Qoraqalpog‘istonda kamida 21 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan qonli namoyishlardan ikki yil o‘tib, O‘zbekiston Oliy sudi “Olg‘a, Qoraqalpog‘iston” harakatini ekstremistik tashkilot deb topgani va faoliyatini taqiqlagani o‘rtaga chiqdi. O‘zbekiston Oliy sudi bu borada Xo‘jayli tuman sudining shu yil 30-may kungi hukmiga tayangan ma’lumotni rasman tasdiqlagani yo‘q, rad ham etmadi.
O‘zbek matbuoti Konstitutsiyada Qoraqalpog‘istonning suveren maqomini bekor qilish taklifi ortidan boshlanib ketgan Nukusdagi qonli voqealarning navbatdagi sanasini ham e’tiborsiz qoldirdi.
Voqealarni tekshirish uchun ikki yil avval tuzilgan parlament komissiyasi hanuzgacha o‘z xulosasini e’lon qilmagan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev namoyishlarni bostirish chog‘ida haddan tashqari kuch qo‘llash holatlari aniqlangan taqdirda ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishga va’da bergan.
Bosh prokuratura Nukus voqealari chog‘ida qonunni buzganlik va qiynoq qo‘llashda ayblangan 3 nafar xodim jazoga tortilganini aytgan.
Qonli namoyishlar ortidan zo‘ravonliklarga aloqadorlikda ayblangan 60 dan ortiq odam, jumladan, namoyishlar tashkilotchisi ekani aytilgan Dauletmurat Tajimuratov qamoq jazosiga mahkum etilgan.
O‘zbekiston rasmiylari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 1-2-iyul kunlari Nukusda tartibsizliklarga aylanib ketgan norozilik namoyishlari chog‘ida 21 kishi halok bo‘lgan, huquq-tartibot idoralari xodimlari doxil 243 kishi yaralangan.
Ozodlik qo‘lga kiritgan Xo‘jayli tumani sudi hukmida aytilishicha, qoraqopog‘istonlik faol Paraxat Musapbarov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 244-2-moddasi bilan (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) ayblangan:
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2024-yil 22-fevral kungi qarori bilan “Olg‘a, Qoraqalpog‘iston” norasmiy uyushmasi ekstremistik tashkilot deb etirof etilib, faoliyati O‘zbekiston hududida taqiqlangan bo‘lsada, unga tegishli bo‘lgan virtual guruhlarda tashkilotning separatistik mazmundagi g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlovchi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini omma oldida haqoratlovchi hamda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga, hokimiyatni bosib olishga, qonuniy ravishda saylab qo‘yilgan va tayinlangan hokimiyat vakillarini hokimiyatdan chetlatishga, O‘zbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligini Konstitutsiyaga xilof tarzda buzishga qaratilgan izohlarni Internet va mamlakat hududida uning faoliyatini taqiqladi”.
Xuddi shunday, qoraqalpog‘istonlik faollarni o‘zida birlashtirgan “Olg‘a, Qoraqalpog‘iston” harakatining ekstremistik, deb taqiqlanishi ham yuridik jihatdan qator savollarni o‘rtaga chiqarmoqda.
Oliy sud qarori hozirgacha ochiq manbalarda e’lon qilingani yo‘q. Ozodlikning bu borada rasmiylardan izoh olish urinishlari hozircha natija bermadi.
Huquqshunoslar nafaqat “Olg‘a, Qoraqalpog‘iston”, balki umumiyatla mamlakat hududida mavjud biror harakatga “ekstremistik” maqomining berilishi yuridik jihatdan hanuz tushunarsiz masala bo‘lib qolayotganini aytishadi.
