“Kuyov halqasi”: Gazdan pul qilishning korrupsion sxemasi

Ozodlikning yangi jurnalistik surishtiruvi gaz oldi-berdisida o‘rtakashlik qilib millionlarni cho‘ntagiga urgan bu kompaniya o‘zini korrupsiyaga qarshi kurashchi sifatida taqdim etib kelayotgan prezident Mirziyoyevning kuyoviga aloqadorligini o‘rtaga chiqardi.

-Joriy yilning o‘zida 917 mln. kubmetr gaz import qildik. Bu juda katta raqam. Ikkinchidan, bu import qilganimizni pul to‘lab olib kelyapmiz, valyutaga olib kelyapmiz. Bu nima bo‘ladi kelajakda?..

Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 9-avgust kungi yig‘ilishda qo‘ygan bu savoliga javobni O‘zbekiston Statistika agentligining so‘nggi hisobotidan topish mumkin.

Unga ko‘ra¸ 2024-yil yanvar va fevral oyida birgina tabiiy gaz importi uchun byudjetdan 166,7 million dollar mablag‘ sarflangan. Bu bir yil oldingiga nisbatan qariyb ikki baravar ko‘p.

Bugunga kelib¸ 1 trillion kub metrdan ko‘proq gaz zahiralariga ega O‘zbekiston Rossiyadan yiliga 2¸8 milliard kub metr gaz sotib olayotgan¸ Kremlning siyosiy quroli - "Gazprom"ga qaram davlatga aylandi. Bunga soliq to‘lovchining qancha milliardlari¸ qanday sarflanayotgani haqida o‘zbek jamoatchiligi hech narsa bilmaydi.

Bu milliardlarning bari chindan ham aholi uyini isitish¸ qozonini qaynatish¸ iqtisodni tebratish uchun gaz sotib olishga sarflanmoqdami?

Shunday bo‘lsa, nega o‘zbeklar hamon yilning qariyb yarmini gazsizlikda o‘tkazishga mahkum? Ayniqsa, qish mavsumida nega yana aksar quvurlar va gaz quyish shoxobchalari bo‘m-bo‘sh? Rasmiy hisobotlarda keltirayotgan ulkan mablag‘ gaz¸ xususan uni import qilishga sarflanayotgan bo‘lsa¸ gaz qani?

Ozodlikning yangi jurnalistik surishtiruvi gaz importi degan iddao bilan soliq to‘lovchi hisobidan olingan yuzlab million dollar qanday sxemalar orqali kimlarning cho‘ntagiga ketayotganini fosh qildi.

*****************

2021-yilning 10-mart kuni Toshkentda Ultimo Group Limited deb nomlangan MCHJ ro‘yxatga olindi. Ustav fondi 100 000 000 so‘m. O‘sha paytdagi rasmiy kurs bo‘yicha¸ 9,522 dollar. Faoliyat turi “qattiq¸suyuq va gazsimon yoqilg‘i va shu kabi mahsulotlar ulgurji savdosi”.

Strategik mahsulot – gaz ulgurji savdosi bilan shug‘ullanishga kirishgan kompaniya ta’sischi va direktori nafaqat keng jamoatchilik¸ balki energetika sektoridagilarga ham notanish ism va familiyalar.

2021-yil uz domenida ultimogroup.uz sayti ro‘yxatdan o‘tkazildi. Qaydga olingandan beri “sayt ishlanmoqda” degan yozuv qanday osig‘liq bo‘lsa¸ oradan uch yil o‘tib ham shundoqligicha turibdi.

Ustav fondi kichikligi¸ real ofis yoki real vebsahifasi yo‘qligiga qaramay, Ultimo Group Limited MCHJ tug‘ila solib katta o‘yinga kirishdi.

Ultimo Group Limited MCHJ tuzilganidan sanoqli kun o‘tib¸ "Qizilqumsement" AJ bilan gaz shartnomasi imzolaydi. Kontrakt imzolashga asos bo‘lgan hukumat qaroriga oid ma’lumot bekitilgan.

Bir oy o‘tib-o‘tmay¸ 2021-yilning 13-aprelida "Qizilqumsement" bilan 315 milliard so‘m¸ yoki o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha 30 million dollarlik kontrakt imzoladi. Kelishuvga ko‘ra¸ na gaz qazib chiqarish va na gaz oldi-berdisida tajribaga ega bo‘lgan bir necha kunlik bu MCHJga O‘zbekistondagi eng yirik sement zavodi - "Qizilqumsement"ga tabiiy gaz yetkazib berish vakolati yuklandi.

