Markaziy Osiyoda paxta va sholi sug‘orishda suvdan nooqilona foydalanish Sirdaryoning qurishiga olib kelib, mintaqa qishloq xo‘jaligi va ekotizimlariga tahdid solmoqda. Qozog‘iston bilan O‘zbekiston o‘rtasida suv resurslaridan foydalanishga doir bitimlar bor, ammo sug‘orish tizimlari eskirib ketganligi va kelishib harakat qilinmasligi sababli suv inqirozi tobora chuqurlashib, kelgusi suv ta’minoti barqarorligi xavf ostiga qolayotir.
Mamlakatlar ushbu muammolar bilan qanday kurashmoqda va ularning yechimini tezlashtirish uchun bugun nimalar qilmoq kerak? Ozodlik muxbiri Pyotr Trotsenko iqlim o‘zgarishi bo‘yicha ekspert va “Qozog‘istonning suv hamkorligi” jamoat fondi koordinatori Quralay Yaxiyeva bilan shu haqda suhbatlashdi.
“Biz 50 foiz suvni isrof qilyapmiz”
Pyotr Trotsenko: Markaziy Osiyo qishloq xo‘jaligi Sirdaryo havzasida suvning oz-ko‘pligiga qanchalik ta’sir qiladi?
Quralay Yaxiyeva: Sirdaryoning O‘zbekiston va Qozog‘istondagi havzasi haqida gapiradigan bo‘lsak, ushbu mamlakatlarda asosan sug‘orma dehqonchilik, ya’ni faqat sug‘orishga asoslangan dehqonchilik bilan shug‘ullanishadi. Suv bo‘lmasa, hosil ham bo‘lmaydi. Qozog‘istonda aholi iste’mol qiladigan Sirdaryo yuza suvlarining qariyb 70 foizi qishloq xo‘jaligiga ketadi. Qolgan qismi esa kommunal ehtiyojlar, sanoat va hokazolarga sarflanadi. O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligida sarflanadigan suv miqdori ancha ko‘p – 90 foizlarga yetib qoladi, chunki daryo bo‘yida katta-katta sug‘oriladigan maydonlar bor.
Quralay Yaxiyeva: Sirdaryo quyi oqimida joylashgan Qizilo‘rda viloyati misolida tushuntiraman. Bu yerda sug‘oriladigan yerlar sovet davridagidan kamroq, o‘tgan asrning 80-90-yillariga nisbatan qariyb 30foizga qisqargan. Sababi, yer maydonlari, kanallar va gidrotexnika inshootlarini o‘z ichiga oluvchi sug‘orish tizimi juda eskirib ketgan. Sug‘orish tizimi 30 yil mobaynida qarovsiz qoldi, natijada kanallarning foydali ish ko‘rsatkichi teng yarimga pasaydi. Bu ayniqsa, qazilma kanallarga tegishli: avvalboshdan suv yo‘qotishi nazarda tutilgan ushbu kanallar hozir ayanchli ahvolda. Hozirda daryodan to sug‘oriladigan dalaga yetkazguncha 50 foiz suv isrof bo‘lyapti, tasavvur qilamizmi?!
Pyotr Trotsenko: Bu muammoni hal etish choralari ko‘rilyaptimi? Umuman, qanday ishlar qilinyapti?
Quralay Yaxiyeva: Sovet Ittifoqi parchalangach kolxoz va sovxozlar tarqatilib, ularning o‘rniga mayda dehqon xo‘jaliklari keldi. Ular kanallarni o‘z kuchi bilan ta’mirlay olmasdi. Bitta kanal o‘nlab xo‘jalik oralab o‘tishi mumkin, kanalni ta’mirlash uchun esa barcha xo‘jaliklar birlashishi va birgalikda harakat qilishi kerak bo‘ladi.
Dehqon xo‘jaliklari ushbu muammoni hal etish maqsadida QXICHKlar (qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish kooperativlari)ga birlashdi: kooperativlar sug‘orma suvni yetkazib berishda vositachilik va suv yetkaziladigan tizimni saqlash vazifalarini bajarishi kerak edi. Biroq ularni nazorat qilish mexanizmlari yo‘q edi. Natijada narxlar oshdi, odamlar pul to‘lashdi, ammo sug‘orish kanallari baribir ta’mirlanmadi. Ya’ni, QXICHKlar amalda xo‘jaliklarga suvni ustiga pul qo‘yib sotish bilan shug‘ullanib yurdi. Shu bois, oxir-oqibat fermerlar undan voz kechdilar.
