Qozog‘iston hukumati kutilmaganda sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning ashaddiy tanqidchisi, marhum muxolif siyosatchi Zamanbek Nurqadilov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan tadbir o‘tkazishga ruxsat berdi.
14-yanvar kuni siyosatchilar, jamoat arboblari, deputatlar va taniqli shaxslar Nurqadilovni xotirlash tadbiriga to‘plandi.
Xotirlash marosimida prezident Qasim-Jomart Toqayev hamda Qozog‘iston parlamenti yuqori palatasi raisi Maulen Ashimbayev Nurqadilovning Qozog‘iston davlatchiligi qurilishiga qo‘shgan hissasi e’tirof etilgan maktublari o‘qib eshittirildi.
Nurqadilov 2004-yilda Nazarboyev hukumatining ashaddiy tanqidchisiga aylanguniga qadar Olmaota shahri meri va favqulodda vaziyatlar vaziri bo‘lgan. 2005-yil noyabrda u Olmaotadagi uyida otib ketilgan.
Tergovchilar hodisani o‘z joniga qasd qilish deb xulosa bergan. Bu jamoatchilikning keskin noroziligiga sabab bo‘lgan edi.
Toqayevning maktubida Nurqadilov tug‘ilib o‘sgan Olmaota viloyati Kegen tumanida uning haykali o‘rnatilishi, maktablardan biriga uning nomi berilishi qayd etilgan.
Nurqadilovning o‘limi boshqa muxolif siyosatchilar va jurnalistlarning o‘limi bilan bir vaqtda sodir bo‘ldi.
Nurqadilov va bir qator muxoliflardan intervyu olgan taniqli mustaqil jurnalist Asxat Sharipjanov ham o‘sha kuniyoq kaltaklangan, uch kundan keyin u ham kasalxonada vafot etgan.
Boshqa bir muxolif Sarsenbay o‘g‘lining o‘ldirilishiga shaxsiy adovat sabab bo‘lgani rasman e’lon qilindi. Qozog‘iston parlamenti apparati sobiq rahbari Yerjan O‘tembayev Sarsenbay o‘g‘lini o‘ldirishga buyruq berganlikda ayblanib, 20 yilga qamaldi.
Biroq 2013-yilda Qozog‘iston rasmiylari Nazarboyevning sobiq kuyovi Raxat Aliyev qotillikka buyruq berganini ko‘rsatadigan yangi dalillar asosida ish qayta ko‘rib chiqilishini e’lon qilganidan so‘ng O‘tembayevga nisbatan hukm bekor qilindi.
2007-yilda Nazarboyevning ashaddiy muxolifiga aylangan Aliyev o‘shanda Yevropada qochqinlikda edi.
Keyinroq Aliyev Avstriya rasmiylari tomonidan Qozog‘iston iltimosiga binoan hibsga olinadi va unga ikki qozog‘istonlik bankirni o‘g‘irlash va o‘ldirishga aloqadorlik ayblovi qo‘yiladi.
2015-yil fevralida Aliyev Vena qamoqxonasida osilgan va o‘lik holda topiladi.
Avstriya rasmiylari Aliyevning o‘limini o‘z joniga qasd qilish deb qayd etgan, biroq Qozog‘istonda ko‘pchilik uni o‘ldirilgan, deb hisoblaydi.