2021-yil oxiriga qadar Ultimo Group Limited MCHJ "Qizilqumsement" bilan yana kamida uchta qo‘shimcha kelishuv imzoladi. 2021-yil oxiriga kelib "Qizilqumsement" Ultimo Group Limited MCHJdan olishi belgilangan gaz hajmi 379 million kubmetrga yetdi. Yangi hujjatlarda beriladigan gaz bosimi pasaydi¸ ammo narxi keskin - 50 foizga oshirildi.

Bu kontraktlar imzolanganda¸ "Qizilqumsement" asosiy aksiyalari davlat qo‘lida edi. Boz ustiga¸ "Qizilqumsement" AJ 2019-yil fevralida tashkil etilgan “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi ta’sischisi.

"O‘zbekneftgaz" o‘z faoliyati haqida London birjasiga yevroobligatsiyalar chiqarishdan avval tayyorlagan hisobotga ko‘ra¸ "O‘ztransgaz" bu uyushma a’zolari¸ birinchi galda¸ "Qizilqumsement"ga tabiiy gazni imtiyozli narxda sotib kelgan. Ultimo Group Limited MCHJ "Qizilqumsement" AJga har ming kub metr gazni 95 dollardan sotib¸ so‘ngra uni 145 dollarga ko‘targanida¸ "O‘ztransgaz" AJ ayni gazni uyushmaning boshqa a’zolariga 63 dollardan sotgan.

Ustav fondi o‘sha paytdagi rasmiy kurs bo‘yicha 10 ming AQSH dollaridan kam bo‘lgan Ultimo Group Limited MCHJga davlatning eng yirik sement kompaniyasiga 36 million dollarlik tabiiy gaz sotish imtiyozi hukumatning maxfiy qarori bilan berilgan. Lekin O‘zbekistonning energetika sohasiga aloqador barcha rasmiy tizimlari – Energetika vazirligi¸ "O‘zbekneftgaz"¸ "O‘ztransgaz"¸ "Qizilqumsement" rasmiy sayti¸ ular arxivlarida Ultimo Group Limited MCHJ degan kompaniya nomi topilmaydi.

Ultimo Group Limited MCHJ tuzilganidan bir oy ham o‘tmay, bunday ulkan kontraktni qaysi asosda¸ qaysi idora chiqargan qarorga muvofiq olganiga oid Ozodlik savollariga Energetika vazirligi¸ "O‘ztransgaz" AJ¸ "Qizilqumsement" AJ ma’muriyati javob bermadi.

Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlar tuzilganidan sanoqli kunlar o‘tib¸ Ultimo Group Limited MCHJ O‘ztransgaz AJning nafaqat "Qizilqumsement" AJ kabi magistral quvurga ulangan yirik iste’molchilarga to‘g‘ridan to‘g‘ri tabiiy gaz sotish¸ balki uning O‘zbekiston qonunchiligida belgilangan eksklyuziv vazifasi – tabiiy gaz importini ham o‘z qo‘liga ola boshlaganini ko‘rsatadi.

Bu hujjatlarda¸ Ultimo Group Limitedning 2021-yil 1-aprelidan¸ aniqrog‘i, tuzilganidan 20 kun o‘tmay¸ Turkmanistonning davlatga qarashli "Turkmengaz" kompaniyasidan katta hajmda tabiiy gaz import qila boshlagani ko‘riladi.

Global eksport va importga oid ma’lumotlar bazasi bo‘lgan Xitoyning Sinoimex portalida Ultimo Group Limited MCHJning 2021-yil aprelidan 2022-yil yanvarini ichiga olgan kamida 16 ta xaridi qayd etilgan. Shu 10 oy ichida rasman biror hujjatda ko‘rinmaydigan kompaniya turkmanlardan qariyb 1 milliard ( 955 296 860) kub metr gazni 88 524 014 AQSH dollariga import qilgan. Sud hujjatlari¸ ayni davrda Ultimo Group Limited MCHJ direktori va hisobchisining turkman gazini Bojxona yuk deklaratsiyasi (BYD) to‘ldirmay¸ ya’ni boj to‘lamay import qilish va soliq to‘lamaganlikda ayblanganini ko‘rsatadi.

2019-yil 9-iyulida Shavkat Mirziyoyevning o‘zi imzolagan qarorga ko‘ra¸ "O‘ztransgaz" AJ tabiiy gazni ishlab chiqaruvchidan sotib oladi. Uni to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida magistral gaz quvuriga ulangan yirik iste’molchilarga o‘zi sotadi. Aholi va boshqa ulgurji xaridorlarga gazni "Hududgazta’minot" AJ tarqatadi¸ ammo unga ham gazni "O‘ztransgaz" AJ yetkazib beradi.

