"Mabodo dushman shimoldan bostirib kelsa..." - tarmoqlar rus tarixchisining iddaosi haqida

Rus tarixchisi Mixail Smolin bolsheviklar inqilobi yuz bergan 1917-yilga qadar "o‘zbeklar millat sifatida mavjud bo‘lmagani"ni iddao qilgan.

Millatchi yozuvchi Zaxar Prilepinning o‘tgan oy qilgan bayonotidan farqli, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rossiyalik tarixchi Mixail Smolinning "1917-yilgacha O‘zbekiston degan davlat bo‘lmagani" haqidagi so‘zlariga rasmiy munosabat bildirmadi.

Ammo tarmoq faollarining fikricha, “Rossiya imperiyachilarining O‘zbekistonga nisbatan fitna va provokatsiyalari agressiv bosqichga o‘tmoqda”.

O‘zbekzabon ijtimoiy tarmoqlar rossiyalik tarixchi Mixail Smolin lafzida yangragan “inqilobga qadar o‘zbeklar millat sifatida mavjud bo‘lmagan” degan da’voga umumiyat-la ana shunday munosabat bildirdi.

22-yanvar kuni NTV telekanalida efirga uzatilgan “Mesto vstrechi” tok-shousida Markaziy Osiyo respublikalarining tashkil etilishi masalasi muhokama qilindi. Rus imperiyachiligi targ‘ibotchisi deb ta’riflanadigan Mixail Smolin ko‘rsatuv davomida o‘zbek, qozoq va ozarbayjonlarning millat sifatidagi ko‘p asrlik tarixini shubha ostiga oldi.

“Masalan, o‘zbeklar (1917-yilgi) inqilobgacha bo‘lmagan. Bunday etnik nomning o‘zi yo‘q edi. O‘rta Osiyodagi bir qancha xalqlarni chog‘ishtirib, o‘zbeklar yaratilgan”, deydi u.

Bir oy avval rossiyalik yozuvchi va harbiy arbob Zaxar Prilepin O‘zbekistonni rus davlatiga qo‘shib olish taklifi bilan chiqqan edi. Provokatsion bayonot ortidan Rossiyaning Toshkentdagi elchisi O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligiga "taklif etilgan"di. “O‘zbekiston suverenitetiga tahdid” deb baholangan ushbu mojaro hovuri hali bosilmasdan rossiyalik yana bir propagandachi bahsli bayonot bilan chiqishi mahalliy faollarni darg‘azab qildi.

“...Ukrainaga bosqin ham aynan mana shu kabi umumiy tezislar asosida boshlangan. Ya’ni uzoq yillar shovinistik propaganda mashinasi tomonidan Ukrainaning davlatchilik tarixi yo‘qligi, millat sifatida mavjud emasligi, Lenin yaratgan sun’iy davlat ekanligi haqidagi cho‘pchaklar rus xalqi ongiga singdirilgan va bugun buning oqibatini hammamiz ko‘rib turibmiz”, deb yozdi huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiyev.

U “rus shovinistlariga muloyim va bag‘rikeng munosabat”ni to‘xtatib, Smolin kabi shaxslarga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atish, O‘zbekistonga kirishini taqiqlashni talab qilgan.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

"Ўзбекистонни Россияга қўшиб олиш". Тошкент "чуқур ташвишда", аммо норозилик нотаси йўқ


Sobiq deputat va jamoat faoli Rasul Kusherboyev ham O‘zbekistonda Ukraina bosqini arafasidagi usul qo‘llanayotganidan ogohlantirgan.
“Katta ehtimol bilan Kreml buyurtmasi asosida rus ziyolilari sekin-asta Markaziy Osiyo mamlakatlarini bosib olishga o‘z jamiyatini ruhan tayyorlamoqda. Bu ssenariy Ukrainaga bosqindan oldin ham qo‘llangan”, deydi R.Kusherboyev.


“O‘rusiyada Jirinovskiysi o‘ldi, ammo shovinizm o‘lgani yo‘q. Bularning har birining ichida bittadan Jirinovskiy bor... Biri o‘lsa, boshqasi gapiraveradi. 1917-yilgacha o‘zbeklar millat sifatida yo‘q edi, debdi. Nima qilamiz endi? So‘kib-so‘kib qo‘yaveramizmi?” deya luqma tashladi shoir Alisher Nazar.

Tarmoqlardagi bahsga birinchi marta mamlakatning mafkura o‘chog‘i sanalgan Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo ham qo‘shildi. Ammo Mirzo birato‘la barcha xorijiy teleradiokanallar va hatto saytlarni zudlik bilan cheklashni taklif qildi.

“ Bugun shovinistik propaganda yuzidagi niqobni yirtib, o‘zining haqiqiy basharasini namoyish qilar ekan, ularning xatti-harakatida fashizmning “qo‘lansa hidi” anqiydi... Shovinistlarning jinoiy harakatlari o‘z jamoatchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani o‘ta ayanchlidir...

