Markaziy Osiyo davlatlari inson huquqlari qo‘pol ravishda buzilishiga qaramay, Afg‘onistonda hukmronlik qilayotgan Tolibon bilan munosabatlarini mustahkamlamoqda. Qo‘shni mamlakatlar Tolibon hukumatini rasman tan olmagan bo‘lsa-da, ularning ba’zilari guruhni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqardi va rejim bilan yirik hamkorlik bitimlarini imzoladi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari janubiy qo‘shnisi Afg‘oniston bilan, toliblarning, ayniqsa ayollar huquqlariga nisbatan, tobora qattiqqo‘l siyosatiga qaramay, munosabatlarni kengaytirish uchun harakatlar qilmoqda.
Shu oy boshida Qirg‘iziston Tolibonni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqardi, Turkmaniston Afg‘oniston bilan yirik gaz quvuri loyihasi bo‘yicha ishlarni qayta boshladi, O‘zbekiston bosh vazirining joriy yil avgust oyida Afg‘onistonga tashrifi chog‘ida Kobul bilan ikki yarim milliard dollarlik hamkorlik bitimlari imzolandi.
Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev 6-sentyabr kuni bu chora "mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash va hozirgi muloqotni yanada rivojlantirishga" qaratilganini aytdi.
11-sentyabr kuni Turkmaniston va Tolibon rasmiylari Turkmanistondan Janubiy Osiyoga har yili 33 milliard kub metrgacha tabiiy gaz yetkazib berishga mo‘ljallangan Turkmaniston - Afg‘oniston - Pokiston - Hindiston (TAPH) gaz quvuri loyihasi qayta tiklanganini nishonlovchi marosim o‘tkazdilar.
Turkmanistonning chegaradosh Sarhatabod shahrida bo‘lib o‘tgan marosimda sobiq prezident Gurbanguli Berdimuhamedov bosh vazir Muhammad Hasan Oxund boshchiligidagi toliblar delegatsiyasi bilan uchrashdi.
Marosimga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov videoaloqa orqali qo‘shildi.
TAPH loyihasining taxminiy qiymati 10 milliard dollarni tashkil etadi. U 1990-yillarda ishlab chiqilgan, ammo Afg‘onistondagi urush va beqarorlik tufayli amalga oshirish bir necha bor kechiktirilgan.
Turkmaniston 1800 kilometrlik gaz quvuri moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan Ashhobod uchun muhim daromad manbai bo‘lishiga umid qilmoqda.
Afg‘oniston har yili 500 million dollarga yaqin tranzit to‘lovlarini olishi mumkin, bu uning byudjetiga sezilarli yordam bo‘ladi.
Biroq, Tolibon ma’muriyatiga qarshi G‘arb sanksiyalari va Kobuldagi hukumatning rasman tan olinmaganligi sababli TAPH loyihasining kelajagi noaniq bo‘lib qolmoqda, bu esa loyihani moliyalashtirish va unga sarmoya kiritishga to‘sqinlik qilishi mumkin.
Dunyoning birorta mamlakati toliblar hukumatini rasman tan olmagan.
YUQORI DARAJADAGI TASHRIF
Avgust oyida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Kobulga tashrif buyurdi, bu uch yil avval Kobulda toliblar hokimiyat tepasiga kelganidan beri xorijiy hukumat vakilining eng diqqatga sazovor tashrifi bo‘ldi.
Xabarlarga ko‘ra, tashrif davomida O‘zbekiston va "Tolibon" vakillari energetika, qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalarida qariyb 2,5 milliard dollarlik investitsiya va savdo bitimlarini imzoladilar.
2023-yil avgust oyida Afg‘oniston va Qozog‘iston o‘zaro savdo hajmini 3 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirganliklarini e’lon qilgan edilar.
Markaziy Osiyoning eng yirik iqtisodiyoti Qozog‘iston mintaqada "Tolibon"ni terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatidan chiqargan birinchi davlat bo‘ldi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi bu qarorni 2023-yil dekabr oyida e’lon qilgan edi.
Ammo Tolibon hokimiyat tepasiga qaytganidan so‘ng Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekiston Kobul bilan aloqalarni yetarlicha tez yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa-da, Tojikiston Markaziy Osiyoda Afg‘onistonning yangi hukumatiga nisbatan qat’iy pozitsiyani saqlab qolgan yagona davlat bo‘lib qolmoqda.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
«RЕALLIKNI QABUL QILISH»
Dushanbening pozitsiyasi ko‘p jihatdan Afg‘onistonda yashovchi, asosan pushtunlar hukmron "Tolibon"ga qarshi kurashayotgan etnik tojiklar bilan bo‘lgan etnik, lingvistik va tarixiy aloqalarga asoslangan.
Biroq, hozirda Tojikiston toliblarga nisbatan siyosatini yumshatayotganga o‘xshaydi, buni tojikistonlik ekspertlar "reallikni qabul qilish" deb atashmoqda.
Tojikiston Kobulga elektr energiyasini eksport qilmoqda va chegara shaharlarida bir nechta bozorlar ochdi, u yerda har ikki tomondan kelgan tojirlar savdo qilmoqda. Xabarlarga ko‘ra, hukumatlar Afg‘oniston hududidan Tojikistonga hujum qilayotgan jangarilarga qarshi kurashda hamkorlikni ham muhokama qilishgan.
Dushanbe va Kobul Tojikistondan jangarilarni yollayotgan "Xuroson Islom davlati" terrorchilik guruhini yengishda umumiy manfaatga ega.
Afg‘oniston OAVlari avgust oyi oxirida Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Saymuddin Yatimov "Tolibon" razvedkasi boshlig‘i Abdulhaq Vosiq bilan uchrashgani haqida xabar bergan edi. Tojikiston hukumati bu xabarlarni tasdiqlamadi ham, rad etmadi ham.
Ismini oshkor etmaslikni istagan tojikistonlik ekspert Ozodlikka "Tojikistonning Afg‘oniston bilan cho‘zilgan chegarasi, terror hujumlari tahdidi va iqtisodiy manfaatlarini hisobga olgan holda, Tojikiston rasmiylarining Tolibon bilan geosiyosiy hamkorlik qilishdan boshqa iloji yo‘q" ekanligini aytdi.
Ba’zi ekspertlar ta’kidlashicha, Xitoy va Qozog‘iston Dushanbeni toliblar hukumatiga nisbatan munosabatini o‘zgartirishga ishontirishda ma’lum rol o‘ynagan.
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev iyun oyida Olmaotada Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti a’zolarining yuqori lavozimli amaldorlari oldida so‘zga chiqib, Tolibonni "uzoq muddatli omil" deb atadi va "zamonaviy Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish muhimligini" ta’kidladi.