Na bu qaror va na jamoatchilikka e’lon qilingan boshqa hujjatlarda "O‘ztransgaz" AJning gazni eksport va import qilishda o‘rtakashlarni yollashi haqida so‘z yo‘q.

Bu vakolat 2022-yil iyunida O‘zbekistonda yana bir davlat kompaniyasi UzGasTrade AJ tashkil etilgunga qadar "O‘ztransgaz"da qoldi. 2022-yil 1-avgustidan “tabiiy gazni davlatning yagona operatori sifatida respublikadagi ishlab chiqaruvchilardan Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan narxlarda va import orqali tashqi manbalardan markazlashgan tartibda xarid qilish” vakolati unga yuklatildi.

Ozodlik ixtiyoridagi bank o‘tkazmalari "O‘ztransgaz" AJning 2020-2022-yillarda tabiiy gazni kimlardan sotib olgani va xarid uchun qaysi kompaniyaga¸ qachon¸ qancha haq to‘laganini ko‘rsatadi.

Davlatga qarashli O‘ztransgaz AJ xususiy Ultimo Group Limited MCHJ bank hisobiga "tabiiy gaz uchun" degan asos bilan o‘nlab million dollar pul o‘tkazib bergan.

"O‘ztransgaz" “tabiiy gaz uchun”¸ degan asosda bu kompaniyalar hisobiga yuzlab million dollar o‘tkazgan. Bu to‘lovlarning bir qismi¸ O‘zbekistonda gaz qazib chiqarayotgan ikki xorijiy va qo‘shma korxona – Lukoil va Uz-Kor Gas hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ayni tranzaksiyalar ro‘yxati 2021-yil noyabriga kelib mamlakatning tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha yagona operatori – "O‘ztransgaz" AJ biror joyda nomi ko‘rinmaydigan Ultimo Group Limited MCHJga ham millionlab dollar pul o‘tkaza boshlaganini ko‘rsatadi.

"O‘ztransgaz" AJ 2022-yil yanvaridan sentyabriga qadar Ultimo Group Limited MCHJ hisobiga sakkizta to‘lov qilgan. Ularning barchasiga bir xil izoh – "2021-yil 31-avgust kuni imzolangan 34/26-2021 sonli vositachilik shartnomasi asosida tabiiy gaz uchun to‘lov” deb yozilgan.

Bitta shu vositachilik kelishuvi asosida "O‘ztransgaz" Ultimo Group Limited MCHJ hisobiga 66 628 555 AQSH dollari o‘tkazib bergan. Bu - Ozodlikdagi hujjatlardan jamlangan to‘lov. "O‘ztransgaz" Ultimo Group Limited MCHJga bundan boshqa yana qancha to‘lov qilgani Ozodlikka ma’lum emas.

Davlatning strategik korxonalari nega aynan qog‘ozda bor¸ amalda yo‘q Ultimo Group Limited MCHJdan "O‘ztransgaz"nikidan qariyb ikki baravar qimmatiga va oldindan haq to‘lab, gaz olishga majbur qoldi? Nega hukumat tepasidagilar bu kompaniyaga misli ko‘rilmagan imtiyozni taqdim etdi? Bu MCHJ mahalliy yoxud turkman gaz qazuvchisi bilan davlatning "O‘ztransgaz" kompaniyasi o‘rtasidagi oldi-berdida nima qilib yuribdi?

Bu savollarning javobi Ultimo Group Limited MCHJning asl benefitsiarlari kim, degan jumboqda yashirin.

O‘zbekiston korporativ reyestriga ko‘ra¸ Ultimo Group Limited MCHJning ayni damdagi ta’sischilari Anvarxo‘jayev Tuhfatxo‘ja Shavkat o‘g‘li va Qayumova Matlyuba Ilhomovna. Har ikkala ta’sischi 50 foizdan aksiya egasi. Kompaniya direktori Mutalov Ravshan Hasanovich.

Korporativ hujjatlar tarixiga qaralsa¸ Anvarxo‘jayev Tuhfatxo‘ja Shavkat o‘g‘li degan nom Ultimo Group MCHJga qadar yana ikkita kompaniyada ko‘riladi. Faoliyati to‘xtatilgan bu ikkala shirkatning energetika sohasi¸ xususan¸ tabiiy gaz savdosiga aloqasi yo‘q.

Tuhfatxo‘ja Anvarxo‘jayev O‘zbekiston DXXsining uzoq yillik mulozimlaridan biri Shavkat Anvarovich A’zamxo‘jayevning o‘g‘li. Amakisi Alisher A’zamxo‘jayev Mirziyoyev hokimiyatga kelgandan beri O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi.

