Qirg‘izlar Kampirobod O‘zbekistonga berilayotganidan norozi

Kampirobod suv ombori

O‘tgan hafta oxirida Qirg‘izistonda 20 dan ortiq faollar tartibsizlik qo‘zg‘atish ayblovi bilan qamoqqa olindi.

O‘zbekiston bilan chegara borasidagi bahsli kelishuvga qarshiligi uchun sobiq xavfsizlik rahbarlaridan tortib huquq himoyachilarigacha bo‘lgan bir qator shaxslar hibsga olingan.

Bu kelishuv o‘n yil oldin rahbarlari bir-birini ko‘rishga ko‘zi bo‘lmagan ikki davlat uchun muhim voqea bo‘ldi. Biroq mazkur kelishuv Qirg‘izistonni Kampirobod strategik suv ombori ustidan nazoratdan mahrum qiladi.

Suv ombori joylashgan O‘zgan tumanida kelishuvga qarshi noroziliklar bir yildan ko‘proq vaqtdan beri, kelishuv muhokama qilingandan buyon bo‘lib keladi.

Tanqidchilar fikricha, O‘zbekiston to‘g‘on suvidan foydalanishi, biroq suv ombori yerlari Qirg‘izistonning bir qismi bo‘lib qolishi kerak.

22-oktabr kuni “Kampirobodni himoya qilish” jamoat kengashi tuzildi.

Qirg‘iziston Ombudsmani Atir Abdurahmatova 21 nafar shaxs hibsga olinganidan xabardor ekanligini aytib, bu davom etishidan xavotir bildirdi.

Ichki ishlar vazirligi “ommaviy tartibsizlik uyushtirishga” tayyorgarlik ayblovi bilan tergov olib borilayotganini ma’lum qildi.

Faol Dinara Oshuraxunovaning Ozodlikka aytishicha, hibsga olinganlarning ko‘pchiligiga bu ish bo‘yicha allaqachon ayblov qo‘yilgan. Ular aybdor deb topilsa, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Prezident Sadir Japarov va uning ittifoqchisi, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev uchun Kampirobod suv ombori og‘ir nuqta.

Buning sababi shundaki, bu muammo ular ikki yil avval siyosiy inqiroz paytida hokimiyat tepasiga kelganda tugatilgan edi.

Sadir Japarov va Qamchibek Tashiyev 2012-yilgi muxolifat mitingida

Yer, suv va foydali qazilmalar mavzusi Qirg‘izistondagi siyosiy populistlar uchun asosiy vosita bo‘lib kelgan. Bir vaqtlar hukumat muxoliflari sifatida bundan foydalangan ittifoqchilarning o‘zlari endilikda bu muammoga duch kelmoqda.

O‘zganlik faol Nursulton Oqilbekning Ozodlikka aytishicha, hukumat o‘tgan yili Qirg‘iziston hududidagi suv ombori O‘zbekiston nazoratiga o‘tishini belgilaydigan kelishuvga erishishdan oldin mahalliy aholi bilan maslahatlashmagan.

24-oktabr kuni o‘nlab faollar Bishkekda chegara kelishuvi va hibsga olishlarga qarshi namoyishga chiqdi.

Hukumatni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan shunday hajmdagi mitinglar O‘zgan va Jalolobodda ham bo‘lib o‘tdi.

Japarov hibsga olinganlar haqida to‘xtalib, sud jarayoniga aralasha olmasligini, lekin ular sudlangan taqdirda prezident tomonidan afv etish masalasini ko‘rib chiqilishi mumkinligini bildirdi.

Faollar va siyosatchilar Kampiroboddan "hokimiyatga qarshi chiqish uchun bahona" sifatida foydalanishmoqda, degan Sadir Japarov "Kabar" davlat nashriga bergan intervyusida.

Japarovning o‘zi ham 2020-yilning oktabr oyidagi prezidentlikka ko‘tarilgan saylovga qadar uch yil qamoqda o‘tirgan.

Japarov o‘zining qamoqqa olinishi uyushtirilganligini va bu Qirg‘izistondagi eng yirik “Qumtor” oltin konini boshqarayotgan xorij shirkatiga qarshi chiqqani uchun jazo ekanligini ta’kidlab keladi.

"Ikki do‘st" sifatida tanilgan Japarov va Tashiyev Bishkekda

2022-yil aprel oyida Xalqaro Respublikachilar instituti tomonidan o‘tkazilgan so‘rov shuni ko‘rsatdiki, aholining 85 foizi mamlakatning rivojlanish siyosatini qo‘llab-quvvatlagan.

Joriy yilning avgust va sentabr oylariga kelib esa bu ko‘rsatkich 76 foizga tushdi.

Ammo Japarovning muammosi faqat Kampirobod emas.

Hukumat Qumtor koni ustidan nazoratni qo‘lga olganidan keyin bir yildan ko‘proq vaqt o‘tgach – prezident va uning jamoasi konda shaffoflik yo‘qligi sababli keskin tanqidga uchramoqda.

Yirik temir konidan Xitoy oldidagi qarzlarni to‘lash vositasi sifatida foydalanish esa hukumat uchun yana bir boshog‘rig‘i bo‘lishi mumkin.

Avgust oyida 19 yoshli bloger Iris Jekshenaliyev prezidentning Jetim-Too konini o‘zlashtirish rejalariga qarshi videorolikni e’lon qilganidan keyin ommaviy tartibsizliklarni qo‘zg‘atganlikda ayblanib hibsga olingan edi.

O‘shanda sud majlisida Jekshenaliyev jurnalistlar bilan suhbatda istehzo bilan “Men Japarov o‘tirgan kamerada o‘tiribman” deya ta’kidlagan.