Livanning turli hududlarida chorshanba kuni, ya’ni Livan radikal shia guruhi "Hizbulloh" a’zolari foydalangan minglab peyjerlar portlaganining ertasi kuni yana mobil aloqa vositalari portladi. Bu haqda mahalliy manbalar va xorijiy agentliklar xabar bermoqda.
Reuters manbalarga tayanib keltirgan xabariga ko‘ra, bu safar "Hizbulloh" a’zolarining portativ ratsiyalari portlagan. Agentlik manbalari ta’kidlashicha, bu ratsiyalar "Hizbulloh" tomonidan bir necha oy oldin, taxminan kecha portlagan peyjerlar xarid qilingan paytda sotib olingan.
Portlashlar Bayrutning turli hududlarida, shuningdek, Livan janubida yuz berdi. Sky News Arabia ko‘rsatishicha, portlashlar bir kun avval halok bo‘lgan "Hizbulloh"ning Livan parlamentidagi a’zosi Ali Ammarning o‘g‘li dafn marosimida sodir bo‘lgan. Shuningdek, portlashlar natijasida yonib ketgan avtomobillar tasvirlari ham e’lon qilinmoqda.
Livan ommaviy axborot vositalari kamida to‘qqiz kishi halok bo‘lgani haqida xabar bermoqda. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, 300 ga yaqin kishi jarohat olgan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Seshanba kuni Livanda "Hizbulloh" a’zolari ichki shifrlangan xabarlarni uzatish uchun foydalangan peyjerlar portlagandi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 12 kishi halok bo‘lgan, ular orasida "Hizbulloh" a’zolari ham, tinch aholi vakillari ham bor, jumladan, sakkiz yoshli bola, uch mingga yaqin kishi jarohat olgan. Isroil va boshqa bir qator mamlakatlarda terrorchi deb tasniflangan harakat Livanda qonuniy ravishda faoliyat yuritadi, parlament va hukumatda vakillari ham bor.
Isroil portlashlar uchun rasman javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan, ammo ko‘plab ommaviy axborot vositalari hujumni uning maxsus xizmatlari uyushtirgani haqida yozmoqda. Isroilning "Xabar" nashri yozishicha, Isroil xavfsizlik xizmatlari "Hizbulloh" qisqa vaqt ichida hujumga javob qaytarishi mumkinligini istisno qilmayapti. Mamlakatda jangovar tayyorgarlik kuchaytirilgan. "Hizbulloh" esa qasos olishni va’da qilgan.
Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant chorshanba kuni kechqurun mamlakat olib borayotgan urush "yangi bosqich"ga kirayotganini va uning og‘irlik markazi G‘azo sektoridan shimoliy chegaraga, ya’ni Livan bilan chegaraga ko‘chayotganini ma’lum qildi. "Hizbulloh" va Isroil muntazam bir-biriga zarbalar berib kelmoqda, ammo hozircha keng ko‘lamli quruqlikdagi jangovar harakatlar bo‘lgani yo‘q. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Livandagi voqealarga hech qanday izoh bermadi, ammo tez orada otishma tufayli evakuatsiya qilingan Isroilning shimoliy hududlari aholisi o‘z uylariga qaytishlari mumkinligini aytdi.
- Chorshanba kuni Reuters agentligi Livan xavfsizlik xizmatidagi yuqori lavozimli manbaga tayanib, Isroilning "Mossad" razvedka xizmati portlashlardan bir necha oy oldin "Hizbulloh" guruhi tomonidan import qilingan 5 mingta peyjerga portlovchi modda o‘rnatgani haqida xabar berdi.
- Reuters manbalariga ko‘ra, operatsiyaga bir necha oy tayyorgarlik ko‘rilgan. Livanlik manbaning ta’kidlashicha, peyjerlar "ishlab chiqarish bosqichida" o‘zgartirilgan, ularga "kodni qabul qiladigan portlovchi modda joylashtirilgan plata o‘rnatilgan." Agentlik suhbatdoshi aytishicha, buni "biror usul bilan aniqlash juda mushkul." Manbaning so‘zlariga ko‘ra, uch mingta peyjerga kodlangan xabar yuborilganda portlagan, bu bir vaqtning o‘zida portlovchi moddani faollashtirgan. Ilgari "Hizbulloh" vakili peyjerlarga virus tushgan bo‘lishi mumkin, bu ularning qizishiga, keyinchalik esa portlashiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilgan edi.
- BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish chorshanba kuni portlashlar munosabati bilan chuqur xavotir bildirdi va Isroil bilan "Hizbulloh" o‘rtasidagi mojaroning mintaqada keng ko‘lamli urushga aylanib ketishi oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rishga chaqirdi. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha idorasi portlashlarni, jumladan, tinch aholiga qarshi ham qaratilgan yoppasiga hujum sifatida qoraladi va ularni tergov qilishga da’vat etdi.