Voqealar xronologiyasi
- 26-iyun kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan O‘zbekiston konstitutsiyasi yangi tahririda Qoraqalpog‘istonning suveren maqomi va referendum orqali O‘zbekistondan ajralib chiqishiga doir moddalarga taklif qilingan o‘zgarish shu kunning o‘zida ijtimoiy tarmoqlarning qoraqalpoq segmentida qizg‘in muhokama va noroziliklarga sabab bo‘ldi;
- 1-iyul kuni Nukus markazida konstitutsiyaviy o‘zgartishlarga qarshi tinch namoyishlarga chaqirgan «El xizmetinde» gazetasi redaktori va faol Dauletmurat Tajimuratov hibsga olindi. Nukus markazida to‘plangan ko‘p sonli olomonning noroziliklari ortidan Tajimuratov qo‘yib yuborildi;
- O‘zbekiston Bosh prokuraturasi versiyasiga ko‘ra, Tajimuratov "noqonuniy namoyishlarga chaqirgani uchun hibsga olingan. Tarafdorlari u qo‘yib yuborilganidan so‘ng ham "tartibsizliklarni davom ettirishgan, kuch tizimlariga faol qarshilik ko‘rsatganlar va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini o‘zgartirish va hokimiyatni ochiqcha bosib olishga uringanlar";
- 1-iyul kechasi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Nukusdagi namoyishlar yuzasidan bayonot berib, yuz bergan voqealarga “konstitutsiyaviy islohotlar mohiyatini noto‘g‘ri talqin qilish” sabab bo‘lganini bildirdi. Vazirlik jamoat tartibini saqlash uchun qo‘shimcha kuchlar yuborilganini tasdiqladi;
- 2-iyul kuni Nukusga yetib borgan prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya loyihasidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalari o‘zgarishsiz qoldirilishini e’lon qildi. Ammo 2-iyul tunida tarmoqlarda tarqagan videolardan prezidentning yon berishi norozilik namoyishlarini to‘xtata olmagani ko‘riladi;
- Prezident Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 2022-yil 3- iyul kuni soat 00:01 dan favqulodda holat e’lon qilish haqidagi farmonni imzoladi. Favqulodda holat 2022-yil 2-avgust kuni soat 00:00 ga qadar davom etishi bildirildi;
- 4-iyul kuni Milliy Gvardiya va Bosh prokuratura Nukusdagi voqealarda 18 kishi halok bo‘lgani va 243 kishi yaralanganini ma’lum qildi; tan jarohati olganlarning 38 nafari huquq-tartibot xodimlari; 500 dan ortiq odam ushlangan;
- Yevropa Ittifoqi, BMT, AQSH va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan ochiq, har tomonlama va shaffof tergov o‘tkazishga chaqirdi.
- 6-iyul kuni prezident Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan tergovga jamoatchilik vakillari jalb qilinishi, kuch tuzilmalarining harakatlari tahlil qilinishini aytdi;
- Buxorodagi ikkita sud jarayonida 39 nafar va 22 nafar qoraqalpog‘istonliklar zo‘ravonliklarga aloqadorlikda ayblandi. Huquq himoyachilariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonning o‘zida ham qator sud jarayonlari bo‘lib o‘tgan.
- Asosiy ayblanuvchi ko‘rilgan qoraqalpog‘istonlik jurnalist Dauletmurat Tajimuratov 16 yilga qamalgan. U ayblarni rad etgan va o‘zining qiynoqqa solinganini iddao qilgan.
O‘tgan yili jurnalist Dauletmurat Tajimuratov huquqlarini himoya qilgan advokat Sergey Mayorov Nukus voqealaridan keyin ko‘rilgan ishlarda ayblanuvchilarga nisbatan “separatizm” ayblovi ilgari surilganini qayd etadi.
Mayorov, Oliy sudning jamoatchilikka oshkor qilinmagan qarori ortidan - O‘zbekiston qonunchiligida nazarda tutilgan “ekstremizm” ayblovining bugungi kunda Qoraqalpog‘istondagi faollarga nisbatan qo‘llanishini yurist sifatida noto‘g‘ri, deb hisoblashini aytadi.
“Bizning qonunchilikda ko‘pincha diniy ekstremizm qo‘llanadi. Ekstremizm bilan separatizm mutlaqo boshqa-boshqa tushunchalar. Separatizm bu davlatdan ajralib chiqishga yoki davlat ichida, lekin avtonom yoki alohida ajralib turuvchi qandaydir tuzilmalarni tuzishga yoxud ushbu doiradan tashqarida qandaydir uchinchi davlatni tuzishga qaratilgan harakatdir. U amaldagi qonunchilikni buzib, davlatning yemirilishini talab qiladi. Ekstremizm, ayniqsa diniy ekstremizm bu boshqa dinlar mansublarining qarashlarini qabul qilmaslik va ularga nisbatan taqiqlangan choralarni qo‘llash, xususan, jinoyatlar sodir etish va zo‘ravonlik qilishdir. Xullas, bu ikkisi turli tushunchalar. Davletmurat separatizm va yana ba’zi moddalar bo‘yicha sudlangan, biroq ekstremizmda ayblangan emas”.
