Sobiq deputat Qobil Do‘sovning ozodligi bir yilga cheklandi

Qobil Do‘sov (arxiv surati)

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi sudyasi Sarvar Mamadiyev raisligidagi mahkama 22-noyabr kuni jamoatchilik faoli Qobil Do‘sovga nisbatan hukm o‘qidi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.

Xabarnomaga ko‘ra, Qobil Do‘sov O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 1 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Sud sudlanuvchining jinoyat sodir etishdagi aybi jabrlanuvchining ko‘rsatmasidan tashqari, jinoyat ishida to‘plangan dalillar bilan, ya’ni jabrlanuvchilarning arizasi, tushuntirish xatlari, guvohlarning ko‘rsatmalari, sudga doir lingvistik ekspertizalar xulosalari, yozuvlar skrinshoti, Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Kabul Dusov” nomli profilni va Telegram messenjeridagi “Kobul Dusov | RASMIY KANAL” nomli kanalni ko‘zdan kechirish bayonnomasi, sudga doir kompleks ekspertizalar xulosalari hamda jinoyat ishi bo‘yicha barcha to‘plangan, tekshirilgan, ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtayi nazaridan baholangan dalillar bilan to‘liq isbotlangan deb hisobladi”, deyilgan Oliy sud xabarnomasida.

Qonunchilikka ko‘ra, ozodlikni cheklash sutkaning muayyan vaqti, ya’ni kech soat 21:00 dan ertalabki soat 07:00 ga qadar yashash joyidan chiqish cheklanishi va unga qo‘shimcha internetdan foydalanmaslik, ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaslikni nazarda tutadi.

Shuningdek, Do‘sovga nisbatan har oyda bir marotaba yashash joyi bo‘yicha IIO FMB Probatsiya bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tib turish hamda mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik kabi taqiqlar yuklanishi ham belgilangan.

“Meni boshqa narsa o‘ylantiradi. Qonunlar ikki xil standartdaligi. Misol uchun, bironta vazir, hokim oddiy xalqni so‘ksa, ular sudda 450 ming jarima bilan qutilib ketadi. Oddiy qora xalq agar biron bir amaldorni aybini bo‘yniga qo‘yib so‘ksa, jazoni maksimal qo‘llaydi, nega?” deya savol tashladi 40 yoshli faol Qobil Do‘sov Ozodlik bilan suhbatda.

Sud majlisidan so‘ng ijtimoiy tarmoqdagi o‘z sahifasida chiqish qilgan Do‘sov: “Men bir o‘zim 1 millionli tizimga qarshi ikki marta jiddiy kurashdim va bu bilan O‘zbekistonda ikki ta’lim vaziri bilan kurashgan siyosatchi sifatida tarixda qoladigan bo‘ldim”, deb yozdi.