Qirg‘iziston janubidagi O‘sh shahrida 14-iyul kuni tinimsiz yoqqan jala tufayli sel toshqini ro‘y berdi. Oqbura daryosi o‘zanidan toshib chiqqan suv yaqindagi bozorni bosgan. Shaharda favqulodda holat e’lon qilingan.
15-iyul kuni O‘zbekistonning Andijon shahridagi Shahrixonsoydan 19 yoshli va 10 yoshli opa-singilning jasadi topilgan.
Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, qizlarning jasadi soat 14:30 da topilgani ortidan Andijon shahri morgiga yetkazilgan.
Avvalroq FVV mazkur kanaldan sel oqizib ketgan marhumalarning 6 yashar singlisi jasadi topilgani haqida ma’lum qilgan edi. Bu uch qiz onasining jasadini esa qutqaruvchilar Oqbura daryosining o‘zbek-qirg‘iz chegarasi yaqinidagi joyidan topishgan.
O‘sh shahar meriyasi ma’lumotiga ko‘ra, ona bilan uning uch qizini “Mol-Bulak” dam olish maskanida bo‘lgan paytda sel oqizib ketgan.
Oldinroq Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi bedarak ketgan 4 kishi bir oila mansublari - 1980-yilda tug‘ilgan ona va uning 19,10 va 6 yashar farzandlari ekanini bildirgan edi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda O‘shdagi markaziy bozor suv ostida qolganini ko‘rish mumkin - sel nafaqat bozorda sotilayotgan tovarlarni, balki bir necha mashinani ham oqizib ketgan.
FVV ma’lumotiga ko‘ra, sel ortidan O‘sh-Gulcha-Ergashtom yo‘li vaqtincha yopib qo‘yilgan.
Shuningdek, vazirlik shaharga tutash To‘lo‘yko‘n va O‘zgur qishloqlarida evakuatsiya ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgan.
O‘shda sel oqizib ketgan qizlardan birining jasadi O‘zbekistonning Shahrixonsoy kanalidan topilgan. Bu haqda Ozodlikning qirg‘iz xizmati Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligidan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.
FVV qaydicha, 7 yashar qizaloqning jasadi ikki davlat o‘rtasidagi “Do‘stlik” chegara maskani orqali olib o‘tiladi.
Vazirlik 15-iyul kuni qirg‘iz-o‘zbek chegarasiga yaqin bo‘lgan Kattaterak uchastkasida Oqbura daryosidan yana bir ayol jasadi topilganini ma’lum qilgan.
O‘sh meriyasi yakshanba oqshomiga qadar shahardagi vaziyat haqida xabar berdi. Meriya ma’lumotlariga ko‘ra, bedarak yo‘qolgan to‘rt kishini qidirish ishlari olib borilmoqda. Ular toshqin paytida Toloykon hududidagi dam olish maskanida bo‘lgan.
“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, To‘lo‘yko‘n hududidagi Aravon-Oqbura kanali orqali sel oqimi 7 ta avtomobilni olib o‘tgan. Jami 134 ta uy suv ostida qolgan, 17 ta uyning devori vayron bo‘lgan. 15 ta avtomobil sel oqibatida zarar ko‘rgan”, — deyiladi hokimlik xabarida.
Shuningdek, tez yordam xizmatiga 30 ta qo‘ng‘iroq qayd etilgan, ikki kishi kasalxonaga yotqizilgan, qolganlariga tibbiy yordam ko‘rsatilgandan keyin uylariga jo‘natilgan.
O‘sh shahrida ham favqulodda holat joriy etildi. Shahar rahbari suv bosgan markaziy bozorda joydan tashqari yig‘ilish o‘tkazgani haqida hokimlik xabar berdi.
“O‘sh shahar hokimi, fuqaro muhofazasi boshqarmasi boshlig‘i Baxitbek Jetigenov tegishli shahar muassasa va korxonalari rahbarlari bilan sayyor yig‘ilish o‘tkazib, markaziy bozorni ko‘zdan kechirdi. Tegishli muassasalar bozor hududini tartibga keltirish ustida ishlamoqda. Shahar hokimi shuningdek, sel kelgan To‘loykon qishlog‘iga ham tashrif buyurdi”, deyiladi O‘sh hokimiyati xabarida.
O‘shda boshlangan sel Andijon viloyatining Xo‘jaobod va Jalaquduq tumanlari orasidagi ko‘prikning ham qulashiga sabab bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda Qirg‘izistondan oqib keluvchi Oqbura daryosi ustiga qurilgan ko‘prik oqimga dosh berolmay, qulaganini ko‘rish mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, qulagan ko‘prik Jalaquduq tumanining Yorqishloq qishlog‘ida joylashgan.
O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi sel toshqini oqibatida hech kim jabrlanmaganini bildirib, fuqarolarni sarosimaga tushmaslikka chaqirgan.
Мавзуга алоқадор Ўшда сел оқизиб кетган қизчанинг жасади Ўзбекистондан топилдиBahor mavsumidan beri Qirg‘izistonning turli joylarida sel-toshqin hodisalari kuzatilmoqda. Qirg‘iz rasmiylariga ko‘ra, joriy yilning 20-aprelidan 1-iyuligacha sel toshqinlari tufayli 170 million so‘mdan ko‘proq (taqriban 2 million AQSH dollari) zarar ko‘rilgan. Bu vaqt oralig‘ida tabiiy ofat tufayli 17 kishi nobud bo‘lgan.