2022-yil Nukusda bo‘lgan namoyishlar ortidan, unga sabab bo‘lgan konstitutsiyaviy o‘zgarishlar bekor bo‘ldi - bosh qonunda suveren davlat ichidagi suveren respublika maqomi saqlab qolindi.
Ammo, Qoraqalpog‘iston - O‘zbekiston va xususan Markaziy Osiyoda bo‘lginchilik tahlikasi mavjud bir mintaqa sifatida xalqaro jamoatchilikka diqqatiga tushdi.
“Qoraqalpog‘istonning O‘zbekiston tarkibidagi maqomi qonuniyligi masalasini birinchi bo‘lib «Olg‘a Qoraqalpog‘iston» faollari 2013-yillardayoq ko‘targan va bunga javoban qattiq repressiyaga uchragan edilar. Nukus voqealari O‘zbekistonning Qoraqalpog‘istonga nisbatan asl ichki siyosatini fosh qildi. Bu voqealarning oqibatlari bilan Andijon voqealaridan keyingi qatag‘on usullarida o‘xshashlik bor. O‘shanda hukumat qonli voqealarning barcha guvohlari ustidan to‘liq nazorat o‘rnatgan, jabrlanganlar manfaatini ko‘zlab ochiq bayonot bergan xorijdagi jamoatchilik faollarining hammasini qidiruvga bergandi. Shu yil fevralda “Olg‘a Qoraqalpog‘iston” harakatining O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan ekstremistik tashkilot, deb topilishi adolatsiz qaror. Nazarimda, bu “Olg‘a Qoraqalpog‘iston” liderlarida siyosiy madaniyat yo‘qligi uchun berilgan namoyishkorona jazodir”, deydi Markaziy Osiyoda inson huquqlari uyushmasi rahbari Nadejda Atayeva.
Huquq faollari, O‘zbekiston Oliy sudi imi-jimida qabul qilgan qaror qoraqalpoq faollariga nisbatan taqiblarning yangi to‘lqinini boshlab berishidan xavotirda.
Rossiyalik inson huquqlari faoli Vitaliy Ponomaryovga ko‘ra, Xo‘jayli tumanida ko‘rilgan jinoyat ishida “Olg‘a, Qoraqalpog‘iston” a’zolari aniqlanayotgani o‘rtaga chiqqan.
Faolga ko‘ra, tergov materiallarida ijtimoiy tarmoqlarda turli taxalluslar ostida tanilgan 18 kishining nomi bor, ularning bir qismi Qozog‘iston fuqarolaridir:
“2016-yildan keyin O‘zbekistonda ekstremizmga qarshi qonunchilikning Rossiya modeli asos qilib olindi. Bu qonunchilikning kamchiliklari o‘z vaqtida Venetsiya komissiyasi xulosasi hamda Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi qarorlarida qayd etilgan. Gap qonunchilikda ekstremizmga berilgan ta’rifidagi o‘ta noaniq chegaralar va sudlar tomonidan gumanitar ekspertizaning munozarali qo‘llanishi haqida bormoqda, shu bilan birga samarali apellyatsiya imkoniyati deyarli yo‘q”.
So‘nggi oylarda Qozog‘istondan panoh topgan qoraqalpoq faollariga nisbatan taqiblarning kuchaygani kuzatilmoqda.
Shu yil davomida bu davlatdagi ikki faol - “Olg‘a, Qoraqalpog‘iston” harakatining 31 yashar a’zosi Rasul Jumaniyazov hamda huquq himoyachisi Aqilbek Muratbay qo‘lga olindi.
Avvvalroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qozog‘istondan boshpana so‘ragan besh qoraqalpog‘istonlik arizasini ko‘rib chiqishga chaqirgan.
BMT xatida Jangeldi Jaqsimbetov, Raysa Xudaybergenova, Ziuar Mirmanbetova va Tleubike Yuldashevalar nomi tilga olingan.