Tuhfatxo‘ja Anvarxo‘jayevning Ultimo Group Limited MCHJdagi dastlabki sherigi Qayumov Dilyor Tohirovich bo‘lgan.

Qayumov Dilyor Tohirovich Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng uning “islohotlarini qo‘llab-quvvatlash” uchun 2018-yil boshida xorijdagi o‘zbekistonliklar tuzgan “Buyuk kelajak” ekspertlar kengashi a’zolaridan biri.

Mazkur kengashning hozirga kelib o‘chirilgan saytida qo‘yilgan biografiyasiga ko‘ra¸ 44 yashar Dilyor Qayumov asli angrenlik. Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini bitirganidan so‘ng¸ AQSHda o‘qishini davom ettirgan. Undan Kanadaga o‘tib¸ RLG International Inc. kompaniyasida neft-gaz sohasidagi loyihalarni boshqargan. Rezyumesiga ishonilsa¸ gaz sohasi mutaxassisi.

Qayumov 2022-yil yozida Ultimo Group ta’sischiligidan chiqadi va ko‘p o‘tmay Toshkent tarixidagi eng qimmat loyihalardan biri - Tashkent City Mall direktorligiga tayinlanadi.

U joriy yilning 5-mart kuni Shavkat Mirziyoyevning Tashkent City Mall savdo-ko‘ngilochar markaziga qilgan tashrifi davomida unga hamrohlik qilgan asosiy shaxs.

Ultimo Group Limited MCHJdagi aksiyalarini onasi nomiga rasmiylashtirgan Dilyor Qayumov hozirda Mirziyoyevning kuyovi Otabek Umarovga bog‘lanadigan Tashkent City Mall savdo markazi direktori. 2024-yil 5-mart kuni markaz bilan Mirziyoyevni aynan Qayumov tanishtirdi.

Ozodlikning “Farg‘onalik kuyovlar¸ zominlik jiyanlar¸ Prezident va “Investor” sarlavhali jurnalistik surishtiruvi soxta ta’sischilar va xorijdagi kompaniyalar labirinti Tashkent City Mall loyihasini prezident kuyovi Otabek Umarov va mintaqaning eng yirik kontrabandachisi deb nom chiqargan asli shinjonlik Abduqodir Habibullaga olib chiqishini ochiqlagan edi.

Dilyor Qayumov Tashkent City Mall direktorligiga o‘tgach, 2022-yil yozida Ultimo Group Limited MCHJdagi aksiyalarini onasi Qayumova Matlyuba Ilxomovnaga o‘tkazgan.

Hozirda Ultimo Group MCHJning 50 foizi Tuhfatxo‘ja Anvarxo‘jayevda¸ qolgan 50 foizi esa¸67 yashar Matluba Qayumova nomida.

Facebook profiliga qaralsa¸ davlat korxonalariga millionlab dollarlik gaz sotib kelayotgan kompaniyaning hozirgi egasi Matluba Qayumova Nizomiy nomidagi pedagogika instituti (hozirda ayni nomdagi universitet-tahr.)ni bitirgan. Ultimo Group MCHJning ikki egasidan biriga aylanguniga qadar Qayumovaning nafaqat gaz savdosi¸ balki biror biznes bilan shug‘ullanganiga oid ma’lumot korporativ hujjatlarda yo‘q.

Ona-o‘g‘il Qayumovlar Ozodlikning Ultimo Groupdagi faoliyatiga oid savollariga javob berishni istamadi. Matluba Qayumovaning turmush o‘rtog‘i Tohir Qayumov telefon suhbatida ayolining Ozodlik muxbiri bilan gaplashishni istamasligi¸ o‘g‘li Dilyor Qayumov esa Germaniyada safarda ekanini aytdi.

Ultimo Group Limited direktori¸ u ta’sis etilganidan hozirga qadar Mutalov Ravshan Hasanovich.

Ultimo Group Limited MCHJ direktori Ravshan Mutalov(o‘ngdan birinchi) AQSH qora ro‘yxatida qolayotgan G‘afur Rahimov bilan.

O‘zbekiston va Rossiya korporativ ma’lumotlar bazasiga ko‘ra¸ Ravshan Mutalov bir paytning o‘zida bir necha kompaniya direktorligiga rasmiylashtirilgan.

Toshkentdagi Ultimo Groupga oid ma’lumot yig‘ish jarayonida xorijda ham ayni shu nomda boshqa shirkatlar borligi ayon bo‘ldi.

Ulardan biri Ultimo Group FZE - LLC, ikkinchisi Ultimo Group FZCO. Toshkentdagi bilan ayni nomdagi bu ikkala Ultimo Group Birlashgan arab amirliklarida ro‘yxatga olingan.

