Rossiya hukumati 2021-yilgi aholi ro‘yxatga olish natijalarini o‘tgan yil oxirida e’lon qildi. Unga ko‘ra, mamlakatdagi ko‘plab rus bo‘lmagan etnik ozchiliklar soni sezilarli darajada kamaymoqda.
Mamlakatdagi eng katta etnik ozchilik bo‘lgan tatarlar soni qariyb 600 ming kishiga kamaygan. Mari etnik guruhi 22,6% ga, chuvashlar 25 foizga, udmurtlar soni esa 30 foizga kamaygan.
Shu bilan birga, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, muayyan millat nomini aytishdan bosh tortgan respondentlar soni qariyb 16,5 million kishiga oshgan. Ko‘plab demograflar va boshqa ekspertlar, shuningdek, mamlakatdagi etnik ozchilik jamoalari faollari Kremlning maqsadi, ro‘yxatga olish natijalari va jarayoniga shubha qilmoqda.
"Etnik identifikatsiyani taqdim etishdan bosh tortganlar soni sezilarli darajada oshdi, – deydi rossiyalik sotsiolog Igor Yakovenko. – Bu ksenofobiya kuchayib borayotgani natijasidir. Odamlar kelajakda qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tushunishadi – har qanday holatda, hech narsa demaslik yaxshiroqdir.
99 foiz ishtirokmi?
Aholini ro‘yxatga olish dastlab 2020-yil kuzida, avvalgi aholini ro‘yxatga olishdan 10 yil o‘tib o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Ammo u kovid pandemiyasi tufayli bir yilga kechiktirildi va 2021-yil oktabr o‘rtalaridan noyabr o‘rtalarigacha o‘tkazildi. Dastlabki natijalar 2022-yil sentabrida, to‘liq, yakuniy ma’lumotlar esa dekabr oyida e’lon qilingan. Aholini ro‘yxatga olish Rossiya 2014-yilda bosib olgan Ukrainaning Qrim viloyatini ham o‘z ichiga oladi.
2010-yilgi aholini ro‘yxatga olishda aniqlangan 142,8 millionga nisbatan qiyoslaganda mamlakat aholisining umumiy soni 144,7 millionni yoki Ukrainaning Qrimini hisobga olganda 147,2 millionni tashkil etdi.
Rosstat rahbari o‘rinbosari Pavel Smelov 2021-yil noyabrida – ma’lumot to‘plash tugashiga bir necha kun qolganida so‘rovda aholining “99 foizdan ortig‘i” ishtirok etganini aytdi.
Biroq, nohukumat tahlilchilarning ta’kidlashicha, haqiqiy ishtirok ancha past bo‘lgan va qo‘llanilgan usullar natijalarni ishonchsiz qilib qo‘ygan. Levada omma fikrini o‘rganish markazining aniqlashicha, rossiyaliklarning 42 foizi aholini ro‘yxatga olishda umuman qatnashmaganini aytgan, Moskvada esa bu ko‘rsatkich hayratlanarli – 73 foizga yetadi.
"Bu 56-57 millionga yaqin odam aholini ro‘yxatga olishda ishtirok etmaganligini anglatadi", deydi demograf Aleksey Raksha. U 2020-yil iyul oyida hukumatning koronavirusdan o‘lim haqidagi hisobotlariga shubha qilgani uchun Rosstatdan ishdan bo‘shatilgandi.
Hatto o‘zini rus hisoblashini aytgan etnik ruslar soni rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2010- yildagi 111 milliondan 2021-yilda 105,6 millionga kamaygan.
"Soxtalashtirishga majburlash"
Ozod Yevropa/Ozodlik radiosiga bergan intervyusida aholini ro‘yxatga olishda qatnashganlar taqdim etilgan ma’lumotlarning aksariyati uydirma ekanligini tasdiqlashdi.
"Bizni ma’lumotlarni soxtalashtirishga majbur qilishmoqda va tushunishimcha, bu Sankt-Peterburgda ayniqsa keng miqyosda sodir bo‘lmoqda, chunki u yerda ishtirok etish darajasi juda past", deydi ro‘yxatga olishda qatnashgan va ismini oshkor etmaslikni so‘raganlardan biri Ozodlik radiosiga 2021-yil noyabrida. «Bundan juda xavotirdaman, chunki biz mahalliy ma’muriyatning buyrug‘i bilan noqonuniy ishlar qilishga majburmiz. Sotsiolog sifatida men bunday ma’lumotlarning qiymati nolga teng ekanligini bilaman”.