Bu faollar 2022-yilda O‘zbekiston so‘rovi bilan qo‘lga olingan va 12 oy Qozog‘istonda hibsda saqlangan, so‘ngra ozod qilingan.
So‘nggi yangiliklardan biri kuni kecha paydo bo‘ldi. Taniqli advokat Ben Keyt Buyuk Britaniyadan himoya so‘ragan qoraqalpoq dissidenti nomidan boshpana so‘rovini britan mahkamasiga taqdim qilganini bildirdi.
Ben Keyt – Buyuk Britaniya va Yevropada tanilgan 5SAH advokatlar byurosining a’zosidir.
Uning ma’lum qilishicha, Buyuk Britaniyadan boshpana so‘ragan shaxs Qoraqalpog‘iston mustaqilligini da’vo qilgach, O‘zbekiston hukumati tomonidan hibsga olingan va qiynoqqa solinganlar orasida bo‘lgan.
Advokat o‘zi himoyasiga kirishgan qoraqalpog‘istonlik faolning shaxsini oshkor qilgani yo‘q.
- “Olg‘a, Qoraqalpog‘iston” harakati tarixi 2008-yilning sentyabriga borib taqaladi.
- Harakat lideri Aman Sagidullayev 2023-yil 10-mayda O‘zbekiston prezidentini omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilishda ayblanib, sirtdan 18 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
- Ammo, Nukus tumanining sobiq hokimi bo‘lgan 57 yashar Sagidullayev O‘zbekistonni 2011-yilda tark etgan. O‘shanda u Jinoyat Kodeksining 3 moddasi - 167, 205, 209-moddalariga asosan katta miqdordagi talon-torojlikda ayblangan edi.
- Sagidullayev o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etib keladi. U doimiy ravishda Qoraqalpog‘iston mustaqilligiga tinch yo‘l bilan erishishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganini ta’kidlaydi.
- Sagidullayev fikricha, bu ayirmachilik emas, balki muxtor hududga Konstitutsiyaga muvofiq ravishda berilgan huquq hisoblanadi.
Yevropada yashayotgan qoraqalpoq faoli Ko‘shkarbay To‘remuratov Sagidullayevning fikrlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
To‘remuratov Qozog‘istonda yashayotgan diaspora markazini tashkil qilgan faollardan biridir. U Aqilbek Muratov bilan birgalikda ishlagan.
To‘remuratov 2014-yilda O‘zbekistonda separatizmda ayblanib qo‘lga olingan va 6 yillik qamoqqa hukm qilingan. U ayblarni tan olmagan, o‘ziga nisbatan qiynoq qo‘llanganini iddao qilgan.
“2014-yil 17-dekabr sanasidan 2015-yil 30-may sanasiga qadar Nukus shahrida SNB (sobiq MXX-tahr.) kameralarida o‘tirgan va og‘ir qiynoqlarni boshidan kechirgan odamman. So‘roqlar chog‘i meni: “Qozog‘iston Respublikasi qachon qoraqalpoqlardan foydalanib Qoraqalpog‘iston Respublikasini anneksiya qiladi?” deya qistovga olishardi. Shu zamondan boshlab men SNBning nazarida jinoyatchiman. 2024-yili O‘zbekiston Respublikasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasiga bir taraflama o‘zgartish kiritishini e’lon qilgan paytda men o‘z Yutub-kanalimda va Qozog‘iston Respublikasi rasmiy TVsida, shuningdek Ozodlik radiosi qozoq xizmati bilan suhbatlarda bunga qarshiligimni, Qozog‘istondagi qoraqalpoqlar ham noroziligini bildirganman. 2022-yil 4-iyul sanasida Olmaotadagi O‘zbekiston bosh konsulxonasida Qozog‘istondagi qoraqalpoq diasporasi vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda men O‘zbekiston Respublikasini qatag‘onlarda, xususan Dauletmurat Tajimuratovni aybsiz qamoqqa olganlikda ayblaganman. Konsullikdagi o‘sha uchrashuvdan olingan videolar internetda tarqalgan”, deydi Ko‘shkarbay To‘remuratov Ozodlikka bergan intervyusida.