Toshkentdagi Ultimo Group 2021-yil 10-martda ochilgan bo‘lsa¸ Sharjadagisi undan to‘rt oycha o‘tib – 25-iyulda, Dubaydagisi esa o‘sha yilning sentyabrida tashkil etilgan.

Ayni nomda ketma-ket Arab amirliklarida ochilgan bu kompaniyalar ham¸ registratsiya hujjatiga ko‘ra¸ yoqilg‘i, xususan neft, dizel yoqilg‘isi, benzin va qayta ishlangan neft mahsulotlari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanadi.

Uchala Ultimo o‘rtasidagi aloqadorlik faqat nomdagi bir xillik va ta’sis vaqtidagi ketma-ketlik bilan cheklanmaydi.

Toshkentdagi "Ultimo"ning ta’sischilari va direktori keng jamoatchilikka notanish odamlar bo‘lsa¸ Sharjadagisining boshqaruvchisi va litsenziya egasi anchayin tanish.

Bu – Britaniya fuqarosi Ross Thomas Connon.

Bu ismni “O‘zbekiston” bilan qo‘shib Google qidiruvga berilsa¸ birinchi bo‘lib 7SABER brendi veb sahifasi chiqib keladi.

"Brend tarixi 2019-yildan - O‘zbekiston Triatlon federatsiyasi rahbari Otabek Umarov dunyoga mashhur piktogramma asosida turli sport turlarini ifodalovchi, ularning aksariyatini konturda birlashtirgan grafik elementni yaratishidan boshlandi"¸ deyiladi 7SABER saytining "Biz haqimizda" deyilgan sahifasida.

Ross Konnon¸ davlatga qarashli O‘zA milliy axborot agentligiga ishonilsa¸ Berkeley Square Project Management, qolgan o‘zbek nashrlari va brend saytiga ishonilsa¸ Dubaydagi Berkeley Square Investments kompaniyasi rahbaridir.

7SABER saytida yozilishicha¸ 2020-yili Dubaydagi Berkeley Square Investments O‘zbekistonda “marketing tadqiqoti” o‘tkazib¸ Otabek Umarov chizgan qayrilma bellik 7 grafikasi “O‘zbekistonda yuqori darajada mashhurligini hamda brendga sodiqlikning ajoyib ko‘rsatkichlarini aniqlagan”.

Mahalliy matbuotga ko‘ra¸ buning ortidan Berkeley Square Investments rahbariyati ushbu brendning mualliflik huquqini sotib olishga ahd qilgan.

Muzokaralar natijasida Berkeley Square Investments rahbari Ross Konnon o‘zbekistonlik Oraz Abdurazakov bilan hamkorlikda Urban Hayot nomli MCHJ tuzgan va gerbdan 5 yil muddatga foydalanish huquqini olgan. Shartnomaning boshqa shartlari ochiqlanmagan.

7Saber brendining rasmiy taqdimot marosimi 2021-yil 25-iyunida Toshkentda dabdaba bilan o‘tkazildi. Ertasiga Otabek Umarov rasmiy Instagram sahifasida bu haqda post qoldirdi.

Qiziq joyi shundaki¸ jamoatchilikka rasman taqdim etilishidan bir yarim yil oldin¸ O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasini sport kiyimlari bilan ta’minlash huquqini 7SABER ga bergan.

Otabek Umarov posti¸ 7Saber sayti va o‘zbek matbuotiga ishonilsa¸ Ross Konnon 7Saber brendini global miqyosga olib chiqishga qaror qilgan "britaniyalik investor¸ London va Dubayda joylashgan korporatsiya prezidenti".

Konnonning Berkeley Square Project Management degan kompaniyasi nomi Birlashgan Arab Amirliklari va o‘zbek reyestridan boshqa joyda yo‘q. Aniqrog‘i¸ Dubayda 2020-yil kuzida tuzilgan bu kompaniya o‘z faoliyatini 2022-yili tugatib bo‘lgan. Shunga qaramay¸ u hamon 7Saber brendiga egalik qiluvchi Urban Hayot ta’sischisi o‘laroq qolmoqda. Uning na veb sahifasi¸ na aniq adresi bo‘lgan.

Ross Konnon rahbari ekani aytiladigan ikkinchi kompaniya nomi Berkeley Square Investments. Otabek Umarovning 7Saber brendi saytida bu shunchaki kompaniya emas¸ balki korporatsiya deb taqdim etilgan.

Berkeley Square Investments saytiga ko‘ra¸ “korporatsiya”ning London ofisi Mayfair milliarderlar rayonidagi aynan Berkeley Square House 6BD manzilida joylashgan.