Xuddi shunga o‘xshash voqeani janubdagi Astraxan viloyatidan bo‘lgan yana bir aholini ro‘yxatga oluvchi ham aytib berdi. "Menga berilgan ro‘yxatlarda 50 foizga yaqin odam o‘zi javob bergan, qolganlari esa haqiqiy suhbatlar emas, balki yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan foydalanib, to‘ldirilgan, – deydi u anonimlik sharti bilan. – Odamlarning etnik kelib chiqishi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q edi va biz buni etnik guruhlarning familiyalariga qarab o‘zimiz aniqlashimiz kerak edi. Men bunday joylarni bo‘sh qoldirdim, shuning uchun ro‘yxatning yarmidan ko‘pida etnik mansublik javobsiz qolgan.»
Ana shunday holatlar sababli ko‘plab mutaxassislar 2021-yilgi aholini ro‘yxatga olish natijalaridan foydalanishda ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.
“Men bu aholini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘p ham ishonmagan bo‘lardim, – deydi sotsiolog va Kanadadagi Karlton universiteti professori Go‘zal Yusupova. – Bu boradagi savollar nafaqat tatar ziyolilari va boshqa milliy respublikalar faollari, balki akademik jamoatchilik vakillarida ham paydo bo‘ladi."
Yakovenko "totalitar va fashistik rejimlarda" ruyxatga olish imkonsizligini ta’kidladi.
"Odamlar har qanday intervyu oluvchini – shaxsiy hududini buzgan va shaxsiy savollar bergan shaxsni – hokimiyat yoki huquqni muhofaza qilish organlari vakili sifatida qabul qiladi, – deydi u. – Sotsiologlarning aytishicha, odamlarning 90 foizi savollarga javob berishdan bosh tortadi. Aholini ro‘yxatga olish masalasiga kelsak, ko‘pchilik javob berishni istamaydi, boshqalari esa yolg‘on javob beradi”.
Tatar tarixchisi va etnografi Damir Isxakovning aytishicha, "yetakchi demograflar bu statistik materialning befoydaligini biladi".
“Hatto Qozonda ham, – deydi u Tataristonning poytaxti va eng yirik shahrini nazarda tutib, – ular odamlarning uylariga borishmagan. Men buni o‘zim kuzatdim. Mening do‘stlarimdan hech kimnikiga borishmagan."
"Turfaxillikni xavf deb bilishadi"
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning boshqaruv tizimi “etnik separatizmdan qo‘rqadigan repressiv hukumatdir”, deydi sotsiolog Yusupova. Uning aytishicha, Putinning 1999-yilda hokimiyat tepasiga kelishiga Ikkinchi Chechen urushi bilan bog‘liq ksenofobiya to‘lqini sabab bo‘lgan.
"Bu etnik turfaxillikka qanday munosabatda bo‘lishimizni belgilab berdi, – deydi u. –Mamlakatimizda turfaxillikni xavf deb bilishadi: migrantlar giyohvand moddalar sotuvchisi, musulmonlar terrorchi, etnik faollar Rossiyani yo‘q qilmoqchi va hokazo."
Yillar davomida davlat tashviqoti vatanparvarlik va birlikka urg‘u berib keldi. 2020-yilda qabul qilingan konstitutsiyaviy tuzatishlar ruslarning mamlakatning "davlat tuzuvchi" millati sifatidagi o‘ziga xosligini va rus tilining ustuvorligini mustahkamladi.
"Menimcha, Rossiya Federatsiyasi siyosati hozir aksariyat xalqlarning ruslarga nisbatan assimilyatsiyasini rag‘batlantirishga qaratilgan, – deydi Raksha va chechenlar va Shimoliy Kavkazning boshqa etnik guruhlari bundan mustasno ekanligini qo‘shimcha qildi. – Ammo bu aholini ro‘yxatga olish shunchalik sifatsizki, unga asoslanib bu jarayonni to‘g‘ri baholash mumkin emas."
Rossiyadagi etnik tatarlarning tarixiy soni bu tahlilni tasdiqlaydi. 2002-yilgi aholini ro‘yxatga olishda, Rossiyaning qisqa muddatli demokratlashuvi va Tataristonning eng katta muxtoriyati poyonida aholi soni 5,55 millionga etgan. 2010-yilgi aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra, u 5,3 millionga tushgan va oxirgi aholi ro‘yxatiga ko‘ra, u yana 600 ming kishiga kamayib, 4,7 million kishiga tushgan.
Tatarshunos Isxakov “Rossiyada demokratiya bo‘lsa, 10 yildan keyin” navbatdagi aholi ro‘yxati o‘tkazilganda “yana 5 milliondan ortiq tatar bo‘ladi”, deya ta’kidlaydi.