Jamiyatimizni bunday xurujlardan, zaharli g‘oyalardan saqlash uchun mamlakatimizdagi xorijiy davlatlar propagandasiga xizmat qilayotgan barcha radio-televideniye kanallari hamda internetdagi saytlarni zudlik bilan cheklash masalasini ko‘rib chiqishni vaziyatning o‘zi taqozo etayotir", deb yozdi mulozim.

Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev "ma’naviyat vaziri"ning taklifini "salla bilan birga kallani olish" deya baholadi.

"Kutilmaganda Ma’naviyat markazi rahbari ham fikr bildiribdi. Faqat salla bilan birga kallani ham qo‘shib olib tashlash shart emas. Gap o‘zi har doim bitta davlat haqida ketgan va hozir ham o‘sha davlat haqida ketyapti, "davlatlar" deb bir yaxshi tashabbusning rasvosini chiqarishga zarurat yo‘q", deb yozdi jurnalist.

"Gap asosan telekanallar haqida ketayotganida (saytlarni cheklash behuda, deydi Tiktok), ma’naviyat vazirimiz “radio kanallar”ni ham eslab ketgani qiziq (dunyoda O‘zbekistonga qarshi ishlayotgan birorta radiokanal qoldimi o‘zi? Eskicha qarash bo‘yicha, ha, qolgan va u Popov kashf etgan “Mayak” yo “Sputnik” emas, Markoni kashf etgan to‘lqinlarda ishlovchi, masalan, “Ozodlik”. Yangi O‘zbekistonning “ochiqlik siyosati”da ham taqiqdan chiqmagan narsani yana qanday taqiqlash mumkin, hayronman).

O‘zbekistonga faqat Rossiya propaganda telekanallari tashlanyapti. Cheklovning keragidan ortiq kengayishiga imkon beruvchi boshqa tashabbuslarga zarurat yo‘q, menimcha".

Bloger va Adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatovaning fikricha, hozirgi vaziyatda Rossiya propaganda TVlarini taqiqlashning o‘zi kifoya emas.

“Mana senga deb, ayni dekommunizatsiya haqida qonun qabul qilib yuboradigan payt. Hech bo‘lmasa, loyihasini ishlab chiqaylik”, deya davlat va jamiyatning barcha bo‘g‘inlarini sho‘ro oqovalaridan tozalashga undadi vazirlik xodimi.

Tarmoq faoli Olimjon Akram O‘zbekiston hukumatining Kreml propagandasi qarshisidagi ehtiyotkorona tutumini o‘ziga xos tarzda zaharxanda qildi.

"Tashqi tahdid ortib borar ekan, sizlarga bir savol bor o‘rtoq mulozimlar;

Mabodo dushman shimoldan bostirib kelsa, millat erkaklari uchun yurtni ximoya qilish qonunan mumkinmi?

Yoki kameragami, radarga tushib qolsa, ishtarap kelmaydimi?

Qurolli kuchlarga yordam tariqasida, parallel xarakatlanish, partizanlik xarakati olib borish, dushman tanklariga Molotov kokteyli uloqtirish O‘zbekiston fuqarolari uchun mumkinmi yoki tabiiy ximoyalanish uchun ham kimdandir ruxsat olamizmi?

...Armiyaga ommaviy safarbarlik e’lon qilinsa, mulozimlar, amaldorlarning bolalari uchun alohida imtiyoz (urushga bormaslik uchun) joriy qilinib, faqat kambag‘alning bolasi gardaniga yurtni ximoya qilish qolib ketmaydimi?

Yurtni urush payti tashlab qochish uchun alohida "yashil yo‘lak" tashkil qilinsa, GMning shartnomasiga talashgan olomonni tasavvur qilavering", deb yozdi Feysbuk foydalanuvchisi.

"Milliy Tiklanish" demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov O‘zbekistonda rus tilidagi ta’lim va OAVni cheklashni taklif qildi.

Hozircha bu taklif va tanqidlarning birontasi qonunchilik tashabbusi ko‘rinishini olgani yo‘q.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova tarixchi Mixail Smolinning bayonotga izoh berdi.

“Aytilgan gaplar o‘ta subyektiv xarakterga ega bo‘lib, voqe’likka hech qanday aloqasi yo‘q va butunicha muallifning vijdoniga havola", dedi Zaxarova.

Tarmoq faollari Rossiyaning propaganda telekanallarini yopish va O‘zbekiston mustaqilligi va hududiy butunligini savol ostiga olgan shaxslarning mamlakatga kirishini taqiqlash yuzasidan shoshilinch qarorlar qabul qilishga chaqirishmoqda.

O‘zbekiston hukumati Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi boshlangan 2022- yil boshida o‘zbek faollarining ayni mazmundagi takliflari hamda Ukraina elchisining O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga qilgan murojaatini javobsiz qoldirgan edi.

Shu oy boshida prezident Shavkat Mirziyoyev muqaddam o‘z manfaatlarini "diplomatik yo‘llar bilan ilgari surib kelgan davlatlar hozirda ochiq konfrontatsiya yo‘liga o‘tgani"ni aytgan edi.