Rus nashriyotlarining hukmronligi tugamoqda. Urush ichidagi Ukrainada ommaviy kitobxonlik

Ukrainadagi har yili o‘tkaziladigan eng yirik nashriyot-matbaa tadbiri – "Book Arsenal Festival" ("Knijkoviy Arsenal") festivalida Anastasiya Yegorova allaqachon 11 ta kitob sotib oldi. Ular orasida: askar Artem Chexning "Nol nuqta" romani; Tara Vestoverning mormonlar oilasida ulg‘ayish haqida “Talaba” xotiralari; Rebekka Yarrosning "To‘rtinchi qanot" romantik-fentezi bestseller romani bor edi.

Eri armiyada bo‘lgan 31 yoshli IT-loyiha menejeri Yegorova Rossiya bosqinidan oldingiga nisbatan kitoblarini besh baravar ko‘proq sotib olmoqda. Uning aytishicha, so‘nggi yillarda tanlov ancha ko‘payib yaxshilangan.

"Ammo o‘qishim mumkin bo‘lganidan ko‘proq narsani sotib olishim asl sababi, ruslar bizni yana qochishga majbur qilishidan qo‘rqaman... biz ketamiz, ukraincha kitoblar ham yo‘qoladi", deydi u. Ukraina uchun hayot-mamot urush manzarasida bu ham hayot-mamot masalasi bo‘lib qolgan.

Kiyevda har ikki oyda bir yangi kitob do‘koni ochilib, kutilmagan bestsellerlar bozorni to‘ldirayotgan vaqtda kitobxonlar va nashriyot insayderlari kitoblarga talab ortib borayotganini aytishmoqda.

Ukrainada san’atga e’tibor chandon ortgani kabi, kitoblarning bunday ko‘payishi ham urush bilan bog‘liq, bu Ukraina madaniyatiga hujum qilib, uning ijodkorlarini o‘ldirishda davom etayotgan Rossiya tajovuziga javobdir.

Festivaldan bir hafta oldin, 23-may kuni Rossiyaning S-300 raketasi Ukrainaning ikkinchi yirik shahri Xarkovdagi Factor Druk matbaa uyiga kelib tushdi. Bu shahar oxirgi haftalarda raketa va bombalar nishoniga aylangan. Hujum natijasida yetti nafar xodim halok bo‘ldi, 17 nafari yaralandi, 50 ming kitob, shuningdek, zavoddagi bosmaxona jihozlari yo‘q qilindi.

"Biz ko‘p yordam oldik, ammo zararni baribir tuzatib bo‘lmaydi", deydi “Ozodlik” radiosiga Factor Druk'ka tegishli Ukrainadagi uchinchi yirik nashriyot – «Vivat» bosh muharriri Yelena Riba.

Uning aytishicha, “Vivat”ning yo‘qotishlari 5 million yevroni (5,4 million dollar) tashkil etadi va Ukrainadagi nashriyot-matbaa sanoatining umumiy quvvati hujum natijasida 30-40 foizga qisqaradi.

To‘liq miqyosli bosqinning birinchi kunidan, 2022-yil 24-fevraldan boshlab, rus qo‘shinlari Ukrainaning madaniy obidalarini vayron qilmoqda, bosib olingan hududdagi galereyalar va muzeylarni talon-toroj qilmoqda, frontda va butun mamlakat bo‘ylab hujumlarda rassomlarni o‘ldirmoqda.

Bolalar kitobi muallifi, shoir va tarjimon 49 yoshli Vladimir Vakulenkoning jasadi 2022-yil sentyabrida Ukraina Rossiya qo‘shinlaridan hududni qaytarib olgandan so‘ng Xarkov viloyatidagi ommaviy qabrdan topilgan edi. Yozuvchi va urush jinoyatlari bo‘yicha tadqiqotchi, 37 yoshli Viktoriya Amelina 2023-yil iyulida Rossiya raketasidan halok bo‘ldi. 33 yoshli shoir va askar Maksim Krivsov 2024-yil yanvarida artilleriya hujumida halok bo‘lgan edi.

Ukraina davlat Kitob instituti ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainadagi 154 kutubxonani vayron qilgan, yana 750 dan ortiq kutubxonaga zarar yetkazgan va 1,8 milliondan ortiq kitobni yo‘q qilgan.

