2022-yil poyoniga yetdi, yangi yilni yorug‘ va issiq xonadonlarda kutish orzusi ko‘pgina o‘zbekistonliklar uchun o‘tgan yil ham orzuligicha qoldi.
O‘zbekistonliklar qishning sovuq kunlarida gazdan va elektrdan uzilgan bo‘lishlari mumkin, ammo bu ularning dunyodagi jarayonlar, yangilik va tarmoqlardan ham uzilganliklarini anglatmaydi, albatta.
Rossiya bombardimonlari sabab bu yil xuddi aksar o‘zbeklar kabi yangi yilni qorong‘ida va sovuqda kutib olayotgan ukrainaliklar boshdan kechirayotgan urush o‘zbekistonliklarning ham tilida.
Ozodlik 2022-yilning eng muhim 5 voqeasini saraladi.
Zimiston
Tabiiy, shu kunning eng muhim voqealigi - yildan yilga qahri ortib borayotgan energetik inqiroz. Sovuqning suyakdan o‘tayotganini ta’riflashga hojat yo‘q, ijtimoiy tarmoqlarni to‘ldirib toshirgan tasvirlar bor ovozda hayqirmoqda.
Yildan yilga ahvol og‘irlashmoqda. Chekka qishloqlar yillar davomida qishda zimistonda yashaydi. Ammo, bu zimiston bugun shaharlarda, xususan O‘zbekiston poytaxtida.
Boz ustiga, bu yil poytaxtda metan gaz shohobchalari yopildi, natijada yer usti transporti keskin kamayib, yo‘lovchilar oqimi metroga quyildi. Metroda bunaqa tumonatni poytaxtdagilar ko‘rmagan edi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
O‘tgan yillardan bu yilgi zimistonning farqi - bu yil kutilmaganda, hukumat rasmiylari va hatto Energetika vazirining o‘zi chiqib, savollarga javob bera boshladi.
Ozodlik va nihoyat shaxsan vazir Jo‘rabek Mirzamahmudovdan, oldindan berilgan yozma savollarga video javob oldi.
Vazir, O‘zbekistonda gaz va elektr toki yetishmasligi, hukumat ko‘rayotgan choralar muammoni hal qilolmasligini tan oldi, hatto o‘z uyida chiroq o‘chishini aytdi.
Ammo, vazirning bu bayoni sovuq qotayotgan o‘zbekistonliklarni qoniqtirmadi. Birgina Ozodlikda yig‘ilgan sharhlar, sovuq suyak-suyagidan o‘tib ketgan aholida hukumat ishidan norozilik chuqurlashib ketganini yaqqol ifoda qilmoqda.
Tabiiy, oddiy odamlardan tushayotgan aksar savollar - energetika tizimiga ajratilgan milliardlar hamda bu milliardlarning sanoqli monopol shirkatlaru ular qurib olgani korrupsion sxemalar domida yo‘qolib ketayotganiga oid iddaolar haqida.
Ammo, O‘zbekiston hukumat idoralari hozircha Ozodlikning bu boradagi qator surishtiruvlariga ochiq, tushunarli bir izoh bergani yo‘q.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Qoraqalpog‘istondagi voqealar
Qish boshlanib, O‘zbekistonda zimiston cho‘kkuniga qadar - jamoatchilik muhokamasida turgan muhim masala - Qoraqalpog‘istonda yozda bo‘lgan norozilik va uning ortidan sudlanayotganlar taqdiri bo‘lib turgandi.
Buxoro viloyat sudida bu namoyish va zo‘ravonliklarga aloqadorlikda ayblanayotgan 22 kishi ustidan ochiq sud bo‘ldi:
- Nukuslik jurnalist va bloger, «El xizmetinde» gazetasi redaktori Dauletmurat Tajimuratov,
- bloger va taniqli sambochi Azamat Turdanov,
- Qoraqalpog‘istonlik jurnalist, “Makan.uz” sayti ta’sischisi Lolagul Qallixanova,
- "Ayama" veb-sayti ma’muri Baxtiyar Kadirbergenov,
- bloger va jamoatchilik faoli Azamat Nuratdinovlar bor.
