Milliy ta’lim va Milliy gvardiya. Maktablarda davomatni nazorat qilish harbiylarga yuklandi

Milliy gvardiya xodimi maktabda. Milliy gvardiya rasmiy saytidan olingan surat

Milliy gvardiya xodimlari o‘quvchilarning davomati past bo‘lgan 1000 ta maktabda tajriba tariqasida reyd o‘tkazdi.

Prezident topshirig‘i bilan o‘tkazilgan reydlarda, bola maktabga bormasligiga sabab “kiyim, jihoz yoki yo‘lkira uchun pul yo‘qligi”, maktabda "o‘qituvchi yo‘qligi" ekani aniqlandi.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, Milliy gvardiya tekshirilgan 1000 ta maktabda bu muammolarni go‘yoki hal qilmoqda.

Ammo, ekspertlar aslida bunday muammo mamlakatdagi 10 mingdan ortiq maktabning asosiy qismida borligi va qish oylarida davomat pastligining yana bir muhim sababi binolarning isitilmasligi ekanini aytmoqdalar.

Faollar esa ta’lim sohasidagi muammoni yarim harbiy tuzilma ishtirokida va kuch qo‘llash bilan hal etish kutilgan natijani berishiga shubha qilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Milliy gvardiya xodimining Andijon shahridagi maktablardan birida o‘quvchilar va o‘qituvchilar jamoasini yangi tartibdan ogohlantirayotgan ma’ruzasi tarqaldi.

“Telefon o‘ynab, internet o‘ynab o‘tiradiganlar diqqatiga: Bugundan boshlab sinfga hech qanaqa telefon olib kirilmaydi. Hamma telefon o‘qituvchilarda qoladi. Soat 8:00 dan kirish to‘xtatiladi, 8:10 da hamma darsda o‘tirgan bo‘lishi kerak, ikkinchi soatga keldimi, o‘qituvchi jazolanadi. Men shahar hokimi G‘ofurjon G‘ulomovichga chiqarib yuboraman”, deydi videodagi xodim.

Ertalab soat 8 dan harbiy kiyimda o‘quvchilarni qarshi oladigan xodimga ko‘ra, birgina Andijon shahrining o‘zida kuniga 300 nafargacha milliy gvardiya xodimi tongdan maktabda bo‘lgan.

Maktab o‘quvchilarining davomati va rasmiy xabarlarga ko‘ra, tarbiyasi hamda ma’naviyatini tuzatish jarayoniga Milliy gvardiyani jalb qilish tashabbusi prezident Shavkat Mirziyoyevga oid.

5-fevral kungi yig‘ilishda Prezident maktablardagi inspektor-psixologlar shtatini Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga olib o‘tkazdi.

“50 ming bola surunkali maktabga kelmayapti”, deya ma’lum qildi prezident.

“Maktablardagi 2000 ta inspektor-psixolog shtati Ichki ishlardan Milliy gvardiya o‘tkaziladi. Rustam Jo‘rayev (Milliy Gvardiya qo‘mondoni - tahr.) ikki oy muddatda o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash orqali ularda «huquqbuzarliklarga qarshi immunitet»ni yaratish bo‘yicha tizim qiladi".

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining xabar qilishicha, prezidentning shu yig‘ilishdagi topshirig‘i bilan yangi vazifani bajarishga kirishgan Milliy gvardiya ishni vazirlik bilan hamkorlikda ishchi guruh tuzishdan boshlagan.

Bu guruh ota-onalar va mahalla faollari ishtirokidagi “maktab — ota-ona — mahalla” hamkorligini tuzib, bu zanjirning ishini nazorat qilmoqda.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri - O‘zbekiston mediamakonida tez-tez ko‘rinish berib turadigan Hilola Umarova topshirig‘i bilan, davomati va tarbiyasi sust bolalarning ota-onasiga ogohlantirish xatining nusxasi ham zudlikda tayyorlanib maktablarga yuborildi ham.

Milliy gvardiya bosh Ishchi guruh ota-onalarni MJtKning 47-moddasi bilan ogohlantirmoqda:

47-modda. Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik:

- bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 1 baravaridan 5 baravarigacha jarima,
- ma’muriy jazodan keyin bir yil ichida takrorlansa, BHM 10 baravarigacha jarima,


Bola ta’limiga to‘sqinlik qilish:

- BHM 15 baravarigacha jarima,
- jazodan keyin bir yil ichida takrorlasa, BHM 25 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining bildirishicha, oldin bolalari maktabga bormagan oilalarni bunday jazolardan maktablar ogohlantirgan bo‘lsa, endi Milliy gvardiya ofitserlari ogohlantirmoqda.

Prezidentning bu topshirig‘i, aniqrog‘i maktab ostonasidan saharlabdan harbiy kiyimdagi nazoratchilarning paydo bo‘lishi turlicha qarshi olinmoqda.

“Maktabning to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishiga javobgar maktab direktori bor, o‘rinbosari bor. Psixologi bor. Ularga byudjetdan oylik to‘lanyapti. Nazoratchi ustidan nazoratchi qo‘yish bilan ta’limdagi muammolar hal bo‘lganida, Shimoliy Koreya allaqachon taraqqiy etgan bo‘lardi. Boshqalarni bilmadimu, ensani qotiradigan darajadagi bu “yangiliklar” xuddi “qora tush” zamonlariga qaytilayotgandek menda taassurot o‘yg‘otyapti. PS. : O‘qishni xohlamayotgan bolani tank bilan qo‘rqitsa ham o‘qimaydi. Ularga qo‘rquv emas, motivatsiya berish kerak”, deb yozdi platformauzb telegram kanali.