Unda aytilishicha, bosib olingan hududlarda Rossiya rasmiylari ukraincha kitoblarni musodara qilmoqda, ayrim hollarda esa yoqib yubormoqda. Ularning o‘rniga kutubxona va maktablarga 2,5 million nusxaga yaqin rus kitoblari olib kelingan.

Rossiyaning Xarkovni bombalashi asnosida yong‘inda qolgan kitoblar Kiyevdagi “Mistetskiy Arsenal”da o‘tayotgan to‘rt kunlik festivalda do‘kon ochgan noshirlar stendlarida namoyish qilindi. “Mistetskiy Arsenal” 18-asr oxirida o‘q-dorilar ombori bo‘lib xizmat qilgan ulkan neoklassik majmua bo‘lib, hozirda madaniy tadbirlarga mezbonlik qilmoqda.

Festival mavzusi "Chekkadagi hayot". Frontdagi keskin vaziyat va Ukraina bo‘ylab Rossiya hujumi xavfiga qaramay, kitob yarmarkasiga kirish uchun uzoq navbatda turgan va ommaviy munozaralar va badiiy tadbirlarda qatnashgan mehmonlar orasida qat’iyat va yoz ishtiyoqi hukm surdi.

“To‘liq miqyosli urush va undan oldingi pandemiya oflayn madaniy tadbirlarga talabni oshirdi”, dedi “Ozodlik” bilan suhbatda festival direktori Yuliya Kozloves. Uning aytishicha, tadbirda 35 mingga yaqin kishi qatnashgan.

Kozloves ta’kidlashicha, so‘nggi ikki yil ichida Ukraina kitobxon ommasi o‘zgardi: ko‘proq yoshlar ukrain tilidagi kitoblarni, intellektual adabiyotlarni izlayotganlar ko‘paymoqda.

"Urush oxir-oqibat Ukraina madaniyatini o‘zini yetarlicha qadrlamaslik kompleksidan ozod qildi", deydi u.

Madaniyat vaziri vazifasini bajaruvchi Rostislav Karandeyev «Ozodlik” bilan suhbatda aytishicha, 2023-yil iyunida Rossiya va Belarusdan kitob keltirish va tarqatishni taqiqlovchi qonunni qabul qilish to‘g‘risidagi “siyosiy qaror” chiqmaganda bu o‘zgarish ham yuz bermagan bo‘lishi mumkin edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘nlab yillar davomida Rossiyaning ulkan nashriyot sanoati ukrainalik raqobatchilarga imkon bermagan va rus tilidagi kitoblar maydonda hukmronlik qilgan.

Urush sababli ukrainlar o‘zligini izlay boladi, deydi fevral oyida Kiyevning asosiy ko‘chasi Xreshchatik ko‘chasida «Sens» nomli keng tarqalgan uch qavatli kitob do‘koniga asos solgan IT-tadbirkor Aleksey Yerinchak. Ko‘pchilik rus tilidan ukrain tiliga o‘tmoqda va bu tilni o‘rganish uchun kitoblarga muhtoj, deya qo‘shimcha qiladi u.

Rossiya bosqinidan keyin askarlar va faxriylar tomonidan yozilgan kitoblar, tarix kitoblari va ukrain klassiklariga talab ortib bordi. Ammo vaqt o‘tishi bilan, Kiyevdagi «Vixola» nashriyoti asoschisi Ilona Zamotsnaning aytishicha, psixologik adabiyotlarga, umuman, ilmiy adabiyotlarga va yengilroq badiiy adabiyotga qiziqish qaytdi.

Shu bilan birga, ba’zi toifa kitoblar inqirozga uchradi, ayniqsa, o‘qimishli onalar va bolalar ommaviy chiqib ketishi tufayli bolalar kitoblariga talab kamaygan.

Darhaqiqat, insayderlar ta’kidlashicha, nashriyot sohasida o‘sib borayotgan kitoblar xilma-xilligi va sifati, shuningdek, maket, dizayn va matbaadagi yangi tendensiyalarni olqishlayotgan ukrainaliklar uchun o‘zgarishlar ko‘rinadigan darajada zo‘r emas.

Ukraina kitoblar instituti rahbari Aleksandra Koval “Ozodlik” bilan suhbatda nashriyotlar “katta qiyinchiliklarga” duch kelmoqda va “miqdoriy ma’noda portlash bo‘lishi dargumon”, deydi.