Bu va boshqa faollar JKning 10 ga yaqin moddasi, jumladan, ommaviy tartibsizliklar va konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda ayblandi. Ayblanuvchilar o‘zlariga nisbatan qiynoq qo‘llangani, namoyishchilar chog‘ida o‘qotar qurol qo‘llangani haqida ko‘rsatma berishdi.
Shu yil iyunda, O‘zbekiston konstitutsiyasiga kiritilajak o‘zgarishlar sirasida Qoraqalpog‘istonning suverenlik maqomini bekor qilish taklifi ham e’lon qilingandi.
Bu taklif Qoraqalpog‘istonda katta norozilik bilan qarshi olindi. 1-iyulga kelib, Nukus ko‘chalariga minglab odam chiqdi. 2-iyulda zo‘ravonliklar aks etgan videolar tarqaldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev voqealar ortidan, 2-iyul kuni Nukusga bordi. Prezident Qoraqalpog‘iston oliy hokimiyat organi - Jo‘qorg‘i Kengesdagi chiqishida, masu’liyatni mahalliy qonun chiqaruvchilarga yukladi va Qoraqalpog‘istonga oid o‘zgarishlar bekor qilinishini bildirdi.
Nukusdagi namoyishlar kuch bilan bostirildi. Bu voqealardan so‘ng Qoraqalpog‘iston - maqomi huquq normalariga zid, Ukrainadagi urush fonida esa, bo‘lginchilik tahlikasiga yaqin muxtor mintaqa sifatida kun tartibiga chiqdi.
Yevropa Ittifoqi, BMT va AQSh tomoni O‘zbekiston hukumatini Nukus voqealari yuzasidan mustaqil va ochiq surishtiruv o‘tkazishga chaqirib kelmoqda.
Referendum
Shavkat Mirziyoyev hukumati mustaqil surishtiruv chaqiriqlariga hanuz ochiq javob bergani yo‘q.
Aksincha, Buxorodagi sud oxiriga yetmasidan turib, Nukus voqealariga sabab bo‘lgan - Konstitutsion o‘zgarishlarga oid referendum masalasiga yana qaytdi.
Shu yilning 26-iyunida O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
100dan ortiq o‘zgarishlar orasida, Bosh qomusning Qoraqalpog‘istonga oid 5 modda ham borligi, noroziliklar asnosida jamoatchilikka ma’lum bo‘lgandi.
Nukusda misli ko‘rilmagan qonli namoyishlardan so‘ng, konstitutsiyaviy islohotlar ovozga qo‘yilishi kerak bo‘lgan referendum noma’lum muddatga qoldirilgandi. Aksar tahlilchilar, bu referendumdan so‘ng Mirziyoyev uchinchi muddat prezidentlikda qolishini kutmoqda.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Zotan, O‘zbekiston Senati raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev yangi konstitutsiya qabul qilinsa, Mirziyoyevning prezidentlik muddatlari nollashadi, deb bayonot bergan:
- "Yangi Konstitutsiya qabul qilinsa, u albatta barcha fuqarolar uchun, shu jumladan bugungi prezidentimiz uchun ham yangi konstitutsiya bo‘yicha saylovlarda ishtirok etishga imkoniyat yaratib beradi…" Safoyev
Kadrlar almashinuvi
Konstitutsiyaga o‘zgartishlar bo‘yicha mas’ul komissiya rahbari, O‘zbekiston hukumati bosh yuristi Akmal Saidov Qoraqalpog‘istondagi norozilik va aynan “nollashtirish” rejasini hanuz izohlagani yo‘q. Ozodlikning Saidovdan izoh so‘rab qilgan murojaatlari hanuz javobsiz.
Ammo, Toshkentdagi Konstitutsiyaviy komissiya va hokimiyatga yaqin manbalar, komissiya raisi Saidov, prezidentlik muddati bilan bog‘liq 90-modda qatorida, Qoraqalpog‘istonga oid o‘zgartirishlarni, O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi sobiq rahbari "Zaynilobiddin Nizomiddinovning bevosita topshirig‘iga binoan" ilgari surganini aytib keladi.
Manbalar, administratsiya sobiq rahbari Nizomiddinov, ehtimoliy norozilik va beqarorliklar haqidagi ogohlantirishlarga quloq solmagani, shu bois ishdan olinganini iddao qiladi.