Aksar faollar, o‘quvchilarning davomati va tarbiyasi nazorati maktab ma’muriyatining vakolatida bo‘lishi kerakligiga e’tibor qaratmoqda.

Eng muhimi, bunday nazoratning yosh bolalar ruhiyatiga ta’siridan jiddiy xavotirlar ham tilga olinmoqda.

Jumladan, ta’lim sohasi bo‘yicha ekspert Komil Jalilovga ko‘ra, ota-onalar va bolalarni formali xodim bilan qo‘rqitish aslida davomatni to‘g‘irlashga aks ta’sir qilishi mumkin:

“Maktab — bolani qo‘rqitib, tahdid bilan olib keladigan katorga emas, o‘quvchi uchun xavfsiz, do‘stona muhit bo‘lishi kerak. Shundagina o‘rganish jarayoni ro‘y beradi. Maktabga kelmayotgan o‘quvchilar bilan bola psixologiyasini, bola tilini tushunadigan, bola ishonadigan mutaxassis shug‘ullanishi kerak”.

Gazeta.uz nashrining xabar qilishicha, Milliy gvardiya matbuot xizmati prezident yuklagan vazifa bo‘yicha qilgan ishiga o‘z munosabatini bildirgan.

“Davomatni nazorat qilish orqali Milliy gvardiya bolalarning maktabga bormaslik sabablarini aniqlaydi va mavjud muammolarni bartaraf etish uchun bu haqda tegishli tuzilmalarni xabardor qiladi. Bolalar bilan ichki ishlar vazirligidan o‘tkazilgan professional psixologlar suhbatlashadi. Ularning doimiy ish joyi maktab bo‘lib, u erda faqat fuqarolik kiyimida bo‘ladi”, deya izoh berdi Milliy gvardiya.

Milliy gvardiyaning zimmasiga bolalar bilan bog‘lik yuklangan qo‘shimcha vazifa faqatgina o‘quvchilar davomati va qo‘lidagi telefonlari emas.

2021-yil yozida prezident qarori bilan Mehribonlik uylari Milliy gvardiyaga biriktirilgandi. Unga mehribonlik uylaridagi bolalarni ota-onalariga qaytarish, vasiy tayinlash va farzandlikka olishga ko‘maklashish vazifalari yuklangandi.

Xususan, maktabdagi davomatni avval Ichki ishlar va Prokuratura tizimi tomonidan ham izga solishga urinish bo‘lgan.

Aksar tahlilchilar, har gal O‘zbekiston rahbariyati bu yerda muammoning sabablari emas, balki oqibatlarini yo‘qotiga o‘rinmoqda, degan xulosada.

Aksar o‘qituvchilar va faollarga ko‘ra, bolalarning davomati haqiqatda yaxshi emas, ayniqsa qish oylarida. Buning birinchi sababi esa maktablarning isimasligi, maktablarda darslik va o‘qituvchilarning yetishmasligida.

Bu muammolarning ayrimlarini Milliy gvardiya matbuot xizmati ham, 3 kunlik tekshiruvlari natijasida qayd etib o‘tgan.

Gazeta.uz nashrining xabar qilishicha, o‘quvchilar maktabga bormasligining Milliy gvardiya aniqlagan sabablari quyidagilar:

- “oilada bola uchun oddiy kiyim (mavsumiy) va jihozlar sotib olish uchun pul yo‘qligi”,
- “chunki ular uzoqda yashaydi va oilada ikki farzandning yo‘lkirasiga pul yo‘q”,
- “ba’zi bolalar tadbirkor ota-onalariga yordam berish uchun maktabga bormaydi”,
- “maktabda baribir o‘qituvchi yo‘q, deb repetitor yollagan ota-onalar ham bor”.


Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda 10 ming 284 ta maktab bor va bu maktablarda 6 million 300 ming atrofida o‘quvchi ta’lim oladi.

Milliy gvardiya 2017-yil avgustida Mirziyoyev farmoni bilan Ichki ishlar Vazirligi va MXXning ikkita brigadasi bazasida tashkil etilgandi.

O‘tgan vaqt mobaynida ushbu yarim harbiy tuzilma vakolatlari davomli kengayib bordi.

O‘tgan yili Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishlarga binoan, bundan buyon Milliy gvardiya xodimlari mayda bezorilik qilganlar va sovuq qurol olib yurganlarga nisbatan bayonnoma tuzish va uni sudga yuborish huquqiga ega bo‘ldi.

Bundan tashqari Milliy gvardiya voyaga yetmagan shaxsni ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishga undaganlarni, jamoat joylarida alkogol ichganlarni, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlagan, saqlagan yoki tarqatganlarni, tilanchilik qilganlarni va qimor o‘ynaganlarni jarimaga tortishi mumkin.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Milliy gvardiya borgan sari DXX va IIV vakolatiga kirgan vazifalarni egallab olmoqda yoki aksincha bu uch tashkilot bir paytning o‘zida bir xil vazifa bilan shug‘ullanmoqda.