Pyotr Trotsenko: Ekologlar va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ekspertlar orasida “Ayni vaziyatda paxta va sholi maydonlarini qisqartirish yaxshi yechim bo‘ladi, ularni sug‘orishga ko‘p suv sarflanyapti”, degan fikr keng tarqalgan. Ularga ko‘ra, suv resurslarini faqat shu yo‘l bilan asrab qolish mumkin emish.
Quralay Yaxiyeva: Suv yetishmayotgan bo‘lsa, boshqa, kamsuvroq ekin ekish kerak, degan gapni ko‘plardan eshitamiz. Biroq bu hamisha ham to‘g‘ri yechim bo‘lolmaydi. Masalan, Qizilo‘rda viloyati yerlari sho‘rxok yerlar: agar sholidan boshqa ekin ekilsa, badtar sho‘rlanadi. Chunki sholi – yerning tuzini yuvadigan ekin. Sholi ekilganidan so‘ng uchinchi kundan boshlab tinimsiz sug‘oriladi, hamisha suv ichida o‘sadi va pishib-yetilganidan keyingina suvi kollektorlarga qo‘yib yuboriladi. Bu suv yerning sho‘rini o‘zi bilan olib ketadi. Shunday ekan, sholidan butkul voz kecha olmaymiz. Biroq dehqonchilikda almashlab ekish degan tushuncha bor: bunda asosiy ekin – ekin ekiladigan maydonning 60 foizidan ortiq bo‘lmasligi lozim. Ya’ni, agar sizning bir xil kattalikdagi o‘nta dalangiz bo‘lsa, oltitasini sholiga ajratib, qolganiga boshqa ekinlar ekasiz, lekin bitta dala bo‘sh qoladi yoki yerga dam berish uchun unga ko‘pyillik o‘t (beda) sepiladi. Yil sayin dam u, dam bu dala shu tariqa dam berish va ekin ekish uchun almashlab turiladi.
Ilgari, kolxoz va sovxoz kabi katta xo‘jaliklar bo‘lgan paytlarda qayerga qanaqa ekin ekish rejalangan, almashlab ekishga rioya qilingan. Mayda dehqon xo‘jaliklari paydo bo‘lgach har kim foyda keltiradigan, daromad beradigan ekin ekishga tushdi. Kanal yoqalab joylashgan barcha fermerlar yerlariga bir paytda ekin ekib,bir paytda sug‘oradigan bo‘ldi, natijada kanalning o‘tkazish quvvati dosh berolmadi va suv tanqisligi boshlandi.
Binobarin, suvdan ratsional foydalanishga imkon beruvchi ekin ekish jadvali bo‘lmog‘i kerak. Bu bilan mahalliy akimatlar, qishloq xo‘jaligi boshqarmalariyu suv xo‘jaligi tashkilotlari shug‘ullanishi lozim. Ular dehqonlar bilan ishlashi, tushuntirish ishlarini olib borishi va kim qanaqa ekin ekishini aniqlab, kimga qachon suv berish rejasini tuzib olishi zarur. Biroq, afsuski, bularning hech biri qilinmayapti.
“O‘zbekistonda har ikki mulozimdan biri suvchi”
Pyotr Trotsenko: Orol dengizini aynan paxtachilik va sholichilik halok qildi, degan gaplar qanchalik asosli?
Quralay Yaxiyeva: SSSR davrida sholikor va paxtakorlar rekord ketidan quvishar, raqam va ko‘rsatkichlar ular uchun hamma narsadan muhim edi. Shu bois ekin ekiladigan yerlar qog‘ozda belgilanganidan doimo ko‘proq bo‘lgan. Masalan, kolxoz 12 gektarga paxta ekkan, uning hosili esa hujjatlarda “10 gektar yerdan olindi” deb qayd qilingan. Umumiy xirmonni 10 gektarga bo‘lib, gektaridan falon tonna oldik, deb ko‘zbo‘yamachilik qilishgan. Hozir O‘zbekistonda ham, Qozog‘istonda ham faqat ekin maydonlarini kamaytirish uchungina sholi bilan paxtadan voz kechish ehtiyoji yo‘q.