Ozodlik ixtiyorida bu iddaolarni tasdiqlovchi hujjat mavjud emas. Ammo, Zaynilobiddin Nizomiddinov, Nukus voqealaridan so‘ng ishdan olindi va 16-iyul kuni uning o‘rnini Bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqov egalladi.
Prezident ma’muriyatiga o‘tganidan so‘ng Sardor Umurzoqov, muqaddam qariyb ko‘zga ko‘rinmagan Zaynilobiddin Nizomiddinovdan farqli, favqulodda faollik bilan siyosiy sahnaga chiqdi.
Administratsiya vakolatidan tashqari - Ijro hokimiyati vakillarini yig‘ib, majlislar o‘tkaza boshladi, hokimlarga dakki berib, ishdan haydadi. So‘nggi yirik hodisa esa - Umurzoqovning Turkmaniston prezidenti bilan yuzma-yuz uchrashuvidir.
1977-yilda Toshkentda tug‘ilgan Sardor Umurzoqov, O‘zbekiston siyosiy elitasida, Mirziyoyevning eng yaqin shogirdi va “ko‘z o‘ngida o‘sgan, do‘st oilaning o‘g‘li” deb ko‘riladi.
Muhimi, shu bilan prezident ma’muriyatida ham jiddiy o‘zgarishlar boshlandi - oxirgi to‘rt oyda jamoatchilikka e’lon qilingan besh tayinlov bo‘ldi. Umurzoqovdan so‘ng, unga ikki o‘rinbosar va bir yordamchi tayinlandi. Jumladan, prezident katta qizi Saida Mirziyoyeva otasining ma’muriyatiga ishga olindi.
U bilan birga yaqin hamkori - avval Prezident huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi - AOKA hamda Mass-media fondi rahbari bo‘lgan Komil Allamjonov ham prezident ma’muriyatiga qaytdi.
O‘zbekistonda bugungi kadrlar siyosatida ta’siri ortib borayotgan bu tandem - administratsiyada Jamoatchilik fikrini o‘rganish va axborot siyosati uchun mas’ul bo‘ldi.
36 million aholi yashaydigan davlatda, prezident ma’muriyati boshqaruvi, nega aynan prezidentning yaqin shogirdi, davlat axborot siyosati boshqaruvi esa uning katta qiziyu yaqin hamkoriga berilgani sabablari jamoatchilikka ochiqlangani yo‘q.
Ozodlikka akkreditatsiya
Ozodlik 2005-yil - Andijon voqealaridan keyin ilk bor O‘zbekistonda ishlash uchun bir necha kunlik akkreditatsiya oldi.
2022-yilning kuzida Samarqandda 2 yirik tadbir bo‘ldi - Shanxay hamkorlik tashkiloti hamda Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlari bo‘ldi.
Har ikki tadbirni yoritish uchun mahalliy va xorij jurnalistlaridan iborat 500 dan ortiq matbuot vakili chaqirildi. Bular orasida Ozodlik muxbirlari ham Samarqandga bordi.
Bundan tashqari, hukumat vakillari - vazirlar va davlat qo‘mitalari raislari Ozodlikka eksklyuziv intervyular bera boshladi. Ammo, mahalliy va xorij jurnalistlarga berilgan yangi imkoniyat juda cheklangan.
Jumladan, Ozodlik muxbirlari bu tadbirlar davomida va undan so‘ng ham qator aktual muammolarga mas’ul Tashqi ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi kabi idoralar rahbarlariga savol berish imkoni bo‘lmadi.
- Hokimiyatning yuqori bo‘g‘inlaridagi korruptsion sxemalarga oid Ozodlik surishtiruvlari,
- gazni xorijga sotib, pulini o‘zlashtirayotgani iddao qilinayotgan va hokimiyatga yaqin ko‘rilgan monopol shirkatlar,
- chetdan kelayotgan sarmoyaning hokimiyatdagi alohida guruh tomonidan o‘zlashtirilayotganiga oid iddaolar,
- G‘arb sanksiyalariga uchragan rossiyalik oligarx Alisher Usmonovning Mirziyoyev hukumati tomonidan lobbi qilinayotganiga oid G‘arb nashrlaridagi xabarlar shular jumlasidandir.