O‘tgan yili Ukraina nashriyotlari daromadi 2022-yilga nisbatan ikki baravar, 2021-yildagi ko‘rsatkichlardan esa uchdan biriga oshdi, ammo chop etilgan kitoblar soni 2021-yilgining atigi 55 foizini tashkil etdi.

"Daromadning o‘sishini asosan kitob narxlarining ko‘tarilishi bilan izohlash mumkin", deydi u va Xarkovda joylashgan, Yevropadagi eng yirik to‘liq xizmat ko‘rsatadigan bosmaxonalardan biri bo‘lgan Factor Druk'dan tashqari, 30 ga yaqin kitob kompaniyalari urushdan zarar ko‘rganini qo‘shimcha qildi.

Liga.net tomonidan tuzilgan beshta eng yirik nashriyot ma’lumotlariga ko‘ra, keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri Ukrainada kitobning o‘rtacha narxi 37,5 foizga oshgan.

Nashriyotlar ham malakali ishchilar yetishmasligidan aziyat chekmoqda, chunki ko‘pchilik mamlakatni tark etgan yoki bosqinga qarshi kurashmoqda, deydi Yerinchak.

“Rossiya nashriyotlarining yillarcha hukmronligi Ukraina nashriyotlari rivojlanmay qolishiga sababchi bo‘ldi; faqat ishtiyoqmandlargina bu biznes bilan shug‘ullanardi, endi biz omon qolishimiz uchun innovatsiyalarga muhtojmiz”, deydi u.

Karandeyevga ko‘ra, Ukraina davlati o‘nlab yillar davomida madaniyat va nashriyotni qo‘llab-quvvatlash uchun juda kam ish qilgan va urush davridagi iqtisodiy qiyinchiliklarda buni qilish imkonsiz.

Biroq, Karandeyevning aytishicha, prezident Vladimir Zelenskiy tez orada Madaniyat vazirligi loyihasini imzolaydi, unga ko‘ra, 18 yoshga to‘lgan har bir ukrainalik uchun hukumatning “Diia” ilovasi orqali kitoblarga sarflashi uchun taxminan 900 grivna (22 dollar) ajratiladi.

Fuqarolik jamiyati ham o‘z hissasini qo‘shmoqda. Dnepr bo‘ylab joylashtirilgan rus qo‘shinlari tomonidan doimiy hujum ostida bo‘lgan janubiy shahar Xersonda bir guruh ko‘ngillilar odamlar xavfsiz joyda kitob o‘qishi va almashishi mumkin bo‘lgan "kitob boshpanasi" ochdi. “Madaniy desant” deb nomlangan yana bir guruh donorlarga frontdagi askarlarga kitob jo‘natishga yordam beradi.

Ba’zilar uchun urush davridagi kitobxonlik hayot tashvishlaridan qochishning bir shakli bo‘lsa, boshqalar buni Ukraina madaniyatini "dekolonizatsiya qilish" uchun hal qiluvchi urinish sifatida ko‘radi. Boshqalar esa hozirgi adabiy siljishni 1920-1930-yillarda sovet tuzumi o‘ldirgan ukrain shoirlari, yozuvchilari va san’atkorlari avlodi “qatl etilgan renessans” davriga qiyoslamoqda.

29 yoshli dengiz piyodasi Yarina Chernoguzning, "Dasein: Hozirlik himoyasi" nomli erkin she’rlar to‘plami bu yil nufuzli Milliy Shevchenko mukofotiga sazovor bo‘lgan. U o‘zi jang qilayotgan joyda kitobga to‘la ikki qutini olib yuribdi. Uning aytishicha, Milan Kunderaning “Mavjudlikning chidab bo‘lmas yengilligi” kitobida qon dog‘lari bor.

Uning uchun urush davridagi adabiy ijodiylik "juda og‘riqli" narsadir.

“Kitobim chop etilganidan keyin uni hatto ocholmadim. Bu ko‘plab quroldosh aka-uka, opa-singillarimning jasadlarini ko‘rganimda yozilgan”, deydi u “Ozodlik” radiosiga.

U kitobini ularga bag‘ishladi, o‘z so‘zlari bilan aytganda, "ular va bizning taqdirimiz unutilmasligi uchun".