Ozodlik surishtiruvi davomida Otabek Umarovning britaniyalik investori korporatsiyasini bu manzildan izlash urinishi besamar tugadi - Berkeley Square House 6BD manzilidan Berkeley Square Investments korporatsiyasi nari tursin¸ uning izi ham chiqmadi.

Berkeley Square Investments bo‘m-bo‘sh saytida “korporatsiya”ning ikkinchi ofisi Dubayda ekani yozilgan.

Berkeley Square Investments veb sahifasida Dubay ofisi deb berilgan manzil dunyoga mashhur Burj Xalifa minorasining shundoqqina qarshisida¸ mashhur "Dubay Moll"dan o‘tiladigan yirik biznes markazda.

37 qavatlik bu binoda ham yirik xalqaro korporatsiyalar¸ investitsion kompaniyalar joylashgan. Ross Konnonning Berkeley Square Investments korporatsiyasi bu manzilda ham yo‘q.

Linkedin profilida Konnon¸ o‘zbek matbuotidagi maqomidan farqli¸ o‘zini Berkeley Square Investments korporatsiyasi rahbari emas¸ kompaniyada xususiy mijozlarga maslahat beruvchi xodim sifatida taqdim etgan. Shuningdek, u o‘zini Cross Border Freedom nomli tashkilotning ayni shunday xususiy mijozlar maslahatchisi deb tanishtirgan.

Veb sahifasiga ko‘ra¸ Cross Border Freedom puldorlarga investitsiya va ko‘chmas mulk sotib olish orqali rivojlangan xorij davlatlaridan fuqarolik¸ yashash izni¸ ishlash va o‘qish vizasi olib berish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya taklif qiladigan ro‘yxatda AQSH va Kanada¸ Ispaniya¸ Malta¸ Vengriya¸ Portugaliya¸ Kipr kabi YI¸ qolaversa¸ Karib havzasidagi qator davlatlar bor.

O‘zini global kompaniya deb taqdim etgan Cross Border Freedom keltirgan asosiy manzil ham Dubay¸ aniqrog‘i Dubay Marinada. Kompaniya ofisi va Ross Konnon bu manzildan ham topilmadi.

Surishtiruv davomida aniq bo‘lishicha¸ Ross Konnon¸ O‘zbekiston kabi davlat yangi boylarining “investitsiya dasturi” vositasida boshqa davlatlar¸ xususan¸ Yevropa Ittifoqida yashash huquqini olishida yordam beradiganlardan biri.

"Katta yettilik" davlatlari ta’sis qilgan Financial Action Task Force hukumatlararo tashkilot 38 davlat a’zo Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti bilan 2023-yil noyabrida “Investitsiya orqali fuqarolik va yashash izni olish dasturlari suiste’moli” deb nomlangan yirik hisobot chiqardi. Bu hisobotda investitsiya orqali fuqarolik taklif qiluvchi dasturlar tug‘dirayotgan xavotirlar jamlandi. Xususan¸ investitsiya dasturlarining aksar hollarda korrupsiya¸ poraxo‘rlik¸ firibgarlik¸ soliqdan qochish kabi jinoyatlar vositasida to‘plangan kir pullarni yuvish mexanizmiga aylanganidan bong urildi.

Kompaniyalarga oid ochiq manbalardagi ma’lumotlar Ross Konnon nafaqat Sharjadagi¸ balki Toshkentdagi Ultimo Group kompaniyasini Otabek Umarovga bog‘laydigan yagona ip emasligini ko‘rsatadi.

Ultimo Group FZE – LLC ro‘yxatga olingan Sharja erkin iqtisodiy hududi inspektorati uchun ishlab chiqilgan virtual jarima yuborish sinov tizimida Ultimo Group faoliyati yuzasidan murojaat qilish uchun elektron pochta manzillari berilgan.

Ulardan biri Ross Konnon bo‘lsa¸ ikkinchisi doniyor.kad@gmail.com pochtasi. Bu pochta manzili Doniyor Qodirov degan shaxsga tegishli.

Dubayda ochilgan ikkinchi Ultimo Group FZCO ham yana Doniyor Qodirovga bog‘lanadi. Bu virtual kompaniya bilan bog‘lanish uchun berilgan telefon raqamiga qilingan Ozodlik qo‘ng‘irog‘iga javob bergan kotiba qiz¸ Doniyor Qodirovni “mening boshlig‘im” deb tanishtirdi.

Linkedin profiliga ko‘ra¸ Doniyor Qodirov BAAda istiqomat qiladi va “qimmatbaho buyumlar va zargarlik mahsulotlari bo‘yicha” mutaxassis.

