Arman Utepov: Hisob-kitoblar noto‘g‘ri bo‘lgan. O‘ylaymanki, to‘g‘on yana 5-6 metr balandroq bo‘lganida muammoni uzil-kesil hal qilish mumkin edi. Bir kuni baribir ko‘tarishga qaror qilishsa, kompleks yechim ishlab chiqish lozim. Boz ustiga, to‘g‘onda allaqachon yemirilish belgilari bor. Xullas, nima bo‘lganida ham to‘g‘on ustida ishlash, uni kuchaytirish va ko‘tarish kerak.
“Butun dunyo daryolarda gidrotexnika qurishdan voz kechyapti”
Pyotr Trotsenko: Yaqinda tashkil qilingan Qozog‘iston suv resurslari va irrigatsiya vazirligi haqida gaplashsak. Uning faoliyati natijalarini ko‘ryapsizmi?
Arman Utepov: Vazirlik tashkil qilinishi bir yutum toza havodek bo‘ldi. Hozirda yagona muammomiz bu me’yoriy baza. Yondashuvlarni o‘zgartirish kerak. Baxtimizga, vazirlik ekspertlardan yordam so‘radi va yil boshidan beri 100 kishidan ziyod tarkibda ishchi guruh tuzib, yangi Suv kodeksiga takliflar tayyorladik: 500 sahifada 700 dan ortiq tuzatish ishlab chiqildi, ularni hozir parlament ko‘rib chiqyapti. Biroq, afsuski, ekotizimli yondashuv masalasi ochiq qolayotir. Ekologiya kodeksida bu so‘z bor, lekin suv ekotizimlari haqida lom-mim deyilmagan. Hozirda ekologlar o‘z kodekslaridan suvga oid hamma narsani o‘chirishyapti, suvchilar esa – ekologiya va ekotizimli yondashuvga aloqador narsalarni.
Pyotr Trotsenko: Ekotizimli yondashuv nima degani o‘zi?
Arman Utepov: Ekotizimli yondashuv tabiiy ekologik tizimlar, tirik organizmlar, tabiiy landshaftlarning yaxlitligi va tabiiy o‘zaro aloqalarini hisobga olgan holda qarorlar qabul qilishga yordam beradi va shu orqali barqarorlik va samaradorlikni ta’minlaydi. Odatda ekotizimli funksiyalarning to‘rt toifasi ko‘rib chiqiladi. Biz bugun suvga uning ta’minot funksiyasi orqali qaramoqdamiz.
Biroq suvning havoni, iqlimni tartibga solish funksiyasi ham bor. Daryo oqimi suv sifatini tartibga soladi, suv esa ko‘plab hayvonlarning muhit-makonidir. O‘rmon haqida gapiradigan bo‘lsak, uning foydasini kubometrlarda o‘lchaymiz. Ayni chog‘da daraxtlarning ham tartibga solish funksiyalari bor: ular karbonat angidrid gazini yutadi, zararli zarrachalarni tutib qoladi, ildizlari ortiqcha suvni shimib oladi, yaqin-atrofdagi binolarga soya tashlaydi, iqlimni yaxshilaydi.
Daraxtlar insonning ish unumdorligiga ham ta’sir qiladi: so‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, kuniga 20 daqiqa daraxtlar soyasida sayr qilgan odamning unumdorligi 30 foizga oshar ekan. Ya’ni bu ham o‘lchash mumkin bo‘lgan aniq iqtisodiy ko‘rsatkich.
Ekotizimning farovonlikka, turmush sifatiga ta’siri haqida gapirar ekanmiz, aholining tabiiy resurslarni boshqarishga jalb etilganligi masalasini ham nazardan qochirmasligimiz lozim. Mahalliy aholini jalb qilish juda muhim, pastdan tashabbus juda zarur. Siz bilgan havza kengashlarining muammosi shuki, ular qog‘ozda boru amalda ularning funksiyalarini inspeksiya bajaradi. Havza kengashlari bu fermerlar, baliqchilar, sholikorlar, ovchilar va daryo bo‘yida yashovchi odamlar, degani. Gidroinshoot qurish kerakmi-yo‘qmi, undan ko‘ra yaylov va tekisliklar sifatini yaxshilagan ma’qulmi – barchasini ular hal qilishi lozim. Hozir butun dunyo daryolarda gidrotexnika qurishdan voz kechmoqda, ishlab turgan inshootlarni buzib tashlashyapti, chunki ular turmush sifatini tushirib yuboryapti.