Qirg‘iziston bilan Tojikistonga kelsak, ular Sirdaryo suvidan sug‘orishda kam foydalanishadi, daryo ularga asosan gidroenergetika uchun kerak. Biroq ular suvni suvomborlarda g‘amlash kerak bo‘lgan pallada aksincha, qo‘yib yuborishadi, chunki ularga elektr energiyasi zarur. Norin-Sirdaryo GESlar kaskadi avvalboshdan irrigatsiya rejimiga mo‘ljallangan, ya’ni suv tashlanishi ekin sug‘orish davriga to‘g‘ri kelgan. Ammo GESlar gidroenergetika rejimiga o‘tkazilganidan so‘ng bu muvozanat buzildi. Natijada kuzdan bahorgacha daryoda suv kelyapti, yozda esa, aksincha, suv yetishmayapti. Sirdaryo quyi oqimi, jumladan Qizilo‘rda viloyatini suv bosgan paytlar bo‘ldi. Toshqinlardan himoyalanish va yoz mavsumida sug‘orma suvga ehtiyojni aqalli qisman qoplash uchun Qozog‘istonda kontrregulyator – Ko‘ksaroy suv ombori qurildi.
Pyotr Trotsenko: Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida Sirdaryo havzasining suv-energetika resurslaridan foydalanish to‘g‘risida bitim mavjud. Demak, unga rioya qilinmayotgan ekan-da?
Quralay Yaxiyeva: Mamlakatlar o‘rtasidagi bitim bo‘yicha o‘z ulushimizni olyapmiz. Masala – uni zarur bo‘lgan paytda olishda. Bu masala bilan vazirliklar shug‘ullanishi, uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazishi kerak. Uchrashuvlarda ular Sirdaryo yuqori oqimidan Qozog‘istonga qachon qancha suv kelishi kerakligini aniq-tiniq belgilab olishlari darkor. Bunaqa muzokaralardan qanchasida shaxsan ishtirok etganman.
Bilasizmi, gap nimada? Qozog‘iston suv resurslari va irrigatsiya vazirligi kuni kecha bir yoshga to‘ldi, bungacha bizda ixtisoslashgan vazirlik umuman bo‘lmagan. O‘zbekistonda esa hatto mamlakatni boshqarayotgan prezidentgacha suvchi (Shavkat Mirziyoyev 1977-1981-yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida o‘qigan, keyinroq texnika fanlari nomzodi unvonini olgan – tahr.). Qolaversa, O‘zbekistonning har ikki mulozimidan biri suv resurslari bilan bog‘liq ixtisoslikka ega.
Suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha muzokaralarga Qozog‘istondan odatda vazir o‘rinbosarini yoki qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish vazirini jo‘natishar, ular esa masalaning nozik joylarini tushunmasdilar. Shu bois O‘zbekiston taklif qilgan har bir hujjatga imzo chekib beraverishgan.
Odatda bunaqa muzokaralarda har bir tarafdan 20 nafargacha odam qatnashadi, ular orasida chegara xizmati, tashqi ishlar vazirligi, akimatlar va boshqa idoralar xodimlari bo‘ladi. Suv resurslari bo‘yicha chinakam mutaxassislar delegatsiyalar tarkibida bitta-ikkita bo‘ladi, xolos. Barcha materiallarni, hisobot va takliflarni aynan ular tayyorlashadi, ammo ularning maqomi delegatsiyaning boshqa a’zolariga nisbatan juda past bo‘ladi, fikrlariga hech kim quloq solmaydi. Bir necha mamlakat transchegaraviy daryolarga aloqador masalalarni muhokama qilish uchun yig‘ilgan taqdirda ham asosan O‘zbekistonning suv resurslariga doir takliflari qabul qilinadi, negaki ularning vaziri – suvchi (O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev ham Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tamomlagan – Tahr.) va u har bir taklifni asoslab, isbotlab beradi.
30 yildan ziyod suv resurslari va irrigatsiya vazirligisiz yashadik. Mana, vazirlik tuzildi, lekin u hali juda xom, xodimlarining aksari – ilgari hokimliklarda ishlagan nomutaxassis odamlar. Albatta, suv sohasini mulozim boshqaradi, lekin u shu ixtisoslik bo‘yicha ta’lim olgan bo‘lishi shart.