Aksar tahlilchilarga ko‘ra, prezident ma’muriyatidagi yangi rahbariyat, asosan hukumat tadbirlarini go‘yoki hukumat istagan shaklda yoritilishiga rozi, ammo erkin matbuot bilan muloqotga hanuz hozirmas.
Yakunlanayotgan 2022-yilning eng muhim voqeasi, shubhasiz Rossiyaning Ukrainaga bosqini bo‘ldi.
Insoniyat Ikkinchi jahon urushidan buyon ilk bor - qo‘lida qurol tutgan askarlar, tanklarning yurgan jang maydondonlari, olovga burkangan shaharlar va bu shavfqatsiz urushning qurboni bo‘layotgan ayollar, bolalarga guvoh bo‘ldi.
Bu urush - nafaqat Ukraina yoki unga hujum qilgan Rossiya, nafaqat bu ikki davlatga qo‘shnilar, balki butun dunyo va xususan, O‘zbekistonga ham bevosita ta’sir qildi.
Rossiya shu yilning 24-fevral kuni Ukrainaga bostirib kirdi. Kreml bu harakatini o‘z ta’biricha hanuz “maxsus harbiy amaliyot” deb atamoqda. Kiyev va dunyo hamjamiyati buni mustaqil davlat hududiga bosqin, deb qoralamoqda.
O‘zbekiston hukumati esa murakkab tanlov qarshisida qoldi. BMT ga a’zo davlatlarning asosiy qismi - bu tajovuzni qoralagan bir kezda, Kremlning qattiq bosimi ostida qolgan O‘zbekiston neytrallik pozitsiyasini tutdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev, boshlanganidan beri 10 oy o‘tgan bo‘lsada, Ukrainadagi urush haqida shaxsan bayonot bergani yo‘q.
O‘zbekiston hukumati darajasida berilgan eng katta bayonot - O‘zbekiston sobiq tashqi ishlar vaziri Ablulaziz Komilovning shu yil 17-mart kuni O‘zbekiston Senatida Ukrainadagi vaziyat yuzasidan qilgan bayonotidir.
Komilov, O‘zbekiston Ukraina hududiy yaxlitligi va suverenitetini tan olishi, o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilib olgan Lugansk va Donetsk respublikalarini tan olmasligi aniq aytdi.
Shu bayonotidan so‘ng Komilov Tashqi ishlar vazirligidan ketdi va ma’lum muddat so‘ngra, imi-jimida prezident maslahatchisi lavozimi bilan yana hokimiyatga qaytdi.
O‘shanda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga yaqin manbalar, vazirning Senatda qilgan Ukrainaga oid bayonoti, O‘zbekiston prezidenti ma’muriyati bilan kelishilgan - ya’ni, O‘zbekistonning Ukraina borasida 2014-yil Qrim anneksiyasidan so‘ng egallab kelgan pozitsiyasiga hamohang berilgan.
Buni esa O‘zbekiston tomonining eng ichida Ukrainaga gumanitar yordam ko‘rsatgani ham bilvosita tasdiqlagan. Bunday yordam haqida Ukrainaning Toshkentdagi elchisi Mikola Doroshenko Ozodlikka eksklyuziv intervyusida ma’lum qilgandi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini hanuz davom etmoqda. Bugunga kelib bu bosqin O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatida, xuddi Yevropa mintaqasida bo‘lgani kabi, yangi davrni boshlab berdi.
Zotan, O‘zbekiston va unga qo‘shni Markaziy Osiyo mamlakatlarini Kremlning ixtiyoriga qaram qilgan qator faktorlar orasida, millionlab mehnat muhojirlarining taqdiri yotibdi.
Garchi O‘zbekiston hukumati bir tarafdan Turkiya, yana bir tarafdan Yevropa ittifoqi davlatlari qo‘llovi bilan, Rossiyani chetlab o‘tuvchi, yangi siyosiy hamda savdo-iqtisodiy aloqalarni qurishga intilayotgan bo‘lsa-da, Rossiyadan kelib turgan yillik o‘rtacha 3 - 5 milliard dollarlik pul o‘tkazmalari mamlakat iqtisodi uchun aslo voz kechilmas kirim bo‘lib qolmoqda.
2023- yilda ham yilning muhim voqealarini biz bilan birga kuzating!
Ozodlik sayti, uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga obuna bo‘ling!