Pyotr Trotsenko: To‘g‘ri tushungan bo‘lsam, daryolarning bu inshootlar qurilgunicha qanday oqqan bo‘lsa, o‘shanday oqishiga qo‘yib berilyaptimi?
Arman Utepov: Xuddi shunday. Gidrotexnika inshootlari inson qon tomirlaridagi tromblarga o‘xshaydi. Daryolar esa o‘zining tabiiy suv yo‘lini tiklashi zarur. Mana, masalan, Germaniya Reyn daryosidagi XIX asrdan boshlab qurilgan 800 dan ziyod gidroinshootni buzib tashladi va bu daryoning ahvolini ancha yaxshiladi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
“Suv uchun to‘qnashuvlar, urushlar bo‘ladi”
Pyotr Trotsenko: Orol va Sirdaryoga qaytaylik. Olim sifatida ayting-chi, hech nima qilinmagan taqdirda yaqin yillarda bizni nimalar kutadi?
Arman Utepov: Bu borada boshqalarning prognozlariga qo‘shilaman: muzliklar eriydi, daryolarni to‘ldiradi, ammo 2030-yilga borib katta muammolarga yo‘liqamiz. Hozirgi muammolarni kompleks hal qilmasak, o‘sha kunlar boshimizga tushishi aniq. Butun Orolni tiklash imkonsizligini bilaman, ayniqsa Afg‘oniston Amudaryodan ancha-muncha suvni tortibb ketadigan katta kanal qurayotganini hisobga olganda. U holda O‘zbekiston nima qiladi? Sirdaryodan ko‘proq suv oladi! Hozirda O‘zbekiston ham, Qirg‘iziston ham, Tojikiston va Qozog‘iston ham suvomborlar qurishga zo‘r bergan. Hammasi o‘z hududida iloji boricha ko‘proq suvni olib qolmoqchi.
Shuning uchun ham bizga kompleks yondashuv zarur, deyapman. Suv omborlari qurmaylik, o‘rniga tuproqning suvni shimib olish xossasini tiklaylik. Tuproq esa o‘z navbatida yerosti strategik suv zaxiralarini to‘ldiradi. Tabiatga qarshi bormaslik kerak.
Pyotr Trotsenko: Bundan chiqadiki, muvofiqlashtirilgan umumiy harakatlarsiz suv resurslari juda tez tugab bitishini faqat Qozog‘iston emas, Sirdaryo havzasidagi barcha mamlakatlar anglab yetishi kerak.
Arman Utepov: To‘ppa-to‘g‘ri. Lekin avvalo Markaziy Osiyoning har bir mamlakati nimaga intilayotganini tushunib olish lozim. Ulardan istalgan birining konstitutsiyasini ochib o‘qing: albatta, aholi farovonligini oshirish haqida yozilgan. Shunday ekan barcha davlatlar rejalash ufqlarini kengaytirishsin. Ularga uqtirish kerak: yaxshi, bugun suv olyapsiz, ertaga-chi, nima bo‘ladi? Vaqt o‘tishi bilan o‘nglanmas holga keladigan tuproq degradatsiyasini qanday to‘xtatmoqchisiz?
Agar hozir chorasini ko‘rmasak, bu muammolar siyosiy beqarorlikka olib keladi. Suv uchun to‘qnashuvlar, urushlar bo‘ladi.
Yana ekologik migratsiya ham bo‘lishi muqarrar. 70-80-yillar, Oroldan suv qocha boshlaganida baliqchilar har yoqqa tarqalib ketganiga guvohmiz. Kimdir Balxashga ketdi, yana kimdir – Qapchig‘ayga, kimdir esa shunchaki baliqchilikni tashladi. Natijada butun-butun posyolkalar huvillab qoldi.
O‘sha posyolkalarning yarmida hozir hayot qizg‘in: yangi uylar, tomlarda sun’iy yo‘ldosh antennalari, darvozalar yoniga qimmat mashinalar qantarilgan. Shimoliy Orolga suv qaytishi hayotni shu qadar o‘zgartirib yubordi! Lekin, takror aytaman: agar tabiatga ahmoqlarcha munosabatni davom etdiradigan bo‘lsak, juda yomon muammolar bilan to‘qnashamiz.