Garchi O‘zbekistonning o‘tgan yili qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida Qoraqalpog‘istonning sovet davridan meros qolgan suveren maqomi saqlanib qolgan bo‘lsa-da, tahlilchilarga ko‘ra, qonli voqealar ortidan rasmiy Toshkentning bu mintaqaga nisbatan siyosati o‘zgargan.
Bunday o‘zgarish birinchi galda Qoraqalpog‘istondagi davlat boshqaruv idoralari hamda vazirlar kengashi rahbarlari tarkibidan boshlandi.
Davlat idoralaridagi muhim rahbarlik lavozimlariga kadrlar O‘zbekistonning turli viloyatlaridan olib borilayotgani kuzatilmoqda.
Respublikada rahbariyat yangilanar ekan, faollar va inson huquqlari himoyachilari Nukus voqealaridan keyin boshlangan taqiblarni to‘xtatishni so‘ramoqda.
“Bu o‘rinda O‘zbekiston oliy rahbariyati siyosiy irodasini ko‘rsatishi va mavjud muammoni tan olib, uning manbasini o‘rganishi hamda buni hal qilish uchun qoraqalpoq dissidentlari ishtirokida muloqot boshlashi zarur. Faqat shu yo‘l bilangina O‘zbekistonning hududiy yaxlitligini va xalqaro hamjamiyat ishonchini saqlab qolishi mumkin”, deydi jumladan inson huquqlari faoli Nadejda Atayeva.
1-iyul kuni Hyuman Rayts Uotch inson huquqlari tashkilotlari bayonot chiqarib, O‘zbekistonning hamkorlarini Qoraqalpog‘iston voqealari yuzasidan adolatni ta’minlash va faollarga qarshi ta’qiblarni to‘xtatish borasida rasmiy Toshkentga ta’sir o‘tkazishga chaqirdi.
Avvalroq tashkilot 16 yilga qamalgan Dauletmurat Tajimuratovni ozod qilishga chaqirgandi.
O‘zbek rasmiylari o‘tmishda HRW ning O‘zbekiston bo‘yicha tadqiqotchisi sifatida ishlagan huquq faoli Stiv Sverdlouning Nukus voqealaridan so‘ng mintaqaga safar qilishiga ruxsat bermagan.
Stiv Sverdlou Qoraqalpog‘istonda separatizm xavfi borligi haqidagi rasmiy xavotirlarni savol ostiga olib kelayotgan ekspertlardan biri.
“Barcha savollarning boshi O‘zbekiston hukumati 2022-yilgi Qoraqalpog‘iston voqealariga doir parlament komissiyasi hisobotini hanuzgacha e’lon qilmayotganiga, to‘laqonli muloqot yo‘qligiga borib taqaladi. Holbuki, prezident Konstitutsiyaga kiritish mo‘ljallangan tuzatishlar olib tashlanishini aytgan, qolaversa, avvalo tartibsizliklar uchun, hokimiyat xodimlarining norozilikni bostirish chog‘ida qilgan xatti-harakatlari uchun uzr so‘ragan edi. Lekin shundan keyin baribir jilovlar qattiq tortilganini, ovozlar bo‘g‘ilganini ko‘rdik va o‘zbek hukumatining bu kabi reaksiyasi bizga eski davrlarni eslatmoqda”, deydi Stiv Sverdlou.
AQSH, Yevropa Ittifoqi, BMT va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari ham o‘zbek rasmiylarini Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan ochiq, har tomonlama va shaffof tergov o‘tkazishga, tinch namoyishchilarga qarshi haddan ziyod kuch qo‘llanilganiga oid iddaolarni tekshirishga chaqirib keladi.
Bu chaqiruvlarga javoban prezident Mirziyoyev voqealar yuzasidan har tomonlama tekshiruv o‘tkazishga va haddan tashqari kuch qo‘llagan kuchishlatar tizimlari xodimlarini javobgarlikka tortishga va’da bergan.
Hozircha, 3 xodim jazolangani ma’lum qilindi. Ammo, xalqaro mustaqil surishtiruvga izn berilmadi.
2023-yil 8-noyabrda Jenevadagi BMT Inson huquqlari kengashi yig‘ilishida O‘zbekiston delegatsiyasi inson huquqlari ahvoli sezilarli darajada yaxshilangani, shikoyat va talablar esa asossizligini iddao qildi.