O‘zbekiston Dzyudo federatsiyasining Telegramdagi rasmiy saytida 2023-yil 8-may kuni qo‘yilgan xabarga ilova qilingan suratlarda "O‘zbekiston sporti mutasaddilari" deb taqdim etilgan rasmiylar davrasida Doniyor Qodirov ham borligi ko‘rinadi.

Doniyor Qodirov (o‘ngdan ikkinchi)Dohada Otabek Umarov va Azizjon Kamilovlar bilan birga.

Qodirov¸ BAAdagi Ultimo Group deb nomlangan ikki kompaniyadan tashqari, Rushmore LLC orqali ham Umarov sheriklariga bog‘lanadi.

O‘zbekistondagi Rushmore MCHJ 2018-yil 18-aprelda ro‘yxatdan o‘tgan oziq-ovqat savdosi bilan shug‘ullanuvchi shirkat. Uning yagona ta’sischisi Buxarov Ulug‘bek Bahodirovich. Uning dastlabki direktori Mutalov Ravshan Hasanovich. Mutalov esa¸mazkur surishtiruv markazidagi Ultimo Group MCHJning joriy direktori.

Buxarov Ulug‘bek Bahodirovich K7 Hotel management MCHJ Otabek Umarovning ukasi Oybek Umarov nomiga o‘tguncha¸ uning qog‘ozdagi egasi bo‘lgan. Buxarov¸ Dzyudo federatsiyasi bilan bog‘liq yangiliklarga ko‘ra¸ O‘zbekiston Dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Komilovning yordamchisi.

Toshkentdagi Rushmore ro‘yxatga olingan adres – Oloy bozori tor ko‘chasi¸ 23A uy. Umarovning 7Saber brendiga egalik qiluvchi Urban Hayot ham¸ Azizjon Kamilov egalik qilgan Baikal MCHJ ayni shu manzilda registratsiya qilingan.

Ayni Rushmore nomli kompaniya BAAda ham bor. U endi shunchaki Rushmore emas¸ Rushmore Group deb ataladi. Umumiy ma’lumotlardan iborat saytida bu guruhning konkret biror loyihasi¸ biror boshqaruvchi yoki mulkdorlari haqida biror ma’lumot yo‘q. 2018-yil fevralida ochilgan bu guruhning benefitsiari ham korporativ hujjatda ko‘rinmaydi.

www.rushmore.ae saytini registratsiya qilgan va bog‘lanish uchun berilgan shaxs – Doniyor Qodirov.

O‘zbekiston iqtisodi¸ o‘zbekistonliklar hayot-mamoti uchun eng strategik mahsulot bo‘lgan tabiiy gaz savdogarligiga izn berilgan Ultimo Group sxemasidagi belgilovchi o‘yinchilardan biri - O‘zbekiston Dzyudo federatsiyasi rahbari Azizjon Kamilov.

Ultimo Group Limited MCHJ ta’sischisi Tuxfat Anvarxo‘jayev O‘zbekiston Dzyudo federatsiyasi Azizjon Kamilovning yaqin do‘stlaridan biri.

Uni Ultimo Group Limited MCHJga korporativ tarmoq orqali bog‘laydigan shaxs - Behro‘z Abdushukurov. Ultimo Group Limited MCHJ direktori Ravshan Mutalov bir paytning o‘zida ORTON LOGISTICS kompaniyasi direktori. Bu kompaniyaning yagona egasi esa Behro‘z Abdushukurov.

Ultimo Group Limited MCHJning ta’sis hujjatida aloqa uchun behruz@mail.ru elektron pochta manzili berilgan. Bu pochta manzili esa Behro‘z Abdushukurovga oid.

Ozodlik bilan telefon suhbatida Abdushukurov bu elektron pochta manzili o‘ziga oidligini tasdiqladi¸ ammo uning qanday qilib Ultimo Group Limited MCHJ ta’sis hujjatiga kiritilganini bilmasligini aytdi. U shuningdek¸ o‘zi ta’sischisi bo‘lgan kompaniya direktori Ravshan Mutalovni tanimasligini iddao qildi.

Behro‘z Abdusamatovich Abdushukurov Orton Logistics MCHJdan boshqa yana beshta kompaniya ta’sischisi. Ulardan to‘rttasi ovchilik va yovvoyi hayvonlarni tutish sohasida xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. To‘rtalasida ham Abdushukurovning biznes sherigi FALCON HUNTING SOLUTIONS¸ uning turli tumanlardagi sho‘balari. To‘rtala kompaniyada ham aksiyalarning deyarli barchasi FALCON HUNTING SOLUTIONS MCHJ qo‘lida.

FALCON HUNTING SOLUTIONS MCHJning birlamchi ta’sischisi va joriy direktori O‘zbekiston Dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov bo‘ladi.

Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston milliy qo‘riqxonalari arab shayxlarining ov maydoniga aylandi. Xususan¸ 2017-yildan Dubay valiahd shahzodasi Shayx Hamdan ibn Muhammad ibn Rashid Al Maktum butun a’yonlari bilan O‘zbekiston cho‘llarini o‘z lochinlari uchun o‘ljaga aylantirdi.

Shayx Hamdanning bunday xobbisi ortidan 2018-yil yozida uning mezbonlari maxsus kompaniya - FALCON HUNTING SOLUTIONS tuzdi.

Shundan beri nafaqat sho‘balari soni¸ balki faoliyat qamrovi ham kengayib borayotgan FALCON HUNTING SOLUTIONS bir maqsad - birinchi oila kuyovlari¸ ayniqsa Otabek Umarovning Forz ko‘rfazidagi shayx oshnalari uchun ov tashkil qilish bilan shug‘ullanadi.

Tuzilganidan sanoqli kunlar o‘tib yashirin qaror va kelishuvlar bilan O‘zbekistonga turkman gazini import qilishda o‘rtakashlikni qo‘liga olib¸ bu olib-sotarlik uchun soliq to‘lovchining millionlab dollarini o‘zlashtirgan Ultimo Group Limited MCHJ korporativ zigzag orqali bevosita prezident oilasi¸ xususan¸Otabek Umarovga bog‘lanadi.

2021-yil bahoridan 2022-yil kuziga qadar turkman gazini arzoniga olib¸ uni boj va soliq to‘lamay¸ "O‘ztransgaz" quvurlari orqali davlat kompaniyalariga qariyb ikki baravar qimmatiga sotish orqali o‘nlab million dollarni o‘zlashtirgan Ultimo Group Limited MCHJning ayni kunlarda qanday faoliyat bilan shug‘ullanayotgani noma’lum. Ozodlik bilan telefon suhbatida kompaniya direktori Ravshan Mutalov ikki yildan beri kompaniyaning gaz importi bilan shug‘ullanmayotganini bildirdi¸ ammo boshqa savollarga javob berishni istamadi.

Ultimo Group Limited MCHJ faoliyati bilan bog‘liq uning ta’sischi va direktoriga yuborilgan savollarga surishtiruv e’lon qilinishi arafasida Tuhfat Anvarxo‘jayevdan yozma javob keldi.

O‘z javobida Anvarxo‘jayev Azizjon Kamilov bilan do‘stligi¸ ammo Otabek Umarov bilan hech qanday munosabati yo‘qligini bildirdi.

“Ultimo Group Limited MCHJ "Qizilqumsement" AJga tabiiy gaz yetkazib berishda va umuman olganda o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlarga asoslangan holda amalga oshirgan va oshirib kelyapti”¸ degan Anvarxo‘jayev Ozodlikning "Qizilqumsement" bilan kontrakt aynan qaysi qonunchilik hujjati¸ qanday tender asosida tuzilgani haqidagi savolini javobsiz qoldirdi.

O‘z javobida Anvarxo‘jayev, shuningdek Ultimo Group Limited MCHJ "Qizilqumsement" AJga jahon bozoridagidan arzon narxda tabiiy gaz yetkazib berganini bildirdi. Ma’lumot uchun - O‘zbekistonda ichki iste’molchilar uchun tabiiy gaz narxini jahon bozori emas¸ balki hukumat belgilaydi¸ 2021-yili "Qizilqumsement" AJ tabiiy gazni imtiyozli narxda oluvchi sanoat korxonasi bo‘lgan.

Anvarxo‘jayev xatidagi mana bu: «O‘ztransgaz» AJ «Ultimo Group Limited» MCHJga faqat vositachilik xizmatini ko‘rsatgan”, degan jumla esa¸ yangi jiddiy savol uyg‘otmay qolmadi.

Qanday qilib¸ qaysi hujjat asosida davlatning gaz yetkazib berish bo‘yicha yagona milliy operatori noma’lum bir xususiy kompaniyaning vositachisiga aylandi? Shunday bo‘lgan taqdirda¸ nega vositachilik xizmati uchun haqni Ultimo Group Limited MCHJ "O‘ztransgaz"ga emas¸ balki "O‘ztransgaz" AJ Ultimo Group Limited MCHJga to‘lagan? To‘laganda ham¸ oz emas¸ ko‘p emas, qariyb 67 million dollar to‘lagan?

Bu va boshqa yangi savollarimizga javob kelgan taqdida¸ ularni sizga albatta taqdim etamiz.

Boshqa aloqador kompaniyalarga yuborilgan savollarning birortasiga surishtiruv e’lon qilingunga qadar javob kelmadi.